22.06.2025 | 16:16
694
RO‘YXATLARDA YO‘Q EDI NOMI…
Ko‘pincha evrilishlar davrida inson taqdiri tarixning eng og‘ir sinovlarida imtihon qilinadi. O‘rtahol oilada voyaga yetgan, ayniqsa, qalbi ilm-ma’rifatga tashna, o‘zini jamiyatga foyda keltiradigan shaxs sifatida ko‘ra boshlagan insonlar uchun bu yo‘l ham mas’uliyatli, ham mashaqqatli kechgan.
Biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan Abdukarim To‘xtaboyev hayot yo‘liga nazar tashlasak, ilmga ishtiyoqi tufayli jamiyatda yuksak obro‘-e’tibor qozongan, ammo aynan shu ma’rifatparvarlik yo‘lida taqdiri tahlikalarga to‘la shaxsni yaqindan tanib olamiz. Zamonasi bilan murosasiz to‘qnashgan bu shaxsiyat bosib o‘tgan qisqa, ammo zalvorli yo‘l ma’rifat bilan boshlanib siyosiy zulm bilan tugallangan bir avlod taqdirining ayanchli hikoyati o‘laroq o‘qiladi. Bunda jadidlik ruhining oddiy xalq farzandlari orasida qanday yoyinlanganining ham guvohi bo‘lamiz.

Abdukarim To‘xtaboyev 1898-yili Namangan tumanida dehqon oilasida tug‘ilib, bolaligi Yakkatoy qishlog‘ida o‘tgan. U otasi bilan uzzukun dala-dasht yumushlarida band bo‘lar, mavsumi keldi deguncha paxta terimiga sho‘ng‘ib ketardi. Yosh Abdukarim haqida so‘z borar ekan, ko‘z o‘ngimizda “qo‘li ishda bo‘lsa-da, fikri-yodi kitobda” o‘spirin qiyofasi gavdalanadi. Bolakayni o‘roqdami, chopiqdami uchratmaylik, qo‘lda kitob bilangina ko‘rish mumkin edi. Unda mutolaaga mehr, o‘qib-o‘rganishga zo‘r ishtiyoq bor ediki, kundalik yumushlar bunga sira to‘sqinlik qilmas, imkon bo‘ldi deguncha kitobga tutinardi. Ilmga tashnalik uning fe’lida, harakati, intilishlarida yaqqol bo‘y ko‘rsatib turardi.
Bungacha ham o‘g‘lining ko‘zlaridan barchasini uqib olgan ota uni, avvalo, rus-tuzem maktabiga beradi. Abdukarim dastlab ushbu maktabda xat-savod chiqargan bo‘lsa, keyinchalik To‘raqo‘rg‘ondagi rus maktabiga o‘qishga kirib, besh yil davomida tahsil oladi.
O‘qishga xohish-istakning kuchini ko‘ring, eng nufuzli ta’lim maskanlaridan hisoblangan Namangan gimnaziyasiga qabul qilinadi. O‘sha vaqtda har qanday yosh, ayniqsa, qishloq sharoitida o‘sgan bolalar uchun ulkan muvaffaqiyat sanalardi bu. Chunki gimnaziyalarda tahsil olish imkoniyati ozchilikka nasib etardi.
Abdukarimning ruhiy va fikriy rivojida aynan shu davr hal qiluvchi bosqich bo‘ldi. U gimnaziyada tahsil olib yurgan kezlari Munavvar qori, Avloniy, Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon kabi jadid ma’rifatparvarlari g‘oyalari bilan yaqindan tanishdi, ularning ilmiy-adabiy merosi, matbuot nashrlaridagi salmoqli chiqishlarini muntazam kuzatib borishni o‘ziga odat qildi.
Ayon, jadidlar uchun ta’lim-tarbiya shaxsiy unib-o‘smakdan ko‘ra ko‘proq millat taraqqiysiga daxldor masala edi. Abdukarim kun sayin ana shu ruhni o‘zlashtira borarkan, ilm o‘rganishning o‘zi bilangina kifoyalanmasdan, uni qay tarzda jamiyat manfaatiga xizmat qildirish mumkinligini o‘ylardi. Jadidlar ta’kidlagan “aql bilan ishlash”, “ilm bilan yashash”, “millat uchun jon kuydirish” kabi g‘oyalar uning dunyoqarashiga tobora chuqur ta’sir o‘tkazardi. Ana shu g‘oyalar ta’sirida u o‘z fikri, qarashi va mavqeyini anglab borar, ma’naviy kamoloti yo‘lida jadidlar ilgari surgan tashabbuslar muhim o‘rin tutardi.
Gimnaziyani muvaffaqiyatli tugatgan Abdukarim To‘xtaboyev uchun turg‘un jamiyatning izdan chiqqan davrida o‘z o‘rnini topish oson bo‘lmadi. Ammo inqilob boshlanib, jamiyatda yangi tuzum shakllana borgan yillarda u yuzaga kelayotgan imkoniyatlarni anglab, faol harakatga kirishdi. Qahramonimiz turli davlat muassasalarida ishlab, yangi hayotga o‘z hissasini qo‘shishga intildi.
Yangi hokimiyatni barpo etish, idoralar va maorif tizimini tashkil qilish jarayonida savodli, tashabbuskor kadrlar zarur edi. Abdukarim To‘xtaboyev ana shunday mahalliy ziyolilardan biri sifatida faoliyat yuritar ekan, 1918–1923-yillar davomida ma’muriy ishlarda, ta’lim va madaniyat sohalaridagi islohotlarda ham faol qatnashdi. U o‘z sa’y-harakatlari orqali milliy kadrlarni tarbiyalash, ularni mas’ul vazifalarga imkon qadar tortish va shu orqali milliy davlatchilikni tiklash borasida fikr-mulohazalarini dangal aytishdan aslo cho‘chimas edi. Ana shu qat’iyati bois u ham sovet ma’murlarining qora ro‘yxatiga tirkaladi.
1920-yillar o‘rtalaridan boshlab umumiy siyosiy muhit o‘zgarib bordi: ichki tortishuvlar, mahalliy va markaziy organlar o‘rtasida ishonchsizlik kuchaydi. Shaxsga nisbatan ishonch bildirish yoki unga shubha bilan qarash mezonlari almashdi: insonning shaxsiy salohiyati, bilim darajasi yoki faoliyati emas, uning sinfiy kelib chiqishi, qarindoshlari kim ekani, o‘tmishda qanday muhitda yashagani kabi omillar birinchi o‘ringa chiqdi. Endi shaxsni baholashda uning nasl-nasabi, mulkdorlar bilan qanchalik aloqasi borligi, hatto o‘zi o‘qigan maktab yoki o‘qituvchilarining siyosiy qarashlari ham ahamiyat kasb eta boshladi.
Shu tufayli ko‘plab faol va savodli ziyolilarga, jumladan, Abdukarim To‘xtaboyevga nisbatan ham munosabat o‘zgardi. Endi u ochiqcha ayblanmasa-da, “siyosiy jihatdan ishonchsiz” shaxsga aylandi, unga o‘gay ko‘z bilan qaray boshlashdi. Otasi va yaqin qarindoshlari “quloq” sifatida ro‘yxatga olingani, mulkining musodara qilinishi unga nisbatan munosabatni keskinlashtirdi. Ilgarigi ishonchdan asar ham yo‘q, ular ko‘z o‘ngida “millatchilikka moyil” shaxs turardi.
1928-yilga kelib bu munosabat rasmiy tus oldi. Avvaliga, u partiyadan chiqarildi. Bu keskin burilish unga nisbatan bir necha yil davomida yig‘ilib borgan shubhalarning ochiq yuzaga chiqishi edi.
1930-yillar boshlari. Abdukarim To‘xtaboyev Yakkatoy qishlog‘ida joylashgan paxta tayyorlash punktida ishlayotgan kezlar. Qahramonimiz paxtachilik sohasida uquvli, qobiliyatli va tajribali xodim sifatida ishonch qozongach, 1934-yilda Toshkentdagi maxsus kurslarga o‘qishga yuboriladi. Bu kabi o‘quv kurslari o‘sha davrda asosan kelajakda mas’ul vazifalarga tayyorlanadigan kadrlar uchun mo‘ljallangan edi. Abdukarim To‘xtaboyevning bu ro‘yxatga kiritilishi, avvalo, uning sohaviy bilim va ko‘nikmalari, shu bilan birga, mahalliy darajadagi mavqeyini ham tasdiqlardi.
Biroq 1937-yilning kuzida vaziyat kutilmagan tomonga burilib, kurs tugay-tugay deganda – 10-oktyabr kuni Abdukarim To‘xtaboyev va yana bir necha kursant vaqtinchalik ish yuzasidan Kosonsoy tumaniga yuboriladi. Rejaga ko‘ra, ular bir necha haftadan so‘ng Toshkentga qaytib ta’limni yakunlashlari kerak edi. Biroq reja amalga oshmaydi: oradan to‘rt kun o‘tiboq, 1937-yil 14-oktyabrda barchasi hibsga olinadi.
Abdukarim To‘xtaboyev hibsga olinishida ayanchli tafsilotlar keladi. 1937-yil 14-avgustda Yakkatoy qishlog‘idagi paxta tayyorlash punktida “Qizil O‘zbekiston” gazetasini varaqlab, so‘ng suhbatdoshlariga qarata shunday degani iddao qilinadi: “Sovet hokimiyati o‘zbek ziyolilarining eng yaxshi vakillarini qamoqqa olib mustamlakachilik siyosatini olib bormoqda, bu jihatdan podshohlik hukumati davridagidan ham yomon holat yuz bermoqda”. Bu kabi fikrlarida uning ziyolilar taqdiridan xavotiri yaqqol sezilib turadi. Ayni paytda, bunday mulohaza 1937-yildagi siyosiy muhitda davlatga qarshi chiqish sifatida baholanishi muqarrar edi.
Yana shunday tafsilot keladiki, tintuv paytida Abdukarim To‘xtaboyev uyidan Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani topiladi. Bu kitob u paytda rasman taqiqlanmagan bo‘lsa-da, adibning “millatchi” sifatida qoralangani tufayli kitobni saqlashning o‘zi “ayb” deb baholanishi mumkin edi. Boshqacha aytsak, kitob tergovchilar ko‘z o‘ngida uni “hali ham o‘tmishga yopishib olgan millatchi”ga aylantirishga yetarli dalil edi. Qahramonimiz taqdiri aynan shu nuqtadan yanada og‘irlasha boshladi.
Abdukarim To‘xtaboyev Ichki ishlar xalq komissarligining Farg‘ona viloyati Uychi tumani bo‘yicha vakili tomonidan hech qanday dalilsiz hibsga olinadi va uning keyingi hayoti shunday tushunarsiz, asossiz ayblovlar ichida o‘tadi. Shikoyatlaridan birida u shunday yozadi: “Meni tintuvsiz, hech qanday aybsiz qamoqqa olishdi. Uch oy Farg‘onada, keyin Namanganda, so‘ngra Toshkentda ushlab turishdi. So‘ngra Yaroslavl oblastiga etap qilishdi. Formulyar to‘ldirish paytidagina men sirtdan (ya’ni, men qatnashmagan holda) 10 yilga hukm qilinganimni bildim”.
Bu uning 1941-yil 1-may kuni Volga–Moskva kanali qurilishidagi mahbuslar lageridan SSSR Ichki ishlar xalq komissarligiga yo‘llayotgan beshinchi shikoyati edi.
Qahramonimizning rafiqasi Donoxon To‘xtaboyeva ham turmush o‘rtog‘ining nohaq ayblanganini bildirib, rasmiy idoralarga ko‘p bora ariza bilan chiqadi. U har murojaatida umr yo‘ldoshi taqdiridan qayg‘urar, adolat talab qilar, bu holatning oilasi ahvoliga ta’siri haqida kuyunib yozardi: “Farzandlarim ta’limdan mahrum. Hayotimiz tubdan buzildi. Iltimos, erimning ishini qayta ko‘rib chiqinglar!” Adolat izlash, bir inson taqdirini saqlab qolish istagi mujassam bu murojaatlar, taassufki, har gal bejavob qolaverdi.
Abdukarim To‘xtaboyevga qo‘yilgan ayblovlar orasida aqlga sig‘maydigan, eshitgan quloqqa erish tuyuladigan holatlar ham yo‘q emasdi. Masalan, u Fayzulla Xo‘jayev haqida ijobiy fikr bildirgani, Cho‘lpon va Abdulla Qodiriy kabi millat ziyolilarini hurmat bilan tilga olgani uchun ham ayblangan va bu kabi bayonotlar rasmiy hujjatlarga jinoiy dalil sifatida tikilgan.
Oradan yigirma yildan ortiq vaqt o‘tgachgina, bu nohaqlik tan olinadi. 1958-yil 28-fevralda Abdukarim To‘xtaboyev rasman oqlanadi: Sovet organlari uning aybsiz ekanini e’tirof etadi, unga nisbatan o‘tkazilgan tergov va berilgan jazo asossiz deb topiladi. Ammo afsuski, ushbu qaror qabul qilingan paytda uning o‘zi hayot bo‘lgan-bo‘lmagani noma’lum.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 13-iyundagi 24-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



