Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.07.2024 | 16:59

img393

ARSLON YELKASIDAGI XAZINA

BUXORO AMIRINING TAHDIDI

 1917-yil 7-aprel. Buxoro.

Odamlarning yuz-ko‘zi qo‘rquv va tahlika tumaniga o‘ralgandi. Osmonni qoraga burkagan bulutlar hamda allaqayerlardadir burqsiyotgan tutun tez orada mudhish bir voqelik ro‘y berishini bashorat qilayotgandek.

Shaharda qadimchilar va jadidlar o‘rtasida tortishuvlar, ixtilofiy ziddiyatlar xufyona avj olgan, amir ikki o‘t orasida nima qilarini bilolmay halak, kunora gunohkor deb topilganlar omma oldida sazoyi qilinib, boshi tanasidan judo qilinar, kiyimi yirtilib, orqa badanining terisi titilib ketguncha savalanardi.

Dumaloq mis gardishli ko‘zoynak taqqan, o‘rta bo‘yli, sersoqol, boshiga jigarrang salla o‘ragan, egniga girdi bo‘ylab qizil rangdagi chiroz yugurtirilgan yashil beqasam to‘nli 42-43 yoshlardagi bir kishi – Mahmudxo‘ja Bu­xoro­ning baland minoralariga termilgan ko‘yi xayol surib o‘tiribdi.

U o‘zining keyingi ikki kun ichida qilgan ishlarini bir-bir sarhisob qilib chiq­moqda. Xayolidan Buxoro amiri rus konsuli Miller bilan kelishib, mamlakatda o‘zgarishlar qilish uchun manifest e’lon qilishga qaror qilishi, isyon ko‘tarilmasligi uchun Samarqandga maktub yuborilishi va shu maktubga asosan Chartuyev, Garts­fild, mulla Haydarbek, Isohorov va o‘zining Buxoroga jo‘natilishi bir-bir o‘tdi.

Keyin vokzalda shaxsan rus konsuli Millerning o‘zi kutib oldi va manifestni o‘qitib, fikrini so‘radi, so‘roqqa tutib, tahdid qildi… Bu ishlardan uning ko‘ngli biroz xijil tortdi.

Bir necha soat muqaddam Rahim­xoniy mehmonxonasida manifest e’lon qilinganidan so‘ng amir ham barcha ila qo‘l berib ko‘rishib, salla va chopon kiy­gan uch musulmon bilan salomlashishni lozim topmaganini eslab, buni ham yomonlikka yo‘ydi. U go‘yo o‘pqonning o‘rtasiga tushib qolgandek edi.

Mahmudxo‘ja minora tepasiga in qurgan laylakni mahzun kuzatdi. Ke­yin unga mahliyo bo‘lib qoldi. “Shu laylak ham mendan baxtiyor”, deb xayol qildi u.

Hamrohi Mulla Haydarbek kelib, uni saroyga chaqirtirishganini aytganida yuragi shuv etib ketdi. Ketayotib, hozir uni nima deb so‘roqqa tutishlarini, o‘zi nima deyishini taxminan chamalab bordi. Arkning orqa tarafida panjaralar orasida sulayib yotgan mahbuslarga ko‘zi tushdi. Amir otxonasidan chiqa­yotgan axlat maxsus quvurlar orqali ular­ning boshidan quyilardi.

Qo‘lansa hid ko‘ngilni behuzur qiladi. Mahbuslar allaqachon bu ko‘rgulikka ko‘nikkan shekilli, barchasi beparvo, o‘tgan-ketganga mahzun va loqayd termiladi.

Mahmudxo‘ja g‘ijinib ketdi. Ba’zi birlariga termilib, ularning ko‘zlaridagi mungdan ma’yus tortdi. Battar ezildi. Minglab mahbuslar bitxona va kana­xo­nalarda o‘limini kutib yotishibdi. “Ular nahotki, shunchalik beshafqat qismatga mahkum gunohkorlar bo‘lsa?” deb o‘yladi.

Mahmudxo‘ja mahbuslarga qaramaslikka intilib, ulardan ko‘zlarini olib qochdi. Shu topda bundan ancha yillar oldin bo‘lgan voqealarni xotirladi. Umri imom-xatiblik bilan o‘tgan otasi Sultonxo‘ja vafot etayotib, hayotining so‘nggi soniyalarida unga avlodlari zimmasiga buyuk vazifa yuklatilgani va allaqanday xazinaning siri haqida so‘zladi. Otasi zo‘rg‘a nafas olar, aftidan uning qat’iyatiga biroz shubha qilayotgandek edi.

Padari buzrukvori xazina sirining nihoyatda maxfiyligini, uni faqat millat, yurt zavolga yuz tutmog‘i tayin bir payt­da ishlatish, o‘shanda ham ulusning eng ishon­chli zabardast o‘g‘loniga berish va u xazinani faqat yurt ozodligi va fuqaro dasturxoni to‘kinligi yo‘lida tasarruf etishi joizligi haqida qayta-qayta so‘zlarkan, so‘nggi lahzalarida “Sherdor” deyishga ulgurdi xolos. Mahmudxo‘jaga cholning yostig‘i tagida qolgan, u umr bo‘yi qo‘lidan qo‘ymagan eski bir kitob yodgorlik bo‘lib qoldi.

Dastlab u otasi nima haqida gapirgani, neni so‘zlaganini unchalik idrok qilolmadi. U esankirab qolgandi. Boshiga tushgan bu musibat o‘sha kezlarda qandaydir xazina to‘g‘risida o‘ylashiga izn bermasdi.

Keyinchalik taqdir hukmiga ko‘nikib, o‘zini biroz qo‘lga olgach, qiblagohining so‘nggi lahzalardagi holati va gaplarini xotirlarkan, ko‘nglida allanechuk alag‘dalik paydo bo‘ldi. Padarining so‘nggi vasiyatini qanday qilib bo‘lsa ham bajarmog‘i lozim edi. Keyingi yillarda umrini asosan o‘qish-o‘rganishga sarf etdi.

Samarqandda, Buxoroda tahsil oldi. Zamonasining buyuk insonlari suhbati­ga musharraf bo‘ldi. Sharq mamlakatlari, Peterburg, Moskva shaharlariga sayohatlar qildi. Ammo bir lahza ham zimmasidagi mas’uliyatni unutmadi. Izlandi va xazina yashirilgan joyni taxminan bo‘lsa-da aniqladi.

 * * *

Mahmudxo‘jani amirning huzuriga olib kirishdi. Zarbof to‘nda, taxtda savlat to‘kib o‘tirgan Amir Sayid Olimxon anchagina semirgan va bundan aziyat chekayotgani yuz-ko‘zidan bilinib turardi.

Saroyda undan tashqari Nasrulla Qushbegi, amirning kuyovi Asatullo Guvanar Urganji, negadir xalq orasida “Jallodbek” laqabi bilan tanilgan bosh xazinabon Imomqul bor edi. Mahmudxo‘ja hukmdorga ta’zim qilib, salom berdi.

– Vaalaykum assalom, keling Mah­mud­xo‘ja, – amir unga joy ko‘rsatdi. Taxt sohibining ko‘zlarida ayyorona tabassum zuhur bo‘ldi.

– Qulluq, amirim, davlatingizni Alloh taolo bundan ham ziyoda qilg‘ay.

– Nafaslari muborak, insholloh. Suh­batingizga anchadan beri chanqoq­ligi­miz bor edi.

– Ko‘p xayrli ishlarni boshlabsiz, Buxoroda keng bir islohoti sha’riya joriy etmoq qaroringizni qutlayman. A’lo hazratning bu baxshishi shohonalari, albatta, xalo­yiqning taraqqiy va osoyishiga sabab bo‘lur. Lekin… mug‘loq sur’atda Samarqand xalqining Buxoroga fasod nashr qilmoqlaridan xavfsiramog‘ingizga sabab yo‘q edi, deb o‘ylayman. Kamina endilikdagi sobiq Turkiston gubernatori Kuropatkinga bul xususindagi muro­jaatingiz va uning Samarqand voliysiga xavf qo‘zg‘olon ehtimoli yuzasindan yozgan xatlarini nazarda tutmoqdaman.

– Mufti hazratlari, – amir biroz sukut saqlab, yana so‘zida davom etdi, – Ru­siya­da bo‘lgan fevral inqilobi hamma­mizni shoshirib qo‘ydi. Taxt egasi Romanovlar sulolasi yiqitildi. Oxirgi hukmdor Nikolay II taxtdan voz kechdi. Bunday bo‘lishini kim ham o‘ylabdi, deysiz? Fikri ojizimizcha, Kerenskiy bosh­liq muvaqqat hukumatning ustunlariga ham darz yetajak. Qolaversa, shu kunlarda biroda­ringiz Munavvar qori hazratlari Toshkentda “Sho‘royi islomiya”­ning qurultoyini chaqirmish. Meni aytdi dersiz, katta bir xunrezlik bo‘lishi ta­yin. Bunday vaziyatda kamina Buxoroga chet­dan isyon oralamog‘ini istamaymen.

– Kaltafahm qulingizni ma’zur tuting, amirim.

– Xo‘p. Endi bu gaplarni qo‘yaylik. Sizni nega hamrohlaringizdan ayurub, bu yerga chaqirtirganimizni fahm etgan bo‘lsangiz kerak?

Mahmudxo‘ja bilmayman, degandek yelka qisish bilan kifoyalanmoqchi edi, biroq amirning o‘tkir qarashiga bardoshi yetmadi.

– Janob Miller kaminani vagonda anchayin bo‘lmag‘ur gaplar bilan so‘roqqa tutdi. Hazratim, shuni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, bu gumrohlikdan o‘zga narsa emas.

– Gumrohlik deyursizmi? – amir­ning ovozi shiddatli tus oldi. – Bu talab, bu bizning talabimizdur. Ayting, bizning buyuk ganjinamiz qayerga yashirilgan?

– Janob Miller ham menga shunday tahdid qildi, – dedi u behol tovushda.

Savol-javobga Nasrulla Qushbegi ham aralashdi:

– Bizni aldash mumkin emas. Ulug‘­bek Mirzo shogirdlari tomonidan yoshu­rilgan Sohibqiron Temur xazinasining sizdaligini bilurmiz. Tovlanmoqni bas qiling. Yoki yozgan “Padarkush” dramangizning nomi nimaga ishora qilishi­ni, chiqarturgan “Oyina” jurnalingizning birinchi soni muqovasini nega Sherdor madrasasi peshtoqidagi suvrat bilan bezaganingiz va Xo‘qandboy Abduxoliq o‘g‘li, soatchi Badriddinlar bilan qidiruv ishlari olib borganingizni eslataylikmi? Yoinki Turkiston xaritasini tuzib bosmadan chiqarganingiz, jug‘rofiyaga oid asarlar bitganingiz aslida ne maqsadni ko‘zlaganingizdan darak bermasmi? Farg‘onalik ulamochilar bilan ham bog‘lanib, bu masalada fikrlashganingiz bizga ma’lum.

Mahmudxo‘janing oyoqlaridan mador qochdi.

– Qo‘ying, hazratim, bu eski gaplarni. Barchamiz o‘z farzimizni bajaraylik. Yosh­larni o‘qitmoq bizning bo‘ynimiz­dagi qarz, ilm sababi izzati dunyo va sharofati oxiratdir. Siz shu yurtning boshi bo‘lub, farzandlarimizga dunyo eshiklari­ni ochib bering. Xalqni zulukdek so‘rib kelayotgan bosqinchilarni quvib sol­moq­qa qaror bering.

– Mahmudxo‘ja, – amirning qahrli to­vushi yangradi, – biz sizdan boshqa narsani so‘radik. Ulus orasida “Amiri ma’sum” nomi ila mashhur bo‘lgan bobo­kalonimiz, mang‘itlar sulolasining a’losi Amir Shohmurod sizning bobongiz qori Niyozxo‘jani Urganjdan Samarqand­ga olib kelgani, umrining so‘ngida esa 22 yoshli o‘g‘li Amir Say­yid Haydarga inonmay, xazina haqidagi sirni o‘ziday xudojo‘y qori Niyozxo‘jaga ishonganini bilurmiz.

– Baytul mol bo‘shab qoldimi, a’lo hazratlari? – Mahmudxo‘ja ters gapirmoqqa chog‘langan bo‘lsa-da, keyin biroz sukut saqlab, yanada mahzunlashdi. – Amirim, siz adashayotganingizga kafilmen. Xohlang o‘lduring, xohlang so‘ying, jonim sizga nisor o‘lsin. Bas­ki, o‘zim bilmagan narsam haqinda gapirmagim nojoiz. Tasarrufimda bo‘lmaganni sizga berolmasman, deb qo‘rqaman. Ulamochilarga kelsak, ular ham begona emas, shu jafokash xalqning botir o‘g‘lonlari. Ular bilan turli xil sabablar bilan uchrashganim, yurt ozodligi yuza­si­dan aloqada bo‘lganimiz rost. Bu­ning sababi – maqsadimiz mushtarakligidadur.

– Maqsadimiz mushtarakligi? – Amir qah-qah otib kuldi. Keyin ovoziga yana qahr indi:

– Bizning maqsadimiz-chi? Biz ona tuprog‘imizdan bosqinchilarni quvib so­lish­ni istamaymizmi? Zotan, bu zaminda bunga salohiyati ham, qudrati ham yetguvchi inson yolg‘iz biz emasmi? Baski, xazina ham saltanat egasida bo‘lmog‘i lozimdur. Kerak bo‘lsa, bugunoq Sher­dor­ning kulini ko‘kka sovururman. Kerak bo‘lsa, Samarqandni yoqurman, lekin alhol xazinani sizdan olurman. Yaxshilikcha uni menga bering, men xalqqa qaytarurman.

Mahmudxo‘ja xazina menda emas, deyish bilan o‘zini oqlay olmasligini fahmladi. Shu bois sipolik bilan so‘zida davom etdi. Uning maqsadi amirga ta’sir etmoq, ojiz joyidan tutmoq edi.

– Amirim, siyosat bir buzuq xotin kabidir. Hech bir davlat o‘z-o‘zi­dan mustamlakasini bo‘shatmoqni ista­mas. Tarix ingroqlariga quloq tuting. Buxo­ro taxtida mang‘itlardan burun ashtar­xoniylar, shayboniylar, temuriy­lar, chi­g‘a­toy­­lar, saljuqiylar, g‘aznaviy­lar, so­mo­­niy­­lar… hukmronlik qilishdi. Ham­ma­­si oxir-oqibat tanazzulga yuz tutdi. Boisi­ni hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Hazrati oliylari, ko‘ryapsizmi, saltanatlar ham, shaxs­lar ham muqim emas. Lekin raiyatga qilingan yaxshilik abadul-abad qolajak. Siz buyuk sulola farzandisiz. Bu suloladan ma’sumlar ham chiqqan, qassoblar ham. Amirim, bu ikki xis­lat sizning tomirlaringizda ham jo‘sh urmoq­da. Ma’sumlikni fuqarolaringizga, qassoblik­ni dushmanlarga ko‘rsating.

– Dushmanni yakson etishga qudratimiz yetur.

Mahmudxo‘janing lablariga istehzo sizib chiqdi.

– Bir paytlar bobokaloningiz, qabr­lari nurga to‘lgur Amir Muzaffarxon ham oq otda Peterburgga kirib boraman, degan ekanlar…

– Haddingizni biling! – amirning qahrli ovozi saroyda aks sado berdi.

Mahmudxo‘ja unga e’tibor bermay so‘zida davom etdi.

– Amirim, o‘zingizni chetdan kuzatib ko‘ring, bu nechog‘li zavqli ekanini tuyasiz. Shunday muhim davlat ishlari qolib, siz mendan aslida yo‘q narsani so‘rab turishingiz joizmikin? Nahotki, shuncha katta davlat va behisob boyliklar egasi bo‘lgan hukmdor bir faqirdan afsona boylikni tilab tursa?!

Amir unga qattiq tikilib turardi.

– Bu nobakor qulingizning shakkok­ligini darig‘ tuting. Ammo siz hazratning hali e’lon etilmagan manifestingizni janob Millerning qo‘lida ko‘rdum. Buni sizning ojizligingiz deb tushunaylikmi yoki Rusiya konsulining tadbirkorligi debmi?

Amirning qoshlari chimrilib, ko‘zlari darg‘azablikdan yondi, qo‘llari mushtlanib, yer tepindi. Keyin birdan bo‘shashdi.

– Tilingizga ehtiyot bo‘ling, Behbudiy hazratlari… Bo‘yningizdagi boshingiz ortiqchalik qilmoqda, degan ehtimolim bor! Biz, albatta, bosqinchilarni yurtimiz sarhadlaridan quvib chiqarurmiz, inshoolloh. Men sizga buni va’da beraman.

– Hazratim, maylimi, sizga rivoyat so‘zlasam?

Amir ixtiyorsiz bosh irg‘adi.

– Qadim zamonda chin muzofotida Chung‘ichin degan zot bo‘lgan ekan. U sayo­hat qilib yurib, adashib, qabris­tonga kirib qolibdi. Qarasa, bir mozor­ning yonida yosh xotin qo‘lida yelpig‘ich bilan yelpib turibdi. Chung‘ichin yosh bonudan bu ajib harakatining sababini so‘rabdi. Xotin qizaribdi, bo‘zaribdi, boshi­ni egib olibdi, ammo zinhor bir so‘z de­mabdi.

Shunda o‘sha yerdan o‘tib ketayotgan bir juvon sayyohga oq yelpig‘ichli ayol haqida gapirib beribdi. “Qabr kanorinda ko‘rganingiz Lu ismli xonimdir, – debdi u. – Xonim hozir erining mozorini yelpiyapti. Buning sababi, Lu xonim turmush o‘rtog‘ining joni uzilayotganda undan so‘ng yashamayajagini, yashasa ham boshqa birovning xotini bo‘lmoqqa aslo ro‘yi rizo ko‘rsatmasligini aytadi. Ammo eri: “Bonu, bunday ahd etmang, faqat mozorim ustidagi tufroq qurigunga qadar mani unutmaslikka ahd etsangiz kifoya”, deydi. Lu xonim buning uchun mahkam ahd etadi. Ammo yostiqdoshi­ning vafotidan uch kun o‘tmay, ta’ziyaga kelgan yosh yigitni yoqtirib qoladi. ­Yigit ham unga ko‘nglini ochadi. Shundan buyon bu ayol yelpig‘ich olib, eri qabri­ning tufrog‘ini quritmak va yosh yigit bilan tezroq birga bo‘lmak harakatida”.

Oraga bir muddat o‘ng‘aysiz sukut cho‘kdi.

– Amirim, siz meni qo‘rqitaman deb zahmat chekmang, – dedi Behbudiy dadil ohangda. – Xudoyimning bizga yuboraturg‘on o‘lumiga doim muntazirman. Har holda o‘lim birdur, ikki ermas.

– Siz bilmaysiz, – Amir Olimxon ham chuqur so‘lish oldi. – Meni millatni o‘ylamaydur, deb xayol qilasizmi? Sizni ham qirimlarning Gʻaspiralisi, qozon tatar­la­ri­ning Qayum Nosiriysi, usmonli turklar­ning Ahmad Midhati singari ulus muallimi deb bilurman. Ammo siz mani bilmayursiz. Menda dard yo‘q deb o‘ylaysiz. Bu yoqda bosqinchilar, bir yoqda qadimchilar, yana bir yoqda esa siz kabi jadidlar… Kamina uch olovda jizg‘anak bo‘layotgan odamman. Kaminaga hech bir xazina kerak emas. Ammo u dushmanlarim qo‘lida menga qilich bo‘lib ko‘tarilishini istamasman.

Shu payt mahramlardan biri kirib, saroyga Rusiya konsuli Miller kelganini ayt­di. Amir shoshib so‘zini yakunladi:

– Mayli. Hozircha xazina sizda turga­ni ham tuzuk. Ammo minba’d unut­­mangki, bugundan ortingizdan ikki daf’a soya paydo bo‘lur. Yo qochmak, yo xazinani kimgadir bermak, yoinki o‘z bilganingizcha tasarruf etmak ista­sangiz, boshingizdan ajralursiz. Bu – amirlik so‘zim!

Inomjon ABDINAZAROV


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605