Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.09.2024 | 14:47

img310

YER QA’RIDAGI XAZINA

“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, geologiya-mineralogiya fanlari doktori Rahmatjon OXUNJONOV bilan suhbat

– Ma’lumki, eng qadimiy geo­logik kuzatuvlar Pifagor, Aristotel asarlarida uchraydi. Yurtimizdan yetishib chiqqan Beruniy, Ibn Sino singari ulug‘ allomalar ham qator minerallar va ma’danlarga ilmiy ta’rif berishgan. Ayting-chi, bugun o‘zbek geologiyasining dunyo ilm-fanidagi mavqeyi qay darajada, qanday xalqaro aloqalar o‘rnatilgan?

– O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi geologiya va tabiiy fanlarga ixtisoslashgan institutlar doimo rivoj­lanishda bo‘lgan. Yurtimizdagi barcha yirik konlarda institutimiz olimlari ish olib borgan. Geologiya va fizika institutida 1960-yillarda asosiy yo‘nalish bo‘lmish petrologiyada qazilma boyliklarning hosil bo‘lishi va magmatizm bilan bog‘liqligi borasida g‘oyalar mavjud edi. Atoqli geolog olim Habib Abdullayev o‘sha g‘oya­larni birinchilardan bo‘lib ko‘targan va juda ko‘p yutuqlarga erishgan. U kishining ayni shu mavzuga oid nazariyalari jamlangan kitoblar dastlab ingliz va xitoy tilida chop etilib, keyinchalik boshqa tillarga ham tarjima qilingan. Olimning ilmiy izlanishlariga asos­langan holda, Xitoyda ko‘pgina konlar kashf qilingan. Bundan tashqari, Habib Abdullayevning g‘oyasi ko‘plab yangi izla­nishlarga yo‘l ochgani fanga ma’lum. Ustozimizning bugungi yosh olimlarga o‘rnak bo‘ladigan fazilati – birinchi galda o‘ziga va atrofdagilarga talabchanligi edi, deb hisoblayman. U kishi birorta ilmiy asarini jamoatchilik nazaridan o‘tkazmasdan chop ettirmas edi. Har bir mutaxassisning e’tirozi va tanqidiy fikrlarini og‘rinmay qabul qilar va risolasiga tuzatishlar kiritishga harakat qilardi.

– Konlarni o‘zlashtirish natijasida qazilmalarning o‘rni bo‘shab qoladi. Bu hol kelgusida vulqonlar otilishi, yer qatlamlarining buzilishi yoki zilzilalar yuz berishiga sabab bo‘lmaydimi?

– Qazib olingan moddaning tarkibi o‘sha hududdagi geologik sharoitda unchalik ko‘p bo‘lmaydi. Havoga ko‘tarilgan changlar va zaharli moddalar ekologiya­ga zarar yetkazishi mumkin, lekin konlarning o‘zlashtirilishi yer qobig‘ining tuzilishi, yerning siljishi, qulashiga ta’sir qilmaydi.

Ma’danlarni qidirish jarayonida birin­chi navbatda qaysi qazilma boy­lik­lari­ning nechog‘li foydali ekanligini bilish juda muhim. Geologik va bio­kimyoviy yo‘nalishlar – yaxshi rivoj­langan sohalar sanaladi. Har bitta yirik qazib olinayotgan konlarni avval tekshirib, undan qo‘shimcha yana qanday elementlar olinishi mumkinligini aniqlaymiz va bu borada o‘z taklifla­rimizni beramiz. Shu asosda mamlakatimizdagi Olmaliq va Xonjiza konlarida rivojlangan texnolo­giyalar yorda­mida qo‘shimcha elementlar ham olin­moqda. 

– Foydali qazilmalarning hosil bo‘li­shi asrlar davomida yuz beradimi yoki sun’iy ravishda jarayonni tezlatish ham mumkinmi?

– Sun’iy tarzda jarayonni tezlatish amaliyoti fan tarixida yangilik emas. Lekin bu seleksiya qimmatga tushadigan amaliyot hisoblanadi. Yaxshisi, mavjud konlarni tadqiq qilib, tejamkor usulda qimmatbaho rudalarni olgan ma’qulroq. O‘zimizdagi mavjud konlarni oladigan bo‘lsak, ularning eng “yoshi” 25–30 million yil avval hosil bo‘lgan. Ba’zilar muayyan bir konda faqatgina bir turdagi ma’dan yig‘indisi bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Aslida unday emas. Masalan, tabiat yaratgan ganjina bag‘rida dastlab oltin, keyin boshqa elementlar paydo bo‘lishi ham mumkin. Bir modda yuz ming yil avval hosil bo‘lgan bo‘lsa, keyingisi balki ellik ming yil o‘tgandan keyin qo‘shilgan bo‘lishi ehtimol. Umuman olganda, aksariyat konlardagi ma’danlar million yillar davomida tabiiy ravishda shakllanadi. Nega ular har xil vaqtda hosil bo‘lgani, bir konda turli metallar yig‘ilib qolgani sababini aniqlash esa olimlarning vazifasidir. Chunki olingan ilmiy xulosalarga asoslanib, yangidan yangi konlarni kashf etish mumkin.

– Foydali qazilmalar paydo bo‘li­shiga qanday omillar ta’sir qiladi?

– Asosiy omil yer qobig‘ining tubida yoki bo‘lmasa “qozon”ning ichida yuz berayotgan magmatik jarayonlar hisob­lanadi. Mana shu jarayonlar natija­sida ona zamin qa’rida hosil bo‘lgan foydali unsurlar yer qobig‘ini va qatlamlarini eritib yuzaga chiqadi. O‘ta past darajali sovuq, energiya va unsurlardan foydali qazilmalar hosil bo‘ladi. Har bir qatlamning o‘z ixtisos­lashuv jarayoni mavjud.

– Tabiiy resurslarga bo‘lgan talab kundan kunga oshib bormoq­da. Ay­ting-chi, bugun Habib Abdullayev nomi­dagi Geologiya va geofizika ins­tituti­ning vazifalari nimalardan iborat?

– Ochig‘ini aytish kerak, ilgari geo­logiya sanoati o‘z holiga tashlab qo‘­yilgan, ilmiy tadqiqotlar uchun zarur bo‘lgan zamonaviy texnologiya uskuna­lari yetishmas, hatto yurtimiz hudu­dida ilmiy ekspeditsiya uyushtirishga ham moddiy imkoniyatlar yo‘q edi. Bir so‘z bilan aytganda, bizga o‘gay ko‘z bilan qaralar, natija talab qilinardi-yu, lekin imkon yaratib berilmasdi. Shukurki, keyingi yillarda hurmatli Prezidentimiz geologiya sohasini yuksaltirishga ham juda katta e’tibor qaratmoqdalar. Buni soha rivoji uchun ajratilayotgan mablag‘lar qiymatidan ham anglash mumkin. Ayniqsa, mavjud infratuzilmani yaxshilash, bu boradagi faoliyatni samarali tashkil etish borasida qabul qilinayotgan qator normativ hujjatlar ishimizni tizimli olib borish imkonini yaratmoqda. Jumladan, shu yil 24-may kuni “Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qolaversa, 9-iyul kuni davlatimiz rahbari geologiya sohasidagi ishlar va investitsiya loyihalari ijrosi bilan yaqindan tanishdi. Ushbu taqdimotda sohada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan qator vazifalar belgilab berildi.

Hozir bizning asosiy vazifamiz – mamlakatimiz hududidagi yer qobig‘i geo­logik tuzilishi va tarkibini o‘rganish bo‘yicha chuqur fundamental tadqiqotlar olib borish, yer qa’ri tuzilishini komp­leks o‘rganish va shu asosda uch o‘lchovli geologik-geofizik modellarni tuzishdan iborat. Bundan tashqari, biz viloyatlarning resurs salohiyatini baholash hamda geokimyoviy, geofizik va mineralogik tadqiqotlarning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, geologik jarayonlarni kompyuterda modellashti­rish, shuningdek, foydali qazilmalarni qayta ishlashda ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etishni ham maqsad qilganmiz.

Institutimizda foydali qazilma konlarini geologik tahlil etish, prog­noz qilish va izlash usullarini takomillashtirishga, geologik va geofizik tadqiqotlar sohasida ilg‘or xorijiy texnologiyalarni aprobatsiya qilish va amaliyotda joriy etishga qaratilgan amaliy tadqiqotlar qilinmoqda.

Shuni ham aytib o‘tishim kerakki, geologiya va geofizika sohasida chet el ilmiy muassasalari va markazlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilmiy konferensiyalar, seminarlar, qo‘shma tadqiqotlar, loyihalarni yo‘lga qo‘yish, xodim­lar­­ning malaka oshirishi va o‘qishini tash­kil qilish bo‘yicha ham qator ishlar olib boril­moqda.

– Bilishimizcha, yaqinda “O‘zbe­kis­­ton magmatik tog‘ jinslari­ning atlasi” nashr qilindi. Ana shu atlas­ning ahami­yati haqida ham to‘xtalsangiz.

– Mazkur atlas “Petrologiya laboratoriyasi” ilmiy xodimlari tomonidan chop etildi. Loyiha doirasida yetakchi turdagi magmatik tog‘ jinslarining pet­rografik xususiyatlari, tarkibi, hosil bo‘lish sharoitlari o‘rganilgan.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, ushbu atlas O‘zbekistonda birinchi marta uch tilda nashr etildi. Bu esa olib borayotgan ishlarimizning xalqaro miq­yosdagi o‘rnini kengaytiradi.

“Mineralogiya laboratoriyasi” xo­dim­­la­ri tomonidan amalga oshirila­yotgan yana bir loyiha “Magmatik, post­magmatik va metasomatik hosilalarda asosiy va yo‘ldosh ma’danli elementlarning tarqalish qonuniyatlari va uchrash shakl­larini aniqlash hamda chuqurlik sari bashoratlash-qidiruv modelini yaratish (Nurota hududi endogen ma’danlashuv misolida)” deya nomlanadi. Olimlarimizning maqsadi Nurota tumani hududida ma’danlar­ning shakllanish qonuniyatlari va foydali komponentlarning uchrash shakl­lari, tog‘ jinslari va ma’danlardagi asosiy hamda yo‘ldosh elementlarning tarqalish xususiyatlarini aniqlashdan iborat.

Institutimizda shu kabi 30 ga ­yaqin ilmiy-amaliy, fundamental loyihalar amalga oshirilmoqda. Kritik metallarni tadqiq qilish bo‘yi­cha ham yangi loyi­ha­larni rejalash­tiryap­miz. Yuqorida ta’kid­­la­gani­mizdek, olib borilayotgan geo­­lo­gik qidiruv va baho­lash ishlari yurti­­miz tabiiy resurslar zaxira­larini ko‘pay­­tirish, mavjudlarini esa chuqur­roq o‘rga­nishga qaratilgan.

– Respublikamiz hududida ko‘p­­­lab foydali qazilmalar mavjud ekani haqida qayta-qayta gapira­miz. Ammo nega ayrim turdagi xomashyo­lar hanuzgacha chetdan import qilinmoqda?

– Haqiqatan ham, jannatmonand yurtimizda Mendeleyev jadvalidagi barcha elementlar mavjud. Lekin bu yoppasiga qazib olish ishlarini bosh­lash kerakligini anglatmaydi. Garchi ehtiyojimiz bo‘lsa-da. Sababi, konni ishga tushirish bu – katta jarayon bo‘lib, chuqur izlanish­lar, murakkab hisob-kitoblarni o‘z ichiga oladi. Bugunga qadar respublikamizdagi mavjud ma’danli maydonlarda dastlabki o‘rganish ishlari olib borilgan va tegishli ma’lumotlar shakl­lantirilgan. Zamo­naviy texnologiyalarning keng qo‘llanilishi, xorijiy investorlar yordami­da yangi asbob-us­kunalarni keltirish, ularni qazib olishda tannarxni tushi­rishga olib keladi. Natijada 20–30 yil avval sanoat talabiga javob bermagan, qazib olish va qayta ishlash qimmatga tushgan konlar sekinlik bilan ishga tushirilmoqda. Misol sifatida Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan Surenota temir koni bundan bir necha yillar oldin to‘liq o‘rganilgan edi. O‘shanda zaxirasi nisbatan kamligi uchun uni kon sifatida o‘zlashtirish o‘zini oqlamaydi degan xulosaga kelingan. Ayni kunlarda xitoylik investorlar bilan hamkorlikda yangi texnolo­giya­lar asosida mazkur konda ruda qazib ­olish ishlari boshlandi. Natijada qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilmoqda. 

Bizda Surenota kabi zaxirasi kichik, noqulay geografik joylashuvga ega konlar juda ko‘p. Ularni ishga tushirish uchun zamonaviy usullar yordamida qayta o‘rga­nish, qo‘shimcha komponentlarni aniq­lash, yondosh hududlarda geologik izlanishlar olib borish zarur. Institutimiz xodim­lari ilmiy tadqiqotlar asosida ma’dan maydonlari­ning hosil bo‘lish sha­roiti, tarqalish xususiyatlari hamda geolo­giya­sini bataf­sil o‘rganishadi. Ilg‘or texno­logiyalar tahlili natijasida olingan ma’lu­motlar asosida har bir konning mahsul­dorligi aniqlanadi.

– Ayni damda institutda qanday loyihalar amalga oshirilmoqda va dunyo miqyosida talab yuqori bo‘lgan qay­si elementlar bo‘yicha geologik qidi­ruv ishlari olib borilmoqda?

– Har bir laboratoriya o‘z yo‘na­lishiga ega bo‘lib, belgilangan geologik topshiriq asosida ish olib boradi. Foydali komponentlarni ajratib olishning zamonaviy usullari joriy etilishi, aso­siy foydali elementga yo‘ldosh sifatida keluvchi qo‘shimchalarni ham chuqur o‘rganishni talab etadi. Misol uchun, “Ma’dan hosil bo‘lish jarayonlari” labo­ratoriyasi ilmiy xodimlari tomonidan noyob yer elementlarini qidirish, ular­ning tarqalish qonuniyatlarini o‘rganish va zaxiralarini bashoratlash borasida “Sharqiy va Gʻarbiy O‘zbekiston uran ma’danli hamda flyuorit konlarining nodir va kamyob yer metallari istiqbollarini baholash maqsadida ma’dan formatsion tahlili” mavzusida geologik tadqiqotlar olib borilmoqda.

Shuningdek, Namangan viloyatining Chodak, Chorkesar hududlaridan va Toshkent viloyatining ma’danli maydon­laridan 500 ga yaqin namunalar olib kelinib, laboratoriya tahlillari o‘tkazil­moqda. Bu o‘z navbatida, Sharqiy O‘zbe­kis­tondagi uran konlari­ning istiqbolli hudud­larida nodir metallar va noyob yer element­lari ma’danlashuvining sanoat konsen­tratsiyasini aniqlash imkoniyatini tizimli o‘rganish va baholashga zamin yara­tadi.

Olib borilayotgan ilmiy va ama­liy izla­nishlar mamalakatimiz foydali qazil­ma­lar zaxirasini kengaytirishni, uning iqtisodiy salohiyatini oshirishni nazarda tutadi. Texnologiyalar kun­dan kunga rivojlanib borayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, noyob va kamyob elementlarga talabning oshi­shi bizning loyihalarimiz qiymatini va professional mas’uliyatimizni oshiradi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Kelgusidagi izlanishlar, ilmiy faoliyatingizga muvaffaqiyat tilay­miz.

Muyassar IBROHIMOVA suhbatlashdi.

 “Jadid” gazetasining 2024-yil 13-sentyabrdagi 38-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596