25.07.2024 | 17:03
502
SURAT
“O‘zbekiston madaniyati” gazetasida ish boshlaganimning dastlabki kunlari edi. Bir kuni ayollar biri olib, biri qo‘yib shu gazetada ishlaydigan Sodiq ismli yigitni maqtab ketishdi. Tabiiyki, hali ko‘pchilikni yaxshi tanimaganim uchun gap kim haqida ketayotgani bilan qiziqdim. Shunda gazeta muxbiri Munira opa Sobirova “Ertaga ko‘rasiz, juda kelishgan yigit, bizning suratkashimiz”, dedilar. Ertasi kuni ishga borganimda xodimlar kulib turgan, baland bo‘yli, qirraburun, sochlari biroz jingalak yigit bilan qizg‘in suhbatlashayotgandi. Bu o‘sha suratkash ekan.

Keyinchalik, birga ishlash jarayonida tushundimki, Sodiq Mahkamov o‘ta madaniyatli, oilasiga, kasbiga, hamkasblariga mehri baland, qalbi chandon go‘zal inson ekan. Salkam chorak asr davomida Sodiq akaning suratlari nihoyatda jozibali, betakror ekaniga guvoh bo‘ldim. Men fotosuratchining ishiga baho berishga qodir mutaxassis emasman, lekin Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda, “…quymoqning mazasini yaxshiroq bilaman”. Boz ustiga, Ravil Albekov, Sunnat Nurmuhamedov, Noʻmon Muhammadjonov, ulardan biroz keyin bu safga qo‘shilgan Abdug‘ani Jumayev kabi o‘z ishining ustalari Sodiq akaning nomini hurmat bilan tilga olganlari, ijodiga tan berganlari haqida eshitganman.
To‘g‘ri, Sodiq aka ishlagan davrda mahoratli fotosuratchilar oz emas edi. Lekin bu inson obyektni shunchaki suratga tushirib ketavermasdan, qarshisida turgan har bir shaxsga, manzaraga san’atkorona ichki sezgi, teran nigoh bilan yondashardi. Unda muhim lahzalarni ilg‘ash hissi kuchli edi. Tom ma’noda ijodkor fotosuratchi edi. Sodiq aka tasmalarga muhrlagan taniqli yozuvchi-shoirlar, mashhur san’atkorlar, ijodkorlar, oddiy zamondoshlarimizning qiyofalari, yurtimiz manzaralari fikrimiz dalilidir.
Mohir suratkashning qahramonlari orasida Gʻafur Gʻulom, Yusufjon Hamdam, Maqsud Qoriyev, Oybek va Zarifa Saidnosirova, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Zulfiya, Sharof Rashidov, Asqad Muxtor, Said Ahmad, Habibiy, Shukur Burhon, Komil Yashin, Sora Eshonto‘rayeva, Nabi Rahimov, Rahmat Fayziy, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi o‘sha davrdagi deyarli barcha mashhurlar-u taniqlilarni ko‘rish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, Sodiq akaning suratlari har qanday maqola-yu suhbatga, reportajga, oddiygina xabarga ham “jon kiritib” yuborardi. Ustaning suratlari faqat o‘zi ishlaydigan nashrdagina emas, turli gazeta-jurnallarning birinchi sahifasida tez-tez bosilib turardi. U kishi foto olamida san’at yaratishdan charchamasdi. Sodiq akaning “Umrim mazmuni” nomli xotira kitobidan o‘rin olgan quyidagi fikrlarda uning fotografiya san’atiga munosabati ixcham va lo‘nda tarzda o‘z ifodasini topgan: “Fotografiya bu – ummon, chek-chegarasi yo‘q fazo. Bizgacha ham fotograflar o‘z san’atlari bilan moʻjizalar yaratishgan… Fotografiya – bepoyon san’at, unda soniyalarning, daqiqalarning mingdan biri aks etadi. Bu – go‘zal san’at, zero, ana shu daqiqalar hamisha odamlarni xursand qilaveradi”.
O‘sha kezlarda yetuk fotosuratchi sifatida nom qozongan Sodiq Mahkamov o‘zi ishlagan tahririyat jamoasi va u kishini yaqindan bilgan-tanigan odamlar o‘rtasida kamtarligi, kamsuqumligi, muomala madaniyati bilan ham ajralib turardi. Bu insonning har bir surati bitta xabar yo maqolaga teng edi. Suratlarida rassom va yozuvchining mahorati uyg‘unlashib ketardi. Shu o‘rinda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida uzoq yillar bosh muharrir bo‘lib ishlagan Ahmadjon Meliboyevning qahramonimiz haqidagi fikrlari e’tiborga loyiq: “Sodiq Mahkamovning mahorati shunda ediki, u portret chizuvchi rassom kabi suratga olinayotgan kishining muhim “nuqta”sini topa olardi. Tabiiy nigohi, tabiiy holati, tabiiy o‘zligini ko‘rsatishga harakat qilardi. Va bunga erishardi ham. Uning suratlarida soxtalik yo‘q, hayotning naq o‘zi bor”.
Navqiron 17 yoshida gazetaga ishga kelgan Sodiq Mahkamov ushbu sohada qariyb yarim asr barakali ijod qildi. Milliy jurnalistikamiz rivojiga qo‘shgan hissasi munosib taqdirlanib, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.
Sodiq aka nafaqa yoshiga yaqinlashgan bo‘lsa ham, hali kuch-quvvatga to‘la, har qanday topshiriqni o‘z vaqtida bajarib, gazetaning sifatli nashr etilishiga hissasini qo‘shib kelayotgan edi. Biroq ayrim sabablar tufayli u kishi nafaqaga chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Eng achinarlisi, hech kim ustaning boy ijodiy bisoti bilan qiziqmadi, noyob kadrlar muhrlangan tasmalari, suratlari har joyda qolib ketdi. Bu davrga kelib oq-qora suratlar bilan ishlaydigan ijodkorlarga e’tibor kamaygan edi. Sodiq Mahkamovning qadrdon fotoapparati, maxsus asbob-uskunalar keraksiz bo‘lib qoldi. Gazeta muassisi hisoblangan Madaniyat vazirligi u kishining noyob merosini kompyuter xotirasiga ko‘chirish haqidagi tahririyat iltimosini e’tiborsiz qoldirdi.
Darhaqiqat, taniqli fotojurnalist, ajoyib inson Sodiq Mahkamov ibratli hayot yo‘lini bosib o‘tdi. Bu insonning chap qo‘lida fotoapparat tutib, o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygan mayin tabassumli yorug‘ siymosi barchamizning xotiramizda bir umrga muhrlanib qolgan.
Gulchehra UMAROVA
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605

