01.08.2024 | 16:45
397
DARVOZABON
Darvozabon desam, darrov kallangga kecha ispaniyalik Gomes tepgan o‘n bir metrlik jarima to‘pini o‘ng oyog‘i bilan qaytargan Ne’matov keldi, a? Adashding. Men o‘zimizni darvoza ustasi haqida hasratimni ag‘darmoqchiman. Hamma zamon va makonlarda bo‘lgani kabi mojaroni doyasi xotinakam bo‘ldi. Nimaymish, bor-yo‘g‘i yigirma yillik quyma darvozamiz modadan qopti, u kishim shu rangi o‘chgan ravotni deb mahallada yer chizib yurganmish.

“Kenjaoyimiz Chamandagulxonni so‘rab keluvchilarni ko‘zi, avvalo, darvozamizga tushadimi? Darvozaning haybatiga qarab bizni bo‘yimizni belgilaydimi? Xudo biladi, qancha o‘zini hurmat qilganlari qashqa eshigingizni ko‘riboq tisarilib ketgandir…” Bir hisobdan, gapi to‘g‘ri. Ro‘para qo‘shnim Rustam tullak bir yilda ikki marta darvoza almashtirib, mahallaga eshikto‘yi qiberdi. Hurmati shunga yarasha tarvaqayladi. Ko‘chada yurishini ko‘rsang… Gapning erkagi shuki, o‘zingdan qolar gap yo‘q, xotinakamning ra’yiga qarshi borolmadim. Nega ishshayasan, moxov? Bu yog‘da Chamandagulxon chap qo‘lida oyna-yu, o‘ngida o‘smacho‘pi bilan darvozaxonada o‘tirgan bo‘lsa…
Uni qo‘y, buni qo‘y, tilponda oleks degan dallolni topib, arz-dodimni aytdim. Baraka topgur, qizginamni o‘smasi quriguncha o‘n ikkita darvozabonni tilpon raqamini qalashtirib tashladi. Yettidan biri Xizr deb yettinchi o‘rinda turgan raqamni tanlab tervordim. Birinchi chaqiruv javobsiz qoldi. Ikkinchisi band tushdi. Hay, menga qaytarib sim qoqyaptiyov degan yaxshi gumonda bo‘ldim. Xotinni xamiri ko‘pguday vaqt o‘tkazib yana tilpon urdim. Usta serxaridor shekilli, kutish rejimida xotinni kulchasi savatga tushguncha ilhaq o‘tirdim. Yettidan biri… deganlariday, yettinchi urinishda nihoyat narigi yoqdan avval quruq yo‘tal, keyin “Alo-o”, degan nido keldi. O‘xshatib salom berdim. Hol so‘radim. U yoqdan sovun surtilganday silliq tovushda “Alhamdulillah” shukronasi yangradi. Darvoza yasab berolasizmi, degan to‘pori savolimga “Inshaalloh” javobini oldim. To‘y qilayotgandik, o‘shanga sal tiqilinchroq, desam, “Mashaalloh” deya taskin berdi. Tag‘in kechikib, uyimiz bedarvoza, to‘yimiz otbozor bo‘p ketmaydimi, deb hazillashsam, norozi ohangda “Astag‘firullo” raddiyasini oldim-u, bir xayolim adashib Mullavali qoriga tushib qoldimmi degan fikr ham yo‘q bo‘lmadi. Ro‘paramda o‘qlovga suyanib turgan xotinakamni ko‘zidagi so‘roq belgisini ko‘rib, ovozimni chiqazib “Ko‘z tegmasin, Mulla Xunob, omading chopib qoldiyov, ustaning lafzi haloli, chin musulmoni ro‘para keldi, qandingni ur”, devoribman. To‘xta, gapni oxirigacha eshit, borasan o‘sha mo‘risi qiyshiq uyingga. Xullas, Yangiobod otlig‘ ochiq osmon ostidagi temir-tersak bozoriga borib, usta qorini topdim. Senga yolg‘on, menga chin, yuzidan nur, ko‘zidan yog‘du sochilib turibdi. Usta deganing shundog‘ bo‘lsa-da, sudralishib uyingga borib, ejikilab o‘tirmasa. Buyam meni og‘zaki ta’rifimni diqqat bilan eshitib, tilponiga o‘lchamlarini tusmollab yozvoldi. Rangi, uydagilarning talabiga ko‘ra, o‘smarang bo‘ladigan bo‘ldi. O‘n kun ichida o‘rnatib beraman, degan va’dasini eshitib, bir quchoqlab o‘pay ham dedim-u, atrofda ivirsib yurgan lo‘li bachalardan hayo qildim. Albatta, savdoni pishitdik, yarmini bo‘nak qilib berdim.
Uyga qaytdim-u armani qo‘shnim Xatsekni chaqirib, darvozamni qo‘portirdim. Baraka topgur Xatsek juda ishbilgi emasmi, yondosh ko‘chadagi Olim sartaroshga darvozamni bir changal pulga o‘tkazib berdi. Xotinim ko‘zidagi “bu qanaqasi” degan so‘roq belgisiga: “Ничевў, соседка, всемирное потепление, будет сквозняк и приятно особенно в летних чиллах…”, degan salobatli javob oldi.
Ana endi haqiqiy “Aragvay” boshlandi. O‘n kundan keyin endi tilpon uraman deb tursam, usta qorining o‘zi jiringlatib turibdi-yu. Qoyilman-e, devordim sevinganimdan. “Darvozaning gulini kelishmabmiz-u aka, gulsiz juda abgor bo‘ladi-yu. Hozir rasm tashlayman, tanlavorarsiz”. Uyichi bilan tanlab, qaytarib yubordik. Yana ikki haftacha vaqt o‘tgach, betoqat sim qoqdim. Ko‘tarmadi. Xat yozdim, javobsiz qoldi. Ovozli xabar jo‘natdim, bir sado bo‘lmadi. To‘qqiz kuncha o‘tib, ustakaning shaxsan o‘zi meni yo‘qlab, tilpon qildi. “Okam, nabodo travmatalo‘giyada tanish yo‘qmi? Kecha adamgila tomdan toyib, oyoqlari abjag‘ bo‘p ketti. Anaqqisa, yordam bervoring”. Anaqqisa, undan-bundan surishtirib, o‘rtaga u-bu kimni solib, siniqchi do‘xtirni topdim-u, ustakamni izini yo‘qotdim. Kunlar temirarradan to‘kilgan qipiqday bebaraka o‘tib ketyapti. Bu yoqda ko‘chakezar sovchilar darvozasiz hovlimizni ko‘rib, yoqasiga tuflab qochyapti. Xotinakam kaminani ovsardan olib pandavaqiga solib, salkam zuvala yasab, cho‘g‘langan tandirga urvorgiday vajohatda. Qizginamiz o‘sma-surmaniyam chetga surib, tarki dunyo qilganday mehmonxonadan chiqmay qo‘ydi. Xullas, milisaga berib qidirtirsam, haligi usta degan muloyim mushuk g‘irt firibgar bo‘p chiqdi. Mendan tashqari darvoza shinavandalari yetmish yetti nafar ekanmiz. Ana tomosha. Baribir Xatsekda odamgarchilik ancha rivojlangan. Eski darvozamni Olim sartaroshdan yuz dollir ustamasiga joyiga qaytarib qo‘nqaytirib berdi. O‘zim jilvirqog‘ozda terisini shilib, to‘q o‘smarangga bo‘yab tashladim. Kam bo‘lganim yo‘q. Qo‘shnim Rustam tullak jez tishini ko‘rsatib tirjayadi. Uyam eski darvozasini bir qo‘porib, qayta o‘rnatgan mardumlardan bo‘lib chiqdi. Xullas, yangi darvoza sartaroshning uyidan yo‘lli keldimi, bir hafta ichida Chamandagulxonni baxti ochilib, Otchopardagi eng oldi somsapaz Zikrilla piyozni kenja o‘g‘liga boshi bog‘landi. Shoshma, zahartang bo‘lgan o‘yinchiday buncha betoqatsan? Qissadan hissa shuki, mana taklifnoma, shanba kuni “At-turshak” to‘yxonasida kutaman. Kelmagan – usta qori bo‘lsin, omin!
Mulla XUNOB
Husan SODIQOV chizgan rasm.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605
