Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


02.08.2024 | 12:41

img436

ADOLAT – ROZI-RIZOLIKNING YAGONA YO‘LI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda dunyoga kelgan “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori Vatanimizda izchil qat’iyat bilan keng sur’atda olib borilayotgan adolatparvarlik, insonparvarlik, islohparvarlikka yangi, juda katta to‘lqin bag‘ishlaydi. Bular erkin demokratik taraqqiyotning yo‘llari-yo‘nalishlarini mamlakatimizda miqyosan yangicha bosqichga olib chiqadi.

 Qaror boshdan oyoq, birin­chi harfidan oxirgi harfigacha mamlakatimizda bundan buyon qilinishi zarur bo‘lgan nihoyatda aniq-tiniq, real va dolzarb masalalar hamda davlat tashkilotlaridan tortib barcha fuqarolarga daxldor bo‘lgan ijtimoiy-hayotiy muhim vazifalarni bayon etadi.

Adolatni tiklash, barcha so­ha­larda adolatli siyosat yuritish ijtimoiy ongning sifati darajasiga juda katta ta’sir ko‘r­satadi. Ijtimoiy ong shu paytgacha bo‘l­gandan ko‘ra boshqacha yorishadi, teranlashadi, faollashadi. Bu qarorning keng miqyosdagi ijro madaniyati fuqarolarning o‘zaro munosabatlarida axloqiy-ma’naviy yaqinliklar, ishonch va ruhafzoliklarni uyg‘otadi.

XIX–XX asrlarda O‘zbekiston nihoyatda og‘ir, o‘ta fojiali tanazzullarni boshidan kechirdi, istibdodga uchradi, bu uzoq davr, qariyb yuz ellik yildan ortiq davom etdi. Mustabid tuzumlar xalq, mamlakat, millat va uning buyuk tarixini tamomila yo‘qotishni, tinimsiz sur’atda assimiliyatsiya mash’um siyosatini o‘tkazishni zo‘ravonlik va rang-barang dog‘uli mafkuraviy nayranglar, yol­g‘onchilik, o‘taketgan munofiq­lik bilan tiqishtirib keldi. Ado­latsizlik va istibdodga qarshi tinmagan kurashlar, qo‘zg‘olonlar, ilk milliy davlatchilik – Qo‘qon muxtoriyatini tu­zish davr­larida minglab begunoh kishilar qirildi. Qaror satrlarida haqqoniy qayd qilinganidek, yuz minglab tirik jonlar qurbon qilindi, otib tashlandi, surgun-badarg‘aga uchradi, xalqning ustun qatlami “quloq” va “bosmachi”ga chiqarildi.

Ammo xalq belda belbog‘ini yechmadi, o‘roq-ketmonini uloq­tirmadi. Kezi kelsa, ular bilan zolimlarga qarshi kurashdi, qullikka bo‘yin bermadi. Ammo qurbonlar saf-saf, xalqning qoni daryoday oqdi.

Qaror har bir so‘zi bilan uzoq davom etgan shunday adolatsizliklar, zulmlarga o‘z keskin bahosi­ni bermoqda, adolat va insonparvarlik, demokratiyani tiklash, qaror toptirish yo‘lida muhim takliflarni ilgari surmoqda. Bunda yana bir g‘oyatda dolzarb masala – mustaqillikni mustahkamlash bilan chambarchas bog‘lamoqda. Zero, turli darajadagi tahdidlar yo‘qolgan emas, imperialistik nayrang­lar tamomila yangicha tus olmoqda. “Ta’sir doirasi yaratish”, “makonlarga birodarona ega­­­­­lik qilish”, omonsiz iqtisodiy changalga olish, u yer-bu yerlardan o‘kirib-bo‘kirib qo‘yishlar hamon ustimizda balo-qazo bo‘lib turibdi. Aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Iqtisodiy tangliklarda davlatlar­ning qovurg‘alari qayrilib ketadi, tazyiqlarga ko‘nish, “murosayi ma­dora” boshlanadi. Yo‘q, aslo! Bu yaramas yo‘l! Ta­rixda bu qayta-qayta o‘z isboti­ni topdi. Mamlakat sarhadlariga zarar­li yangi imperialistik g‘oya­lar va o‘taketgan past tovarlarni qat’iyan kiritmaslik choralari qo‘l­lanmog‘i lozim. Kiberxavfsizlik asosiy o‘rinda tursin! Qarorda belgilanayotgan katta miqyosdagi vazifalarni bajarish uchun Respublika tashkiliy komis­siyasi tuzilmoqda. Qata­g‘on qurboni bo‘lgan shaxs­larning hayoti va faoliyatini o‘rganish, ular­ni nomma-nom aniq­lash, tarixiy xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni, arxiv va muzeylar, kutubxonalar va turli fondlarda saqlanayotgan huj­jat­larni to‘plash va tadqiq etish, ommalashtirish kabi katta-katta vazifalar ko‘zda tutilmoqda. “Qatag‘on qurbonlari” xotira kitobini chop etish, har yili oktyabr oyi­ning birinchi haftasini Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi deb e’lon qilish, “Mustaqillik darslari”ni jadidlar, siyosiy qurbonlar faoliyatini o‘rga­nish yo‘nalishlari bilan boyi­tish belgilanmoqda. Va bularning barida yosh avlodni jasorat va vatanga fidokorlik ruhida tarbiyalash, ta­rix xotirasini mustahkamlash kabi o‘ta olijanob g‘oya­lar nazar­da tutilmoqda. Albatta, bunda aso­san musta­bid tuzumlar davrida siyo­siy zulmga uchragan shaxs­larni reabilitatsiya qilishdek ul­kan ishlarni izchil davom ettirish eng muhim vazifalardandir. Hozirgacha bir ming ikki yuzdan ortiq zulm qurbonlari­ning nomlari oqlanganligi qarorning azmi shi­joati naqadar ulug‘, ishlar baravj va bardavomligi­ni ayon ko‘rsatadi.

Ibrohim G‘AFUROV


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img82

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img597

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img595