Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


11.08.2024 | 10:29

img452

UYUSHTIRILGAN “KO‘RSATMA” SIYOSATI QURBONLARI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi qarorida “Tashqi ishlar vazirligi qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyatiga doir chet ellardagi mavjud manbalarni izlab topish va o‘rganishda xorijdagi ilmiy-tadqiqot markazlari, nufuzli universitet va fondlar hamda soha mutaxassislari bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatsin”, degan satrlarni o‘qir ekanmiz, ko‘plar qatori benihoya quvondik. Chunki O‘zbekistonda Rossiya va sovet mustamlakachiligi davrida qatag‘on qilinganlarning hayoti va taqdiri haqidagi noyob hujjat va materiallar ayni Moskva shahridagi qator arxivlarda saqlab kelinmoqda.

Bizlar 2022-yil iyun-iyul oylari Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti yo‘llanmasi bilan ilmiy safarda bo‘lib, Moskvadagi qator arxivlarda qidiruv, izlanish ishlarini olib borgan edik. Bir qator o‘ta maxfiy tamg‘alar ostida saqlanayotgan Markaziy Osiyo­da, xususan, O‘z­be­kistonda yuritilgan qatag‘on siyosati va uning fo­jiali oqibati haqida ko‘pdan-ko‘p ma’lumotlar olgan bo‘lsak-da, biroq eng qimmatli hujjatlarni ma’lum darajada ko‘rikdan o‘tkazib, so‘ng bizga yuborishmoqchi bo‘lishgan edi. Kuni kecha Rossiya davlat ijtimoiy-siyosiy tarixi arxividan o‘sha hujjat va materiallarning elektron nusxasi qo‘limiz­ga tegdi. Bu hujjatlarning aksariyat qismi O‘zbekistonda­gi jadidlik harakatiga bevosita daxldor va ular hozirgacha O‘zbekiston tarixshunosligida o‘z ifodasini topmagan edi. Shu bois “Jadid” gazetasida ana shu noyob, hozirgacha ilmiy iste’molga kiritilmagan manbalardan ayrimlarini kelti­rishni lozim bildik.

Partiyada tozalov o‘tkazish bo‘yicha 1933-yil 29-aprelda VKP(b) Markaziy Komi­teti huzurida markaziy komissiya tashkil qilingan edi. “Partiyani tozalash” bahonasida milliy respublikalardagi markazdan mustaqil bo‘lishga intilmoqchi bo‘l­gan kuchlarni butunlay yo‘q qilish, partiyalarni Moskvaning “kommunistcha” sabog‘ini ol­gan kadrlar bilan to‘ldirish, xusu­san, O‘z­be­kistondagi sobiq jadid arbob­lar, milliy ziyolilar qatlamini hokimiyatdan butunlay chetlatib, ularni keyinchalik qata­g‘on qilish uchun zamin hozirlash ishlari amalga oshirilgan. Markaziy Osiyodagi kommunistik tashkilotlarni “tozalash” vazifasi 1929-yilga qadar OGPUning Sharqiy bo‘limi rahbari, 1934-yildan VKP(b)ning partiyaviy nazorat komissiyasi rahbari lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgan ­Yakov Xristoforovich Petersga yuklatilgan. U Mar­kaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekiston SSRda turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatayotgan davlat va jamoat arboblari­ni millatchilik va ayirmachilikda ayblash, ularni partiya safidan chiqarish maqsadida bir necha mahalliy partiya vakillariga zug‘um o‘tkazish orqali ulardan “chaquv xatlari”ni olishga muvaffaq bo‘lgan.

Quyida Ali Rasulovning Markaziy Osiyo­dagi milliy rahbar xodimlarni “fosh qilish”­ga doir ko‘rsatmalari aks etgan tele­gramma matnining muhim qismlarini keltiramiz:

“Partiyani tozalash markaziy komis­siyasi raisi o‘rtoq Petersga

O‘zbekiston Kommunistik partiyasi (b) a’zo­si Ali Rasulovich Rasulovdan, (partiya bileti № 239879, 1917-yil 1-sentyabr)

BAYONOT

Ittifoq Aloqa Xalq Komissarligining Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqarmasi qoshidagi partiya tashkiloti boshlang‘ich tozalash komissiyasi meni yashirin millatchilik tashkilotiga mansubligim tufayli partiya safidan chiqarib yubordi.

Tozalash paytida men o‘sha tashkilot haqida hech narsa demadim. Bu bayo­notimda men 1919-yildan 1923-yilgacha a’zo bo‘lgan “Ittihod va taraqqiy” millatchilik tashkiloti faoliyati to‘g‘risida o‘zim bilgan barcha tafsilotlarni aytib beraman.

Men Turkistonda chorizm ag‘darilganidan so‘ng davlat apparatida va jamiyat hayotida faol ish boshlagan ziyolilar guruhiga mansub bo‘lganman. Men ham bosh­qa milliy ziyolilar kabi millatparvar edim.

1917-yil oxirida yoki 1918-yil boshida meni direktor Asfandiyorovning uyi­da bo‘lib o‘tgan bir uchrashuvga taklif qilishdi. Ushbu yig‘ilishda 20 tagacha odam qatnashgandi. Men ular orasidan quyidagilarni eslab qolganman: 1) Men – Rasulov,

2) Asfandiyorov – (Qozog‘istonda ishlaydi), 3) Risqulov – (Moskvada), 4) Cho‘qayev – (surgunda), 5) Ubaydulla Xo‘jayev – (surgunda), 6) Kutebarov – (Qozog‘is­tonda ishlaydi), 7) Behbudiy – (amir tomonidan o‘ldirilgan), 8) Saidnosir Mirjalilov – (surgunda), 9) Norbo‘tabekov – (O‘zbekis­ton Xalq Komissarlari Sovetida ishlaydi), 10) Xo‘janov – (Markaziy Osiyodagi Ittifoq Yer-suv xalq komissarligida mas’ul), boshqalarning ismlari esimda yo‘q.

Bu yig‘ilish ulkan siyosiy ahamiyatga ega edi, chunki unda ilk bor muxtor hukumat tuzishga qaror qilingan. Yig‘ilish ikkita oqimdan iborat edi – biri bolsheviklar bilan hamkorlikda ishlash tarafdorlari, ikkinchisi RSFSRdan mus­taqil bo‘lgan Turkiston Muxto­riyati davlatini tuzish tarafdorlari. Ikkinchi yo‘nalish Cho‘qayev boshchiligida ko‘pchilik a’zolar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Birinchi harakatni Risqulov boshchiligidagi kichik guruh yoqlab chiqqan edi.

Bu yig‘ilishdan ko‘p o‘tmay Qo‘qonda Cho‘qa­yev, Ubaydulla Xo‘jayev, Norbo‘ta­bekov va Obidjon Mahmudovlar tomonidan Mux­toriyat hukumati tashkil etildi.

Keyinroq bildimki, Asfandiyorovning uyi­da bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qo‘qon muxtoriyatini tashkil etish tarafdorlari “Ittihod va taraqqiy” nomli tashkilot a’zosi sifatida so‘zga chiqqan ekanlar.

Ta’kidlaganimdek, men 1919-yilda “Ittihod va taraqqiy” tashkilotiga a’zo bo‘ldim.

TASHKILOTNING TARKIBI HAQIDA

Toshkentda ikkita qo‘mita – butun Markaziy Osiyoga rahbarlik qiluvchi markaziy qo‘mita va Sirdaryo viloyatidagi ishlarga rahbarlik qiluvchi Toshkent qo‘mitasi mavjud bo‘lgan.

Markaziy qo‘mita tarkibiga quyidagilar kirgan: 1) Munavvar qori – rais, 2) Tursunxo‘jayev – rais o‘rinbosari, 3) Sadriddin Maxsum – Markaziy qo‘mita a’zosi, 4) Miyon Buzruk – Markaziy qo‘mita a’zosi, 5) Risqulov – Markaziy qo‘mita a’zosi, 6) Norbo‘tabekov – Markaziy qo‘mita a’zosi, 7) Hoji Safo Jo‘raboyev – Markaziy qo‘mita a’zosi bo‘lgan va bir vaqtning o‘zida ­Samarqand tashkilotini ham boshqargan, 8) Fayzulla Xo‘jayev – Markaziy qo‘mita a’zo­si, 9) Shokirov – Markaziy qo‘mita a’zosi.

Toshkentdagi oblast qo‘mitasi tarkibiga: MQning bir qancha a’zolari: Toshkent qo‘mitasiga amalda rahbarlik qilgan Munavvar qori, Tursunxo‘jayev, Sadriddin Maxsum, Norbo‘tabekov kirdi. Toshkent qo‘mitasi tarkibiga Markaziy Qo‘mita a’zolaridan tashqari men – Rasulov, Laziz Azizov, Abdulhay Tojiyev va Burhon Xo‘jayev (Davlat bankida ishlaydi) kirdilar. Ehtimol, boshqalar ham kirgandir, lekin hozir esimda yo‘q.

Bilishimcha, “Ittihod va taraqqiy” tashkiloti a’zolarining soni anchagina ko‘p edi. O‘sha davrdagi barcha sovet ishchilarining 95 foizi shu tashkilotga a’zo bo‘lgan desam adashmagan bo‘laman. Men hozirda tashkilot a’zosi sifatida aynan kimlarni bilishimni aytolmayman, agar eslasam yana qo‘shimcha ro‘yxat beraman.

TASHKILOT FAOLIYATI HAQIDA

Men Toshkent va Buxoro qo‘mitalari ishida shaxsan qatnashganman, shuning uchun men tashkilotning Toshkent va Bu­xo­ro qo‘mitalarining faoliyati haqida aytib beraman.

Tashkilot 1919-yilning o‘rtalarigacha aso­­­san madaniy-ma’rifiy faoliyatni rivoj­lan­ti­rish, yoshlar o‘rtasida millatchilik g‘oyalari­ni joriy etish va panturkistik ruhda tarbiya­lash fao­liyati bilan mashg‘ul bo‘lgan.

Millatlar xalq komissarligining ko‘rsatmasi bilan Toshkentda musulmon kommunistik par­tiya­sini tuzish uchun Moskvadan kelgan Abdu­qodir Muhiddinovning Toshkentga keli­shi bilanoq tashkilot faoliyati yanada faol­lashdi.

Muhiddinov dastlab Muskompartiya raisi bo‘lgan, keyinroq uning o‘rniga Tursun­xo‘ja­yev tayinlangan. Uning kotibi Shokirov bo‘l­gan.

Tashkilot o‘sha Muskompartiya orqali ham markazdagi, ham mahalliy sovet va partiya apparatlarini faol nazoratga oldi va ular orqali o‘z yo‘nalishini davom ettirdi.

Umuman olganda, tashkilot musulmon kommunistik partiyasidan o‘zining aksil­inqilobiy faoliyatini amalga oshirish uchun qonuniy imkoniyat sifatida keng foydalandi.

1919-yilda Turkistonga o‘rtoq Eliava bosh­­chi­ligidagi Turkkomissiya yetib keldi. Uning birinchi harakati yagona kommunistik par­tiyani tuzish va viloyat qo‘mitasiga saylovlar uyushtirish edi. Muskompartiya butunlay RKP bilan birlashtirib yuborildi. Tursunxo‘jayev uning viloyat qo‘mitasi raisi etib saylandi.

Oradan uch-to‘rt oy o‘tgach, Turkkomis­siya va viloyat qo‘mitasi o‘rtasidagi munosa­batlar o‘ta keskinlasha boshladi. Tashkilot ta’sirida viloyat qo‘mitasining Turkkomis­siya bilan aloqalari shu qadar keskinlashib ketdiki, Turkkomissiya Moskvaga qaytib ketishga majbur bo‘ldi.

Turkkomissiya Moskvaga jo‘nab ke­tishi bilan viloyat qo‘mitasi Risqulov va Nizomiddin Xo‘jayevdan iborat delegatsiyani Moskvaga yubordi va ular bilan Kucherboyev ham kotib sifatida bordi. Bu delegatsiya RKP oldida o‘zining milliy manfaatlarini himoya qilishi, o‘zining kommunistik partiyasini va RSFSRdan mustaqil davlatni yaratishi kerak edi.

Moskvadagi delegatsiyamiz taniqli tatar xalqi yetakchilari Zakiy Validiy va Sulton Galiyev bilan yaqinlashdi, ular rahbarligida platforma tuzildi (ular buni “instruksiya” deb ataydilar), bu platforma keyinchalik Turkistondagi “Ittihod va taraqqiy” tash­ki­loti­ning harakat dasturiga aylandi.

Tashkilot MQ a’zolarining salmoqli qismi Buxoroga ko‘chib o‘tdi. Munavvar qori shaxsan menga Buxoroga ko‘chib o‘tishi­ning asosiy sababi Fayzulla Xo‘jayevning taklifi ekanligini ma’lum qildi.

2-3 kundan so‘ng Muhiddinovning uyi­da yig‘ilish chaqirildi.

Bu yig‘ilish tashkiliy xarakterga ega bo‘lib, unda Markaziy Qo‘mita tuzilgan va butun Buxoro hududida yacheykalar tashkil etishga qaror qilingan.

Tashkilot tuzish taklifini Munavvar qori bildirgan va u Fayzulla Xo‘jayev taklifi bilan Buxoroda tashkilot tuzishga yordam berish uchun kelganini ma’lum qilgan.

Bu yerda u Turkistonning siyosiy ahvoli, Buxoro inqilobining ahamiyati haqida keng ma’ruza qildi: Biz Turkis­tonni boy berdik, endilikda Buxoro mustaqilligini har qanday holatda ham himoya qilishimiz, Buxoroda mustahkamlanib, uning mustaqilligiga tayangan holda butun Turkiston mus­taqilligiga erishishimiz kerak, deb ayt­di.

Ushbu yig‘ilishda viloyatlarda mahalliy tashkilotlar tuzish uchun mas’ul shaxslar belgilandi. Fayzulla Xo‘jayev va Muhiddinovlarga Munavvar qori tomonidan mahalliy tashkilotlar tuzish uchun ajratilgan shaxs­larni sovet tartibida ishga joylashtirish taklif qilindi.

Bu yig‘ilishda shaxsan menga xavfsiz uy tashkil etish topshirildi, uni ta’minlash masalasi Yunusov Qud­ratullaga yuklatildi. Men uning kvartiramda yashashini va tribunalda tergovchi bo‘lib xizmat qilishini ta’minladim. Yunusovda tashkilotning texnikalari (shifrlar va boshqalar) bor edi, unga turli joylardan xatlar bilan kuryerlar kelishardi. Mening vazifam Yunusovning ko‘rsatmasi bo‘­yicha kuryerlar va boshqa shaxslarga hujjatlarni berish bo‘lgan.

Bundan tashqari, yig‘ilishda barcha nozirlarga tashkilotning Buxorodagi va mahalliy qo‘mitalaridan odamlarni ishga olishni ta’minlash taklif etildi.

Buxorodagi tashkilot kuchayib, yirik ish­larni yo‘lga qo‘ygach, Munavvar qori bir qan­cha shaxslar bilan Turkis­tondagi ishlarga rahbarlik qilish uchun Toshkentga jo‘nab ketdi.

Uning Buxoroga jo‘nab ketishidan avval yana bir majlis o‘tkazilib, unda joylardan ko‘p odamlar qatnashdilar, chunki bu yig‘i­lish Buxoro Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining Plenumi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan edi.

Yig‘ilishda Munavvar qori ma’ruza qildi. Uning ma’ruzasi yuzasidan Muhiddinov, Fayzulla Xo‘jayev, Usmon Bey (turk) va boshqa bir qancha shaxs­lar so‘zga chiqdilar. Nutqning umumiy ohangi – tashkilot yetarli darajada mustahkamlangan va katta yutuqlarga erishganligida edi.

Majlis a’zolari, ayniqsa, turk millatiga mansub Ali Rizo va Chorjo‘yda turkman otryadi rahbari Musoxonov va Yoqubovlar tashkilot nomi ostida militsiya otryadlarini tashkil qilish va mavjudlarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Tashkilot o‘zining qurolli kuchi sifatida militsiya bo‘linmalariga taya­nishi belgilandi.

Bu yig‘ilishda Munavvar qori Toshkentga jo‘nab ketishini e’lon qilib, o‘z vakolatlarini Turkiston Markaziy Qo‘mitasi vakili sifatida Tursunxo‘jayevga o‘tkazayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Munavvar qori ketganidan keyin Buxoroga Zakiy Validiy va u bilan birga Xo‘janov­ning qarindoshi bo‘lgan qandaydir qozoq keldi, uning familiyasi Tursunxo‘jayevga yaxshi tanish.

Men Zakiy Validiy ishtirokidagi Markaziy Qo‘mita majlislarida bir necha bor qatnashganman. Zakiy Validiy o‘z chiqishlarida qud­ratli qurolli kuchlarini yaratish masalasi­ni keskinlik bilan ilgari surdi. Shuningdek, u tashkilotga Arifovning harbiy nozir etib tayin­lanishini tavsiya qildi hamda uni o‘zi­ning odami deb atadi.

Men 1923-yil avgust oyida doimiy fao­liyat uchun Toshkentga qaytdim. Buxorodaligimdayoq tashkilot tomonidan Samarqandga katta miqdordagi oltin Fayzulla Xo‘jayevning qarindoshi Hamraxonga (familiyasi esimda yo‘q, hozir qorako‘lchilik sovxozida direktor bo‘lib ishlaydi) saqlash uchun jo‘natilganini bilar edim. Men tashkilotning oltinlari deb emas, balki oltin o‘g‘irlanishi haqida Turkkomissiya raisi o‘rtoq Lyubimovga aytdim. Keyin qanday choralar ko‘rilgani haqida hech narsa bilmayman.

Toshkentga ko‘chib kelganimdan ke­yin tashkilot bilan aloqani butunlay uzdim. Hech kim menga tashkilotning tugatilgani haqida xabar bermadi. Bu davrda Munavvar qori va boshqa bir qator tashkilot a’zolari hibsga olindi.

10.09.1934 (A.Rasulov)”

Tabiiyki, bu “ko‘rsatma”lar sovet hukumati vakillarining “ijod mahsuli” bo‘lgani ehtimoldan xoli emas, chunki bu xatdan asosiy maqsad tuzum tomonidan avvaldan tayyorlangan “ssenariy”ni bosh­qa inson qo‘li bilan amalga oshirish edi, xolos.

Ali Rasulov va boshqalarning “ko‘r­sat­ma”­lari asosida nomi zikr etilgan barcha shaxslar partiya safidan o‘chirilgan, lavozimidan bo‘sha­tilgan yoki ijtimoiy-siyosiy hayotdan to‘lali­gicha chetlash­ti­rilgan. Qolaversa, 1937-1938-yillardagi foji­­ali “Katta terror” davri­da aynan o‘sha 1934-yildagi partiyani “tozalash” jarayonida tuzilgan va asosan bo‘htonlardan iborat ayblov materiallari ko‘plab milliy rahbar kadrlarning jismonan mahv etilishiga sabab bo‘lgan omillardan biri hisoblangan. Par­tiya safini “yot unsur”lardan tozalash ishida jonbozlik ko‘rsatgan Y.X.Petersning o‘zi ham sovet hukumatining razil maqsadlarini “qoyilmaqom” darajada amalga oshirganiga qaramay 1937-yil 27-noyabrda NKVD tomonidan hibsga olingan. U aksilinqilobiy faoliyat olib borganlikda ayblanib 1938-yil 25-aprelda Moskva­dagi “Kommunarka” poli­gonida otib tashlangan.

Rustambek SHAMSUTDINOV,

Azizbek MAHKAMOV,

AndDU tuzilmasidagi

Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi xodimlari


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600