11.09.2025 | 16:35
1003
ERKSEVAR MUHARRIR
Bugun o‘zbek jadid ziyolilari bilan yelkadosh bo‘lib, xalqning ma’naviy uyg‘onishi va milliy ozodligi yo‘lida bor kuchini ayamagan atoqli shaxslardan biri – tatar ziyolisi Sodiq Abdusattorov haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Sodiq Abdusattorov 1884-yili Ufa guberniyasi, Sentovskiy qishlog‘ida savdogar oilasida tavallud topgan. Boshlang‘ich ta’limni dastlab rus maktabida, so‘ngra Orenburg shahridagi mashhur jadid maktabi – “Husayniya”da olgan. Bu muassasada u Rizoutdin Faxritdinov, Sagit Ramiyev, Sharif Kamol singari taniqli ziyolilardan ham diniy, ham dunyoviy fanlarni o‘rgangan, rus, arab, turk tillarini mukammal egallagan. Yigirma yoshida madrasani “a’lo”ga tamomlagach, 1905–1916-yillarda Ufadagi yana bir nomdor madrasa – “Galiya”da muallimlik qilgan. U Ufa shahridagi pedagogik faoliyati davomida o‘sha davrning jadid faollari Rashid qozi Ibrohimov, Gʻilman Oxun Karimov, Abdulla Bubiy, Ubaydullo Bubiy, Ziyo Kamoliy bilan birgalikda siyosiy-ma’rifiy ishlar olib borgan.
Qahramonimiz 1916-yildan o‘z pedagogik faoliyatini Toshkentda davom ettirib, rus va tatarlar maktabiga mudirlik qiladi. U o‘zining O‘zbekistonga kelishi tafsilotini shunday yozadi: “1916-yil sentyabr oyida men Toshkentdagi Yaushevlar, Nog‘oybekovlar va boshqa tatar burjuaziyasining vakillari tarkibidagi yashirin tashkilotdan taklifnoma oldim. Bu taklifdan foydalanib, men darhol Toshkentga jo‘nab ketdim. Toshkentga kelganimdan so‘ng, tatar maktabi mudiri lavozimiga tayinlandim. …Polkovnik Nog‘oybekov, Xalil Shirinskiy (hozirda Davlat bankida ishlaydi), Rahim Tyumenev (Toshkentda sovet partiya apparatda ishlaydi) hamda tatar-boshqird milliy ozodlik harakatining Markaziy Osiyodagi asosiy yadrosini tashkil etgan millioner aka-uka Yaushevlar bilan aloqalar o‘rnatdim”.
Ma’lumki, 1917-yilgi fevral inqilobidan so‘ng o‘zbek ziyolilari boshchiligida tuzilgan “Sho‘royi islomiya” tashkiloti ishida tatar ma’rifatparvarlari ham faol qatnasha boshlagan. Sodiq Abdusattorov ham “Sho‘royi islomiya” yetakchilari Sa’dulla Tursunxo‘jayev, Nizomiddin Xo‘jayev, Yusuf Aliyev, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, tashkilot kotibi Abdulhay Tojiyev kabi atoqli jadidlar bilan birgalikda Turkistondagi siyosiy kurash jabhasidan munosib joy olgan, hatto shu tashkilotning rahbarlik o‘rinlariga kiritilgan. Tashkilotning faol a’zosi sifatida Toshkentdagi tatar aholisi orasida jadidlik g‘oyalarini keng tashviq etish bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Jarayonda “Sho‘royi islomiya” jamiyati o‘z ish faoliyati ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida “Turkiston sho‘royi islomiya jamiyati” (“Turkiston islomiy kengashi jamiyati”) deb qayta nomlanadi. Jamiyat o‘z faoliyatini faqat mintaqa chegarasida amalga oshirish bilan cheklanmay, Markaziy Rossiyadagi turk-tatar tashkilotlari, jumladan, “Ittifoq”, “Alash” va boshqalar bilan aloqa o‘rnatadi.
1917-yil 4-aprel kuni Toshkentdagi rus-tatar maktabi binosida Turkistonda tatar ziyolilarining fuqarolik maqomini oshirish maqsadida mahalliy “Ittifoq” jamiyati tashkil etiladi. 1917-yil 14-mayda bo‘lib o‘tgan umumiy yig‘ilishda jamiyatning nizomi qabul qilinadi, yashirin ovoz berish orqali 21 kishidan iborat boshqaruv a’zolari saylanadi. Uning tarkibiga Xayrulla Raxmatullin, Xalil Shirinskiy, Ibrohim Tohir, Rahim No‘mon, Sobirjon Yusupov, Rahimjon Xo‘jaberganov, Iskandar Chanishev, Abdurahim Abduholiqov, Sodiq Abdusattorov, Qodir Bulatov, Iskandar Shamsuddinov, G‘ozi Yunusov va boshqalar kirgan.
1917-yil 25-apreldan tatarlarning “Ittifoq” jamiyati tomonidan Toshkentda “Yashasin millatlarning muxtoriyati!” shiori ostida “Ulug‘ Turkiston” gazetasi chiqarila boshlagan. Gazetaga Sodiq Abdusattorov ham muharrirlik qilib, tahririyatda asosan ichki Rossiyadan kelgan jurnalistlar ishlagan. Nashr materiallari qamrovi va saviyasi jihatdan boshqa mahalliy nashrlarga qaraganda yuksakroq bo‘lgan. Gazetada Rossiyaning markaziy shaharlari, hatto urush jabhalaridan, Ukraina, Finlyandiya, Kavkaz kabi o‘lkalar hamda Turkistonning turli viloyatlaridan muxbirlar orqali tezkor xabarlar berib borilgan.
Sodiq Abdusattorov gazeta orqali jadidlarning mustaqil davlat tuzish zarurligi g‘oyasini targ‘ib qilgan. Nashrning 1917-yil 30-sonida u Turkistonni istiqlolga da’vat etib shunday yozadi: “Eski va yangi usul maktablarining o‘quvchilari, ayollar, ishchilar va askarlar birlashmoqdalar, turli joylarda parokanda holda bo‘lib kelgan turk o‘g‘lonlari yana birlashmoqdalar, ular birgalashib ittihodlar, jamiyatlar va Sho‘royi Islomiyani tuzmoqdalar. Ular bir fikr, bir maqsad atrofida birlashmoqdalar, o‘z qurultoylarini chaqirmoqdalar. Xullas, Islom farzandlari hayot maydoniga o‘zining taraqqiyparvar kuchlarini jalb qilib, shu orqali ozod Vatan farzandlari bo‘lishga munosib ekanliklarini isbot qilmoqdalar”.
Fevral inqilobini katta orzu-umidlar bilan qarshi olgan Sodiq Abdusattorov 1917-yil Rossiyada sodir bo‘lgan oktyabr to‘ntarishiga salbiy baho beradi: “Men Oktyabr inqilobida umuman ishtirok etmaganman. O‘sha paytda yangidan qurultoy chaqirilishi umidi bilan yashaganman va hukumatni ag‘darish zarurligini ta’kidlagan bolsheviklar siyosatiga qarshi bo‘lganman. Men ro‘y berayotgan voqealardan chetda turganman. Bolsheviklar Petrogradda hokimiyatni qo‘lga kiritib, Toshkent shahri dumasi tarqatilgandan so‘ng (bu dumaning a’zosi sifatida eserlar partiyasidan saylangan edim), men Sovet hokimiyatiga qarshi faol aksilinqilobiy kurash yo‘liga o‘tdim. Bu kurashni men o‘zim a’zosi bo‘lgan so‘l eserlar partiyasi bilan birgalikda olib borganimni tan olaman”.
1917-yil 21-avgustda Toshkent shahar dumasi Toshkentda universitet tashkil etish haqida qaror qabul qilib, uning tashkiliy komissiyasini tuzadi. Bu komissiyaga O‘rta Osiyo jadidlik harakatining yo‘lboshchisi Munavvar qori Abdurashidxonovning taklifi bilan Saratovda o‘qigan oliy ma’lumotli advokat, jadidlik harakatining yirik vakili Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev va muallim Sodiq Abdusattorov kiritilgan.
Arxiv hujjatlarining guvohlik berishicha, 1917-yil noyabr oyida sovet hokimiyati o‘rnatilib, Toshkent shahar dumasi tarqatilganidan bir necha kun o‘tgach, Eski shahardagi “Beklarbegi” madrasasida sobiq duma a’zosi Mahmudjon qozi Muhiddin Qoziyev rahbarligida maxfiy yig‘ilish chaqiriladi. Unda Munavvar qori Abdurashidxonov, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Sa’dulla Tursunxo‘jayev, Ubaydulla Xo‘jayev, Sodiq Abdusattorov va dumaning yana ko‘plab boshqa a’zolari ishtirok etadi.
Bu yig‘ilishda mavjud siyosiy vaziyatdan foydalangan holda mustaqil davlat tuzish g‘oyasini amalga oshirish uchun uyushgan holda harakat qilish haqida qaror qabul qilinadi. Bu ishni Turkiston muxtoriyatidan boshlash belgilangan. Biroz vaqt o‘tgach, Toshkentda ushbu masalani qo‘llab-quvvatlash maqsadida ikkinchi yig‘ilish o‘tkaziladi. Unda avvalgi ishtirokchilar hamda Turkiston o‘lkasidagi tarqatib yuborilgan shahar dumalari a’zolari qatnashadi. Bu yig‘ilish qaroriga ko‘ra, Sodiq Abdusattorov, Zahriddin A’lam (andijonlik, keyinchalik Turkiston o‘lkasi muftiysi) va Miller (rus, duma a’zosi) Qo‘qonga vakil sifatida yuboriladi. Ularga Turkiston muxtoriyatiga yordam berish va sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakatni tashkil etish vazifasi yuklatiladi. Biroq Turkiston muxtoriyati sovet hokimiyati tomonidan qonga botirilgani sababli, yashirin tashkilot a’zolari bu borada sezilarli natijalarga erisha olmaydi.
Sodiq Abdusattorov 1918-yil bahorida Qo‘qondan Toshkentga qaytib, jadidlar – Munavvar qori, Salimxon Tillaxonov, Nizomiddin Xo‘jayev va boshqalar bilan hamkorlikda o‘z faoliyatini yashirin davom ettiradi. U bir o‘rinda xotirlashicha: “Turkistonda sovet hokimiyati o‘rnatilgach, endilikda asosiy vazifa sovet hokimiyati tomonidan yaratilayotgan davlat apparatini milliy ziyolilar ta’siriga olish orqali Turkistonning yanada sovetlashuvini to‘xtatish edi. Ayni o‘sha tarixiy voqealar sharoitida men so‘l eserlar partiyasiga qo‘shildim”.
Sodiq Abdusattorov so‘l eserlar partiyasining Markaziy qo‘mitasi topshirig‘iga binoan musulmon aholi orasida faol targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borgan. Shuningdek, Turkiston ASSR Xalq maorifi komissariati (Narkompros) huzuridagi Turk bo‘limi raisi etib saylangan. Ushbu bo‘lim tarkibida Munavvar qori Abdurashidxonov, Shokirjon Rahimiy va boshqa ziyolilar ham saylangan edilar.
1918-yil oxiriga kelib qahramonimiz Turkiston Respublikasining Maorif xalq komissari etib tayinlanadi. 1919-yil yanvardagi “Osipov isyoni” davrida eserlar partiyasining a’zosi bo‘lgan Sodiq Abdusattorov uning qurolli otryadi tarkibida bo‘lgan, biroq bu otryadda asosan shahardagi tinch aholi orasida tartibni ta’minlash bilan shug‘ullangan. Isyon bostirilgach, u eserlar partiyasini tark etadi. 1922-yili O‘rta Osiyo davlat universiteti rektorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi hamda bu dargohda Turkiston ASSR barham topgunga qadar faoliyat yuritadi.
1924-yilda o‘tkazilgan milliy-hududiy chegaralanishdan so‘ng Sodiq Abdusattorov Moskvaga yuboriladi. Sharq mehnatkashlarining kommunistik universitetida oliy ta’limni davom ettirib, ayni vaqtda mazkur ta’lim maskanida “VKP(b) tarixi” fanidan dars bera boshlaydi. 1924-1925-yillarda Moskvadagi Sharq mehnatkashlari kommunistik universitetida turkman guruhiga mudir, 1926–1928-yillari RSFSR xalq komissarligida mas’ul xodim, 1932–1934-yillarda VKP(b) Markaziy Komiteti O‘rta Osiyo byurosida mas’ul tarjimon, Marksizm-leninizm universitetida o‘qituvchi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatadi. Moskvadagi faoliyati davrida qozoq ziyolisi va istiqlol kurashchisi Turor Risqulov kabi taniqli shaxslar bilan muloqotda bo‘lib, Turkistondagi milliy harakatlar va madaniy taraqqiyot masalalari bo‘yicha fikr almashib turadi. 1935–1938-yillarda esa O‘zbekiston partiya tashkilotida muharrir bo‘lib ishlaydi.
Ko‘plar qatori Sodiq Abdusattorovning fojiali taqdiri, qismati 1930-yillar oxirida kechgan keskin siyosiy voqeliklar bilan uzviy bog‘liq. Turgan gapki, 1937-yili boshlangan mash’um qatag‘on to‘lqini qahramonimizni chetlab o‘tmadi. “Katta terror” davrida O‘zSSR “maxsus uchligi” tomonidan millionlab odam turli bo‘hton-u tuhmatlar bilan so‘roqqa tortilib, 41 ming nafardan ko‘proq kishi qamoqqa tashlangani ma’lum.
Sodiq Abdusattorov ham 1938-yil 24-yanvarda NKVD tomonidan hibsga olinadi. “Milliy ittihod” va “Milliy istiqlol” tashkilotlariga a’zo bo‘lgani, sovet hokimiyatiga qarshi harakatlarda qatnashgani bo‘yicha turli ayblovlar bo‘yniga ilinib, o‘sha yilning 4-oktyabrida SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor majlisida 52 nafar turkistonlik ziyoli safida “xalq dushmani” sifatida oliy jazo – otuvga hukm qilinadi. Hukm o‘sha kunning o‘zidayoq ijro etiladi.
Sodiq Abdusattorovning sharafli nomi davlatimiz milliy istiqlolga erishgachgina to‘la oqlandi. Uning hayoti va faoliyati tadqiq qilindi, qator maqola va asarlar chop etildi. Asl qahramonlarimizning porloq xotirasi asrlar osha bezavol yashab, kelajak avlodga haq yo‘lini yorituvchi charog‘bonlik vazifasini bajaraveradi.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-sentyabrdagi 36-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



