21.08.2024 | 10:45
456
BUYUMBOZLIK, MATOXO‘RLIK… POYGASI QAYERGA OLIB BORADI?
Bir oycha oldingi gap: qarindoshimiz bemahal uyga kirib keldi. Kayfiyatsiz, dasturxondagi nonga qo‘l uzatgulik holi yo‘q go‘yo.
Ahvolini ko‘rib, “Yo‘l bo‘lsin!” so‘rash majburiyatida qoldim.

“Eshitgandirsiz, imoratimga zamonaviy eshik-romlarni o‘rnattirganda bankdan kredit oluvdim. Bu oy to‘lashga imkonim kelmay turibdi. Shunga…”
So‘nggi so‘zni aytmadi, aytishga tortindi. Demak, u qarzga pul so‘rab kelgan.
“Ko‘rpangga qarab oyoq uzat”, degan so‘zimiz bor. Qolaversa, imorating eshig-u derazalarini rahmatli otang yasagandi. Ularni nima qilding?”
So‘rovimdan so‘ng yerga qaradi, ovozi ming‘irlab chiqdi: “Eskilari bog‘ orqasidagi molxonada turibdi”.
Ma’lum bo‘ldiki, ikki yondagi qo‘shnilari uylariga o‘sha zamonaviy deb rosa maqtalayotgan eshik va derazalar o‘rnatishgan. Xotini “Biz ham o‘rnataylik, qo‘shnilardan nima kamimiz bor?” deb har kun qulog‘ini qizitgach bankka borgan. Iste’mol krediti olgan. Bu yoqda tayyor pulga “xaridor” ko‘p – shu ish bilan mashg‘ul tadbirkorlar zumda o‘sha eshik va deraza romlarini o‘rnatib berishgan. Bank esa kattagina foizli kreditni har oyda olyapti. Muhlat degani tentakning mushtidan tez keladi.
…Singlim katta tog‘amning to‘ng‘ich o‘g‘linikiga borganida eshikni ochgan ayoli baqirib yig‘lab yuboribdi. Xorijda ishlayotgan o‘g‘liga biror kor-hol bo‘ldimi deb qo‘rqib ketgan singlim. Yangamiz ko‘z yoshlarini tiya olmay dardlarini aytarmish: “Kunbotar tomondagi qo‘shnimiz uyiga yangicha eshik-oyna o‘rnattirdi. Uyi oldiga beton quyib, kafel yotqizdi. Kunchiqardagi qo‘shnimiz yengil mashina oldi. Bizlar ikki o‘rtada ko‘chaga chiqishga uyalib, shumshayib o‘tiribmiz…”
Odamlarda hashamatga mukkasidan ketish qachon paydo bo‘ldi? Bu borada o‘zaro poyga nega tobora avjiga chiqyapti?
…Adabiyotga XIX asr ikkinchi yarmida “meshchanlik” degan atama kirib kelgan. Yevropaga ergashish, hashamatli uylar tiklash, xonalarga qimmatbaho gilamlar to‘shash, javonlarni chinni idishlar bilan to‘ldirish, shipga billur qandillar osish va, albatta, bularni ko‘z-ko‘zlash puldor odamlarning yashash tarziga aylangan. Ularga ergashaman degan o‘rta qatlam vakillari qarzga botsa-da, qorni to‘ymasa-da, keraksiz jihozlar xarid qilishga umrini-sog‘ligini qurbon qilishgan.
Bu odat bizga o‘tgan asrning ikkinchi yarmida asta-sekin kirib keldi. Zamona rusumidan (aslida qo‘ni-qo‘shnisidan) ortda qolishni istamagan xonadon egalari hashamat ortidan besar ketishdi. Javonda terilib turgan chiroyli chinni idishlarga uy egasining haftada bir marta qo‘li tegardi, undayam changini artish uchun. Bu idishlarda choy ichish, ovqat tortish, qand-qurs qo‘yish hech kimning xayoliga kelmasdi. Qimmatligidan nogoh bolalari sindirib qo‘yishidan qo‘rqishardi. Uyiga kelgan mehmonga maqtanib ko‘rsatishardi, xolos.
Bu poygaga qo‘shilgan oilalar farzandiga yangi kiyim xarid qilish, uning ilm olishi uchun shart-sharoit yaratishni ikkinchi, uchinchi… o‘ninchi o‘ringa surib qo‘yishgani eng achinarlisidir.
Maktabda yaxshi o‘qigan, poytaxtdagi biror oliygohga kirish orzusida bo‘lgan farzandiga ikki qo‘lini ikki yonga yoygancha “Seni o‘qitishga pulimiz yo‘q”, deyishardi. Bu paytda shiftda billur qandil osig‘liq, javonda o‘nlab qimmatbaho chinni idishlar saf tortib turardi.
Maktabda yaxshi o‘qigan bir sinfdoshim aynan ota-onasining qimmatbaho buyum yig‘ish poygasi tufayli institut eshigini hatlab o‘tolmadi – bir umr kolxozda traktorchilik qildi…
Mustaqillikning ilk davrida o‘zaro iqtisodiy bog‘lamalar darz ketib, odamlar chor-nochor yashash majburiyatida qolishgani bor gap. Ayni shu davrda sifatsiz, “bir martalik” deb nom olgan kiyim-kechaklar, buyumlar bozorlarimizni to‘ldirgandi. Ammo vaqt kelib, o‘zimizning mustaqil yo‘limizni topganimiz, o‘tkazilgan iqtisodiy islohotlar samarasi o‘laroq odamlar boy-badavlat yashay boshladilar. Bu keskin o‘sish, ayniqsa, so‘nggi yillarda yaqqol ko‘zga tashlandi. Yigirma yil oldin yuz xonadon istiqomat qiladigan elatimizda ilk bora zamonaviy rusumdagi “Tiko” yengil mashinasini birinchi bo‘lib xarid qilgandim. (Uyam yangi emas, anchagina “charchagan” mashina edi). Bugun elatimizda deyarli har bir xonadonda yengil mashina bor. Yoki o‘sha davrda har o‘nta uydan bittasi tomi shifer qilingan bo‘lsa, bugun unday uyning o‘zi qolmadi. Yana imoratlar old qismini ovro‘pocha ta’mirlash jadal rusumga kirdi. Bu yoqda esa… imoratlar tashqarisiga zeb berish bilan bir qatorda ichkarisini keraksiz matohlar bilan to‘ldirish ham avjiga chiqdi. O‘sha eskilik sarqiti – “meshchanlik”, ya’ni latta-puttaga, turli qimmatbaho, yaltiroq buyum-jihozlarga ruju qo‘yish illati urchidi, to‘g‘rirog‘i, qayta urfga kirdi.
…Katta qizim maktabda direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlaydi. Iqtidorli o‘quvchilarni turli tanlovlarga tayyorlash, olib borish ham uning vazifasiga kiradi. O‘tgan yili shunday kuyingandi: “7-sinfda o‘qiydigan bir o‘quvchim adabiyotga juda qiziqadi. O‘ziyam kichik hikoyalar yozadi. Yozganlari adabiyot bo‘yicha ijodiy tanlovning tuman va viloyat bosqichida g‘olib deb topildi. Endi respublika bosqichiga borishi kerak edi. Ammo otasi “Bormaysan!” deb oyoq tirab olibdi. Otasini rozi qilish uchun uylariga bordim. Men o‘g‘lining iqtidoridan gapirsam, ota degan befarosat tanishlari orqali topgan Venitsian shishasidan bo‘lgan bir ko‘zani maqtaydi. Bu matoh uch ming dollar turarmish. U odamga gap tushuntirib bo‘lmadi. Yana deydi: “O‘g‘lim maktabni bitkazgach, yangi mashina olib beraman, menga o‘xshab qo‘shni davlatlarga kirakashlik qiladi”.
Uch ming dollarga qandaydir “qimmatbaho shisha ko‘za” olgan ota o‘g‘li iqtidorini namoyon qilishi uchun 100 dollarni (poytaxtga bordi-keldi xarajatlari uchun) ravo ko‘rmasligini nima deb atashni bilmadik. Sal qo‘pollashsak uzr, ertaga omonatini topshirsa o‘sha ko‘za xotirasini o‘zida saqlamas, azador to‘nini kiyib ko‘cha boshida turmas axir!?
…Poytaxtga kelishda poyezd kupesida ikki o‘rta yashar kishi bilan hamxona bo‘lib qoldim. Ulardan biri muqaddam o‘qituvchilik qilgan, tog‘asi yengil mashinalarga gaz quyish shoxobchasi qurgach, shu yerga operator bo‘lib ishga o‘tgan ekan. Cho‘ntagi pul ko‘rgan shekilli, yo‘l bo‘yi yangi qurgan imoratini italiyon uslubida qanday ta’mirlagani, vannasiga Boltiqbo‘yida ishlab chiqarilgan qimmatbaho kafel o‘rnatgani, hojatxonasiga naqd ming dollarlik eroni chig‘anoq buyurgani, mehmonxonasini “otochento” rusumida bezatgani, besh ming dollarlik mushak qandil osgani… (Ayrim qurilish ashyolari va jihozlarga ishim tushmagani uchun eslab qololmadim) haqida gap berib keldi. Ikkinchi hamrohim bu borada undan qolishmas ekan – u yangi olgan “BYD”sini qanday bezagani bormi, xotiniga tug‘ilgan kunida falon dollarga polyakcha shuba sovg‘a qilgani-yu, qizining uzatish to‘yiga o‘ris estrada yulduzi Glyukozani xizmatga olib kelganini og‘iz ko‘pirtirib maqtandi. Kamina hamrohlar suhbatiga noiloj bosh chayqagan bo‘ldim. Mavridini topib so‘rashga jur’at qildim: “Farzandlaringizni ham biror TOP-100 talikka kirgan universitetda o‘qitgan bo‘lsangiz kerak?” Bu savolimdan ijirg‘anib, ikkovi yuzimga nihoyatda ajablanib qaradi…
Latta-putta yig‘ish musobaqasi avvalo to‘y niyati tug‘ilmasdan, bola tug‘ilgandan boshlanadi. “Kelin sepi” atalmish matoxo‘rlikka kun ora duch kelamiz. Bizda – Xorazmda to‘ydan oldin “kelin kiyintirish” degan udum bor. Kuyov tomon kelinni bozorga olib boradi. Tilla taqinchoqlar va boshdan-oyoq to‘rt fasl uchun kiyimlar xarid qilinadi. Bir bosh emas, qo‘sha va qo‘sha. Bu yoqda to‘y kuni yaqinlari ham kelinga turli liboslarni to‘yona qilishadi. Qarabsizki, bir sandiq, bir kiyim javoni turli kiyim-kechaklarga to‘ladi. Almashtirib kiysa kamida o‘ttiz yilga yetgulik. O‘ttiz yilda kelinning qomati o‘zgarishi, yillar o‘tib ko‘pgina ko‘ylak, kofta, paltolar urfdan qolishi bor. Demak, falon millionga olingan shuncha kiyim javonlarda eskiradi. Yana kuya yemasin deb, tez-tez kuyadori sepishlarini ayting.
Bir qarindoshimiz qizi uchun uch-to‘rt sidra kiyim-bosh olishni talab qilganida bir taklif aytdim: “Qizingizga boshdan-oyoq kiyim olsak. Qolgan pulni (ozmas, taxminimcha o‘ttiz million so‘mlarga yaqin edi) bankka qo‘ysak. Eng kami yiliga 18 foiz beradi. Yangi oilasi qozonini qaynatishga yetadi va yana keyinchalik o‘zi tanlab kiyim olar”. “Nima, qizim boshqalardan kammi? Elda yurib turganidek kiyim-bosh olasizlar. Bo‘lmasa beradigan qizim yo‘q!”
Tushuntirish ortiqcha edi.
…Nevaram tug‘ilganida to‘yxonada “beshik to‘yi” o‘tkazdik. To‘ydan so‘ng ayollar tomonidan to‘yona sifatida keltirilgan mato va allambalolarni tashishga bir mashina kerak bo‘ldi. Ishonasizmi, chiroyli, yaltiroq jomadonning o‘zidan yigirmata bor. Bu jomadonda bolalar va kattalar uxlaganda ustiga yopadigan yopqich (odeyalo) bor ekan. Ayolim ulardan uchtasini kelinga berdi, beshtasini sandiqqa bosdi: “Bularni qaytarishim kerak. Axir, to‘yona qarz. Qolganini do‘konga topshiramiz”.
O‘sha vaqtda (sakkiz yil oldin) bu “to‘ykezar, to‘zimas jomadon”ning narxi ellik ming so‘m ekan. Do‘kon egasi ularning har birini o‘ttiz besh ming so‘mdan qabul qilib olibdi.
Keyin bildimki, shu kabi “to‘y sovg‘alari” sotadigan do‘konlar sotib-qaytarib olish operatsiyasidan yaxshigina pul ishlasharkan. “To‘y mavsumida ba’zi kunlari yuz dona shunday sovg‘a sotsam, yana kamida yetmish-saksontasini to‘y egalaridan qaytarib olaman, deyarli yarim bahosiga. Bu men uchun biznes”, deydi do‘kondor.
Kelin to‘ylarida (beshik to‘ylarida ham shu ahvol) ayollar to‘yona sifatida keltirgan turli matolar taqdiri ham shunday. Aksari “qarzni qaytarish uchun” sandiqlarda yillab chang bosib yotadi, bir qismi do‘konlarga qaytarib beriladi.
Mana keraksiz buyumlar, matolarga o‘chlik – go‘yo buni qadim qadriyat sifatida an’anaga aylantirishning ahvoli.
To‘y mayli, ammo azaga ham shu latta-putta degani boshini suqqan. Janoza o‘qilguncha azador xonadonga keladigan ayollar, albatta, marhum ustiga tashlash uchun turli mato, ro‘mollar olib kelishadi. Mayitni yuvish arafasida o‘sha matolar yig‘iladi – ikki qopga zo‘rg‘a sig‘adi. Azador uy egasi keyin bu keraksiz matolarni sandiqqa bosadi – erta-indin birov olamdan o‘tsa olib boradi-da. Hatto ayrimlari do‘kondorlar bilan kelishib, yarim bahosiga bo‘lsa-da qaytarib topshiradi. Qanchalik qimmat, zamonaviy rusumda bo‘lmasin bu matolardan ko‘ylak, lozim tiktirib kiyib bo‘lmaydi. Axir bu matolar o‘likning ustiga yopilgan.
Bolalik vaqtida onam rahmatli xonalardagi derazalarga bir enlik parda osardilar – tashqaridan birov qaraganda ichkari ko‘rinmasligi uchun. Vaqt o‘tgan sari parda darparda qadar kattaydi – hozir derazalarga shipdan polga qadar va yana butun devorni egallagan ulkan darpardalar osilmoqda. Derazani qo‘ya turaylik, darparda degani eshiklarni ham qopladi. Besh xonalik qishloq uyida shunday eshik va deraza darpardalaridan kamida o‘ntasi osig‘liq. Bu darpardalarning eng arzoni ikki million so‘m atrofida. Ana endi bu yog‘ini o‘zingiz xomcho‘t qilavering.
Ham kulgili va ayanchli holat: o‘sha karantin vaqtida “temir daftar”ga kirgan bir oila ehtiyoji uchun har oyda oziq-ovqat, pul muntazam berib turildi. Sayyor qabullardan birida “temir daftar”da turgan ayol hokimga nima deb murojaat qildi deng: “Har oy yordam berib turishibdi, buning uchun rahmat! Ammo, iltimosim hech bo‘lmasa ko‘cha tomondagi derazalarimga darparda olishda moddiy yordam bersanglar. Shunday darpardam yo‘qligi uchun qo‘shnilardan uyalyapman”.
Otam rahmatli kolxoz beradigan arzimas maoshidan tejab-tergab bir dona gilam olganini (uni ham olibsotardan topgan) bilaman – o‘sha vaqtda yetti yashar bolakay edim. Bu gilam uzoq yillar xona devoriga qoqilib turdi. Biz bolakaylar gilamni silab, rohatlanardik o‘zimizcha. O‘sha vaqtda gilam devorga qoqiladigan hasham emas, odamlar ustida o‘tiradigan poyondoz ekanini bilmasdik. Bugun har bir xonadonda kamida o‘n-o‘n beshta gilam bor. Ularning yarmisi xonalarga to‘shalsa qolganlari o‘ralgancha devorga tiklab qo‘yiladi – kelgan mehmonlar uyda gilamlar ko‘pligini bilishlari uchun.
O‘rtacha besh kishi istiqomat qiladigan xonadonda shunga o‘xshash keraksiz – “o‘lik bejama matohlar” taxminan qancha ekanligini o‘zimcha hisoblab ko‘rdim. O‘rtamiyona oilada kamida qirq million so‘m atrofida. O‘ziga to‘qlar haqida aytmayapman.
Bular qishloqdagi ahvol, shaharlardagi xonadonlarda bu miqdor bir necha baravar ko‘pligi kundek ravshan.
Istaymizmi-yo‘qmi bugun aksar oilalarning “ro‘zg‘or g‘aznasi”ning katta qismi shu kabi keraksiz buyumlarga sarflanmoqda. Internet tarmog‘ida turli savdo-sotiq kanallari tinimsiz o‘zlarining shunga o‘xshagan matohlarini “Zamonaviy yashang! Bizdan xarid qiling!” deb reklama qilishlari natijasida ayrim narsalar yil o‘tmay eskirib, yangilari paydo bo‘lmoqda. Shu yangilarini xarid qilgan o‘ziga to‘q xonadonlar boshqalarga turtki beryapti. Yo‘q, boshqalar ko‘zini qizdirmoqda. Buyumbozlik, matoxo‘rlik shu taxlit kunaro avj olayotir.
Vaqtli nashr imkonidan kelib chiqib, ayrim holatlarga to‘xtaldik xolos. Barchasini yozaman desa, tom-tom kitob bo‘lgulik.
Bu ofatga qachon chek qo‘yar ekanmiz? Qo‘ya olamizmi?
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
OG‘RIQ NUQTA
Statistik ma’lumotlarga köra, bugungi kunda mamlakatimizda örta hisobda kuniga 137 ta oila rasman ajraşmoqda. Şuningdek, joriy yilning birinçi yarmida 24 ming 815 oilaning nikohi qonunan bekor qilinib, ötgan yilning şu davriga köra bu raqam 6,3 foizga köpaygan. Bu sanoq faqat ajrimgagina oid, uning oqibatida ma’naviy-ruhiy jabr körgan bolalar va ular çekayotgan iztiroblar adadi faqat Yaratganga […]
17.11.2026 | 14:24
147
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
235
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
719



