26.08.2024 | 13:23
453
GLOBAL DUNYONING GLOBAL MIQYOSDAGI YOZUVCHISI
Tili, dini, urf-odatlari bir bo‘lgan turkiy xalqlarni hech qachon bir-biridan ayri tasavvur etib bo‘lmaydi. Ming yillar davomida bir tomonda o‘zbek baxshilari do‘ppini bostirib, do‘mbira quchoqlab “Alpomish”dan olganda, bir tomonda qirg‘iz oqini cho‘qqili oq qalpog‘ini boshga qo‘ndirib, “Manas”ni kuylagani aniq. O‘zbek xalqi Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Nozim Hikmat, Nizomiy Ganjaviy, Nasimiy, Fuzuliy, Samad Vurg‘un, Abay, Muxtor Avezov, Chingiz Aytmatov, To‘lagan Qosimbekov, Maxtumquli, Mullanafas kabi mumtoz va zamonaviy adabiyot vakillarini hamisha o‘z ijodkoridek sevib mutolaa qilgan, asarlari ardog‘da bo‘lgan.

Aslini olganda o‘zbek-qirg‘iz adabiy do‘stligi kecha paydo bo‘lgan hodisa emas. O‘tgan asrda ming yillik an’analarni Mirtemir, Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov, Turob To‘la, Suyun Qorayev, Sulton Akbariy, Asil Rashidov, Ibrohim Gʻafurov, Ahmadjon Meliboyev, Tursunboy Adashboyev, Zuhriddin Isomiddinov kabi ijodkorlar davom ettirdi. Shuningdek, bu ikki xalq qadimdan og‘a-ini, quda-anda bo‘lib, bordi-keldi qilgan. Sovet davrida o‘zbek xalqiga qora tamg‘a bosilib, “o‘zbeklar ishi”, “paxta ishi” kabi bo‘hton kampaniyalar avj olganida dunyo tan olgan yozuvchi, qirg‘iz elining farzandi Chingiz Aytmatov o‘zbek xalqi haqida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgan: “Qadimiy o‘zbek madaniyati o‘zining ajoyib yutuqlari bilan azaldan ham mashhur. O‘zbeklar O‘rta Osiyoda tengi yo‘q irrigator, dehqon sifatida tanilgan. O‘zbek me’morlari fusunkor Samarqand, Buxoroni bunyod etdilar. O‘zbek xalqi orasidan O‘rta asrning mashhur astronom olimi Ulug‘bek, shoir Alisher Navoiy yetishib chiqdi… Vizantiya madaniyati rivojida rimliklar qanday rol o‘ynagan bo‘lsalar, o‘zbeklar ham O‘rta Osiyo xalqlari madaniyatiga ana shunday ta’sir o‘tkazdilar”.
Kuni kecha “Sevimli” telekanalining tadbirlar zalida Xalqaro TURKSOY tashkiloti bosh kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayevning “Tanlangan asarlar” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tganini ham ana shu aloqalarning davomi deyish mumkin. Taqdimot avvalida qirg‘iz adibining hayoti va ijodi haqida axborot beruvchi videorolik yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.
Unda quyidagi ma’lumotlar keltirilgan: “Sulton Rayev 1958-yil 13-iyulda O‘sh viloyati Qorasuv tumani Jo‘sh qishlog‘ida tug‘ilgan. Qirg‘iziston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini “Qirg‘iziston madaniyati” gazetasida muxbirlikdan boshlagan. Shundan so‘ng “Asaba” gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari, “Qirg‘iz ruhi” gazetasi bosh muharriri vazifalarida ishlagan. AQShning Kanzas universitetida jurnalistika bo‘yicha malaka oshirgan. 2002-yildan Qirg‘iziston ta’lim va madaniyat vazirining o‘rinbosari, Madaniyat va san’atni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi prezidenti, Madaniyatni rivojlantirish davlat komissiyasi raisi, Madaniyat vaziri, Madaniyatni rivojlantirish davlat agentligi boshlig‘i, Prezident maslahatchisi, Bosh vazir maslahatchisi, Madaniyat, axborot va turizm vaziri kabi mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan. 2021-2022-yillarda Turkiy davlatlar kengashi bosh kotibining o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan. U 2022-yildan buyon Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti rahbari bo‘lib, bepoyon turkiy makonda madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish harakatiga yetakchilik qilib kelmoqda”.
Videorolik yakuniga yetgach, O‘zbekiston xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid so‘zga chiqib, 2023-yili Navoiy viloyatida Xalqaro TURKSOY tashkiloti bilan hamkorlikda “Mumtoz she’riyat” nomli adabiy anjuman hamda yangi tashkil qilingan Turkiya Yozarlar birligining Birinchi tashkiliy yig‘ilishi o‘tkazilgani va bu adabiy hayotimizda unutilmas voqea bo‘lgani, shuningdek, turkiy davlatlar adabiyotining o‘tmishi va buguni haqida qisqacha gapirdi.

“Sulton Rayev birgina qirg‘iz elining yoxud turkiy xalqlarning adibi emas, u global dunyoning global miqyosdagi yozuvchisidir”, dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, taniqli yozuvchi Xayriddin Sultonov. U bugungi ziddiyatli zamonda milliy o‘zligini, madaniy qadriyat-u an’analarini saqlab qolish, yosh avlodni ham shu ruhda tarbiyalash yer yuzidagi hech bir millatga oson bo‘lmayotgani hamda el-u yurtini sevadigan adiblarga bugun har qachongidan ko‘proq ehtiyoj borligiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov, O‘zbekiston – Qirg‘iziston do‘stlik jamiyati raisi, Xalqaro TURKSOY tashkiloti qoshidagi Turk dunyosi Yozarlar birligi raisi Ulug‘bek Esdavlat, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Munavvara Usmonova, Respublika Qirg‘iz milliy madaniyat markazi raisi Rahmatilla Jabborov so‘zga chiqib, yangi kitob va adabiy do‘stlik haqidagi o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zuhriddin Isomiddinov o‘zining nomzodlik ishi o‘zbek-qirg‘iz adabiyotiga oid bo‘lgani, talabalik yillarida Sulton Rayevning “Haftaning beshinchi kuni” nomli hikoyasini o‘qigani va juda mutaassir bo‘lib, tarjima qilish orzusida yurgani haqida so‘zladi.

Respublika Qirg‘iz milliy madaniyat markazi Badiiy jamoasi vakili Shekerbek Abdumalikov esa “Manas” eposidan parcha ijro etib, tadbir qatnashchilarining olqishiga sazovor bo‘ldi. Taqdimot so‘nggida Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev so‘zga chiqib, e’tibor va e’tirof uchun avvalo, o‘zbek xalqi, O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Asarlarini mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girgan tarjimonlar mehnatini qadrlashi haqida gapirib, ularning ishiga yuksak baho berdi. “Yozganlarim o‘zbek xalqining buyuk adibi Mir Alisher Navoiy ijod qilgan tilda jaranglagani mening eng oliy baxtimdir!” dedi u.
Bu kabi adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning davom etishi qardosh xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi aniq. Zero, adabiyot, san’at, madaniyat kabi sohalar ellarni birdamlikka, ezgulikka va tinch-totuv hayot kechirishga chorlaydi.
Shahriyor SHAVKAT
Abdumannon MUHAMMAD olgan suratlar
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



