Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


30.08.2024 | 18:01

img386

SAMARQANDDA AHLI ILM ANJUMANI

Barchamiz uchun muqaddas va aziz bo‘lgan O‘zbekiston diyori azal-­azaldan olim-u fuzalo, oqin-u shuaro manzil-u makon tutgan moʻtabar maskan bo‘lgan. Qilichdan o‘tkir zehni, ilmtalab ong-u shuuri bilan yetti iqlimga dong‘i ketgan mutafakkirlari­ning ma’rifiy xazinasidan esa dunyo ziyolilari hamon bahramand. Boshqalar mudragan paytda uyg‘onib, jahon tamadduniga chiroq tutgan ajdodlari­miz merosini o‘rganish, asrab-ardoq­lash siz-u bizga berilgan tabarruk burch. 23–26-avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan xalqaro kongress ham ana shu burchimizni ado etish sari tashlangan navbatdagi qadam bo‘ldi.

 O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va omma­lash­tirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati hamkorligida “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Uyg‘onish asosi” mavzusida VIII Xalqaro kongress bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash joizki, bu kongress bevosita O‘zbe­kis­ton Respublikasi hukumati ko‘magida O‘zbe­kis­ton Respublikasi Fanlar aka­de­miyasi, Kinematografiya agentligi singari mahalliy, IRSIKA, TURKSOY kabi xorijiy tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi. Tadbirlar “ERIELL Group” neft-servis kom­pa­niyasining moliyaviy va tashkiliy homiy­ligida o‘tkazildi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston madaniy merosi­ni o‘rganish, saqlash va omma­lash­tirish bo‘yicha Butunjahon jami­yati­ning yirik loyihalaridan biri bo‘lib, ayrim sabablarga ko‘ra, ayni payt­da xorijdagi muzeylar, kutubxonalar, turli kolleksiyalar va boshqa muassasalarda saqlanayotgan o‘zbek xalqi­ning madaniy yod­gorliklari va moddiy buyum­lari, qadimiy qo‘lyozmalar, nodir ashyo­lar haqidagi ma’lumotlarni jamlash, ular­ning nusxa­larini olish va xalqimizga yetkazishga qaratilgan.

BIRINCHI KUN

Mazkur nufuzli kongressda qatna­shish maqsadida dunyoning turli davlatlaridan kelgan ilm ahli 23-avgust kuni Islom sivilizatsiyasi markazida yig‘ildi. U yer­da markazning asosiy maqsadlari, ayni kunlarda ham davom etayotgan quri­lish ishlari haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi. Shuningdek, “O‘zbe­kis­tondagi Islom sivilizatsiyasi markazi” lo­yihasi taqdimoti bo‘ldi.

Tushdan keyin Samarqandga yo‘l olgan ishtirokchilar Xartang qishlog‘ida joy­lash­gan, hozirda o‘zgacha mahobat kasb etayotgan Imom Buxoriy yodgorlik maj­muasi hamda Hadis ilmi maktabi bilan tanish­dilar. Shundan so‘ng VIII Xalqaro Kongress ochilishiga bag‘ishlangan qabul marosimi o‘tkazildi.

IKKINCHI KUN

Kongressning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti­ning Kongress ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. “Biz, hamfikrlaringiz sifatida Yangi O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” deb nom olayotgan barcha jabhalarda, jumladan, ta’lim, fan, madaniyat va ma’rifatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Yangi O‘zbekiston ilm-fan va ta’lim markazlaridan biri sifatida tobora jahon miq­yosida shuhrat qozonmoqda. Yuksak ma’naviyat, ta’lim-tarbiya, shuning­dek, mamlakat madaniy merosini o‘rganish va asrab-avaylash davlatning barqaror rivoj­lanishi va farovon kelajak barpo etishi­ning garovidir, degan fikringizga to‘liq qo‘shilamiz”, deyiladi murojaatda.

Rasmiylarning qutlov so‘zlaridan keyin yalpi yig‘ilish boshlandi. Unda Islom sivilizatsiyasi markazi va xorijiy dizaynerlar o‘z loyihalari va konsepsiyalarini namoyish etdi. Muzeylar va Imom Buxoriy markazi ko‘rgazmalarining konsepsiyalari ilmiy xodimlar tomonidan taqdim etildi.

Yalpi yig‘ilish yakunlangach, ekspert­lar yettita shoʻbaga bo‘linib, Islom sivili­zatsiyasi markazi va Imom Buxoriy muzeylarining ekspozitsiyalari bo‘yicha taqdim qilingan loyihalarni muhokama qilishni boshladilar. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan tadqiqotchilar, fan doktorlari, ilmiy muassasa rahbarlari tahliliy ma’ruzalar bilan chiqish qildi. Shu­ning­dek, AQSh va Rossiyadan kelgan mutaxassislar ishtirokida Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy muzeyi uchun zamonaviy texnologiyalarning lo­yiha­lari taqdim qilindi.

Bundan tashqari, “Yangi Renessans: Madaniy merosni saqlashda kino va medianing o‘rni” mavzusida TURKSOY xalqaro forumi o‘tkazildi. Unda turkiy tilli mamlakatlarning kino sanoati vakillari ishtirokida “Kino – meros himoyachisi: madaniy loyihalar va tashab­buslar taqdimoti”, “Global media hamkorlik: me­ros­ni asrash bo‘yicha madaniyatlararo lo­yihalar” kabi tadbirlar o‘tkazildi. Shu­ningdek, ishtirokchilar Islom sivilizatsiyasi markazi multimedia bloki uchun tayyorlangan videoroliklar turkumi taqdimoti, “Baqtriya tarixi”, “O‘zbekiston arxeologik marvaridlari”, “Klavixo”, “Xudoybergan Devonov va nemis men­nonitlari”, “Muxtor Avezov” loyihalari taqdi­moti bilan ta­nish­di.

Bu yilgi Kongressda dunyoning 35 davlatidan 300 ga yaqin olim va ekspertlar, jumladan, 180 nafar xorijlik, 110 nafar o‘zbekis­tonlik olimlar ishtirok etdi. Ular orasida

15 nafar akademik, 103 nafar fan doktori, 40 nafar professor, 54 nafar kutubxona va muzey rahbarlari, fanlar akademiyalari rahbar hamda mutasaddilari, oliy o‘quv yurtlari rektorlari, nashriyot direktorlari, yirik xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi. Kongress davomida 7 ta shoʻba yig‘ilishi, 1 ta forum, 4 ta yalpi majlis, 13 ta ilmiy panel yig‘ilishi, 4 ta eksklyuziv ko‘rgazma tashkil etildi, 300 dan ortiq ilmiy ma’ruzalar tinglandi.

“Kino orqali aniq bir davr yoki madaniy tabiatdagi voqealarni ko‘rsatish, ularning ahamiyatini tushuntirish mumkin, – dedi TURKSOY xalqaro forumi bosh kotibi Sulton Rayev. – Madaniy merosga oid kinofilmlar tarixiy voqealar va madaniy an’analarning eng to‘g‘ri, real hamda ijodiy ko‘rinishini ta’minlaydi”.

UCHINCHI KUN

Shoʻba yig‘ilishlari qizg‘in davom etdi. Kunning birinchi qismida ishtirokchilar Islom sivilizatsiyasi markazi multimedia bloki uchun tayyorlangan videoroliklar turkum lo­yihalari, shuningdek, “O‘zbe­kiston madaniy merosi” turkumiga oid hujjatli filmlar taqdimotida qatnashdi.

Kunning ikkinchi qismida ­TURKSOY forumi­ning asosiy OAV faoliyatiga ba­g‘ish­langan ma’ruzalari tinglandi. Turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda OAVning o‘rni, uning madaniy merosga o‘zaro ta’siri, kontentni birgalikda ishlab chiqarishning qiyinchiliklari va imkoniyatlari, turizm va milliy brendingni rivojlantirishda OAVning roli, turkiy dunyo mamlakatlari kino va OAV uchun yagona platforma yaratish masalalari kabi mavzular muhokama qilindi.

Kun yakunida turkiy dunyo davlatlarining yagona kino-media platforma­sini yaratish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi hamda TURKSOY forumi­ning “Yangi uyg‘onish davri: kino va OAV madaniy merosni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida” rezolyutsiyasi qabul qilindi va yig‘ilish bayonnomasi tuzildi.

ASOSIY PANEL MAJLISI

“O‘zbekiston Qur’onlari” loyihasi taq­di­motida Islom sivilizatsiyasi markazi direk­tori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rga­nish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov hamda “Muyeller&­Schindler” nashriyoti marke­ting va rivoj­lanish bo‘yicha vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm “114 Qur’on” loyihasi haqida so‘z yuritdi. Qayd etilishicha, mazkur loyi­hada VII-VIII asrlardan boshlab XIX-XX asrlargacha Hindistondan Turkiyagacha, Osiyo mamlakatlarida, Afrika davlatlarida ko‘chirilgan va dunyoning turli mintaqalari­da, mashhur muzey va kolleksiyalarda saqlanayotgan 114 dona noyob Qur’on nusxalaridan namuna oli­nib, to‘plangan. Yig‘ilishda “O‘zbekxon­ning muqaddas Qur’oni. Qur’onning yangi o‘zbekcha tarjimasi”, “O‘zbekis­ton bilan bog‘liq no­yob Qur’on qo‘lyozmalari” to‘g‘risida ham suh­bat bo‘ldi. Bundan tashqari, “Allohning 99 ismi” kitob-albomi taqdimoti o‘tkazildi. O‘zbekistondagi Islom sivilizat­siyasi markazi ilmiy xodi­mi Rustam Jabborov loyihani amalga oshirishda yurtimiz olimlari bilan birga xorijdagi hamkor­lar, tarixchilar, muzey xodim­lari ishtiroki muhimligini ta’kid­ladi. Bu galgi 10 jildni tayyorlashda ham ularning hissasi katta ekanligi va Buyuk Britaniya, Gretsiya, Hindiston, Qozog‘iston, Turkmaniston va boshqa davlatlardagi yurtimiz tarixiy merosiga oid noyob qo‘l­yozmalar, hujjatlar, muzey eksponatlari, tarixiy asarlar o‘rganilgani haqida gapirdi. Bu noyob ma’lumotlar, albatta, mamlakatimiz tarixi, ajdodlari­miz ma’naviy merosini o‘rganish va tadqiq ­etishga xizmat qiladi.

Ma’ruzalarni tinglash davomida Tekir­dog‘ universiteti professori Xalit Erenning Turkiyada saqlanayotgan O‘zbekistonga oid Qur’on qo‘lyozmalari hamda “Al-Furqon” fondi rahbari Sali Shahsuvarining buyuk vatandoshimiz Qaffol Shoshiyga doir nodir qo‘lyozmalar haqidagi fikrlari alohida e’tibor qozondi. Shuningdek, Kipr ins­tituti ilmiy xodimi Megia Nilesh Desanning Axsikent yodgorligi bo‘ylab 3D sayohatni tashkil qilish, italiyalik olim Franches­ko Fiorentinoning temuriylar san’atining safaviylar davri gilamlariga ta’siri, Rossiyaning “Sila sveta” kompaniyasining Imom Buxoriy innovatsion muzeyi uchun taklif etgan “Vaqt kapsulasi”, Qozog‘iston Milliy kutubxonasi xodimi Galshat Abikovaning Alisher Navoiyning qo‘lyozma va toshbosma asarlari, Hindistondagi Ibn Sino akademiyasi direktori doktor Sayid Zillur Rahmonning Ibn Sino yaratgan yurak dorisini o‘rganish haqidagi yangiliklar anjuman qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

TURKSOY tashkiloti yig‘ilish o‘tkaz­gan shoʻbada esa “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish” shiori ostida “Hamkorlikdagi tarixiy kinoloyihalarda din va ma’rifat mavzusi” xalqaro kinoforumi o‘tkazildi va istiqboldagi rejalar muhokama etildi. Unda O‘zbekis­ton Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston Kinematografiya agentligi hamkorligidagi “Tirik tarix” loyihasi hamda uning amalga oshirilishi muhokama qilindi. Kino-mediaforum yakunida Turk dunyosi davlatlarining yagona kino-media platformasini yaratish to‘g‘risida Memo­randum imzolandi.

Anjuman davomida TURKSOY media va kino forumi, “Buyuk Baqtriya devori” ilmiy sensatsiyasi, “Dunyoning faksimil nashrlari durdonalari” noyob ko‘rgazma maydoni va “Turkiy xalqlar adabiyotining 100 jilddagi durdonalari”, “Aql-idrokdagi raqobatchilar, 1000 yil: Beruniy va Ibn Sino o‘z Renessansini qanday yaratgan?” kitobi taqdimoti, “Buyuk temir yo‘l” loyihasi va boshqa bir qator ilmiy kashfiyotlar xalqaro jamoatlik hukmiga havola etildi. Ayniqsa, “O‘zbe­kiston madaniy merosi jahon to‘p­lamlari” an’anaviy (71–80-jildlar) turkumining

10 ta yangi jildi taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ushbu muhim tashabbuslar Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik memo­randumlarini imzolash orqali mustahkamlandi. Hamkorlar orasida TURKSOY tashkiloti, IRSIKA, Turkiya Fanlar aka­de­miyasi, Turkiy davlatlar akademiyasi, “Al-Furqon” Islom fondi, Tur­kiyaning Islom va san’at muzeyi, Eron dinlar universiteti, Hindiston Ibn Batuta xalqaro madaniyatlararo tadqiqotlar markazi, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘l­yoz­malari instituti va bir qator noshirlik uylari bor.

“Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Uyg‘onish poydevori” VIII Xalqaro Kong­ressi yakunida O‘zbekiston Islom sivi­lizatsiyasi markazi qo‘shma loyihalari bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Kong­ress oldidan OAV uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va omma­lashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov O‘zbekiston Islom sivilizatsiya markazi Xalqaro ekspertlar kengashini tuzish bo‘yicha taklif bildirgan edi. Kongress yakunida ushbu taklif ishtirokchilar tomonidan ma’qullanib, O‘zbekiston Islom sivilizatsiya markazi Xalqaro ekspertlar kengashi tarkibi tasdiq­landi.

“OLTIN KITOB” XALQARO MUKOFOTI

Kongressda faol ishtirok etgan TURKSOY tashkiloti Bosh kotibi Sulton Rayev, Nomiq Kamol nomidagi Tekirdog‘ universiteti professori Xalit Eren, “Al-Furqon” Islom merosi jamg‘armasi boshqaruvi direktori Sali Shahsivari, Rossiya etnografik muzeyining yetakchi ilmiy xodimi Tatyana Yemelyanenko, Kembrij universiteti tadqiqotlari markazi direktori Firyuza Melvill, Turk dunyosi Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulug‘bek Esdauletov, Dubaydagi “Hidoyat” markazi direktori Arif Nasr Muhamed Ahmed Muhamed, Islom olami uyushmasi direktori o‘rinbo­sari Saloh Shokir, Turkiya Prezidenti huzuridagi madaniyat va san’at kengashi raisi Iskender Pala, Turkiyadagi “Gʻoya” fondi rahbari o‘rinbosari Mehmet Akshit kabi bir guruh chet ellik qatnashchilar WOSCUning “Oltin kitob” xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi.

Kongress yakunida dunyoning 300 ga yaqin olimlari an’anaviy tarzda O‘zbekis­ton Respublikasi Prezidentiga murojaatnoma yo‘llashdi. Murojaatnomani Temuriylar uyushmasi prezidenti Friderik Bressan xonim o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, “Buyuk ajdodlar me­rosi – Uchinchi Uyg‘onish asosi” VIII Xalqaro Kong­ressining Samar­qand Dek­la­ratsiyasi qabul qilindi. Hujjatni “Al-Furqon” islom jamg‘armasi direktori Doktor Sali Shahsivari o‘qib eshittirdi.

Unda jumladan quyidagi so‘zlar o‘rin olgan: “Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarini ahamiyatli deb e’tirof etamiz. Ushbu madaniy-guma­nis­tik megaloyiha Sharqning buyuk olimlari va mutafakkirlarining jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi, jumladan, musulmon sivili­za­tsiyasi rivojiga qo‘shgan munosib hissasiga bag‘ish­langan fundamental tadqiqotlarni amalga oshirishga kuchli turtki beradi. Biz dunyodagi vaziyatdan tashvishda ekanligimizni bildirmoqdamiz va O‘zbekiston Respub­likasi Prezidentining BMT minbaridan turib bayon etgan islom dinining haqiqiy insonparvarlik va ma’rifatparvarlik mohiyati haqidagi g‘oyalari alohida e’tiborga loyiq, deb hisoblaymiz. Mazkur g‘oyalarning “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida amalga oshirilishi tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Biz barcha olimlar va tadqiqotchilarni, madaniyat va jamoatchilik vakillarini xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar va istiqbollarni ochib beradigan ushbu keng qamrovli loyiha atrofida birlashishga da’vat etamiz”.

Anjuman qatnashchilari O‘zbekis­ton­da XIII marotaba o‘tkazilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa fes­tiva­lining ochilish marosimida ham ishtirok etdi.

Bu kabi tadbirlar mamlakatimiz ilm-fani, adabiyoti, san’ati, moddiy va ma’naviy hayotidagi ijobiy o‘zgarish­larga munosib hissa qo‘shadi, degan umiddamiz.

Shahriyor IBRAGIMOV

Abdumannon MAMATOV olgan surat.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604