10.04.2024 | 15:58
532
BOQIY XAZINA

O‘zbekiston shaharlari azaldan ilm-fan markazi sifatida dong taratishida kutubxonalarning o‘rni katta bo‘lgan. Ayniqsa, IX – XII asrlarda, Amir Temur va Temuriylar davrida mamlakatda ulkan kutubxonalar tashkil etildi, ilm-fan yuksaldi. Keyingi asrlar, xususan, xonliklar davrida ham mintaqadagi yirik shaharlar Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qonda hukmdorlar saroylarida yirik kutubxonalar faoliyat yuritgan.
Sadri Ziyo ma’lumotlariga qaraganda, XX asrning boshida birgina Buxoro shahrida 13 ta kutubxona, 96 ta qiroatxona bor edi. Shahardagi hukmdor saroyidagi kutubxonada xitoy, uyg‘ur, pushtu, fors, arab va boshqa tillardagi qo‘lyozmalar saqlangan. Kutubxonada kitobdor, mushrif, risolachi va mirzolar xizmat qilgan.
Saroy kutubxonasida amirlarning shaxsiy kolleksiyalari bilan birga 47500 jild turli tillardagi qo‘lyozma va toshbosma kitoblar saqlangan.
Xiva shahrida ham xon saroyida juda boy kutubxona bo‘lgan. Bu yerdagi qimmatli qo‘lyozmalar asrlar mobaynida to‘plangan. Ayniqsa, Xiva xonligining ma’rifatparvar hukmdori Muhammad Rahimxon Feruz davrida kutubxonaga katta e’tibor berildi. Juda ko‘p asarlar qayta ko‘chirildi, tarjima qilindi, toshbosma usulda chop etildi, yangi asarlar yaratildi.
Shaharlardagi deyarli har bir madrasa o‘z kutubxonasiga ega bo‘lib, ularda ta’lim jarayonida foydalaniladigan darslik, qo‘llanma va adabiyotlar, badiiy adabiyot, islom dini, tarix, tibbiyot, geografiyaga oid qo‘lyozmalar saqlangan. Xususan, Buxoro amirligida XX asr boshlarida yirik madrasalar qoshidagi kutubxonalarda bir necha o‘n minglab qo‘lyozmalar saqlangan. Kutubxonalar uchun alohida vaqf mulklari ajratilgan.
Kutubxonalarda kitoblarni saqlashdan tashqari, yangi kitob bilan boyitib borish uchun ham vaqflar ta’sis etilgan. Kutubxonalarda musulmon davlatlaridan olib kelingan ko‘plab adabiyotlar jamlangan. Kutubxonalar nodir kitoblarni to‘plash, ulardan hech bo‘lmaganda nusxa ko‘chirish orqali ham to‘ldirib borilgan. Buxoro madrasalarida kutubxonalar maxsus binolarda joylashgan, ularda harorat va havo namligi kuzatib borilgan, kitoblar a’lo sifatli qog‘ozlarga yozilib, charm muqovalar bilan muhofaza qilingan hamda maxsus charm sandiqlarda saqlangan.
Buxoroda o‘z davrining taniqli ulamolari, xususan, qozilarga hamda amaldorlar, ya’ni beklarga tegishli xususiy kutubxonalar ham mavjud edi. Shaharda eng boy shaxsiy kutubxona amirzoda Hashmatga tegishli edi. U Buxoro amiri Muzaffarning o‘g‘li bo‘lib, o‘zi ham bir necha asarlar yozib qoldirgan. Mamlakatda yana bir nechta yirik shaxsiy kutubxonalar bo‘lgan.
Bundan tashqari, Buxoro amirligidagi yirik bekliklar markazlari xususan, Kitob, Shahrisabz shaharlarida ham bek huzurida kutubxonalar bo‘lgan. Ammo kutubxonalar, asosan, saroy a’yonlari, amaldorlar, olim va ulamolar uchun ochiq bo‘lib, keng xalq ommasi ulardan bebahra edi.
Qo‘qon, Buxoro va Xiva xonliklarini zabt etish jarayonida harbiylar tomonidan o‘lka shaharlari, hukmdorlar saroylari, beklik markazlari va madrasalardagi kutubxonalardan juda ko‘p qadimiy qo‘lyozmalar talon-taroj qilingan. Ularning eng qimmatlilari Rossiya muzeylari va kutubxonalariga jo‘natilgan, qolgan katta qismi to‘planib qolgan edi. Ularni bir joyda saqlash masalasini hal etish uchun o‘lka ma’muriyati Turkistonda kutubxona tashkil etishga qaror qiladi. Shu tariqa 1870-yilda Toshkentda rus aholisi va amaldorlari uchun ilk kutubxona tashkil etilib, uning fondini rus tilidagi kitoblar bilan boyitish uchun Rossiya Fanlar akademiyasi, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yuborilgan kitoblar hisobidan 2200 jild kitob to‘planadi.
1886-yili kutubxona fondi 15500 taga yetadi. Shundan 6000 jildini O‘rta Osiyo va unga chegaradosh mamlakatlarga bag‘ishlangan, turli Sharq va Yevropa tillarida yozilgan asarlar tashkil etgan. XX asr boshiga kelib, kutubxona jamg‘armasi 40 ming jildga yetadi. Uning tarkibida 22160 nomdagi asarlar, turk, fors, arab va boshqa tillarida yozilgan ko‘plab qo‘lyozmalari mavjud edi. Kitobxonlardan asosan ofitserlar, amaldorlar, davlat xizmatidagilar va savdogarlar foydalanishgan.
Bunday sharoitda o‘lkada yangi usul maktablari, ilk teatr, milliy matbuot va nashriyotlar tashkil etib, ma’rifatparvarlik harakatlarini olib borayotgan jadid ma’rifatparvarlari keng xalq ommasiga, ayniqsa, yoshlarga ziyo tarqatish maqsadida dastlabki ommaviy kutubxonalarga asos solish haqida ham qayg‘ura boshladilar.
1908-yili Namangan uyezdining To‘raqo‘rg‘on qishlog‘ida Is’hoqxon o‘g‘li Ibrat tomonidan “Matbaai Is’hoqiya” nomli ilk nashriyot 1910-yilda Namanganga ko‘chirilib, uning qoshida “Kutubxonai Ishoqiya” nomli kutubxona tashkil etildi. Kutubxonada o‘zbek, fors-tojik, rus, tatar va turk tillaridagi adabiyotlar, darslik va qo‘llanmalar, ta’lim-tarbiya bilan bog‘liq adabiyotlar, o‘sha yillari chop etilgan rus va musulmon matbuoti namunalari to‘plangan edi. Ibrat kutubxonaga mudir tayinlab, kitoblarni va ulardan foydalangan o‘quvchilarni tartib bilan yozib borishni yo‘lga qo‘ygan.
Bu davrda Buxoro shahrida ham yosh buxoroliklar tomonidan Unda tashkil etiladi. “Ma’rifat” kutubxonasida mamlakatda va xorijda chiqarilgan yangi adabiyotlar, gazeta va jurnallar, jumladan, Istanbulda chop etilgan “Hikmat”, “Sirotil mustaqim”, “Ta’rifi muslimin” jurnallari, Rossiyada chop etilgan “Tarjimon”, “Irshod”, “Vaqt” gazetalari va “Sho‘ro” jurnali, Turkistonda chop etilgan jadid matbuoti namunalari jamlangan.
1913-yili Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan yangi usul maktablari uchun darsliklar chop etish, mahalliy matbuotni rivojlantirish maqsadida “Nashriyoti Behbudiya” kutubxonasi tashkil etiladi.
Kutubxonada zamonaviy adabiyotlar bilan bir qatorda o‘sha davr matbuot namunalari, diniy, tarixiy adabiyotlar ham jamlangan.
1914-yili Toshkentdagi “Turon” jamiyati qoshida ham kutubxona, ham qiroatxona tashkil etilgan. Jamiyat a’zolari kutubxonaga o‘z shaxsiy kitoblarini sovg‘a qilishgan, shu tariqa yaxshigina kitob xazinasiga ega bo‘lgan kutubxona yuzaga kelgan. “Turon” kutubxonasi keyinchalik Toshkent viloyati kutubxonasiga aylantiriladi.
1915-yili Qo‘qon shahrida Hamza Hakimzoda tomonidan “G‘ayrat” kutubxonasi tashkil etiladi. Kutubxonaga Toshkentda chop etilgan yangi darslik va qo‘llanmalar, tarbiyaga oid adabiyotlar olib kelinadi. “G‘ayrat” kutubxonasi maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilarini darslik va adabiyotlar bilan ta’minlashda katta yordam beradi.
Mazkur kutubxonalarda, asosan, zamonaviy adabiyotlar – yangi usul maktablari uchun yaratilgan darsliklar, musulmon davlatlarida va Turkistonda chop etilgan matbuot namunalari, taraqqiyparvarlar ijodiga mansub adabiyotlar jamlangan. Kutubxonalarni tashkil etishdan asosiy maqsad, avvalo yoshlar, maktab o‘qituvchilari, madrasa talabalari, ziyolilarni yangi adabiyotlar, darsliklar, matbuot bilan muntazam tanishtirib borishdan iborat edi. Chunki bu adabiyotlar va gazetalarni boshqa biror joydan topish amrimahol edi. Shu tariqa jadid ma’rifatparvarlari XX asr boshida mintaqa shaharlarida ma’rifatni keng targ‘ib qilish maqsadida dastlabki ommaviy kutubxonalarga asos soldilar.
Ularning shaxsiy mablag‘lari va xayriyalar hisobidan tashkil qilingan bu kutubxonalarda jamlangan adabiyotlar mazmuni va yo‘nalishi jihatidan saroy kutubxonalaridan ancha farq qilib, zamon ruhini aks ettirgan, xalq ommasi, ayniqsa, yoshlarning dunyoqarashini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etgan.
Dono ZIYOYEVA, tarix fanlari doktori
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
82
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
597
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
595



