30.09.2024 | 16:37
659
“AMIR TEMUR AVLODIMAN, XOH BO‘LSAM-DA OZARI”
“Menga Nizomiyning asarlarini Navoiyning ona tiliga, Navoiyning asarlarini Nizomiyning ona tiliga o‘girish baxti nasib etdi. Men baxtiyor emasmanmi? Qalamning ilohiy qudrati bilan yozgan asarlarim o‘zbek xalqiga manzur bo‘lsa, men o‘zimni baxtli deb hisoblamaymanmi?” degan edi Maqsud Shayxzoda.
Ozarbayjonda tug‘ilgan, Turkistonga surgun qilingan qahramonimiz aynan mana shu tuproqda izzat-hurmat, shon-shuhrat sohibi o‘laroq o‘zbek adabiyotining yetuk namoyandasiga aylandi. Maqsud Shayxzoda bir emas, ikki marta surgun qilingan: birinchisida ona Vatanidan Turkistonga, keyingisida esa, keksalik paytida O‘zbekistondan Sibirga…

Maqsud Shayxzoda 1908-yil 7-noyabr kuni Ozarbayjonning ko‘hna madaniyat markazlaridan biri – Ag‘dash (Oqtosh)da tug‘ilgan. U oilaning to‘ng‘ich farzandi edi. Undan keyin yana to‘rt go‘dak dunyoga keldi. Otasi Masim ota, onasi Fotima xonim ham katta o‘g‘illari boshiga ne kunlar tushishini, Ozarbayjondan O‘zbekistonga borib, katta shoir bo‘lib yetishishini bilmasdi.
Maqsud ilk saboqni Oqtoshda Muxtor afandining “Rushdiya” maktabida olgan. U o‘smirlik paytlaridan she’r yoza boshlagan. 1920–1925-yillarda Abdulla Shoiq, Husayn Jovid, Jabbor Afandizoda, Madina xonim Qiyosbeyli, Jamolbey Jabroilbeyli singari o‘z davrining taniqli ziyolilaridan saboq oladi. 1925–1927-yillarda Darbandda muallimlik qiladi va Bokudagi pedagogika institutida sirtdan tahsil ko‘radi. Bu yerda V.Mayakovskiy, Nozim Hikmat singari taniqli shoirlar bilan uchrashadi.
Ma’lumki, o‘ttizdan ortiq millat, xalq va etnik guruhlar yashaydigan bu hududda asrlar davomida turkiy til asosiy aloqa vositasi hisoblangan. Sovet hukumati Dog‘istonni u bilan tarixan chambarchas bog‘liq bo‘lgan Ozarbayjonga emas, Rossiya tarkibiga kiritgach, o‘zaro aloqalar tili maqomini rus tili egallay boshlagandi. Bunga ayrim hukumat ma’murlari ham e’tiroz bildirar, ular markaziy hukumatga murojaat qilib, Dog‘istonni Ozarbayjon tarkibiga qo‘shishni istashardi. Tabiiyki, bunday odamlar qamoqqa olinar yoki surgun qilinar edi.
1927-yilning iyun-iyul oylarida Dog‘iston sudining qarori bilan Maqsud Shayxzoda va uning muallim o‘rtoqlari Muhammad Fayziy, Adham Fayziy aksilinqilobiy harakatda ayblanib qamoqqa olinadi. O‘sha yilning 6-dekabr kuni e’lon qilingan 15 sahifadan iborat aybnomada shunday deyiladi: “Maqsud Shayxzoda va uning do‘stlari “ijtimoiy xavfli unsur” sifatida qamoqqa olinsin va “siyosiy qurilish”ga jalb qilinsin”.
Sud qaroriga ko‘ra, Maqsud Shayxzoda Boku, Tbilisi va Moskvadan boshqa istagan shaharda surgun muddatini o‘tashi mumkin edi. Maxachqal’adagi 9 oylik qamoqdan ozod qilingan Maqsud otasining istagi bilan Toshkentni tanlaydi. U 1928-yil fevral oyida O‘zbekistonga keladi. Toshkentga kelib, Yangiturk ko‘chasida yashagan Sobir Sharipovning uyini topib boradi va bir muddat o‘sha yerda yashaydi. So‘ng Qashqar mahallasida mehmonxona vazifasini o‘tab kelgan bir choyxonaga joylashadi. Toshkent vokzali yaqinida Narimon Narimonov nomidagi Ozarbayjon maktabida bir muddat bolalarga saboq beradi. Taxminan bir yil ichida Maqsud o‘zbek tilini to‘liq o‘zlashtirib oladi va o‘zbek maktablarida dars bera boshlaydi.
1928-yilning kuz oylarida Maqsud Shayxzoda O‘rta Osiyo davlat universitetining sharqshunoslik fakultetiga o‘qishga kiradi.
U bilan birga saboq olgan yozuvchi va tarjimon Mirzakalon Ismoiliy shoir bilan bog‘liq xotiralarida shunday yozgan edi:
“Maqsud o‘zbek tilida ozariy lahjada gapirardi. Ozar va turk so‘zlaridan faol foydalanardi. U chuqur savodi va insoniy fazilatlari uchun talabalar orasida katta hurmat qozongan edi. Maqsud havas va ehtirom bilan o‘zbek tili, tarixi, sharq madaniyatini o‘rgangandi. Darslar tugashi bilan ertangi kunga tayyorlana boshlar, kitob o‘qir, konspekt yozar, keyingi mavzular bilan bog‘liq kitoblarni titkilar, muallimlarga savollar hozirlardi. U savollarni o‘qituvchilarga yozma tarzda berar, bu esa, domlamiz Muxtor Avezovga juda yoqardi. Maqsud nima uchun savollarni yozma tarzda berishining sababini o‘rgangach, domlalarimiz lol qolgandi. Maqsud muallim savolning javobini bilmasa, boshqa talabalar qarshisida noqulay vaziyatda qolmasin uchun savollarni yozma tarzda berarkan”.
Maqsud Shayxzoda Toshkentda o‘ziga bir qancha do‘stlar, hamfikrlar topadi. Kelgusida katta yozuvchilar qatoridan joy olgan Gʻafur Gʻulom, Oybek, Abdulla Qahhor singari yoshlar bilan tanishib oladi. “Qizil O‘zbekiston”, “Sharq haqiqati” va “Yosh leninchi” gazetalarida ishlaydi. 1933–1935-yillarda shoir O‘zbekiston SSR Xalq komissarlari soveti qoshidagi Fan qo‘mitasida aspiranturada o‘qiydi. Pushkin nomidagi til va adabiyot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlaydi.
1932-yilda shoirning “Loyiq soqchi”, 1933-yilda “O‘n she’r”, “Uchinchi kitob”, “Undoshlarim”, 1935-yilda “Respublika”, 1937-yilda “Yangi davron”, “O‘n ikki”, 1938-yilda “Bayram qo‘shiqlari”, 1942-yilda “Kurash nechun?”, 1948-yilda “Vatan she’rlari” kitoblari chop etiladi.
Shoir 1938-yildan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida dars berishni boshlaydi.
Adibning “Jaloliddin Manguberdi”, “Mirzo Ulug‘bek” fojialari, “Toshkentnoma”, “Oqsoqol” kitoblari o‘quvchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinadi. Ayniqsa, “Jaloliddin Manguberdi” fojiasi “o‘zbek adabiyotidagi muhim hodisa” sifatida baholangan. Spektakl sahnaga qo‘yilgan paytda 36 yoshli Maqsud Shayxzoda juda katta shon-shuhrat qozonadi.
Maqsud Shayxzodaning do‘sti, taniqli aktyor, “Jaloliddin Manguberdi” dramasida bosh rolni ijro etgan Shukur Burxonov shunday yozadi: “Shayx aka mukammal hayotni yashab o‘tdi. Bu hayot yillar, asrlar o‘tsa-da, o‘rnak qilib ko‘rsatilaveradi. U hamma bilan juda samimiy munosabatda bo‘lardi. O‘zi ham juda kelishgan, salobatli odam edi. Har doim to‘g‘ri gapirar, ko‘pincha uning gaplarida, albatta, nimadir yashirin ma’no kasb etardi”.
Tassufki, taqdirning g‘alati burilishlari ham bo‘ladi. Maqsud Shayxzodani shon-shuhratga burkagan “Jaloliddin Manguberdi” uning Sibirga surgun qilinishida ham katta o‘rin tutadi. Bu borada chaqimchilarning “xizmati” katta bo‘lgan. Go‘yo muallif asarda salbiy gruzin obrazini yaratarkan, u Stalinni va gruzin xalqini nazarda tutgan emish. Shu tariqa 1944-yilda sud hukmi bilan Maqsud Shayxzoda 25 yilga surgun qilinadi va Sibirga yuboriladi.
1953-yilda Stalin vafotidan keyin Maqsud Shayxzodaning onasi SSSR Oliy soveti Rayosat kengashiga ketma-ket o‘g‘lining afv etilishi bilan bog‘liq maktublar yo‘llaydi. Surgunga yuborilgan paytida shundog‘am Shayxzodaning begunoh ekanini bilgan imperiya ma’murlari uni ozod qilishadi. Jazo muddatining uchdan bir qismini o‘tab bo‘lgan shoir Toshkentga qaytadi va ijod qilishda davom etadi. Chala qolgan “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasini yakunlaydi. Asar asosida o‘zbek rejissyori Latif Fayziyev 1958-yilda “Ulug‘bek yulduzi” filmini suratga oladi.
Akademik Naim Karimovning yozishicha, surgundan xastalanib qaytgan shoir vaqti-vaqti bilan davolanishga majbur bo‘lgan. U o‘tgan asrning 60-yillarida sog‘lig‘ini tiklash va dekadalarda ishtirok etish maqsadida bir necha marotaba Moskvaga borgan. Imkon topishi bilan M.Gorkiy nomidagi adabiyot institutiga borib, u yerda tahsil olayotgan o‘zbek talabalarining ahvoli bilan qiziqqan, ular bilan suhbat qurgan, moddiy taraflama yordam bergan.
Maqsud Shayxzoda Sohibqiron Amir Temur nomi tuhmatlarga burkangan bir davrda quyidagi misralarni baralla ayta olgan edi:
Amir Temur avlodiman, xoh bo‘lsam-da ozari,
Tabarrukdir ziyoratgoh menga uning mozori,
Ulug‘bekning poyin izlab Zarafshondan o‘tganman,
Samarqandning tarixini yuragimga bitganman…
Rustam JABBOROV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasining 2024-yil 27-sentyabrdagi 40-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



