Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


14.04.2025 | 18:36

img1396

“TEMUR TUZUKLARI” YODGORLIGIGA OID AYRIM MULOHAZALAR

Men ona tariximizning shoh asari bo‘lgan Sohibqiron Amir Temur qalamiga mansub “Temur tuzuklari”ni dunyoning nodir yodgorliklaridan biri, deb hisoblayman. Birinchidan, asar muallifining favqulodda daho siymo ekanligi, ikkinchidan, yozilish uslubi soddaligi, uchinchidan, asar taqdirining g‘aroyibligi, to‘rtinchidan, olingan davr (bu davrda jahon xaritasi yangidan tuzildi, Yevropa Renessansiga zamin yaratildi, Amir Temur dunyo hayotini harakatga keltiruvchi qudratli kuchlardan biri bo‘lib maydonga kirdi) g‘oyatda muhimligi bu asarga jahonda bo‘lgan qiziqish va e’tiborni tobora oshirib bormoqda.

Bir qaraganda, “Tuzuklar” haqida hamma narsa ma’lumdek: birinchi kitob (asli 2 kitobdan iborat) “…Yetti yillik yurishdan so‘ng zafar va nusrat bilan Samarqandga qaytdim…” degan so‘zlar bilan yakunlanadi. Bu 1404-yil avgust oyiga to‘g‘ri keladi. Lekin hali o‘rganilishi, aniqlanishi kerak bo‘lgan jihatlar yetarlicha topiladi.

Ayrim xorijiy va o‘zimizning olimlarimiz orasida ham “Tuzuklar”ni Amir Temur yozganiga shubha bilan qarovchilar bor. Bu borada, birinchi galda, uning savodi masalasi, Sohibqironning davlat odami ekani, nihoyatda bandligi, saltanat yumushlari ko‘pligi va shiddatli harbiy yurishlar orasida kitob yozishga fursat topish mushkulligini sabab qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar. To‘g‘ri, har kim o‘z subyektiv fikrini bildirish huquqiga ega. Lekin tariximizda misol bor: Zahiriddin Muhammad Bobur, qisqa umri davomida, bir joyda qo‘nim topmay, sarson-sargardonliklarda yurib, “Boburnoma”day ulkan asar yaratdi-ku! Insonning shijoati, g‘ayrati, imkoniyatlari cheksiz…

Lekin bir haqiqatni aytib o‘tish joiz. “Temur tuzuklari” juda sodda, ayni paytda murakkab asar. Bunday asarni yozish uchun muallif keng dunyoqarashga ega, tarixning og‘ir qadamlarini o‘z boshidan kechirgan, dunyoni bemalol chamalovchi buyuk arbob maqomini egallagan, tarix va geografiyani chuqur bilgan, etnonimlar, toponimlar… hayot, dunyo oqimi, umr yo‘llari haqida katta xulosalar chiqarishga qodir dono faylasuf darajasidagi siymo bo‘lmog‘i kerak. Boshqacha aytsak, “Turon saltanati” (davlatimizni Sohibqironning o‘zlari shunday ataganlar. O‘zlarini “Turon sultoni”, deb nomlaganlar, toshga o‘yib yozdirganlar) Amir Temurning ijodi edi, ana shu saltanat  bobomizning mashaqqatli mehnati bilan bo‘y ko‘rgizdi, uning qonunlari, shunchaki o‘z-o‘zidan emas, hayotiy zarurat yuzasidan dunyoga keldi. “Temur tuzuklari” esa barchasining yorqin ifodasi sifatida paydo bo‘ldi. Chindan ham, “Tuzuklar” zamon zarurati va talabi bilan yaratilgan asardir.

“Tuzuklar”ni saltanat tuzishda tajribalar orttirgan, muarrix Nizomiddin Shomiy ta’riflagandek: “kamol-u martabalarga o‘zining yetuk sa’y-harakati va jiddu jahdi bilan erishgan” Amir Temur singari odamgina yoza oladi, bu haqda kitob yozish shunday odamninggina qo‘lidan keladi! Bu yerda shubha bo‘lishi mumkin emas. “Temur tuzuklari”ni mutolaa qilganda, uning muallifi nechog‘lik yuksak ma’naviyat va keng bilim sohibi ekanligining guvohi bo‘lamiz.

* * *

Shuni aytish lozimki, “Temur tuzuklari” uzoq yillar davomida qog‘ozga tushirilgan, vaqt o‘tishi bilan qayta-qayta ko‘rilgan, qisqartirilgan, to‘ldirilgan, yana davom ettirilganday taassurot qoldiradi. Arab olimi Mazhar Shihobning quyidagi so‘zlarida jon bor: “Esdaliklar yozishni Amir Temur hokimiyatga kelishidan ancha muddat oldin boshlagan…” (Ubaydulla Uvatov. “Sohibqiron arab muarrixlari nigohida”. –T., 1997. 133-bet). Ehtimol, Sohibqiron o‘zi va saltanati tarixini, to‘ra-tuzuklarni qog‘ozga tushirishni birovga topshirishni istamagan yoki biron kishini shunga munosib ko‘rmagandir…

O‘xshash vaziyat keyinroq mashhur davlat arbobi va muarrix Abulg‘oziy Bahodirxon bilan ham yuz bergan edi. Xiva xoni millat uchun bag‘oyat muhim “Shajarayi turk” asarini o‘zi yozishga majbur bo‘lgandi. Bu haqda Abulg‘oziy asar so‘zboshisida shunday deydi: “Bu tarixni (“Shajarayi turk” nazarda tutilmoqda – M.A.) bir kishiga taklif qilali, teb fikr qilduq. Hech munosib kishi topmaduq. Zarur bo‘ldi. Ul sababdan o‘zimiz aytduq. Turkning masali turur: “O‘ksiz o‘z kindigin o‘zi kesur, tegan…” (Abulg‘oziy. “Shajarayi turk”. –T., 1992. 11-bet).

Hayotiy hikmatlarga boy “Temur tuzuklari”ning noyob ma’rifiy obida ekanligidan tashqari, Amir Temur siymosi, boy shaxsiyati va insoniyligi haqida bergan ta’riflari bilan ham e’tiborlidir. Biz “Tuzuklar”da Amir Temurni adolatni himoya qilguvchi, so‘zi bilan ishi bir, olijanob, kechirimli, dovyurak, zo‘r tadbirlar sohibi, mohir sarkarda, ulug‘ rahbar sifatida ko‘ramiz. U zolimlardan mazlumlar haqini olishda jonbozlik qiladi, chunki biladi – mamlakat kufr bilan turishi mumkin, ammo zulmga chiday olmaydi…

Sohibqironning savodi masalasi haqida batafsilroq to‘xtalish joiz. Bu borada mashhur tarixchi Hafizi Abro‘ga murojaat qilsak to‘g‘riroq bo‘ladi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov o‘zining bir maqolasida Hafizi Abro‘ning “Zubdat ut-tavorix” asaridan shunday parcha keltiradi: “Amir Sohibqiron maktabda o‘z tengqurlaridan saboqda o‘zib ketardi. Balog‘at yoshiga yetguncha ilm, adab, xat va suxanvorlik kasb etdi… Undagi teran bilim shijoatga payvand bo‘ldi va shundan so‘ng amirlik mansabini egalladi…” (“Temur tuzuklari”, –T., 2005. 141-bet). Bu bir misol.

Diqqatni Amir Temurning asrdoshi Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” – nafislar, ya’ni she’r, keng ma’noda ijod, san’at oshnolari majlisiga bag‘ishlangan kitobiga qarataylik. Navoiy kitobning yettinchi majlisini Amir Temur Ko‘ragon nomi bilan boshlaydi. Navoiy Sohibqironni ziyoli, ma’naviyati yuksak inson sifatida ko‘radi va unga “nafislar” orasidan eng martabali joyni ajratadi. Sohibqironni ta’riflar ekan, Navoiy yozadi: “Temur Ko‘ragon, agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xo‘b mahal va mavqe’da o‘qubdurlarkim,aningdek bir bayt o‘qug‘oni ming yaxshi bayt aytqoncha bor…”

Shubhasiz, biz Amir Temur haqida undan to‘rt yuz ellik yillar keyin yashagan olimlarning emas, balki Sohibqironning asrdoshi bo‘lgan muarrix va shoirlarning ma’lumotlariga ishonamiz.

Sohibqiron tarixni, tarixiy asarlarni yaxshi ko‘rardi, ularni o‘qish, ular haqida muarrixlar va olimlar bilan qizg‘in suhbatlar o‘tkazishni kanda etmas edi. O‘zi niyat qilib ikkita kitob yozdirdi. Shuni ta’kidlash kerakki, davlat boshiga kelganiga 28 yil bo‘lgandagina, Sohibqironda ilk bor saltanat va o‘zi haqida kitob yozdirish fikri tug‘ildi!

Amir Temur yoziladigan asar haqqoniy bo‘lishi haqida qattiq qayg‘uradi. Bu ma’noda Sohibqironday donishmand, yuksak ziyoli siymoning mualliflarga ko‘rsatmalari, yo‘llanmalari, talablari, maslahatlari, fikr-mulohazalarini kuzatish bag‘oyat maroqlidir.

Chunonchi, Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma” asarida quyidagilarni yozgan edi: “…Garchi ul zot qilgan ishlarning bu abadiyatga ulangur davlatning boshlanishidan tortib, to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixini onhazrat uchun yozgan bo‘lsalar ham, ammo ular munosib tarzda jamlanib taqdim etilmagan ekan; bu banda ularni yig‘ib, ortiqcha so‘zlardan tozalab, bob-bob qilib, tartib berishga mashg‘ul bo‘lg‘aymen, lekin shu shart bilanki, takalluf-u bezak berish, lof urish ziynatidan o‘zimni tiyg‘aymen…” Ya’ni, Amir Temur asos solgan Turon davlati tarixi yozilganda, ortiqcha takalluflarga, lof-u maqtovlarga o‘rin berilmasligi kerak… Hamma narsa haqqoniy yozilsin… “Yaxshi va ravon so‘z uldirkim, avom xalq uning ma’nosini anglag‘ay, xos kishilar unga ayb qo‘ymag‘ay…” deb uqtiradi Amir Temur. Muarrixga, nima uchun asar sodda yozilishi kerakligini tushuntirganda, (darvoqe, Amir Temur “Tuzuklar”ni insho etishda aytganlariga o‘zi ham rioya qilgan) Sohibqiron, uning jimjimadorlikdan xoli, sodda bo‘lishini, chunki u keng avom, xalq uchun bitilishini, ko‘pchilik o‘qishini nazarda tutadi. Sohibqiron deydi: “Shu uslubda yozilgan, tashbeh va mubolag‘alar bilan oro berilgan kitoblarda ko‘zlangan maqsadlar o‘rtada yo‘qolib ketadi. Agar so‘z qoida-qonunidan nasibador bo‘lganlardan birontasi ma’nisini fahmlab qolar, ammo qolgan o‘ntasi, yuztasi uning mazmunini bilishdan, maqsadga yetishdan ojiz. Shu sababli, uning foydasi barchaga barobar bo‘lmaydi…” (Nizomiddin Shomiy. “Zafarnoma”. –T., 1996. 23-bet).

Bularning bari Amir Temurning ma’naviyati yuksakligini, teran savod egasi ekanini namoyon etibgina qolmay, umuman kitob, keng ma’noda ijod ahamiyatini, so‘z qonun-qoidasini nozik tushunishini, ilmning, tarixning qadriga yetuvchi siymoligini ham yaqqol ko‘rsatib turibdi. Turon sultonining kitob ilmi, ijod sirlarini ipidan ignasigacha bilishi, uslub, so‘z oroyishi, iboratorolik san’ati, tashbeh, mubolag‘a, so‘z qoida-qonuni, ta’lif singari ahli qalamgagina xos istilohlarni muomalada bemalol qo‘llashi Nizomiddin Shomiyni hayratga soldi… Ibn Xaldun bilan bo‘lgan suhbat esa tunislik mashhur faylasufni lol aylagan edi.

G‘iyosiddin Alining yozishiga ko‘ra, “Hindiston g‘azovoti kundaligi” asarini yozish uchun Humoyun o‘rdudan muallif nomiga maxsus farmon chiqargan edi. Bu asar yozilishiga katta e’tibor berilganidan dalolatdir.

“Tuzuklar”ga qaytaylik. “Tuzuklar”ning jahonning ko‘p tillariga tarjima qilingani va bu jarayon davom etayotgani, turlicha fikrlar, turfa xil munosabatlar bildirilayotgani, bahs-munozaralar bo‘layotgani bizlarga ma’lum. Lekin hozir biz bular haqida to‘xtalmoqchi emasmiz. Bizni qiziqtirgan narsa, diqqatni “Tuzuklar”ning asl nusxasini topish muammosiga qaratmoqdan iboratdir.

* * *

Bir narsa ajablanarli tuyuladi: Amir Temur vafotidan so‘ng qariyb ikki yuz yil davomida “Tuzuklar” haqida, uning taqdiri borasida nechundir hech qanday ma’lumot uchramaydi. Buning sababini qidirishga urinar ekanmiz, mantiqqa suyangan holda paydo bo‘lgan ayrim mulohazalarni muhtaram o‘quvchi bilan baham ko‘rishga jazm etdik.

Ma’lumki, milodiy 1405-yil fevral oyida O‘trorda Amir Temur betoblanib qoladi va o‘zidan keyin yurtni kim boshqaradi, deb uzoq xayollarga beriladi. Keyin nabirasi Pir Muhammad Mirzo ibn Jahongirni ulug‘ saltanatga valiahd etib tayinlaydi va arkoni davlatga uning atrofida jipslashishni topshiradi, aks holda, yurt parokanda bo‘lib ketishi mumkinligidan ogohlantiradi… Sarkarda va amirlar, arkoni davlat barcha ko‘zda yosh bilan qo‘l qovushtirib: “Xotirjam bo‘lingiz, ey Sohibqiron! Barcha farmoningizni hech og‘ishmay ado eturmiz!” deb qasam ichadilar.

Biroq yovuz va nopok kishilar oraga kirib, yosh shahzoda xayolini o‘g‘irladilar va xiyonat bilan, ayni paytda qonuniy valiahd Pir Muhammad Mirzo ibn Jahongirning Qandahorda ekanidan foydalanib, o‘rniga… Xalil Sultonni taxtga o‘tirg‘izishga erishdilar! Va… vasvasaga tushib qolgan yosh shahzodaning ham, afsuski, ulug‘ bobosining so‘zlariga qarshi borib, shunday nomaqbul yo‘lga qadam bosishi aql bovar qilmas voqeaga aylandi. Natijada mamlakat ishlari izdan chiqdi… Yurtda Xalil Sulton xotini Shodimulk tili bilan, Shodimulk esa Xalil Sulton tili bilan gapira boshladi, degan noxush va yoqimsiz mish-mish vahmalar yoyilib ketdi… Qalang‘i-qasang‘ilar yurt boshiga chiqishga intildi, boshboshdoqlik haddan oshdi, xazina talon-toroj bo‘ldi, nodir buyumlar o‘g‘irlab ketildi… Davlat sandig‘ida saqlanayotgan, begona ko‘z ko‘rishi mumkin bo‘lmagan qimmatli hujjatlar, Nizomiddin Shomiy eslagan, onhazrat uchun yozilgan tarix ham (saroyda bo‘lgan hodisalar yozuvlari, voqeanomalar, daftarlar, lavhalar, boshqa vasiqalar…), Ko‘ksaroy kutubxonasi boyliklari ham yo g‘orat qilindi, yo xarob etildi…

“Temur tuzuklari” yuksak saltanat hujjati va davlat siri edi, hujjat bir nusxa, nari borsa, ikki nusxa bo‘ladi, u maxfiy saqlanadi, sir esa qattiq tutiladi… Bu tarixda qat’iy amalda bo‘lgan taomil. Shu sababdan, oddiy xalq, avomunnos, hatto shahzodalar, bek va amirlar bunday kitobning borligini bilishmagan ham (bilishlari ham shart bo‘lmagan!), degan fikrga keladi kishi… Davlat notinch, xazina kalitlari favqulodda davlat boshqarishdan uzoq, ish ko‘rmagan, tajribasiz kimsalar qo‘liga tushdi, barini mulohaza qiladigan, qadriga yetadigan, diqqat bilan o‘ylab ko‘radigan, adashganlarni yo‘lga soladigan vallomat oqil kishi, afsuski, topilmadi…

Bu tariximiz uchun ofatli davr, to‘rt yil, to Shohrux Mirzo Xurosondan kelib Ulug‘bek Mirzoni taxtga mindirmaguncha (1409) davom etdi. Muarrix Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Shohrux Mirzo Samarqandda xazinaga kiribdi. Xazina bo‘m-bo‘sh ekan. Podsho burchakda bir dinor tanga ko‘rib qolibdi. Ulug‘bek Mirzo darhol olib beribdi. Shohrux Mirzo dinorni puflab artib, ardoqlab o‘pib ko‘zlariga surtibdi va hamyoniga solarkan: “Xayriyat, otamizdan bizga ham ulush tegdi!..” deb quvonibdi. Saltanat shunday ahvolda edi.

Tariximizning jonkuyar bilimdonlaridan biri, atoqli adib Pirimqul Qodirov o‘zining “Ma’naviyatimiz tarixida “Temur tuzuklari”ning tutgan o‘rni” maqolasida shunday so‘zlarni keltirib o‘tadi: “…Bobur Mirzoning chevarasi bo‘lgan Shohjaxon katta bobosining Humoyunga yozib qoldirgan maxfiy vasiyatnomasidan, albatta, xabardor bo‘lgan. Bu vasiyatnomada Bobur Mirzo o‘g‘liga: “Adolatni ixtiyor qilgil… Hazrat Amir Temurning kornomasini doim yodingda tutgil” deydi. Bu yerda kornoma so‘zining ma’nosi teran va ko‘p qirrali ekaniga e’tibor berish kerak. Avvalo, noma bu qog‘ozda bitilgan yozma qadriyatdir. Demak, Amir Temurning qog‘ozda bitilgan merosi, jumladan, Tuzuklari Bobur Mirzo va uning avlodlariga meros tarzda yetib borgan…” (“Temur tuzuklari”, –T., 2005. 141-bet).

“Temur tuzuklari” mamlakatdagi notinchlik, besaranjomliklardan keyin kimning qo‘lida bo‘lgan, qanday qilib mamlakatdan chiqib ketgan, qanday “sarguzasht”larni boshdan kechirgan – bularni, albatta, faqat taxmin qilish mumkin, xolos. “Tuzuklar” Yaman hokimi Ja’far Posho kutubxonasiga tasodifan tushib qoldimi, u yerga yetib borguncha, uni birov ko‘rdimi, o‘rgandimi, nusxalar ko‘paytirilib tarqalib ketdimi, qaygadir yubordilarmi – bu yog‘i ham, afsuski, ma’lum emas…

Xurosonlik alloma va tarjimon Abu Tolib Husayniy Ariziy Turbatiy taxminan milodiy 1610-yilda haj safariga borayotib (ayrim manbalarda – kelayotib) Usmonlilar imperiyasiga qarashli Yaman viloyati hukmdori, ilm-ma’rifatni qadrlovchi o‘ta ziyoli inson Ja’far Posho (1607–1616) huzurida mehmon bo‘ladi va hukmdorning boy kutubxonasi bilan tanishadi. Kitoblar orasida kutilmaganda eski o‘zbek (turk) tilida yozilgan “Temur tuzuklari”ga duch keladi va qiziqib, uni fors tiliga tarjima qiladi…

Savol tug‘iladi: xo‘sh, Abu Tolib “Tuzuklar” tarjimasiga Yamanda kirishdimi yoki bu yerdan ketgandan keyin boshladimi – bu ma’lum emas. Ikkinchidan, “Tuzuklar”ning asl nusxasi shu kutubxonada qoldimi (chamasi, qolgani haqiqatga yaqinroq, chunki nodir kitob berib yuborilmaydi) yoki o‘zi bilan olib ketib, keyin tarjimaga urindimi – bu ham noma’lum.

Taxminimizcha, Abu Tolib ma’lum muddat Yamanda yashagan, hokim Ja’far Posho saroyida xizmatda bo‘lgan (saroyda bir guruh olimlar ilm bilan shug‘ullanardilar), shu paytda “Tuzuklar”ning fors tiliga tarjimasi ustida ish olib borgan va shu yerda ishni nihoyasiga yetkazgan… Bu bir talqin.

Boshqa talqin ham bor: Jaf’ar Posho yurt notinchligi orqasida milodiy 1616-yilda Yamandan ketadi, Makka yo Madinaga (qay birigaligi aniq emas) ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi va kitoblarini ham o‘zi bilan olib ketadi. Hajga borgan Abu Tolib Husayniy o‘sha yerda “Tuzuklar”ning asl nusxasini qo‘lga kiritadi… Bular aniqlanishi kerak bo‘lgan jihatlar.

Qanday bo‘lganda ham, Abu Tolib Husayniy Turbatiy o‘zbek madaniyati tarixi uchun juda ham savobli, ezgu ishni amalga oshirgan, Amir Temur hayoti va davriga oid bebaho yodgorlikning bizgacha yetib kelishiga sababchi bo‘lgan. Alloh uning qabrini nurga to‘ldirsin.

Abu Tolib Husayniy tarjimani nihoyasiga yetkazgach, unga so‘zboshi yozadi va shunday so‘zlarni keltiradi: “…Ko‘rdimkim, boshdan oyoq hammasi Sohibqiron Amir Temurning o‘z so‘zlaridur… Amir Temur o‘z gavhar tili bilan bu nav’ takallum surmushkim… podsholarga dasturulamal bo‘lg‘ay…” Pirimqul Qodirov o‘z maqolasida keltirilgan bu so‘zlar professor Ubaydulla Uvatovning “Sohibqiron arab muarrixlari nigohida” nomli kitobidan olingan.

Bizning fikrimizcha, “Temur tuzuklari”ning xos nusxasi Abu Tolib Husayniy amalga oshirgan tarjimaning aynan asliyatidir. Asliyat – shu. Juda ko‘p xorijiy, yuqorida aytganimizday, Mayor Devi va o‘zbek olimlari shunday fikr tarafdoridirlar. Buni mantiqan to‘g‘ri, deb hisoblaymiz. Chunki dunyoga ko‘p tarqalganligi, 1783-yilda inglizchaga (Mayor Devi), 1787-yilda fransuzchaga (L.Langle) va boshqa tillarga tarjima qilinganligi (hatto L.Langle “Tuzuklar”ni tarjima qilgandan keyin, “Temur hayoti” nomli kitob ham yozgan), asarning dovrug‘i keng yoyilganligini ko‘rsatib turibdi.

* * *

Hindistonda xizmatda bo‘lgan Buyuk Britaniya zobiti va sharqshunosi, Bengal harbiy kuchlari qo‘mondonining fors kotibi Mayor Devi milodiy 1779-yilda Abu Tolib Husayniy tarjimasini qo‘lga kiritadi va uni inglizchaga tarjima qilish ishtiyoqida Angliyaga olib ketadi. Mayor Devi Oksford universiteti arab tili professori Mayor Uayt bilan birgalikda qutlug‘ ishga kirishadi. Mayor Uayt “Tuzuklar”ning forscha matnini nashrga tayyorlaydi. Mayor Devi shu nusxadan asarni ingliz tiliga tarjima qiladi. Unga izohlar, ko‘rsatkichlar ilova etadi.

Kitob 1783-yilda ilk marta Oksfordda “Klarendon-Press” nashriyotida bosilib chiqadi.

Mayor Devining bu inglizcha nashri va tarjimasi bizlar uchun muhim ikki haqiqatni isbot etib beradi:

1. “Tuzuklar”ning eski o‘zbek (tarjimon mo‘g‘ul tilida, deydi, chunki bu payt “mo‘g‘ul” atamasi Hindistonda keng yoyilgan edi) tilida yozilgani;

2. “Tuzuklar”ning muallifi Amir Temurning o‘zi ekani.

Bu katta voqea, xolis olimlarning fikri bo‘lgani bilan qadrli. To‘liq tasavvur uchun “Tuzuklar”ning 1783-yilgi Oksford nashri titul varag‘ida berilgan so‘zlarni aynan keltirib o‘tamiz:

“INSTITUTES political and military, written originally in the mogul language, by the GREAT TIMOUR, improperly called TAMERLANE; First translated into Persian by Abu Taulib Alhusseni and thence into English… by MAJOR DAVY, Persian secretary to the commander in chief the Bengal forces.”

Tarjimasi: “Laqabi Tamerlan bo‘lgan Buyuk Temur qalamiga mansub, asli mo‘g‘ul (eski o‘zbek – M.A.) tilida yozilgan siyosiy va harbiy Tuzuklar; (asarni) dastavval fors tiliga Abu Tolib Husayniy tarjima qilgan, undan Bengal harbiy kuchlari qo‘mondonining fors kotibi… Mayor Devi ingliz tiliga o‘girgan”.

Mayor Devi Abu Tolib Husayniy dastavval asarni fors tiliga tarjima qilganini ta’kidlab, kitobning titul varag‘idayoq yozib qo‘ygani  biz uchun g‘oyatda qimmatli dalildir. Bu “Tuzuklar”ning eski o‘zbek tilida yozilgani rad etib bo‘lmaydigan haqiqat ekanini ko‘rsatadi.

Inglizcha tarjimada yigirmadan ortiq o‘zbekcha so‘zlar mavjudligini aytib o‘tamiz. Chunki forsiy tarjima jarayonida bu o‘zbekcha so‘zlar o‘girilmay asliyat shaklida olingan, undan shu holda inglizcha tarjimaga ham ko‘chib o‘tgan. Bu ham “Tuzuklar” yozilgan ona tilga bir ishora sifatida qaralishi kerak.

Abu Tolib Husayniy “Tuzuklar”ning forsiy tarjimasini 1637-yilda (ayrim manbalarda uning 1625-yilda vafot etgani aytiladi) Boburiy podshoh Shohjahonga (ba’zi manbalarda esa uning otasi podsho Nuriddin Jahongirga) tortiq etadi…

“Temur tuzuklari” bilan tanishgan imperator Shohjahon shu tarjimani  Dekan viloyati qozikaloni Muhammad Ashraf Buxoriyga: “…mazkur tarjimani mo‘tabar asarlar, xususan, Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si va shunga o‘xshash muhim manbalarga solishtirib chiqish va shu yo‘l bilan tarjimadagi xato va kamchiliklarni bartaraf qilishni topshirgan…” (Akademik Bo‘riboy Ahmedov. “Temur tuzuklari”ning 1996-yil nashriga yozilgan so‘zboshidan).

Oliy topshiriqni olgan Dekan qozikaloni ixlos bilan ishga kirishadi, kitobda ko‘p tahrirlarni amalga oshiradi, xato deb hisoblagan nuqtalarni tuzatadi, yangiliklar qo‘shadi. Va kitob kattarib ketadi…

Oxir-oqibatda “Tuzuklar”dan foydalanib yozilgan “Malfuzot” nomli yangi asar paydo bo‘ladi. Fikrimizcha, bundan ogoh bo‘lgan Yevropa va rus olimlari shu sababni ushlab olib, “Tuzuklar”ni Amir Temur yozmagan, boshqalar tomonidan yozilgan, degan xulosaga kelib, bunga ishonib qoldilar va o‘z tadqiqotlarida shunday yozdilar ham. Bu xato edi, albatta.

Shu taxlit, Abu Tolib Husayniyning “Tuzukot”i bilan Muhammad Ashraf Buxoriyning “Malfuzot”i bir-biriga bog‘liq, ammo mutlaqo boshqa, ikki mustaqil asarga aylandi. Bu ayrim tadqiqotchilar da’vo qilganlariday, bir asar emas! Bu haqda sharqshunos olim Habibulla Karomatov ham o‘zining “Temur tuzuklari muammolari tarixidan” maqolasida to‘xtalib o‘tgan edi: “Modomiki, “Tuzuklar”ning turkiy-chig‘atoy tilidagi asl nusxasini topish yo‘lidagi izlanishlar davom etar ekan, hozircha Jozef Uayt va Vilyam Devi tomonidan tayyorlangan Abu Tolib nusxasining nashri ilmiy tadqiqot va keng foydalanish uchun asos qilib olinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi”. (“Amir Temur saboqlari”. To‘plam. –T., 2025. 123-bet.) Bu fikrga qo‘shilish kerak.

Xalqaro Amir Temur jamoat fondi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zFA Sharqshunoslik instituti va Tarix instituti, Islom sivilizatsiyasi markazi jamoalari, umuman jamiyatimiz oldida bir muhim masala yechimini kutib turibdi. Bu – “Temur tuzuklari”ning asliyatini qidirib topish, uni o‘rganib chiqish, madaniyatimiz, xalqimiz mulkiga aylantirishdek qutlug‘ vazifadir.

Ona tariximiz ko‘zgusi, bebaho ma’naviy boyligimiz bo‘lgan “Temur tuzuklari” yodgorligining asl nusxasi topilishi esa madaniyatimizning yuksak tantanasiga aylanishi shubhasiz.

Muhammad ALI,
Xalqaro Amir Temur  jamoat fondi raisi,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-apreldagi 14-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596