04.10.2024 | 17:33
1178
SHAHIDLAR XOTIRASI va tarixiy adolatning tiklanishi
Mustabid tuzum tomonidan sobiq ittifoqda, xususan, O‘zbekistonda amalga oshirilgan qatag‘on siyosati shu vaqtgacha insoniyat tarixida sodir etilgan qatliomning eng dahshatlisidir. Millionlab fuqarolarning qirib tashlanishi va turli azob-uqubatlarga giriftor etilishi, mamlakatda qo‘rquv, ta’qib va tazyiq muhitining qaror topishiga sabab bo‘lgan davlat miqyosidagi jinoyatdir.

Sovet davridagi ma’muriy buyruqbozlik tizimi manfaatlariga bo‘ysundirilgan tarixni soxtalashtirish, noto‘g‘ri talqin etishga istiqlol yillarida barham berildi. “Xalq dushmani”, “aksilinqilobchi”, “millatchi”, “quloq” sifatida qoralanib, qatag‘on etilgan vatandoshlarimizning pok nomlari oqlandi. Tarixiy haqiqat va adolatni tiklash bo‘yicha olib borilgan ishlar, eng avvalo, hurriyat yo‘lida jon fido etgan vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtirishga qaratildi.
1999-yil 12-mayda 22 kishidan iborat Mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish komissiyasi tuzilib, poytaxtimizda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi barpo etildi.
2000-yil 12-may kuni “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasining tantanali suratda ochilishi mamlakatimiz va xalqimizning ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotida ulkan voqea bo‘ldi. Qisqa muddatda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi mamlakatimizning tabarruk ziyoratgohlaridan biriga aylandi.
Ta’kidlash joizki, mash’um qatag‘onda qurbonlarning ijtimoiy kelib chiqishi, jamiyatdagi mavqeyi, millati, diniy e’tiqodiga e’tibor berilmagan. Qaysiki shaxs millat g‘amida bo‘lsa, adolat talab qilsa, hur fikrlasa, ilmli bo‘lsa – bunday insonlar tuzumning dushmani hisoblangan va mahv etilgan. Birgina O‘zbekiston misolida ko‘radigan bo‘lsak, 1937-1938-yillardagi “Katta qirg‘in” davrida shoir Abdurauf Fitrat, shoir To‘lagan Xo‘jamyorov (Tavallo), pedagog Qayum Ramazon, sharqshunos olim Xolid Said singari minglab millatimiz fidoyilari qatorida kompozitor, etnograf, san’atshunos V.A.Uspenskiy, taniqli rassom M.I.Kurzin, O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, rassom A.V.Nikolayev – Usta Mo‘min, sharqshunos olim A.A.Semyonov, sharqshunos, etnograf olim M.S.Andreyev kabi rus millatiga mansub insonlar ham qatag‘on qilingan.
Qatag‘on siyosatining yana bir dahshati – ijtimoiy xavfli deb topilgan xalqlarning o‘z vatanidan boshqa o‘lkalarga majburiy ko‘chirilishi bo‘ldi. XX asrning 30–40-yillarida Sovet ittifoqi umumiy aholisining 60 dan ortiq millati qatag‘on girdobiga tortildi. Shundan 15 tasi majburiy ko‘chirilishga – deportatsiyaga mahkum etildi. Deportatsiya qilingan xalqlarni o‘rnashtirish uchun tanlangan joylardan biri O‘zbekiston edi. Yurtimizga o‘n minglab koreyslar, polyaklar, qalmiqlar, qrim tatarlari, chechenlar, ingushlar, greklar, armanlar, mesxeti turklari va boshqa xalq vakillari deportatsiya qilindi. O‘zbekiston ularning ikkinchi Vataniga aylandi.
Aynan shu jihatdan ham “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasini o‘zga yurtlarda xoki qolgan millati, diniy e’tiqodidan qat’i nazar yuzlab vatandoshlarimizning ramziy qabri, ta’bir joiz bo‘lsa, muqaddas makon deyish mumkin.
2002-yil 31-avgustda – mamlakatimizda ilk bor nishonlangan “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni”da aynan shu manzilda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi ochildi. Muzey faoliyati mustamlaka davridagi o‘zbek xalqi tarixining fojiali bir sahifasi o‘laroq, o‘sha paytda ro‘y bergan iqtisodiy, siyosiy, madaniy jarayonlarni anglash, qatag‘on siyosatining oqibatlarini ilmiy tadqiqotlar asosida o‘rganishga yo‘naltirilgan. 2008-yilda muzey binosi kengaytirildi va ekspozitsiyasi tubdan yangilandi.
2017-yil 31-avgust – “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev muzeyga tashrifi chog‘ida, “ushbu muzey – muzeylarning muzeyi” deb, yuksak baho berdi hamda muzeyning viloyatlarda ham bo‘limlarini tashkil etish bo‘yicha taklif kiritdi.

Bildirgan ushbu taklif va mulohazalar asosida 2017-yil 22-noyabrda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Mazkur qaror bilan muzey Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazilib, faoliyati yanada kengaytirildi va takomillashtirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 13 ta oliy ta’lim muassasasi tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari tashkil etildi. 2021-yilda davlat rahbarining topshirig‘iga binoan Qarshi shahridagi Odina masjidida Qashqadaryo viloyat Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi yangitdan yaratildi. Sovet davrida NKVD qamoqxonasiga aylantirilgan ushbu tarixiy obidada tashkil etilgan muzey 2021-yil 11-oktyabrda Prezidentimiz tomonidan tantanali ravishda ochildi.
2020-yil 8-oktyabrda Prezidentning “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilinishi esa tarixiy adolatning tiklanishi va shahidlar xotirasi abadiylashtirilishi borasida olib borilayotgan ishlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tardi. Farmoyish asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida jami 14 ta “Qatag‘on qurbonlari” xotira kitoblari tayyorlandi. Ularga 40 mingga yaqin qatag‘on qurboni bo‘lgan vatandoshlarimizga oid ma’lumotlar kiritildi.
Mazkur farmoyish bilan mustabid sovet tuzum davrida qatag‘on qilingan va muayyan sabablarga ko‘ra oqlanmay qolgan vatandoshlarimizni oqlash borasida ham muhim ishlar qilindi. Oliy sud tomonidan 2021-yil 25-avgustda 115 nafar, 2022-yil 6-yanvarda 120 nafar, 2022-yil 19-dekabrda 173 nafar, 2023-yil 19-aprelda 208 nafar, 2023-yil 24-avgustda 240 nafar, 2023-yil 1-dekabrda 174 nafar, 2024-yil 6-mayda 205 nafar, jami 1220 nafar yurtdoshlarimiz nomi oqlandi. Bular orasida o‘zbek (981 ta) millatidan tashqari tojik (86 ta), qirg‘iz (9 ta), qozoq (104 ta), rus (2 ta), qoraqalpoq (22 ta), tatar (5 ta), fors (6 ta), turkman (4 ta), hatto arab (1 ta) millatiga mansub shaxslarning borligi, “siyosiy qatag‘on mashinasi” millat tanlamaganidan dalolat beradi.
Oqlanganlarning aksariyati, Turkistondagi jadidlik harakati namoyandalari ekanligi bejiz emas. Binobarin, mustabid sovet davrida aynan ma’rifatparvar, taraqqiyparvar, ziyoli insonlar qatag‘on qilingan.
Jadid taraqqiyparvarlari va qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyatini o‘rganish, ularning ilmiy merosini tadqiq etish bugungi kunga kelib eng dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan ishga aylandi. Muhtaram Prezidentimiz bu borada juda to‘g‘ri ta’kidlaganidek “Ularni xotirlash, ezgu ishlarini davom ettirish biz uchun ham qarz, ham farz”.
Joriy yil 19-iyulda qabul qilingan “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori ham jadid bobolarimiz va qatag‘on qurbonlarini xotirlash, ularning ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganishga turtki beradigan ulkan tarixiy qadam bo‘ldi.
Qarorda belgilab berilgan vazifalar, shubhasiz, 1937–1953-yillar mobaynida yuz bergan ayanchli qatag‘on siyosatining eng nozik qirralarigacha tadqiq etishda hamda yurt, millat uchun aziz jonlarini qurbon etgan jadid bobolarimizning hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Ushbu qarorda ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” kitobini chop etish, Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasiga ramziy kitobni o‘rnatish, oktyabr oyining birinchi haftasini mamlakatimizda Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlash, qatag‘on etilgan ajdodlarimizning xotirasini abadiylashtirish maqsadida spektakllar, badiiy va hujjatli filmlar tayyorlash, mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘onga uchragan shaxslarni reabilitatsiya qilish tartibini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishga doir topshiriqlar bu boradagi ishlarning ko‘lamini yanada kengaytirishga zamin hozirlaydi.
Chet eldagi turli fondlar, arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-ma’rifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlik o‘rnatgan holda, qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyatini tadqiq etishga doir ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish to‘g‘risidagi tashabbus, shubhasiz, mard va jasur bobolarimizning ayni damda xorijda saqlanayotgan moʻtabar merosini o‘rganishda yangi ufqlarni ochish imkoniyatini beradi.
SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining 1938-yil 4–16-oktyabr kunlaridagi sayyor yig‘ilishida 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm o‘qilgan. Ularning eng ko‘zga ko‘ringanlari jismonan mahv etilgan. Qolganlari uchun turli muddatga surgun yoki qamoq jazosi belgilangan. Umuman olganda, 1934–1938-yillari O‘zbekistonda 40 mingdan ortiq inson qatag‘on qilingan. Shulardan 730 nafari “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan.
Qaror doirasida belgilangan Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi yurt ozodligi, vatan taraqqiyoti yo‘lida aziz jonini fido etgan ajdodlarimizning xotirasini abadiylashtirishga katta asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu haftalik davomida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan ham bir qator tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Eng avvalo, qatag‘on qurbonlarining muqaddas xoklari qayta dafn etilgan poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi “Oqil ota” qabristonida davlat va jamoat arboblari, fan, adabiyot va san’at namoyandalari ishtirokida shahid bobolarimiz xotirlanib, ularning haqlariga duolar qilinadi.
Shundan so‘ng Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Turkiston jadidlarining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan rangtasvir asarlari ko‘rgazmasi, shuningdek, “Nuroniy” jamg‘armasining Toshkent shahar bo‘limi bilan birgalikda “Tarixdan ibrat olib…” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘tkaziladigan tadbirlar orqali yurtimizdagi tinchlikni qadrlashga chorlash barobarida, inson xotirasi va qadrining shunday yuksak darajada ulug‘lanayotganiga e’tibor qaratish ko‘zda tutilgan. Haftalik tadbirlari farzandlarimiz uchun tengsiz saboq va munosib ibrat vazifasini o‘tashiga ishonamiz.
Baxtiyor HASANOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori,
tarix fanlari doktori, professor
Quddus ASAD olgan suratlar
“Jadid” gazetasining 2024-yil 4-oktyabrdagi 41-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



