10.04.2024 | 21:29
396
TAHDIDLARDAN OGOH BO‘L, ODAMZOT!

O‘tgan 6 yil davomida mamlakatimiz misli ko‘rilmagan transformatsiya jarayonini boshdan kechirdi. Olib borilgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar ko‘lamini qisqa satrlarda bayon qilish amrimahol. Ular kirib bormagan sohalar qolmadi hisob. Uning zalvorini his etmoq uchun 2016-yildan ilgarigi hayotimizni bugunimiz bilan qiyoslashning o‘zi kifoya. Davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlab, puxta o‘ylangan strategik rejalari amalga oshayotgani xalqimizning yorqin kelajakka ishonchini tobora mustahkamlayotir.
Xalqimizning qat’iyati, shijoati va jasorati tufayli qisqa davrda katta yutuqlarga erishildi, barcha sohalar tanazzuldan chiqib rivojlanish sari qadam qo‘ydi. Bu yo‘lga-ku, chiqdik, ammo oldimizda yana qator muammolar paydo bo‘ldi. G‘arb davlatlarida keskin ko‘zga tashlanayotgan ma’naviy tanazzul ko‘rinishlari Internet tarmoqlari orqali bizning hayotimizda ham aks sado berayotgani yoshlarimiz orasida axloqiy fazilatlarimizdan begonalashishga, milliy qadriyatlarimizga befarqlikka sabab bo‘layotgani sezilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan o‘rtaga tashlangan Yangi O‘zbekiston milliy g‘oyasi va Uchinchi Renessans poydevorini qurish kabi ulug‘ maqsadning amalga oshishi har jihatdan o‘sib kelayotgan yosh avlodda milliy qadriyatlarni ulug‘lash, vatanparvarlik, millatparvarlik kabi insoniy fazilatlar yuqori bo‘lishini taqozo qilib turgan bir davrda bunday illatlarning paydo bo‘lishi kelajagimiz uchun jiddiy xavfdir. Ikkinchi tomondan, kuchayib borayotgan Yangi O‘zbekistonning shaxdam qadamlaridan cho‘chigan ayrim o‘zini osmonga ustun hisoblaguvchi davlatlarning g‘arazli “katta o‘yin”lari, buzg‘unchilik niyatida chetdan otilayotgan toshlar barchamizni ham bezovta qilishi tabiiy.
OGOHLIK BONGI
O‘zbekiston hududi qadimdan buyuk sivilizatsiyalar chorrahasida joylashganligi sabab muntazam ravishda qudratli davlatlarning ko‘zini o‘ynatib kelgan. Bu mintaqa miloddan boshlab Turon deb ataldi, arablar Movarounnahr deb o‘zgartirdi. Mo‘g‘ullar Chig‘atoy yurti deya nomladilar, Amir Temur Turon nomini qayta tikladi. XVI asrdan so‘ng Turkiston, chor istilosi davrida ham yurtimiz Turkistonligicha qoldi. Sovet davrida O‘zbekiston deb ataldi. E’tibor bersangiz har bir nom beruvchi o‘z siyosiy manfaat va qarashlaridan kelib chiqib jug‘rofiy atamani qonuniylashtirgan va asoslashga harakat qilgan. “Shohnoma”da tasvirlangan Turon va Eron raqobati har ikkala sivilizatsiyaning o‘z buyukligiga bo‘lgan da’vosini anglatadi. Shuning uchun ham bobomiz Amir Temur o‘z tuzuklarida arablar va mo‘g‘ullar nomlagan atamadan voz kechgan va qadim buyuk tariximizga qaytaruvchi Turon nomini tiklagan. Chor istilochilari va ularning qarashlarini o‘ziga dasturilamal qilgan kommunistik tuzum dohiylari Turonzamin xalqlari madaniyati, yuksak sivilizatsiyasi tarixini yaxshi biluvchi olimlar yordamida xalqimizning tarixini soxtalashtirish, oxirgi asrlarda yurtimizda kechgan siyosiy boshboshdoqlik, xonliklarga bo‘linish va davomli ravishda olib borilgan o‘zaro birodarkush urushlarining natijasida ma’rifatsizlikka yuz tutgan tub aholining ayanchli hayotini dastlab “sayohatchi”larning kundaliklarida, so‘ngra sharqshunos olimlarning asarlarida “ko‘z-ko‘z” qilish orqali dunyo sahnasida o‘zlarini yurtimizga madaniyat olib kirgan va bizlarni “odam” qilgan bir “saxovatpesha” qilib ko‘rsatdilar. Sovet tuzumining butun bir 70 yillik “ulug‘ og‘achilik” siyosati yurtimizda milliy uyg‘onishga sabab bo‘ladigan har qanday holatning oldini olish, kerak bo‘lsa, shafqatsizlarcha qatli om qilishga qaratildi. Nega bunchalik bizga e’tibor? Chunki bu yurt azaldan Markaziy Osiyoning yuragi, unda G‘arb va Sharqning qon tomirlari payvand bo‘lib ketgan, ilm-fan, savdo-sotiq rivojlangan, madaniyat atrofdagi o‘lkalarga nisbatan yuqori bo‘lgan. Buyuk Ipak Yo‘lining mazkur chorrahasida yashab qolgan dunyoning uddaburon savdogarlari, siyosatdon va zukko donishmandlari hamda olimlar-u ma’rifatparvar valiy zotlarning qoni bilagimizda oqmoqda. Istilochilar ana shu qonning bir kunmas, bir kun junbishga kelishidan, xalqning uyg‘onishidan xavotirlanishgan. Bu uyg‘onish ularning siyosiy-iqtisodiy va barcha qolgan sohalardagi manfaatlari ildiziga bolta urishidan cho‘chiganlar. Bu xavotirlar mamlakatimiz mustaqillikka erishish ostonasida turganda g‘azab va intiqomga aylandi. Tarixda “paxta ishi” nomi ostida amalga oshirilgan qatag‘on, 1989-yil Farg‘ona fojialari, so‘ng Guliston, Bo‘ka, O‘sh, Namangan voqealari bularning barisi eski istilochilarning yangi avlodlari bo‘lmish SSSR davlatining so‘nggi yillarida faoliyat ko‘rsatgan bir guruh imperiyaparast kuchlar tomonidan amalga oshirilgan “siyosiy o‘yinlar” edi. Tuzumlar o‘zgaraveradi, rahbarlar kelib ketaveradi, ammo “o‘yinlar” yashayverar ekan. Bu o‘yinlarning yetmish ming shaytonning xayoliga kelmaydigan variantlari borligiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bugun O‘zbekiston davlatining olamshumul tarixiy harakatlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning istiqboliga chet el ekspertlarining berayotgan chuqur tahliliy xulosalari jahonda havas bilan birga hasad uyg‘otmoqda. Hatto ayrim bizga do‘st davlatlarning ham rashki kelayotgandek go‘yo. Ular har tomondan imkon bo‘lsa bizning shashtimizni tushirishga harakat qilayotgani seziladi.
Prezidentimiz aytganidek: “Ilgari o‘z manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvohmiz”. Bu so‘zlarni minbardan turib ochiq aytish qanchalik jasorat talab qilishini tasavvur qila olamizmi? Prezident Shavkat Mirziyov tashqi siyosatdagi faoliyatida kuzatayotganimiz o‘ta donolik va chuqur mulohaza bilan olib borayotgan muzokaralar va munosabatlarni iliqlashtirishga qaratilgan harakatlari haqida ikki og‘iz so‘z. Masalan, 2017-yilgacha qo‘shnilarimiz bilan munosabatlarimiz qanday edi? Agar ular bilan yaqin qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatmaganimizda, o‘rtada yillar davomida keskin murosasizlikka sabab bo‘lgan chegara muammolari hal etilmaganida va “ochiq eshiklar” siyosati yurgizilmaganida bugun bizning “esimizni kiritib qo‘yish” uchun qudratli kuchlar tomonidan qanday nayranglar ishga solingan bo‘lardi, tasavvur qilish qiyin. Ularning “gij-gij”lash siyosati o‘ta puxta niqoblanadi, kulib turib orqangga pichoq sanchishi ularga odat. Albatta, yon qo‘shnilarimiz bilan to‘qnashuv chiqarib urush olovini yoqishlari hech gap emasdi. Bugun ham bu kabi “fikr-xayollar” bo‘lishi mumkin. Bor shekilliki, oxirgi paytlarda shamoli sezilmoqda. Bir kun janjal chiqqan joydan qirq kun baraka ketadi, degan gap bor. Bordi-yu, xudo ko‘rsatmasin, bir kor-hol ro‘y beradigan bo‘lsa, fojia boshlanadi, ulug‘ maqsadlarimiz ro‘yoga aylanadi. Prezidentimiz xalqning tinchligi va osuda hayotini ta’minlash uchun dunyodagi kuch markazlari, uzoq-yaqindagi davlatlar bilan oqilona murosai madora siyosatini olib bormoqda. Sal o‘ylanmay tashlangan qadam o‘lkamiz uchun dahshatli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin. Buning ustiga ezgu harakatlarimizni ko‘ra turib, bilmaslikka olishga uringan, o‘zini o‘zbek xalqi fidoyisi ko‘rsatib xalqimizni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishga, norozilik uchqunlarini chiqarishga harakat qilayotgan ayrim millatdoshlarimizning urinishlari dard ustiga chipqon bo‘lmoqda. Yomonni ko‘rmaguncha, yaxshining qadriga yetmaydi, deydilar. Ilohim yomon kunlarni ko‘rmaylik! Ey, odamlar! Bugunning qadriga yetmoq, shukr qilmoq kerak, deya hayqirgim keladi.
MILLIY VAKSINA KERAK!
Mustaqillikning ilk davrlarida “mafkura” atamasini ishlatmaslik qat’iy qoidaga aylangan edi. Chunki u davrlarda bu so‘z sovet tuzumi qarashlari majmuasi va kommunistik partiya siyosati ifodasi sifatida salbiy tus kasb etgan edi. Ammo har qanday yangi davlat va jamiyatning milliy mafkurasi biror-bir g‘oya asosida shakllanishi, bu – qonuniyat. Mafkura asosini muayyan davlat va jamiyatning maqsad va intilishlari, ularni amalga oshirish strategiyasini belgilovchi yagona yoki g‘oyalar tizimi tashkil etib, ijtimoiy guruhlarni bir bayroq ostida birlashtiradi. 2017-yilgacha milliy istiqlol g‘oyasi o‘z davrini yashab bo‘ldi. Xalqimiz qaramlik kishanlaridan qutulib, kommunistik tuzum va uning dohiylarini unutdi. 2017-yildan mamlakatimiz o‘z taraqqiyot bosqichining yangi davriga qadam qo‘ydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” milliy g‘oyasini ilgari surdi. Bu g‘oya davlatimiz va xalqimizni jahonda rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishi, qadim tariximizda bo‘lganidek, dunyo xalqlari orasida o‘z munosib o‘rnini egallashi, ilm-fan taraqqiy etgan va xalqi farovon davlat qurish haqidagi azaliy orzu-umidlarini yuzaga chiqarishga qaratilgan, milliy manfaatlarni ustuvor bilib, ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtiradigan va safarbar etadigan g‘oyadir. Bu g‘oyaning pirovard maqsadi xalqimiz taraqqiyotida Buyuk uyg‘onish – Uchinchi Renessans davrini boshlab berishdir.
“Biz bugungi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan savollar”. Ushbu iqtibos Prezidentimizning o‘tgan yil adog‘i, 22-dekabr kuni o‘tkazilgan ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidagi nutqidan. Davlatimiz rahbarining kuyunishiga jiddiy asoslar bor. Telefon degan baloyi azim
3 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan bolalar-u qariya buvijonlarimizni ohanrabodek o‘ziga yopishtirib qo‘ydi. Yosh onalar bolalariga ovunchoq topilganidan xursand. Kattalarga g‘iybat, yoshlarga axloqsiz tomoshalar. Ayniqsa, yoshlarimizning ma’naviy qashshoqlashib borayotgani, kattalarning yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarga befarqligi, diniy mutaassiblikning avj olayotgani hammamizni jiddiy tashvishga solmoqda. Davlatimiz rahbari Internet kanallaridagi axloqsizlikni targ‘ib etishga qaratilgan kontentning yoshlar ma’naviy tarbiyasiga jiddiy salbiy ta’siri oqibatlariga to‘xtalib, bu salbiy tendensiyaning oldini olishga chaqirdi. Zotan, – dedi Prezident. – Biz bu yorug‘ dunyoda “o‘zbek”, “o‘zbekistonlik”, “O‘zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istasak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo‘yicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech bo‘ladi!”
Mamlakatimiz ziyolilari, shoirlar-u adiblar, san’atkor-u kinochilar, olimlar-u pedagoglar, o‘zini millat fidoyisi sanaguvchi barcha uyg‘oq qalblar birlashib, yoshlarimizda milliy g‘urur va umuminsoniy hamda milliy qadriyatlarga ehtirom tuyg‘ularini kuchaytirish, begona g‘oya va mafkuralar ta’siriga tushib qolmasligi uchun kurash e’lon qilishi kerak. Davlatimiz rahbari nutqida ilm-fan, tarbiya va ma’naviyatga e’tiborni kuchaytirish davlat va ziyolilarimizning ustuvor vazifasi bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Ayniqsa, Prezidentimizning “Hammamiz bir haqiqatni unutmasligimizni istardim. Hayot bor ekan – jaholat ham, ma’naviy tahdidlar ham bo‘lishi tabiiydir. Ammo eng xatarlisi – yurt kelajagiga loqaydlik, ezgu qadriyatlarga nisbatan beparvolikdir. Tinch va farovon hayot qurish uchun, avvalo, odamlar qalbida bir-biriga hurmat, xalqqa, Vatanga mehr va ishonch mustahkam bo‘lishi zarur”, degan gaplari har bir millat fidoyisi uchun ma’naviy tahdidlarga qarshi hayot-mamot kurashiga chaqiriq bo‘lib yangradi.
YANGI UYG‘ONISH DAVRINING TO‘RT TAYANCH USTUNI
Milliy vaksina jamiyat vujudiga suqilib kirayotgan begona g‘oyalar ta’siriga tushmaslikning oldini olish uchun ham juda zarur. U mafkuraviy immunitetni kuchaytiradi. Shunday ekan, milliy vaksina tarkibiy qismlarini nima tashkil etadi? Bularga, inson dunyoqarashida sog‘lom tafakkur va estetik didni shakllantiruvchi barcha bilimlar, jumladan, badiiy asarlar, kinofilmlar, teatr, musiqa, tasviriy va amaliy san’at, matbuot nashrlari kiradi. Davlatimiz rahbari yoshlar tarbiyasiga bevosita mas’ul bo‘lgan oila, bog‘cha tarbiyachilari, maktab o‘qituvchilari va oliy ta’lim dargohlari pedagoglariga Yangi uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni deya katta umid bilan qaraydi. Darhaqiqat ayni shu insonlar birinchi navbatda o‘sib kelayotgan yosh avlodda Vatanga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini, millatparvarlik, milliy qadriyatlarga ehtirom va yuksak axloqiy fazilatlarni singdiradilar. Ular obrazli qilib aytganda, milliy vaksinani yuboruvchi shifokorlardir. Vaksinani tayyorlab beruvchilar sirasiga shoirlar va adiblar, olimlar, san’atkorlar, kinochilar va ko‘plab nomi tilga olinmagan ma’naviyat va madaniyat sohasi vakillari, millat fidoyilari kiradi. Tasavvur qiling, butun jamiyat shu ishda bir jon, bir tan bo‘lsa, qanday ijobiy natijalarga erishishimiz mumkin. Davlatimiz rahbari ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlarda mafkuraviy immunitetni hosil qilish yo‘llari haqida gapirar ekan, bolalar bog‘chadan boshlab to maktabdan uchirma bo‘lguncha yoshlarni ta’lim dargohlarida va o‘qishdan tashqari vaqtlarida ham mukammal tarbiya olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish haqida zarur ko‘rsatmalar berdi. Murg‘ak qalblarda Vatan, davlat va uning ramzlariga ehtiromni shakllantirish, zamonaviy ertaklar yaratish va ularni sahnalashtirish orqali ezgu fazilatlarni shakllantirish, maktabda dunyoviy davlat tushunchalarini singdirish, bolalarbop ilmiy-tarixiy, badiiy asarlar yozish, turli ilmiy-ijodiy, tasviriy va amaliy san’at hamda musiqa to‘garaklariga jalb etish orqali ularda milliy qadriyatlarimizga muhabbat uyg‘otish, milliy g‘ururning ortishiga sabab bo‘luvchi milliy teleseriallar yaratish, muzeylar va kutubxonalarga sayohatlar uyushtirish orqali ularning dunyoqarashini kengaytirish shu jumladandir. Shuningdek, o‘zga tilli maktablarda o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitishni talab darajasiga ko‘tarish bolalarni o‘zligidan uzoqlashmasligi va g‘arb madaniyati ta’siridan saqlab qolishning muhim sharti ekani ta’kidlandi.
Bugun barcha ziyolilarimiz, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz, Vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir vatandoshimiz atrof-tevaragimizda ro‘y berayotgan voqealar mohiyatini chuqur anglab, Vatan obodligi va taraqqiyoti, xalqimizning tinchligi va osuda hayotini ta’minlash bevosita o‘ziga ham bog‘liq ekanini, dunyoviy davlat taraqqiyot garovi ekanini bilishi, yoshlarimiz ma’naviyatini begona g‘oyalar ta’siridan saqlash va milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etish uchun bor salohiyati hamda tajribasini safarbar etmoqni o‘z muqaddas burchi deb bilishi lozim.
Shuhrat SIROJIDDINOV, akademik
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600
