Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


20.10.2024 | 12:02

img618

MILLIY TAFAKKUR USTUNI

O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori  Nizomiddin MAHMUDOV bilan suhbat.

– Assalomu alaykum, domla. Avvalo, qimmatli vaqtingizni ayamaga­ningiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Mana, yaqinda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga o‘ttiz besh yil to‘ladi. O‘tgan davr mobaynida tilshunoslik sohasida juda ko‘p ishlar amalga oshirildi. Lekin oxirgi paytlar, yoshlarimiz orasida tilimizga muhabbat pasayganday tuyuladi. Ay­ting-chi, ona tilimizga nopisand qarash bizda qachondan, qanday shakl­landi?

– Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda kurrayi zaminda uch mingdan ortiq til mavjud. Yana boshqa ma’lumotga ko‘ra, xususan, 2010-yilda “National Geographic” jamiyati tomonidan tashkil qilingan ekspedisiya aniqlagan Hindistondagi koro tili dunyo tilshunosligida qayd etilgan 6909-tildir. Tabiiyki, bu tillarning har biri muayyan bir qavm uchun e’zozli ona tilidir, ularning har biri o‘zining sobit sohibiga ega ekanligi shubhasiz. Zotan, o‘zini, o‘zligini, keragu nokeragini qo‘rishni uddalay olmagan qo‘rqoq qavmning ona tili o‘zi bilan birga tarix qa’rida yo‘qlikka mahkum bo‘lganki, bu tillar endilikda dangaliga “o‘lik tillar” nomini olgan. Uzun huzur bilan ta’kid­lamoq joizki, o‘sha yetti mingga yaqin tillardan biri bo‘lmish o‘zbek tili talotumli tarixning totli-taxir qa’rida turli tillar­ning tazyiq-u tahqirlaridan qaddi xam bo‘lsa ham, adoqsiz imkoniyatlari bois olam ahlining aqlini shoshirgan benazir so‘z durdonalarining dunyoga kelishi uchun ulug‘ alloma-yu adiblar qo‘liga qalam tutqazdi. Yetti yot begona tillar­ning injiq istibdodi iskanjasida ingrasa-da, shu qodir qalam bois tilimiz o‘z tabiatiga aslo zaxa yedirmadi, o‘zining ming yillik mantig‘iga munkir kelmadi… Eng muhimi, tilimiz dono ajdod­lari­miz yo‘rgaklagan benazir tajriba-yu qadri ­baland qadriyatlarimizni, bebaho ma’naviy-ma’rifiy boyliklarimizni o‘lmas meros o‘laroq bizga yetkazib keldi, necha-necha avlodlarni bir-biri bilan zamon­lararo bog‘lovchi qo‘porilmas ko‘prik vazifasi­ni iddaosiz bajardi…

O‘sha yetti mingga yaqin tillardan biri bo‘l­mish o‘zbek tili – o‘zbek xalqining ehtiromli va e’tiborli ona tili mustaqillik sharofati bilan bugun qariyb o‘ttiz yetti millionli O‘zbekistonning o‘ktam davlat tili sifatida rivoj-u ravnaq yo‘lini tutgan. Biz ana shu muazzam tarixiy sananing o‘ttiz besh yilligini nishonlashdan cheksiz surur va huzur tuymoqdamiz.

Yaqin tariximizda “dohiy”ning “Til – kishilar o‘rtasidagi eng muhim aloqa vositasidir” qabilidagi qoidasi yo‘rig‘ida tilni o‘ta jo‘n, oddiy va biryoqlama ta’rif bilan tavsifladik. Aslida, bu vazifa tilning vazifalaridan birginasi edi, xolos; bu ta’rif muayyan bir tilni boshqasi (aytaylik, xorijiy) bilan almashtirganda ham bajarilave­rishi mumkin, degan qarashga yo‘l ochar edi… Holbuki, har qanday shaxs­ning irq-u e’tiqodi, zamin-u zamonidan qat’i nazar, milliy-ruhiy mag‘zini ona tili tayin va ta’min etadi. Aytish joizki, ayni shu milliy-ruhiy mag‘iz mutlaqo o‘ziga xos bir mohiyat bo‘lib, millatning tafakkur tarzini, “idrok ko‘zi”ni qat’iy belgilab beradi. Dunyo faylasuflari tomonidan ming yillardan beri ta’kidlab kelinayotgan til va tafakkurning birligi to‘g‘risidagi qat’iy qoidaning asl ma’nosi ham shu. Rus tilining mashhur izohli lug‘atini yaratgan Vladimir Dalning otasi – daniyalik, onasi esa olmon ayoli, uning mana bunday e’tirofi diqqatga sazovor: “Na mayl-istak, na diniy ishonch, na ajdodlar qoni insonning u yoki bu xalqqa mansubligini tayin etadi… Kim qaysi tilda o‘ylasa, u o‘sha xalqqa mansubdir…” Haqiqat shuki, til millatning tamalini tayin etadigan, iligini sog‘lom saqlaydigan, asr­lardan asrlarga to‘zg‘itmay olib o‘tadigan betakror qudratdir.

Ma’lumki, bolaning ilk, tetapoya til malaka­lari, demakki, dunyoni milliy ko‘z bilan idrok etish tajribalari oilada tarkib topadi. Til haqida o‘ylaganimda, olmon tilshunosi Vilgelm fon Gumboldtning “Tillarning xilma-xilligi faqat tovushlarning turlichaligi emas, balki har bir millatdagi dunyoni ko‘rishning farqliligi natijasidir”, degan gapi yodimga tushadi. Chindan ham, har bir millatning o‘ziga xos ko‘rish tarzi, o‘ziga xos idrok intizomi, umumlashtirib aytganda, o‘ziga xos tafakkur tamoyili bor. Bu o‘rinda yana alloma Vilgelm fon Gumboldtning “Turli tillar millatlar uchun ularning original tafakkur va original idrok organlari ekanligini umume’tirof etilgan haqiqat deyish mumkin”, degan gapini ham eslash joiz. U tafakkurning umuman til bilan bog‘liqqina emas, balki har bir alohida konkret til bilan shartlanganligini ta’kidlaydi. Gumboldt o‘zining “Inson tillari tuzilishining farqlari va uning insoniyat ma’naviy taraqqiyotiga ta’siri haqida” nomli yirik asarida “Til fikrni yaratuvchi organdir. Aqliy faoliyat va til yaxlit butunlikni tashkil etadi”, deb yozgan.

Men ona tilimizning, davlat tilining mavqeyi tushib ketgani haqidagi fikrga uncha qo‘shilmayman. Davlatimiz rahbari rahnamoligida bu yo‘nalishda olib borilayotgan qamrovli ishlar va ularning naqd natijalaridan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ayniqsa, so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan oqilona ishlarning samarasi barchamizning ko‘z o‘ngimizda. To‘g‘ri, ona tiliga, davlat tiliga nopisandlik bilan qarashday ayrim nomaqbul holatlar ba’zi yoshlar orasida yo‘q emas. Ularning ildizlari, sabablarini, birinchi navbatda, oiladan izlagan ma’qul. Ona tiliga muhabbat tuyg‘usi qalbdan tugal joy olmog‘i uchun, eng avvvalo, ota-­ona, oila mas’ul ekan­ligini unutmaslik lozim. Bu behad mas’ul vazifani faqat maktabga tashlab qo‘yish aqlning ishi emas. Mazkur vazifa oilada amalga oshirilmasa, keyin juda kech va hech bo‘ladi. Chunki har qanday tarbiyaning, ayniqsa, til, ma’naviy komillik, milliy o‘zlik tarbiyasining bosh va betakror o‘chog‘i bolani doimiy o‘rab turgan ijtimoiy muhit, xususan, oiladir.

O‘zbekcha hikmatlardan birida mana bunday deyilgan: “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”. Boshqacha qilib aytganda, qushning barcha harakat-u amallariga rasolik baxsh etmoq uchun, bu amallarning risolaga tamoman moslashmog‘i uchun, avvalo, ayni uyani va undagi harakatlarni risolaga solmoq ke­rak. Yana shu narsa ham aniqki, qush uyasi­da eshitganini aytadi. Qarg‘a bolasining o‘z inida eshitib qulog‘iga ilgani va tiliga tirgak qilgani “g‘aq-g‘aq”dir, u boshqa, masalan, bulbul inining doimiy xushohang sasi bo‘l­mish “chah-chah”ni hech bir ­zamon tilida tiriltira olmaydi. Qarg‘aning “chah-chah” aylashi uchun u o‘z inida ko‘z ochgan damdanoq shu sas uning qulog‘ida ipakdek eshilmog‘i zarur… Nainki qush, odam bolasi ham shunday. Zotan, mazkur naql ham odam bolasi uchun aytilgan, faqat topib, ko‘ngil degan nozik xilqatning g‘oyat ingichka torchalarini titratmay aytilgan. Farzand tarbiyasida, bolaning til tarbiyasida uyning, ya’ni oilaning mutlaq hal qiluvchi omil ekanligi haqidagi bunday go‘zal va lo‘nda hikmatlar kishilik jamiyatining bir necha ming yillik tajribalari mahsuli sifatida yuzaga kelganligi tabiiy… Ko‘p tilni bilish juda yaxshi, bu bugungi davrning talabi. Farang ma’rifatparvari Volter aytganidek “Ko‘p tilni bilish bitta qulfga tushadigan bir necha kalitga ega bo‘lish bilan barobardir”. Ammo xorijiy tilni o‘rganish aslo ona tilini unutish hisobiga bo‘lmasligi zarur. Oilada ham ajnabiy tilning asosiy bo‘lishi ona tilida hali sobit bo‘lmagan bolaning tilga bo‘lgan muhabbatini muallaqlashtiradi, bunday hollarda ham siz aytgan ona tiliga nopisandlik bolalaydi…

– Texnologiyalar shiddat bilan rivoj­lanib, ko‘plab kasblarda inson o‘rnini ham texnika egallayotgan asrda yashayapmiz. Zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intel­lekt kabi sohalarni o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, albatta, ingliz tilini bilishingiz shart. Bir paytlar Erkin Vohidov: “Tillar yo‘qolur butkul, bir til qolur dunyoda”, deya qay­g‘urgandi. Nima deb o‘ylaysiz, kun kelib dunyo ahli yagona tilga o‘tmasmikan? Taraqqiyot tillarning taqdiriga nechog‘li ta’sir qiladi?

– Zamonaviy ilg‘or fan, texnika, texnolo­giya­lar bilan bog‘liq tushunchalarni ifodalovchi chet so‘zlar, xususan, ingliz (amerika varianti) tili so‘zlari juda ko‘plab tillarga kirib bormoqda. Yaponshunos Vadim Alpatovning qayd etishicha, hatto boshqa tillar ta’siriga o‘ta hushyorlik bilan qaraydigan bugungi yaponlarning tilidagi kompyuter texnikasiga oid terminologiya­ning naqd 99 foizi ingliz tilidan o‘zlashtirilgan so‘zlardir. Ammo ta’kidlash lozimki, bu bilan qadim va boy tarixiy ildizlarga sohib bo‘lgan yapon tili o‘z mustahkam o‘zanlaridan chiqib ketgani yo‘q. Bugungi globallashgan dunyoda tillararo so‘z oldi-berdisi tabiiy ravishda faollashgan, bir mamlakatda paydo bo‘lgan muayyan bir ashyo aksariyat hollarda o‘zi­ning o‘sha mamlakat tilidagi nomi bilan boshqasiga kirib bormoqda. Bu ham o‘ziga xos bir qonuniyat. Lekin ayni holatda xalq bor ekan, millat degan bikir va buyuk tushuncha tirik ekan, bu tilning tanazzuliga yoki boshqa tillarga qo‘shilib ketishiga olib kelmaydi. Dunyo ahli­ning ingliz tiliga yoki yagona boshqa tilga o‘tishi haqiqatdan tamoman mosuvo afsonadan boshqa narsa emas. Hech qanday taraqqiyot egasi tirik tilni ming yillar bilan o‘lchanuvchi takomil o‘zanlaridan chiqarib yubora olmaydi.

– Tilimiz fonetikasida ayrim bahsli masalalar bor. Masalan, “i” tovushini bitta harf ifodalaydi. Lekin nutqimizda ba’zan cho‘ziq, ba’zan qisqa talaffuz qila­miz. Tilshunos olimlarimiz shu kabi tovushlar ustida ham izlanishlar olib borishyaptimi?

– Bular unchalik ham bahsli masalalar emas. Siz aytganingizday, “i” tovushini bitta harf ifodalaydi, lekin nutqimizda ba’zan cho‘ziq, ba’zan qisqa talaffuz qilinadi. Bular imlo qoidalarida aniq-tiniq ko‘rsatilgan. Alifbodan to‘g‘ri foydalanish yo‘llarini, tabiiyki, imlo qoidalari belgilab beradi. Savodxonlikni ta’minlashda mukammal imlo qoidalari hal qiluvchi omillardandir. Savodxon bo‘lmagan jamiyatning kamoloti va taraqqiyoti haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun ham alifboning imlosi masalasiga alohida e’tibor berilgan. Yetakchi tilshunos­lardan iborat maxsus ishchi guruhi amaldagi imlo qoidalarini yaratish ustida jiddiy ish olib borgan va bunday qoidalarni ishlab chiqqan­lar. Vazirlar Mahkamasi 1995-yilning 24-avgustida “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida” qaror qabul qilgan. Albatta, mazkur qoidalarda yanada takomillashtirish mumkin bo‘lgan o‘rinlar yo‘q emas. Bugungi kunda alifboga ayrim o‘zgartirishlar kiritish mo‘ljallangan, shu o‘zgartirishlardan ke­yin alifbo asosida imlo qoidalari yanada to‘ldirilishi ko‘zda tutilgan.

– Tilimiz chetdan kirib kelgan so‘zlar, atamalar bilan boyib, o‘z so‘zlarimiz unu­tilib boryapti. Bu kabi so‘zlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlashtirmasdan, lug‘at boy­ligi­mizni ular­ning o‘zbekcha muqobili bilan to‘ldiri­shimiz kerak emasmi? Bir necha yillar oldin aeroport o‘rniga tayyora­goh kabi so‘zlarni qo‘llash taklif qilingandi. Negadir, bu kabi so‘zlar iste’molda qo‘llanilmadi.

– Tilimizning boyib borishiday muhim va zaruriy jarayonda so‘z o‘zlashtirishda muayyan me’yor va chegara bo‘lishi, yangi so‘zlar yasashda o‘zbek tilining o‘ziga xos qonuniyatlarini nazardan qochirmaslik, eski so‘zlarni “tiriltirish”da va muhta­sham zaxi­ramiz bo‘lmish xalq shevalaridan foydala­nishda ziyraklik zarur bo‘ladi. Aks holda bu boradagi harakatlar ijobiy natijalarga olib kelmaydi. Masalan, 90-yillarning boshida tayyora, tayyoragoh, kulliyot, tahsilgoh, ilm­goh, minbargoh, hujjatasrovxona kabi qan­chadan-qancha so‘zlar “topildi” yoki mutlaqo sun’iy bir tarzda yasaldi va iste’molga tiqishtirildi. Ammo til dahosi ularni aslo qabul qilmadi. Eskirgan so‘zlarni tiklash ham tilimiz­ning ming yillik boy zaxiralaridagi muayyan qismlarni harakatga keltirish, ishga solish demakdir. Masalan, ilgari “eskirgan” degan tamg‘a bilan yashagan vazir (ministr), viloyat (oblast), tuman (rayon), jarroh, jarrohlik (xirurg, xirurgiya) kabi bir qancha so‘zlar tilimizdan joy olganiga ancha bo‘ldi. Ona tiliga o‘rinsiz otalikni da’vo qilib bo‘lmaydi. Ona tilini boshqa tillarning taz­yiqidan, so‘z bosqinidan asramoq kerak, qo‘rimoq zarur.

Biz istaymizmi-yo‘qmi, bir mamlakat tili­dan boshqa tillarga u yoki bu zaruriyat ­tufayli so‘z kiraveradi. Fan va texnologiyadagi muayyan kashfiyotlar, yutuqlar, eng kami, shu kashfiyotchining ismi yoki boshqa biror shaklda o‘zga tillarga kirish uchun yo‘l topa­veradi. Zamonlar osha shunday bo‘lib kelgan. Bu o‘rinda birgina algoritmning “Al-Xorazmiy” ekanligi­ni iftixor bilan eslashning o‘zi kifoya. Bugun ham shunday: “Mercedes”, “Samsung”, “Sony” kabi yuzlab muayyan bir til­ning so‘zlari butun dunyo tillariga kirib ­borib bo‘lgan. Hatto institut degan so‘zni go‘yoki o‘zbekcha oliygoh bilan almashtirishning ma’qul yoki ma’qul emasligi haqida mutlaqo keraksiz bahs-munozaralar avj olgan payt­da marketing, menejer, broker, barter kabi o‘zbekcha uchun mutlaqo yangi so‘zlar tilga kirib kelib bo‘ldi…

– Tilimizni akademik til, bilimlar tiliga aylantirish, uni kengroq yoyish uchun amalda nimalar qilinishi zarur deb hisob­laysiz?

– Tilimiz akademik til sifatida muntazam takomil topib bormoqda. Bugun mamlakatimizda o‘zbek tili deyarli barcha fan yo‘na­lishlarida qamrovli tarzda qo‘llanmoqda. Albatta, har qanday fanni o‘rganish, o‘zlashtirish uchun uning alifbosidan – terminologiyasidan xabardorlik zarur bo‘ladi. Ma’lumki, fanning katta-kichik asosiy tushunchalari bevosita terminlar orqali ifodalanadi. Terminlar har qanday fan tilining asosini tashkil etishi haqidagi qoida bugun aksioma maqomini olib bo‘lgan. Shu­ning uchun ham tadqiqotchilar haqli ra­vishda “fan tili muammosi, eng avvalo, terminologik muammo sifatida qaralmog‘i lozim” ekanligini ta’kidlaydilar.

Tilda lingvomadaniy jihatlarning muqarrar ravishda mavjudligi antroposentrik tilshunoslik bag‘rida paydo bo‘lgan lingvomadaniyatshunoslik yo‘nalishining to‘g‘ri va e’tirof etilgan g‘oyalaridan biridir. Tilning o‘ziga xos, maxsus birligi bo‘lmish terminlarda, ayniqsa, gumanitar fanlar terminosistemalarida lingvomadaniy unsurning bo‘lmasligi mumkin emas. Chunki gumanitar fanlar xalqlarning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa xususiyatlarini aks ettiradi. Tabiiy va aniq fanlar esa insonga tobe bo‘lmagan, obyektiv hodisalarni o‘rganadi. Shunga ko‘ra ularni nomlovchi termin asosida yotgan ilmiy tushuncha lingvomadaniy belgiga ega emasligi bilan xarakterlanadi. Ammo hatto ayrim texnik terminlar ham mexanizm (asbob, qurol kabilar)ni ishlatishdagi milliy o‘ziga xoslikni aks ettiruvchi lingvomadaniy axborotni o‘z ichiga olishi mumkin, deb hisob­lash uchun asoslar mavjud.

Bu mulohazalardan kelib chiqib aytish mumkinki, gumanitar fanlarning tili, xususan, uning terminosistemalari milliy-madaniy mentallikdan, emotsional-ekspressivlikdan tamoman xoli bo‘lolmaydi. Boshqacha aytganda, gumanitar fanlarning tili tabiiy va aniq fanlar tillaridan farqli ravishda quruq, “egasiz” bo‘lmasligi kerak. Gumanitar fanlar tilida har bir tabiiy tilning o‘ziga xos boyligi, ta’sirchanligi, “issiq”ligi tajassumini top­mog‘i maqsadga muvofiq. Gumanitar fanlarning aksariyati tabiiy fanlardan farqli ravishda faqat tor doiradagi mutaxassislargagina emas, balki anchayin keng ommaga ham qaratilganligini unutmaslik lozim. O‘zbekistonda fan tili ana shu o‘zanlarda harakat qilmoqda. Mamlakatimizda nashr etilayotgan turli fan sohalariga oid ko‘plab terminologik (atamalar) lug‘atlarni mamnuniyat bilan tilga olish mumkin. Zotan, bunday lug‘atlar fanning ham, tilning ham o‘ziga xos taraqqiyot darajasini ko‘rsatadi… Dangal aytish joizki, har qanday til, xususan, o‘zbek tili aqliy va ma’naviy tadrij dunyosi­ning, milliy tafakkur va taxayyul olamining bikir va buyuk ustunidir.

Gapim yakunida, barchani O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin dildan tabriklayman!

– Bayram sizga ham muborak bo‘lsin! Mazmunli va foydali suhbat uchun tashakkur.

Muyassar IBROHIMOVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2024-yil 18-oktyabrdagi 43-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596