21.10.2025 | 12:12
23440
ONA TILIM O‘LMAYDI!
O‘zbek tiliga bag‘ishlangan she’rlar va hikmatli so‘zlar

Alisher NAVOIY
TURKIY TIL NAZDIDA
Chunki toptim ul kalom ichra kamol,
Turk alfozi bila surdum maqol…
Turk nazmida chu men tortib qalam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam…
* * *
Men turkcha boshlabon rivoyat,
Qildim bu fasonani hikoyat;
Kim shuhrati jahonga to‘lg‘ay,
Turki bila dag‘i bahra olg‘ay.
Chunki bu kun jahonda atrok
Ko‘ptur xush tab’, sof idrok…
Muhammadrizo OGAHIY
* * *
Ko‘ngul bir bahri zaxxor andadur pokiza gavhar so‘z,
Vale shart ulki maʼni shohidig‘a bo‘lsa zevar so‘z.
Ne mushkuldur erurkim bir so‘zimni aylamas bovar,
Valekin bovar aylar muddaiylar gar desa har so‘z.
Xamush ersam tong ermas yor lutfi shahdidin ayru,
Ki to‘ti ayta olmas gar esa mahjur shakkar so‘z.
So‘ziga boq agar bilmoq tilarsan kimsa ahvolin,
Ki asrori nihoni suratig‘a keldi mazhar so‘z.
Ajab ermas so‘zim gar bavar etmas hosidi johil,
Ki takzib etgusi bu jahl agar desa payambar so‘z.
Debon g‘aflat elig‘a pand zoye qilma so‘znikim,
Eshitmak mumkin ermas gar desang har nechakim gar so‘z.
Qilib so‘zni vasila istasang olam aro izzat,
Ki dahr ahli qoshida keldi mayubu muhaqqar so‘z.
So‘zingga ahli dunyo olida qadr istama harhiz,
Rafiul-qadr ekanni na bilsin gov ila har so‘z.
Debon har sangdilga, Ogahiy, sindurmag‘il so‘zni,
Ki inson obro‘si afsarig‘a keldi gavhar so‘z.
Abdulla AVLONIY
HIFZI LISON
Hifzi lison deb har bir millat o‘z ona til va adabiyotini saqlamagini aytilur. Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur. Hayhot! Biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun kundan-kun unutmak va yo‘qotmaqdadurmiz. Tilimizning yarmiga arabiy, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz. Durust, bizlarga hukumatimiz bo‘lg‘on rus lisonini bilmak hayot va saodatimiz uchun osh va non kabi keraklik narsadur. Lekin o‘z yerinda ishlatmak va so‘zlamak lozimdur. Zig‘ir yog‘i solub moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur.
«Yohu! Bizga na bo‘ldi? Bobolarimiz yo‘lidan chiqub ketduk. Yaxshi qo‘shningdan olguncha yomon uyingni qidir», – demishlar. Bobolarimizga yetushg‘on va yaragan muqaddas til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas. O‘z uyimizni qidirsak va axtarsak yo‘qolganlarini ham toparmiz. «Yo‘qolsa yo‘qolsun , o‘zi boshimga tor edi», – deb Yovrupo qalpog‘ini kiyub, kulgi bo‘lmak zo‘r ayb va uyatdur. Payg‘ambarimiz: «Erlarda jamol lison va tildur», – demishlar.
Ey ona til, aziz qadrdonim,
Iltifoti ruhim, Rahmonim.
Tug‘dig‘im kundan aylading ulfat,
O‘lguncha ayilma, ey jonim.
Menga ilm-u adab san o‘rgatding,
Chin adib, muallim, shonim.
Millatning ruhini ko‘targuchisan,
Ey muqaddas karamli sultonim.
Umumiy milliy tilni saqlamak ila barobar xususiy og‘iz orasidagi tilni ham saqlamak lozimdur. Chunki so‘z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini o‘lchab ko‘rsatadurgan tarozusidur. Aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qiymatini so‘zlagan so‘zidan bilurlar. «Quruq so‘z quloqg‘a yoqmas» – demishlar.
Agar so‘z aql va hikmatga muvofiq bo‘lub, o‘ziga yoki eshituvchiga bir foyda chiqadurgan bo‘lmasa, asalarilari orasida g‘ung‘ullab yurgan qovoqari kabi quruq g‘o‘ng‘ullamoq faqat bosh og‘rig‘idan boshqa bir narsa emasdur . Boshimizga keladurgan qattig‘ kulfatlarning ko‘pi yumshoq tilimizdan keladur. Shuning uchun: «Ko‘p o‘yla, oz so‘yla», – demishlar.
Tillarning eng yaxshisi so‘zga usta til, so‘zlarning eng yaxshisi bilub, oxirini o‘ylab so‘ylangan so‘zdur.
Go‘zallik yuzda ermas, ey birodar,
So‘zi shirin kishi har kimga yoqar.
So‘zing oz bo‘lsinu ma’noli bo‘lsun,
Eshitkanlar qulog‘i durga to‘lsun.
So‘zing bo‘lsa kumush, jim turmak oltin,
Misi chiqg‘ay so‘zing ko‘p bo‘lsa bir kun.
Ko‘paygan so‘zni bo‘lgay to‘g‘risi oz,
Shakarning ko‘pidan ozi bo‘lur soz.
Avaz O‘TAR
TIL
Har tilni biluv emdi bani odama jondur,
Til vositai robitai olamiyondur.
G‘ayri tilini saʼy qiling bilgali, yoshlar
Kim ilmu hunarlar rivoji andin ayondur.
Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,
Bilmakka ani g‘ayrat eting, foydali kondur.
Ilmu fan uyiga yuboringlar bolangizni,
Onda o‘quganlar bori yaktoyi jahondur.
Zor o‘lmasun onlar dog‘i til bilmay Avazdek,
Til bilmaganidin ani bag‘ri to‘la qondur.
Alixontoʻra SOG‘UNIY
ONA TILI HAQIDA
Milliy hokimiyatimizdan hozircha ajrab turgan boʻlsak ham, milliy hissiyotimizdan ajramay, uni saqlay olsak, kelajakda dushmanlarga yutilishdan oʻzimizni qutqara olamiz. Endi bu maqsadga yetish uchun qoʻyilgan masalalarning eng birinchi sharti til masalasidir. Agar biz til adabiyotimizni kengaytirib, uning qadr-qimmatini oshirib, boshqa madaniy tillar darajasiga yetqizur ekanmiz, mana bu chogʻda millatimiz, milliy hissiyotlarimiz doimiy ravishda oʻsib saqlangʻusidir. Agar bunday boʻlmay, balki, aksincha, oʻz ona tili qadriga yetmasdan unga ahamiyat bermas ekanlar, u chogʻda koʻp uzoqlamayoq alvido aytib, oʻz tillaridan abadiy ajragan boʻladilar.
Shundoq boʻlib oʻz ona tilidan ajramoqlik, milliy hissiyotlarini yoʻqotish natijasidir. Bu ish esa insoniyat olami oldida ulugʻ xiyonat, kechirilmas jinoyat hisoblanadi. Bunday boʻldi demak, ulugʻ Turkiston ulusi Turon nasli bosqinchilar tilagicha, qurbon boʻlgan holda inqirozga uchrab, Alloh saqlasin, tarix sahifalaridagi shon sharaflik nom nishonlari oʻchiriladi demakdir.
Ismoil G‘ASPRALI
Yashasin millat! Ham yashar, chunki u tilda va fikrda birlikning zarurligini angladi. Til birligi esa adabiyot birligidir. Bu esa o‘z navbatida mehnat va harakat birligining asosi o‘laroq millatning ozodligini ta’min etajakdir.
…Xalqning ona tili bu millatning adabiy tilidir. Agar bizim qadimiy adabiy tilimizning bir halqasi Alisher Navoiy tili bo‘lsa, turli shevalardan tarkib topgan yangi zamonaviy tilimiz uning ikkinchi halqasidir.
Millatning ikki asosi bor: til birligi, din birligi. Millatning o‘zligini yo‘qotishi uchun shulardan bittasining buzilishi kifoya.
Ahmad Zakiy VALIDIY
Hatto tariximizning qadimgi davrlarida turk bo‘lmagan xalqlar orasida ozgina qolib, tilini unutgan yoki unutish darajasiga yetgan qabilalarimiz ham imkon bo‘lishi bilan oyoqqa qalqqan va boshqatdan davlatlar tuzgan… Bizning millatimiz bug‘doy donasi kabidir, tuproq orasida kichkina bir urug‘i qolsa ham yangidan uyg‘onib, butun boqqa taralur.
(Bizning vazifamiz) Din va tilimizni saqlashga kuch sarf qilish. Eng yaramas zulmlar shu ikki asosda, ya’ni din va ta’limiy til ustida olib borilajak. Bunga qarshi hech qanday uyushmani yaratib bo‘lmaydi. Chunki u Sovet muassasalari tomonidan bo‘ysundiriladi, ularning manfaatiga xizmat qilajak. Shuning uchun din va til uchun kurashni qonun ruxsat qilgan choralar bilan ham, yashirin ravishda ham olib bormoq kerak.
Abdurauf FITRAT
…Yassaviyning tilga xizmati juda kattadir. U mundan yetti yarim asr burun turkcha she’rlar yozg‘on, kambag‘allarning dardlarini kuylagan. Uning asari tilimizning yetti yarim asrdan qolg‘on bir nishonasi. U asar tilimizning yetti yarim asr burung‘i hollarini, qoidalarini ko‘rsatmak nuqtasidan juda muhimdir.
Turkcha baxtsizdir. Ming yildan beri ezila kelmishdir. Lekin, bitmamishdir. Bitmas, yashamishdir, yashar. Negakim boydir.
Abdulla QODIRIY
O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar.
Abdulla QAHHOR
Bizning juda boy, chiroyli tilimiz bor, bu tilda ifoda etib bo‘lmaydigan fikr-tuyg‘u, holat yo‘q.
ELBEK
TIL
Mungli qushim, sayrab-sayrab kel, anglat,
Kimlar erur Turk tilini sotg‘uchi?
Bulbul kabi sayrab turgan bu tilni
Uyalmayin bu o‘lkadan otguchi?
Bolday totli, jondan aziz turkchani
Tushunmayin, xo‘rlab-xo‘rlab yotg‘uchi?
Mungli qushim, ularni qo‘y, sen sayra!
Turk tilining dong‘in chiqar ko‘klarga!
Qo‘y ularni, ular yo‘ldan ozsinlar,
El ichida bo‘sh bo‘g‘uzlik sotsinlar!
MIRTEMIR
ONA TILIM
Yobonlarning cheksizligi,
Ham samumi, ham hovuri,
Onajonlar allasidan,
Qo‘z yoshidan, oq sutidan;
To‘qaylarning tengsizligi,
Jilg‘alarning sho‘x g‘ovuri,
Yigitlarning yallasidan,
Suluvlarning sukutidan –
Yo‘g‘rilgan til –
Ona tilim.
Daryolarning toshqin payti
Arslon yanglig‘ arillashi,
Dovonlarning ko‘k qiyosi,
Qorli tog‘lar jilosidan,
Cho‘ponlarning qamish bayti,
Childirmaning darillashi,
Go‘ro‘g‘lining alp siymosi,
Alpomishning da’vosidan –
Tug‘ilgan til –
Ona tilim.
Tulporlarning asovligi,
Tosh chaqishi, olovligi,
Bobolarning oltin so‘zi,
Bo‘yoqchining o‘lanidan:
To‘quvchining alg‘ovligi,
Chilangarning dalg‘ovligi,
Bu tuproqning qo‘sh ho‘kizi,
Qo‘shchisi ham qo‘lanidan –
Yaralgan til –
Ona tilim.
Shu tuproqning jon ayamas
Tarlonlari, burgutlari,
Kelinlarning dildoshligi,
Yor-yorlarning jarangidan;
Bosqinlarning bedodligi,
Buvilarning o‘gitlari,
Do‘mbiraning mungdoshligi,
Dutorning ham tarangidan –
Taralgan til –
Ona tilim.
SHUHRAT
ONA TILIM
Oh, ona tilginam, muqaddas tilim,
Bir og‘iz so‘zingga jonim tasadduq.
Bunchalar shirinsan, bunchalar so‘lim,
Bormikin ajib til sendan ham ortiq.
Sen onam tilisan, otam tilisan,
Sen bobom tilisan asrlar oshgan.
Mehrda beqiyos nozik gulisan,
G‘azabda quturib Amuday toshgan.
Sen yorim tilisan, bolam tilisan,
Nevaram-chevaram tili bo‘lib qol.
Sen mag‘rur quvonsang, o‘ssang haqlisan,
Ufqda kutadi yorqin istiqbol.
Ibroyim YUSUPOV
ONA TILIMGA
Jirov seni poyga otdek o‘zdirgan,
Chechan seni dovda toblab qizdirgan.
Alpomishlar o‘ron qilib so‘zingni,
Berdaq qurol qilib, qo‘shin tuzdirgan.
Sen chinorsan – o‘sgan qadim tomirdan,
So‘z san’ating qil sug‘urgan xamirdan.
Qoraqalpoq ko‘ngil qushi sayragay
So‘z xazinang boyigan ko‘p davrdan.
Gulbarchinlar yurak-bag‘rida gulxan,
Qizlar pinhon dardin ichiga yutgan.
Sen-la xonga ish buyurib xotinlar,
Ajiniyoz yurtin sog‘inib o‘tgan.
Naqllaring fikri teran, mag‘zi to‘q,
Hozirjavob sadog‘ingda so‘zing – o‘q.
Onam senga mehr sutin emizgan,
Otam senga bergan jasoratli ruh.
Rostgo‘ysan, rost gapirasan anqillab,
Sahroyi tovushing yangrar shang‘illab.
Yolg‘on so‘zlab, yoqishni hech bilmaysan,
Shivirlasang, g‘ozlar hurkar g‘anqillab.
Men tenglayman seni rizqim – nonimga,
O‘g‘uzxondan ruhing singgan qonimga.
Esim tanib, hech tilni yot bilmadim,
Biroq sen eng yaqindirsan jonimga.
Sozga qo‘shsam, baland uchar alasar,
Zabonimga suluvliging yarashar.
Qanday yaxshi og‘ayinning ko‘pligi!
«Yaqinmiz» deb senga ko‘p til talashar.
Dostonlarda noming ketgan ulgili,
Sen sahroning zo‘r xushnavo bulbuli.
Xalqim seni madh etadi dunyoga,
Ona tilim, sensan tillarning guli.
Tollar senday guvlagan vaqtin ko‘rdim,
Senda cho‘l shamolin shiddatin ko‘rdim,
Qora uyda Pushkin bilan Berdaqning
Sen bilan gaplashgan suhbatin ko‘rdim.
Ona tilim, men ham senga doirman –
Sen borliging uchun kuychi shoirman.
Shuncha qattol surgunlarda surinmay,
Shu kunlarga yetganingga qoyilman.
Jumaniyoz JABBOROV
ONA TILIMDA
Dunyo ishi sho‘x mavjlanadi ona tilimda,
Har bir so‘z yuz ma’noli durdona tilimda.
Izhori ko‘ngil chog‘i ipak tovlanadir ul,
Burro-yu go‘zal, go‘lib-u mardona tilimda.
Do‘stlarning shirin davrasida shaydo shakardir,
Har jilvasi bir gulxan-u gulxona tilimda.
Bor unda Navoiy ruhi, unda Bobur bor,
Har shevasi qasr ila koshona tilimda.
Dunyoda bor ilm-u hunar unda jilobaxsh,
So‘ngsiz xazina qomus-u afsona tilimda.
Erkin VOHIDOV
ONA TILIM O‘LMAYDI
Notiq dedi:
«Taqdir shul,
Bu jahoniy iroda.
Tillar yo‘qolur butkul,
Bir til qolur dunyoda».
«Ey voiz, pastga tushgin,
Bu gap chiqdi qayerdan!»
Navoiy bilan Pushkin
Turib keldi qabrdan.
Kim darg‘azab,
Kim hayron,
Chiqib keldilar qator:
Dante, Shiller va Bayron,
Firdavsiy, Bal’zak, Tagor.
«Va’zingni qo‘y, birodar,
Sen aytganing bo‘lmaydi».
Barcha dedi barobar:
«Ona tilim o‘lmaydi».
– Hey, bu qanday aqida! –
Qo‘lida tabarruk jom,
Go‘zal forsiy haqida
Ruboiy aytdi Xayyom.
Ehtirosli, otashdil
Beranje so‘rdi nolon:
– Nahotki, farangi til
Yo‘qolgusi bir zamon!
Neruda, Lorka turdi
Servantesning yoniga:
– Kim qasd etib tig‘ urdi
Ona tilim joniga!
Fuzuliy yondi:
– Ozar
Tili guldek so‘lmaydi.
Barcha dedi barobar:
«Ona tilim o‘lmaydi».
Kamalakdek rango-rang
Bo‘lsin deb san’at, tillar,
Asrlarcha qildik jang,
Armon qildik ming yillar.
Beqadr bo‘lsa, nahot,
Tillardagi tarovat!
Yo‘qoldi bu kun, hayhot,
Qabrlarda halovat!
«Faust» yondi gurillab,
«Xamsa» o‘tga tutashdi.
Bir sado jahon bo‘ylab
Taraldi, tog‘lar oshdi.
Bu sado yangrar hamon,
Sira ado bo‘lmaydi.
Olam aytar:
Hech qachon
Ona tilim o‘lmaydi!
Abdulla ORIPOV
ONA TILIM
Ming yillarkim bulbul kalomi,
O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo sho‘rlik to‘tining holi,
O‘zgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim, sen borsan, shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman!
Rauf PARFI
ONA TILIM
Hayhot, toptaganda arab va mo‘g‘il,
Hayotingning zanjirli yili,
Boshdan ne kechirding, mardona o‘g‘il,
O‘zbek tili, o‘zbek tili.
Ulug‘ tarixingga qilaman xitob,
Navoiy she’rining guli,
Kechmish zamonlarning tirik guvohi,
O‘zbek tili, o‘zbek tili.
Seni naqadarlik sevaman, ona,
Oh, yuragimning bulbuli
Bo‘lib sayragansan go‘dak chog‘imdan,
O‘zbek tili, o‘zbek tili.
Omon MATJON
* * *
Sukunat tillardir
…Oqshomning yulduzli tillari,
Gullarning iltijo tillari,
Vulqonning im-iliq tillari,
Sukunat tillardir.
Tog‘larimning og‘ir tosh tili,
Ko‘zning kiprik tili, yosh tili,
Butun samovotning bosh tili.
Sukunat tillardir.
Alangalar, cho‘g‘lar shu tilda so‘ylar,
O‘ylar, xotirotlar shu tilda so‘ylar,
Unut bo‘lgan zotlar shu tilda so‘ylar…
Shu tilni o‘ylagim keladi,
Shu tilda so‘ylagim keladi.
Sukunat – shoirning so‘zlari.
Ayta…
olmay…
ketgan…
so‘zlari.
Halima XUDOYBERDIYEVA
«ESKI O’ZBEK TILI»GA YOZUV
Mening tig‘ tilgan tilim,
Mening kesilgan tilim,
Bahaybat to‘g‘on tushib,
Yo‘li to‘silgan tilim.
Qushning unut patiday
To‘kilgan unut jonim,
Kitoblarning qatida
Rangi-ro‘yi somonim.
«Eski o‘zbek tili»mas,
Dedilar eskirgan til,
Qo‘rqib chiqarmoqqa sas,
Sandiqlarga kirgan til.
Senda bodom isi bor,
Senda bobom isi bor,
Bolam na rus, na o‘zbek,
Arosat belgisi bor.
Besh yuz yillar avvalgi
Xatni men anglayman, bas,
Men bugun aytganimni
Bolam ba’zan tushunmas.
Ko‘kragimda dod qotgan,
Yaqinlashar katta xavf,
O‘z tilini yo‘qotgan
Xalq bo‘lmasmi yerdan daf.
Oldga, safarbarlikka
Qanday yaraydi bolam,
Ortidagi jarlikka
Qanday karaydi bolam.
Uni kim qilib qo‘ydim,
Kim bo‘ldi og‘am-inim,
Tomir-tomirim kuydi,
Sindi bo‘g‘in-bo‘g‘inim.
Guli unut xalq bo‘ldik,
Lo‘li unut xalq bo‘ldik,
Ommaviy gunglik sodir,
Tili unut xalq bo‘ldik.
Umrimning shom, kechiga
Shu o‘y sanchilib turib,
«Lug‘atit-turk» ichiga
Yoshim tomchilab turib,
Dedim: – Tig‘ tilgan tilim,
Mening kesilgan tilim.
Anvar OBIDJON
OTA O‘GITI
Har bitta so‘z – suvdek aziz,
Har bitta so‘z – nondek uvol.
Til boyligin bog‘ deb bilsak,
Har bitta so‘z – bitta nihol.
Biron so‘zni isrof qilmoq
Bir ko‘chatni yulmoqlikdir.
Bora-bora otameros –
Bog‘ni xarob qilmoqlikdir.
Ey, bolam, yot yurtga borsang,
Ne atalur eling, derlar.
Qay millatning vakilisan,
Bormi ona tiling, derlar.
Shunda mening qutlug‘ tilim –
Navoiyning she’ri, degil.
Yurtim – Ulug‘beg-u Bobur,
Amir Temur yeri, degil.
Ayt g‘urur-la, Beruniylar,
Farg‘oniylar ajdodim, deb.
Koshg‘ariylar darsin tinglab,
O‘tkirlangan savodim deb.
Shukur QURBON
ONA TILIM
Yuragimning qoshida
Sayrab turgan bulbulim,
Sensiz ochilmas gulim
Ruhiyat bo‘stonimda,
Ona tilim, jon tilim.
Qadim ajdod qonida
Seni tanidi dunyo,
Insoniyat tongida
Berding qalbdan aks-sado.
Suvrat bo‘lib chekilding
G‘orlar ichra birma-bir:
«Ona qo‘shuv bola», sevmoq bu,
«Yurak qo‘shuv yoy o‘qi» – sabr.
Ashshuriy, bobil, okkad
Taraqqiyoti bir yon,
Bir yon bo‘ldi quyoshli –
O‘lka quchgan sharaf-shon.
Ma’naviyat ufqida
Noming mangu aylandi.
Shumerlar mixxatiga
Ohanglaring joylandi.
Tosh, deganni kim-kimlar
Tepib o‘tmagan befarq,
Lekin sen bois uni
Boshga ko‘tardi bashar.
Misli ong dengizida
Zarrin mavj bo‘lib qalqding.
Buyuk «O‘rxun–Enasoy
Yozuvlari»da balqding.
Shakl – misli libosdir,
O‘zgarar o‘tib zamon.
Ayniqsa, bosqinchi yov
Bo‘lsa boshda hukmron.
Ayniqsa, u bor yerda
So‘zlashsang o‘z tilingda,
Bilmay xunob bo‘lsa u
Ne borligin dilingda.
Zo‘rlab-da o‘z yozug‘in
Peshonangga o‘yar u,
Yot tilda chuldiratib
Tomoshangni ko‘rar u.
Biroq mazmun-mohiyat
Hokim erur shaklga.
Arab imlosi bo‘yin
Egdi turkiy aqlga.
Navoiyday farzanding
Dunyoga keldi shu kez.
Seni deb sarg‘ardi u,
Qon tupurdi erta-kech.
Parvoz etib nazm aro,
Osmonlarga urding bosh,
Lekin tuproqni qo‘msab,
Pinhona to‘karding yosh.
Ta’zimda bo‘y-bastingga
Yetmish olam bosh egdi.
Go‘zal «Boburnoma»da
Oyog‘ing yerga tegdi.
Yer dardlari shu ondan
Seniki bo‘ldi butkul,
Falakdan baxt so‘radi
Mashrab – isyonkor o‘g‘il.
Yana shoir zarur bo‘ldi
Sening so‘z minbaringga,
Ona-tilim, chiqdi shoir
Turdi, yarab koringga.
Muqimlikni ko‘rding yillab,
Yig‘lab yurding furqatda.
Ko‘plar seni unutdi
Davomli bu kulfatda.
Tumtaroq xonliklardan
Turfa jaholat qoldi.
Kim necha yillar yanglish
Xalqim omi sanaldi.
Kim aytar «bu g‘alvirdan
Oson o‘tdi vatanim».
Men aytarman, «ne baxtki,
Omon o‘tdi vatanim».
Bois – har so‘zing uni
Kelajakka chorlardi.
She’riyat osmoningda
Cho‘lponlaring porlardi.
Yangrarding avj pardada
Yana-da hur, yana shan.
Lekin, odat, boqdilar
Senga ham hasad bilan:
Bir burchakda to‘planib
Til bilmas uch-to‘rt g‘alcha,
Farzandlaring boshiga
Musibat soldi qancha.
Kitob ko‘targan kimsa
Tahlikali ko‘rindi,
Nonday aziz bitiklar
Yerga pinhon ko‘mildi.
Asil shoirlaringni
Xalq dushmani dedilar,
Qarg‘adilar, so‘kdilar,
Bir-bir boshin yedilar.
Shoirni o‘ldirarlar,
O‘ldirib bo‘lmas so‘zni.
Sen tirik qolding yana,
Xalqimning ko‘rar ko‘zi.
Ne tong, Mustaqillikning
Shamollari esib shan,
Olding davlat maqomin
Qancha til aro rasman.
Peshonangga taqdirning
Saodati yozilgan.
Bugun senda Qur’oni
Karim, hadis bosilgan.
Men ham – ulug‘ligingga
Orqa qilgan qalamkash.
Senda qanday kuyladim,
Elga havola yakkash.
Tasodif ko‘p dunyoda,
Shoir bo‘lsam-da bir kun –
Hikmating men uchun bu,
Muruvvating men uchun.
Bo‘lolmasam, ayb menda,
Sevolmabman seni, oh.
Har ikki holatda ham
Senga sodiqman biroq,
Ona-tilim, jon tilim.
Zero men senikiman,
Sen tuygan zavqnikiman,
Sen kuygan qayg‘uniki,
Ona-tilim, jon tilim.
Sen mangusan, baqosan,
Men esam – o‘tkinchi zot.
Sen hamisha bahorsan,
Men – lahzalik xotirot.
Ona tilim, jon tilim.
Sensiz men so‘ladirman,
Devona bo‘ladirman.
Tuqqanimga yetti yot
Begona bo‘ladirman,
Ona-tilim, jon tilim –
Yuragimning qoshida
Sayrab turgan bulbulim.
Xurshid DAVRON
ONA TILIM
Kelib ketdi necha dunyolar,
Kuldi hayot, yig‘ladi o‘lim.
Sen deb qurbon bo‘ldi bobolar,
Ular ketdi, sen qolding, tilim.
Belanchaging uzra Koshg‘ariy
Kuylab o‘tdi qadim navoni
Va navqiron yaproqlaringga
Dil qonini berdi Navoiy.
Samarqanddan Bobur ketarkan
Dilda bo‘g‘ib hasrat sasini,
Olib ketdi ona yurtidan,
Turkiy tilim, birgina seni.
Mashrabmas, sen osilding dorga,
Nodiramas, sensan so‘yilgan
Hoziqningmas, sening, ey tilim,
Boshing ayru, ko‘zing o‘yilgan.
Ammo dushman o‘ldirgan botir
Tirilgandek yana qasosga,
Mangu borsan va mangu qodir
To‘ldirmoqqa yerni ovozga.
Vatan uchun baxsh etib jonni,
Kechib olov, kirib daryoga,
Farzandlaring to‘kkan har qonni
Shimirding sen o‘xshab giyohga.
Ona tilim, omon bo‘l mangu,
Sen borsan-ki men ham o‘lmayman,
Tildan qolsam, seni Oybekday
Men ko‘zlarim bilan so‘ylayman.
Muhammad YUSUF
ONA TILIM, KECHIR MENI
Garchi zug‘um qilganlarni yoqtirmadim,
She’r yozdimu bo‘lak ishni qotirmadim.
Tilim turib o‘z tilimda gapirmadim,
Bir eslasam eziladi bag‘ri-dilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Onam «erkam» deb quchganda tunlar yarim,
Erkim yo‘q deb zirqirardi bir joylarim,
Parovozni hansiratgan bug‘doylarim,
Oltinlarim, ma’danlarim, ipaklarim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Kimlar uchun biz edik bir badaviylar,
O‘zbekni qon qaqshatganni o‘zbek siylar,
Holimizni qon kuzatdi Yassaviylar,
Topganimiz handalakdek tilim-tilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Kimdir mayda millat bo‘ldi, kimdir katta,
Katta millat – Afandisi yo‘qdir hatto,
Biz piyoda, biz boqqanlar yurdi otda,
Zulm o‘tsa faqat sendan o‘tdi zulm,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Sen bo‘lmasang nima bizga silliq she’rlar,
Bu dunyoda tili yo‘qda dil yo‘q derlar,
Bahoing-ku berib ketgan Alisherlar,
Yuragimning to‘ridagi so‘lmas gulim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Bir qarasam, har shevangda ming jilolar
Har novdangda, har mevangda ming jilolar.
Qodiriylar, Cho‘lponlar-u, Abdullolar,
Sening qaytgan kuning men tug‘ilgan yilim,
Ona tilim, ey muqaddas Ona tilim.
Nazar SHUKUR
“DЕVONU LUG‘OTIT-TURK”
Sochilib ketgandi xalqim har taraf,
Sochilib ketgandi so‘zlar ham butun.
“Oq tanli” til edi forsiy va arab,
Turkiy til – “qora tan”, turkiy til – yupun.
Oxir turkiy so‘zlar chidolmadi, bas,
Bari til topishdi,
Bari sirlashdi.
Yo‘q, Qullik bayrog‘i ostida emas,
“Devonu lug‘otit-turk”da birlashdi!
Farida AFRO‘Z
ONA TILIM
“Ona tilim!” desam, birdan,
Turku Turon bosh ko‘tarar,
Tosh bitiklar, O‘rxun xati,
ilmu urfon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, nogoh,
Qad rostlaydi “Alpomish”lar,
“Go‘ro‘g‘li”yu “Kun tug‘mish”lar,
qadim arkon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, yo, Haq,
Moturidiy, Zamaxshariy,
Buxoriylar qonda yoqqan
nuri Qurʼon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, masrur,
Beruniyning qomuslari,
Ibn Sino malham tutgan
dardga darmon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, mag‘rur,
Yarim jahon tilga kirar,
Silsilasi zilziladay
Sohibqiron bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, abad,
Navoiydan navo kelar,
Besh qitʼaga nur taratgan
beshta doston bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, shahdam,
Saf tortgaydir Ulug‘beklar,
Ali Qushchi hushin olgan yulduz,
osmon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, yo, Rab,
So‘z yonadi otash misol,
Mashrabini dorga osgan
g‘ofil arqon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, yig‘lar,
Uvaysiylar, Nodiralar,
Momolarim nazm etgan
latif Ho‘qon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, o‘rtab,
Shahid ketgan Qodiriylar,
Avloniylar, Usmon Nosir,
Fitrat, Cho‘lpon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, titrab,
G‘ofur G‘ulom, Oybek, Qahhor,
Mirtemirlar umrin yegan
buyuk armon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, shaksiz,
Haqqim ko‘pdir dunyolarda,
Buyuklarni bot-bot bergan
pokiza qon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, bugun,
Ajdodlarim, qarang, qarang,
Yana Sharqdan yangilangan
O‘zbekiston bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, endi
O‘z tilimda O‘z Bekka xos,
Men so‘z aytsam, bani bashar,
jumla jahon bosh ko‘tarar.
Sirojiddin SAYYID
KIM TILNI BILUR – ELNI BILUR
(Avaz O‘tar g‘azaliga muxammas)
Gar ushbu Vatan bizga azal ota makondur,
Sultonlaridin sha’ni aning ro‘yi jahondur.
Kim tilni bilur – elni bilur, shoniga shondur,
Har tilni biluv emdi bani odama jondur,
Til vositai robitai olamiyondur.
To yog‘masalar boshingiza ta’nayu toshlar,
Toshdin ham qatiq bo‘lgusidir ilm ila boshlar,
Ey siz, qorako‘zu qorasochu qoraqoshlar,
G‘ayri tilini sa’y qiling bilgali yoshlar,
Kim ilmu hunarlar bilaki andin ayondur.
Bo‘lmas kishiga ko‘rku husn so‘zni gulidek,
Har tilni biluv – dilni biluv, dilni – elidek,
Tilni yo‘li ham shoh jahongirni yo‘lidek,
Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,
Bilmakka oni g‘ayrat eting, foida kondur.
Haq sizga beribmish suvingiz ham dalangizni,
O‘z bog‘ingizu, qir-adiringiz, lolangizni,
Teng aylab jahon ahliga kuch-hafsalangizni,
Ilmu fan uyiga yuboringlar bolangizni,
Onda o‘qug‘onlar bori yaktoyi zamondur.
Umr o‘tgusidur suv kabi yo suvdagi xasdek,
Dilbandlaringizning bari daryoyi havasdek,
Ilm olmasalar umr bo‘lur tiyra qafasdek,
Zor o‘lmasun onlar dag‘i til bilmay Avazdek,
Til bilmaganidan oni bag‘ri to‘la qondur.
Odil IKROM
QUSH TILI
Meni boshlab ketar bir kun qadringga
Armonim ko‘milgan yolg‘izoyoq yo‘l.
Eng uzun afsona so‘ylar qarshingda
Ohiga osmonlar yetmagan bir qo‘l.
Benavo tuyg‘ular ochirmaydi ko‘z,
So‘zlarim to‘kilar yurakka sig‘may.
Bo‘g‘zimda qaltirab turibdi bir so‘z,
Filofida qolib zanglagan tig‘day.
Ko‘ngildan chiqmadi men suygan kalom,
Tilimni tushunmas yoru do‘stlarim.
Nomingdan yo‘llaydi samoviy salom
Qanoting ostiga olgan so‘zlarim.
Yig‘loqi bulbullar qoldi benavo,
Quzg‘unlar to‘dasi aylaganda daf.
Tanish qarg‘alarni bilmadim, ammo
Men bilgan chumchuqlar chirqillar benaf…
Kuylarim sabrsiz sukut ichradir,
Shovqinlar ostidan chiqmadi butun.
Ohanging oldida tilim qisqadir,
Osmoning ostida qo‘llarim – uzun.
Entikib ketadi ehtiroslardan
Bag‘ringda o‘lgisi kelgan bir vujud.
So‘zingdan iqtibos keltirolmayman,
Senga keltiraman yurakdan sujud.
O‘q tekkan oqqushday qoldi oh urib
Meni tiriltirgan jimjit hasrating.
O‘zimni o‘zimdan asramay turib
Sen meni o‘limdan nechun asrading?!..
Surur sahrosiga izlayman ma’vo,
Dardlar daryosiga sohil yollayman.
Kimdan qo‘rqishimni angladim, ammo
Qachon qo‘rqqanimni eslay olmayman.
Men seni oldinroq topmadim nechun,
Nechun ketolmayman jonimdan to‘yib?..
Tilsiz orzularim yig‘laydi beun,
Armon yelkasiga boshini qo‘yib.
O‘tib ketaman jon talvasasida,
Fursatim qisqadir, yo‘llar – cho‘zilgan.
Ishqning so‘nggi manzil, martabasida
Ba’zan tildan qoldim, ba’zan ko‘ngildan…
Bir kun boshlab ketar g‘am kulbasiga
Tilini yolg‘iz men tushungan yig‘i.
Yaraqlar do‘zaxiy sham shu’lasida
Tandan sug‘urilgan jonimning tig‘i…
A’zam O‘KTAM
TIL
Kech edi. Izlagay odamimiz yo‘q,
Bizning esa borar joyimiz.
Tavakkal deb kirdik bir uyga,
Huv qadimgi musofirlardek.
“Tiq-tiq” qildi eshik.
Mezbon yuzi yorishib ketdi –
Mahbusxona devorin chertib
“Gaplashganlar” yuziga o‘xshab.
Bildim shunda bilmaganimni –
Nedir hijob, taqvo degani.
Sig‘mayapman endi hech yerga,
O‘xshayman to‘qayda qolganga.
Jannat bo‘yi ufurar undan,
So‘zi yo‘q,
Eng boy, go‘zal til.
Chet tilimi, ona tili bu?
Jannat bo‘yi ufurar undan,
Tuydim farishtalar sharpasin.
Qurgim kelar shundayin suhbat,
Vidolashgim kelar shu tilda.
Eshqobil SHUKUR
MILLAT VIJDONI
Safma-saf o‘tarkan ellar karvoni,
Tarixlar, zamonlar dovonlarida.
Porlab ko‘rinadi millat vijdoni
Hazrat Navoiyning devonlarida.
Mangu safardoshlar So‘z va Haqiqat,
Nur bermish azalning chiroqlariga.
Yastanib yotadi buyuk mamlakat
“Xamsa”ning muborak varaqlarida.
Bunda har bir satr – besh yuz yillik yo‘l,
Har so‘z farishtaday silkitar qanot.
Har bir umidvorga uzatadi qo‘l
Baytlar orasidan Hikmat va Najot.
Ona Til, Ona Yurt, aziz Ona Yer,
Ajdodlar ruhi bu, avlodlar shoni.
Bu jahon mulkida hazrat Alisher,
Ma’no olamining O‘zbekistoni.
Bobo Tarix o‘zi haq so‘zga roviy,
Vaqtni-da kesolgay rost qalam shaxti.
Olti asr bo‘ylab hazrat Navoiy –
Tafakkur poytaxti, Tuyg‘u poytaxti.
Safma-saf o‘tarkan ellar karvoni
Tarixlar, zamonlar dovonlarida.
Porlab ko‘rinadi millat vijdoni
Hazrat Navoiyning devonlarida.
Zebo MIRZO
ONA TILIGA QASIDA
Hali bashariyat murg‘ak uyquda
Bilmaganda qalam, harfu imloni.
U tog‘lar ko‘ksiga gul qilib chizdi,
Gul deya anglatdi yorug‘ dunyoni.
Odamlar qulonlar ortidan quvib
Jonlig‘ keltirganda omoch-molaga.
U buloq suvini uzatdi quyib,
Gul bargini bitib loy piyolaga.
Balki o‘sha tasvir, balki o‘sha sir
Havvoning Atoga bo‘lgan dilidir?
Bilaman, qaysi so‘z bo‘lmasin o‘sha,
U mening yuragim – O‘zbek tilidir!
Bobolar tili bu, ey Ona tilim,
Sendan kelar olis dala-dasht isi.
Uchar arg‘umoqlar qanotida sen
Qoldirgan izlarda kurashlar izi.
Sen demaysan: “O‘ldir, yondir, qasos, qon!”
Sen degaysan: “Bag‘rim, sevaman, ishon!”
Million yillik ochiq dasturxoningda
Bug‘doy so‘zu bug‘doy yuragingdir non!
Samo uzra sochib lavh xattoti
Hikmatlar kitobin etganda tamom.
Bir so‘z-la jam qildi ajdodlar yodin
“Qutadg‘u bilik”ka Xos Hojib bobom!
Kimdir buzib o‘tar, kim esa tuzib,
Baxt na Maqdun, Chingiz olgan taxtdadir!
Qilich soyasida jannatdir, va lek
“Kuch birlikda, qudrat Adolatdadir!”
O‘ylaganmi tarix ming yillar nari
Ko‘rayin deb dunyo o‘zbeklarini.
Sohibqiron tutgan tug‘ bilan g‘olib
Tuzganida “Temur tuzuklarini!”
Olis yulduzlarga cho‘zib qo‘lini
Zamin izlaganda yillar qa’ridan,
Yorqin tafakkurning yorug‘ yo‘lini
Topdi Ulug‘bekning jadvallaridan!
Sen – osmon ilmini bitguvchi kitob,
Senda giyohlarning rangin tushlari.
Senda ochiladi axir bobma-bob
Milliard yulduzlarning nurtovushlari…
Sen – maysalar tili, bulbul ko‘z yoshi,
Sen – she’rning qanoti, ruhdir mukammal.
Besh doston besh qit’a bo‘lib porladi
Navoiy hayratdan she’r aytgan mahal!
“Oson emas bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasig‘a panja urmoq!”
She’r ahli yuz yillab tuzgan dunyoni
Bir sher panjasi-la oldi u biroq!..
Hazrat Navoiydan qolgan qutlug‘ so‘z,
Ilohiy ilhomdan yaralgan tilim.
Boburni yig‘latgan, yetti iqlimga
“Boburnoma” bo‘lib taralgan tilim.
Seni unutmadim istibdod chog‘i
Har lahza qonimda qilichdek o‘sding!
Chirmab kelganida zulmat quchog‘i
Qalbimni quchoqlab nur bo‘lib to‘sding!
Qadim ohanglardan men seni topdim
Izladim tafakkur osmonlaridan.
Bir buyuk xalq bo‘lib chiqib kelding sen,
“Go‘ro‘g‘li”, “Alpomish” dostonlaridan.
Kim seni tanimas, tan olmaydi kim,
Kamtar kamolingni maqtash shart emas!
Futbol maydonida eng odil hakam,
Shaxmat qirolining yurishiday bas!
Olimp sahnasida o‘zbek kurashi,
Bugun dunyo bilar “yonbosh”, “chala”ni.
Halollik yo‘lini o‘rgatding jangda
O‘rgatding mehrning siri – allani!
Hatto do‘ppisning chetida bir she’r,
Kashtali ko‘ylagin yoqasi – g‘azal.
Jannat eshigini ochguvchi bir sir –
O balki, o‘zbekiy kalomdir azal!
Sen – tilim tagida turgan achchiq tosh,
Sensiz men hech kimman, yo‘qdirman, bildim!
Sen – tirik xazina, sen – tirik afsun,
Seni angladim-u, dunyoga keldim!
Qisinib-qimtinib yurmayman chetda,
Kibr yo manmanlik emas falsafam.
O‘zbek kalomida Iymon, Nomus, Or
Va ikki dunyoning saodati jam!
Sen – muxabbat tili hamda erk tili,
Sen borki, Haq bilan sirlashamiz biz!
Sen jasorat tili va mardlik tili,
Sen borki, xalq bo‘lib birlashamiz biz!
Salim ASHUR
ONA TILIM
Parcha toshga mangu umr baxsh etgan
Ona tilim.
Qoyalarga boqiy bitik naqsh etgan
Ona tilim.
Ko‘zlarimga dunyoni chin ko‘rsatgan
Ona tilim.
Otam, onam, kimligimni o‘rgatgan
Ona tilim.
Mudrab qolsa, butun xalqni uyg‘otgan
Ona tilim.
Kitoblarda yongan, goho muz qotgan
Ona tilim.
Bir millatni bir Vatanga jamlagan
Ona tilim.
Farzand uchun cho‘ng tarixlar g‘amlagan
Ona tilim.
Tandirlarda onam yopgan issiq non –
Ona tilim.
Tuproqlarga tashlamayman hech zamon –
Ona tilim.
Har o‘zbekka qismat, or-nomus bo‘lding,
Ona tilim.
O‘zgalarga qiyomatli do‘st bo‘lding,
Ona tilim.
Bir bolangman, ustim yopding sovqotsam,
Ona tilim.
Men qalqonman birov senga tosh otsa,
Ona tilim.
Daholarga alla aytgan oltin beshik –
Ona tilim.
Bulbullardan yosh oqizgan oltin qo‘shiq –
Ona tilim.
Qulog‘imga tilla ishqdek quyilgansan,
Ona tilim.
Yuragimga ismim bo‘lib o‘yilgansan,
Ona tilim.
Iqbol MIRZO
OTA TILIM, O, ONA TILIM
Qat-qatingda ko‘rinur fe’lim,
Yuragimsan, qalbim va dilim.
Birlashtirding, xalq bo‘ldi elim,
Ota tilim, o, Ona tilim!
Bilga hoqon hayqirig‘i sen,
Qoshg‘ariyning chaqirig‘i sen,
Tangriqutning adl tug‘i sen,
Ona tilim – yagona tilim!
Senda suron solmishdi Temur,
Senda sobit qolmishdi Temur,
Bir so‘z-la yurt olmishdi Temur,
Ona tilim – mardona tilim!
Toyg‘oq, Arab-Ajamdan to Chin
Qanot yoyding misoli lochin.
Xurosonda ochding quloching,
Ona tilim – durdona tilim!
Alisherning ilkida chechak,
Kimga mehnat, kimgadir emgak.
Shayboniydan armonli ertak,
Ona tilim – afsona tilim!
O‘raltovlar qayragan tilim,
Hindi elda yayragan tilim,
Sanduvochlar sayragan tilim,
Ona tilim – mastona tilim!
Sog‘inganlar seni deb ado,
Vidolarda berursan sado.
Yaxshi so‘zsan, men senga gado,
Ona tilim – shohona tilim!
Ikrom ISKANDAR
ONA TILIM
Sen g‘ururim, iftixorim, sharafim, shonim,
Hayotimsan, tomirimda jo‘sh urgan qonim,
Alla aytib ulg‘aytirgan yorug‘ jahonim,
Ona tilim, jon-u dilim, omon bo‘l mangu!
Tarixingga boqsam, ming-ming yillar qadarsan,
Asrlarni tutashtirgan ezgu xabarsan,
Sen xalqimning yuragisan, chin mo‘tabarsan,
Ona tilim, jon-u dilim, omon bo‘l mangu!
Navoiysan, mo‘jizalar yaratgan o‘zing,
Har bir dilni bulbul kabi sayratgan o‘zing,
Vatan nomin dunyolarga taratgan o‘zing,
Ona tilim, jon-u dilim, omon bo‘l mangu!
Bugun ozod yurtda sening e’zozing baland,
Jahon aro yangrab turar ovozing baland,
Qanoting yoz, doim bo‘lsin parvozing baland,
Ona tilim, jon-u dilim, omon bo‘l mangu!
G‘ayrat MAJID
ONA TILIM
Manim oftoblarim, manim oylarim,
Toshbitigim – O‘rxun-Enasoylarim.
Faqat yuragimga ayon o‘ron*im,
Ona tilim – jonim O‘zbekistonim.
Bu jahon ichinda bir jahon tilim,
Otajon tilimdir, onajon tilim.
Olis-olislardan kelgan dardlarim,
Mahmud Qoshg‘ariydan meros xatlarim.
Olam aro mening shajaram, ko‘rkim,
Ildizim – “Devoni lug‘otit turk”im.
Ruhim eshigini kelgaydir ochib,
O‘n asr naridan Yusuf Xos Hojib.
So‘zlar ganji birlan to‘qdir iligim,
“Qutadg‘u bilig”dir qutlug‘ biligim.
Ne uchun toliblar bo‘lmasin zakiy,
O‘zi til o‘rgatsa Ahmad Yugnakiy.
Haqning tuhfasiga tom loyiqdir ul,
Anglasang, “Hibat ul haqoyiq”dir ul.
Payg‘ambar hadisi – ne’matlarga boq,
Undan bahra olgan hikmatlarga boq.
Kim Ahmad Yassaviy so‘zini bilmish,
Haqni, Rasulini, o‘zini bilmish.
Bizlarga Tangrining atoyi – tilim,
Mavlono Lutfiyyu Atoyi tilim.
Bitgaydir ichimni to‘ldirgan hasrat,
Tavajjuh qilsalar Navoiy hazrat.
Bori tillar ichra rutbam tayindir,
Bu “Muhokamat ul lug‘otayin”dir.
Qo‘limdan qo‘ymayman “Boburnoma”ni,
Vatanga muhabbat – taqdir nomani.
Yuragimga yuqqan dard-ohi bilan,
Hayotim nurlidir Ogahiy bilan.
Oshiq dil maqsudu matlabi undan,
Tarjima san’atin maktabi undan.
Vatan, til mangudir, kishi bor – o‘tar,
Qay dilda shu so‘z bor – u Avaz O‘tar.
Vosita, robita, olamiyon – til.
Bani odamga jon, foida kon – til.
Daraxtdan uzilgan yashil barglarim,
Oh, juvonmardlarim – juvonmarglarim.
Hayotim to‘lagan o‘lponlarimdir –
Fitratu Qodiriy, Cho‘lponlarimdir.
Millatning, Vatanning joni til bilan,
Shuhrati, shavkati, shoni til bilan.
Hayot yo‘li bizga oina – ibrat,
Behbudiy, Sidqiyu Is’hoqxon Ibrat.
Bildim, iymon uchun zo‘r qo‘rg‘on – tilim,
Yo‘lim ham, dilim ham charag‘on tilim.
Tilga xiyonatni kechirmaydi dil,
Elga xiyonatni kechirmaydi el.
Tilga sadoqat bu – elga sadoqat.
Elga sadoqat bu – tilga sadoqat.
Manim Mahshargacha ravon yo‘lim bu,
Olam ayvonida mangu tilim bu.
Yuragim tarannum etgan bayotman,
Turkiy tilim bordir, men barhayotman.
Shodi OTAMUROD
ONA TILIMGA
Otamning merosi, tilim, o‘zingsan,
Onamning siymosi, tilim, o‘zingsan.
Millatning maʼnosin topganman sendan,
Hurriyat havosin totganman sendan.
O‘rxun-Enasoyda ko‘z ochgan tilim,
Ilk bor Qoshg‘ariyda yuz ochgan tilim.
Qadim bitiklarga yetgan ildizing,
Ko‘kda yaraqlagan bugun yulduzing.
Quvvatga to‘lmog‘ing Navoiydandir.
Dilga tug‘ bo‘lmog‘ing Navoiydandir.
Hazratning nazmidan to‘kilgan durlar,
Mangu xazinanggga baxsh etgan nurlar.
Quyoshdek balqiding fikr, onglarda,
G‘olib o‘tmoqdasan asriy janglardan.
Boburning jomida so‘z jarangi bor,
Munis ohang birla ajib rangi bor.
Mashrabim so‘z bilan haqning zorimi,
Shoirni chorlagan so‘zning dorimi.
Nodira to‘xtamas nega yig‘idan,
Qoni to‘kilganmi sheʼrning tig‘idan.
Sen ulkan kemasan so‘z ummonida,
Gavhar tersam qani dil xirmoniga.
Yuragimning ko‘rkam libosi, o‘zing,
Maʼnosi, navosi, aʼlosi o‘zing.
Bolam davom aylar ota so‘zimni,
Sensiz bosolmagay mening izimni.
Tilim, sen xalqimning shamchirog‘i bo‘l,
Uyg‘onsin, beshikning qo‘ng‘irog‘i bo‘l.
Jo‘rabek RAMAZON
ONA TILIM
Olamshumul sado bo‘lib yangrading
To‘marisning metin qalqonlaridan.
Men esa nomingni topmoq istadim
Navoiy va Bobur devonlaridan.
Nodira qalbiday kuylasang yonib,
Poyingga tiz cho‘kar Ko‘hiqof tog‘i.
El yashamoq bo‘lsa sendan-da tonib,
Bukila boshlaydi Hisor oyog‘i.
Olamni larzaga solgan to‘rtta harf
To‘rt tomon emaklab ketdi to‘xtamay.
Unutsam, umrimning go‘zalligi hayf,
Kuylash kerak boshqalarga o‘xshamay.
Qodiriy bo‘lmadim, bo‘lmadim Cho‘lpon,
Umr – uzun arqon, dil – qorong‘u uy.
Yuragim jonimdan so‘rganda o‘lpon,
Sizilib chiqadi tomirimdan kuy.
Yurak, aylan Danko qalbiga endi,
Kubro misol shior tanla, vijdonim.
Ko‘zimiz yoshidan chechaklar undi,
Baxtdir o‘z tilingda kuylamoq, jonim!
Dadaxon MUHAMMADIYEV
O‘ZBЕK TILI
O‘lyapman,
Hech narsa qolmadi tirikligimdan.
Boshimda shlyapa,
Egnimda plash,
Oyoqda ajnabiy poyabzal.
O‘lyapman,
Har kecha musiqa chalaman
Bir ajib begona ohangda,
Sozlayman begona sozlarni.
O‘lyapman,
O‘likmi-tirikmi tilim bor,
Bog‘langan, kesilgan, toptalgan.
Yilda bir eslanar, eslansa…
Peshonamda tamg‘a:
Bir zamon
“O‘limga mahkum” deb bosilgan.
O‘lyapman,
O‘zligimni ko‘rsam,
O‘zimni ko‘rsam.
Faqat turkiy tilda “o‘lmaysan” degin,
O‘zbekcha ohangda asrab qol meni.
Mansur JUMAYEV
ONA TILIM
Odam soʻramasa, hayot tutmas bol,
Ot chopmasa, shamol oʻpmas yolini.
Bir bor koʻrganmisiz tildan qolgan chol
Va tili chiqmagan goʻdak holini?
Til bilan tirikdir yer uzra har kim,
Uningsiz vujudga baxt ham sigʻmaydi.
Tildan qolgan bobo ingraydi sim-sim
Va tili chiqmagan goʻdak yigʻlaydi.
Oynaga toʻsh urgan notavon qushday,
Bezabon el chiqmas ozod hovliga.
Yo tildan qolgan chol holiga tushgay,
Yo tili chiqmagan goʻdak holiga.
Mening ona tilim, sen sabab izhor
Qiloldim sevgimni – uygʻoq nafasman:
Demak, tildan qolgan cholmasman zinhor,
Yo tili chiqmagan goʻdak emasman!
Islom QO‘CHQOROV
ONA TILIM
Tuyg‘uning shaklini kim ko‘ribdi ayt,
Mehrning taftini o‘lchaganmisan?
Ichingdan bir qo‘shiq kelavergan payt
Ruhing bilan unga kuy chalganmisan?
Ortidan mastona bo‘lib borsamu
Eng toza tuyg‘ular aylasa ogoh.
Qadrdon bekatda tushib qolsamu,
Kulib qarshi olsa avtoturargoh.
Issiq kulcha yuzli issiq chehralar
Jonimga cho‘g‘dayin o‘t tutashtirsa.
Musicha singillar, oq gulchehralar
Nurdayin go‘shada bir uchrashtirsa.
Sog‘inch bo‘lib kirsam va yo kuy bo‘lib,
Mudom shunday uyg‘oq ruh kabi kelsam.
Poyingga bosh ursam va ko‘ksim to‘lib,
O‘z ona tilimda onajon desam.
Xurshid ABDURASHID
ONA TILIM
Bir xo‘rlanib, bir zo‘rlanib, bir majhurlanib,
Tilimlanib-tilimlanib, dog‘ ustiga dog‘.
Olifta ul so‘zlar ichra og‘rib, siqtanib,
Ingroq bilan, titroq bilan yashab qoldi sog‘.
Zulm etdilar, ahvoliga qaramadilar,
Qotil chiqsa – ich-ichidan ko‘kargan qotil.
Bu shovqinli zamonada holing ne bo‘lar,
Cho‘lpon tili, Fitrat tili – ona turkiy til!
Navoiy deb og‘zimizga to‘ladir ko‘pik,
G‘ar(i)blashib borar bunda tiyiqsiz zabon.
Sayoz keldi, nochor keldi, yov talagandek,
Koshg‘ariydan yuborilgan muhtasham karvon.
Bir chashmaga bir kaft tuproq sochilar ekan,
Loyqalanar go‘zallikning oydin ko‘zlari.
Yaltir-yultir zamonaning qobirg‘asidan
Yog‘iladi o‘zga tilning bodi so‘zlari.
Loqaydlikning jabri axir og‘irdan og‘ir,
Ona tilim, qancha qiyin senga – bilaman.
Sen-ku, axir millat uchun baquvvat tomir,
Ildizimga qurt tushmasin, duo qilaman.
Tildoshlarim, eldoshlarim, bu xo‘rlik basdir,
Shaylanaylik tilimizga qo‘riqchi bo‘lib.
U bobolar qoldirgan bir MЕROS emasdir,
Tilni bizga qoldirganlar OMONAT qilib!
Navoiylik ALISHER
DAVLAT TILI
Uch daryodan suv ichgan dengiz,
Dunyo sathi bo‘yida bir iz,
O‘xshashi yo‘q benazir, tengsiz,
So‘zlashamiz o‘zbekchada kel,
O‘z tiliga ega bo‘lgan el.
Dehqoning ham shoirdir hassos,
Ketmon – qalam, shudgoring – qog‘oz,
Cho‘ponlaring birday tilshunos,
So‘zin tinglab sel bo‘lasan sel,
O‘z tiliga ega bo‘lgan el
«Yaral» dedi: birinchi kalom,
Ming zabonda aytildi salom,
Qush tilida bayt bitmish bobom,
Endi mahkam bog‘lagaysan bel,
O‘z tiliga ega bo‘lgan el.
Tarixing boy, kelajak yorqin,
Bolalaring – Navoiy xalqim ,
O‘zbekiston oyoqqa qalqqin,
Kam emas-ku axir o‘ttiz yil,
O‘z tiliga ega bo‘lgan el.
Mеhrinoz ABBOSOVA
OLTINSOCH
Kirib keldi sinfga
Kokilin o‘ynagan qiz
Ko‘zlariga zangori
Osmonni joylagan qiz.
Yuzlari oppoq biram,
Sochlari naq oltindan,
Ajab, qiziq bo‘larkan
Oyni ko‘rish yaqindan!
Yangi mehmon oldiga
Yopirildik odatiy.
Ayta olmay ismini,
Oltinsoch deb atadik.
Billur nigohlaridek
Toza erur niyati.
Bu o‘ris qiz bizga hech
Begona tuyilmadi.
Kelganiga atigi
Bir oy bo‘lgan bo‘lsa ham.
Chin do‘stimga aylandi
U eng yaqin dugonam.
Yuragiga gina-yu
G‘am yig‘maydi Oltinsoch.
Oltini borlarga ham
Bosh egmaydi Oltinsoch.
Garchi yetim bo‘lsa ham,
Yolg‘iz tutmas o‘zini.
Kim biladi, balki u
Farishtaning qizidir.
Kelganiga atigi
Bir oy bo‘lgan bo‘lsa ham
Bizdek toshib ketgandi
Zavqi oshib ketgandi.
So‘zi o‘xshamasa ham,
Ko‘zi o‘xshamasa ham,
Ammo uning yuragi
O‘zbeklashib ketgandi!
Netay ushbu she’rimni
Aytmay dilim o‘rtansa.
Unga o‘qib beraman
O‘zbekchani o‘rgansa!
Shohsanam NISHONOVA
ONA TILIM
Qush bolasin qush tilida erkalasin,
O‘z tilida arazlasin bulbuldan gul.
Shu xalqdayin halol so‘zlar jaranglasin,
Vatan kabi nurga cho‘msin, shunda ko‘ngil.
Qo‘shig‘idan sarmast, shodon oqar jilg‘a,
Daraxtning har yaprog‘ida duosi bor.
Ko‘kda yulduz, tuproqdagi ildizlarning,
Shevasida aytadigan nidosi bor.
Faqat tingla, faqat birlash olam bilan,
Zahmat chekkan ruhlar haqqi, chekkin zahmat.
Menga munis, dilbar tilni ravo ko‘rgan,
Onajonim, ona tilim, senga rahmat!
Ko‘zi yonib izhor aytsa norg‘ul yigit,
Qarshisida ollangan bir yanoq ko‘rdim.
Baxtdan masrur bir juftgina nigohlarda,
Ona tilim, qadringni beadog‘ ko‘rdim.
Charos BURHON
O‘Z TILIDA SO’ZLASH BAXTI
Til ko‘ngilning kaliti derlar,
Dil qulfini ochaylik do‘stim.
Yurakdagi javohirotni,
Ulashaylik, sochaylik do‘stim.
Kel, davrani kengroq ol bugun,
Olam to‘lsin bayotimizga.
Ushbu kunni baxt erki deya
Muxrlaylik hayotimizga.
Bu bir erkki mustaqillikka,
Bosilgan ilk dadil qadamlar.
O‘zligini, O‘zbekligini
O‘z tilida aytar odamlar.
Ortga qaytsak…
Yigirma yetti yil.
Gung hayotga tashlasak nazar
O‘z tilidan judo bo‘lsa tan.
Jon qayerga sig‘ar alhazar
So‘zlaridan yasab to‘pponcha,
Qodiriyni tutsalar o‘qqa.
Sibirlarda so‘z erki deya,
Usmon Nosir yotsa tuproqda…
Bugun mening har bir so‘zimda
Bobolarning haqlari bordek.
Ular tikkan joni uchun ham,
Asray seni, misli tumordek!
Kelgin do‘stim, keng ol davrani
Dil qulfini ochamiz bugun.
Yurakdagi javohirotni,
Dunyo bo‘ylab sochamiz bugun!!!
Quddus ASAD
ONA TILIM, KECHIR MENI!
Ona tilim, avf etgin meni
Meni kechir, noshud bolangman.
Gul-u rayhon ungan ko‘changda,
Ko‘ngli yupun, oyoqyalangman.
Bo‘lolmadim senga munosib
Sen uchun hech kurasholmadim.
O‘zga tilni bag‘rimga bosib
O‘z tilimda so‘zlasholmadim.
«Privet, ded» deya so‘z qotsam
Otam mahzun egar boshini.
Onajonim ko‘ziga boqsam
Ko‘rsatmaydi ko‘zda yoshini.
Ona tilim ruhim bo‘lsa gar
Men ruhimni qilibman qazo.
Ona tilim kechirmasa gar
Men uchun bu eng oliy jazo.
Na maqtoldim, na biror bir so‘z
Aytolganim behayo so‘zlar.
Meni qarg‘ab ming ming uvol so‘z
Ko‘zin yoshlab ortimdan bo‘zlar.
Aslida yo‘q tilning gunohi
Dunyodagi har til muqaddas.
Har bir millat o‘z ona tilin
Ko‘zga surtib ardoqlasa bas.
Bo‘ldi.
Men ham
ona tilimga
Yot so‘z bilan bermayman oro.
Xizmat qilay,
xalqqa,
elimga
Yo‘qsa bo‘lay chin baxtiqaro!
So‘zimni men oqlayman albat
Deb go‘zal o‘y o‘tdi dilimdan.
Do‘stlar oling tilimdan tilxat:
Oqlolmasam osing tilimdan.
Ona tilim, kechirgin meni!..
Nurjahonbеgim USMONOVA
Sevmoqni sevilmoqni
O‘rgatib bo‘lmagandek,
Birovning kafaniga
O‘ranib bo‘lmagandek.
Ko‘ngli begona do‘stni
“Biz” qilib bo‘lmas ekan.
“Vatan”ni o‘zga tilda
His qilib bo‘lmas ekan.
Nilufar ERGASHEVA
Sen eng koʻhna hasratlar ichra,
Oʻsmoqqa intilgan gulsan
kuz rangli
Nega shodlanmaysan, kulmaysan nega?
Sevgisi rad etilgan qizday mahzunsan!
Seni bor ekaningni unutgan oshiqdek
Qaysi beboshlikda unutib qoʻydim.
Endi qaysi yuz-la jasorat topay,
Seni tabriklashga, seni qutlashga!
Bugun 21-oktyabr!
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
61
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
586
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
583



