Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.10.2024 | 13:58

img670

SAN’ATDA, SAXOVATDA, SAMIMIYLIKDA benazir hofiz edi

…Hozirda to‘rtta-beshta klip olib, bir yog‘i oyna-i jahonni, yana bir yog‘i ijtimoiy tarmoqlarni batangga keltirib, muhtasham imoratlari-yu eng so‘nggi rusumdagi ulovlarini ko‘z-ko‘z qilib, bema’ni, beta’miz qo‘shiqlari bilan yosh avlod ongini qadim mumtoz san’atimiz o‘zanlaridan chalg‘itib, na millatimiz, na qadriyatimiz mezonlariga to‘g‘ri kelmaydigan “bo‘tqamisol” nimarsalarga “xit” degan g‘alati yorliqni yopishtirgan “sahna yulduz”lari bolalab yotgan davrda bu insonning san’atkorlik maqomi, saxovatpeshaligi, kamtarin fe’li haqida yozsak kimlargadir g‘alat tuyular. Ammo, aynan shunday ulug‘ hofizlar yaratgan hayot va san’at maktabi mumtoz o‘zbek qo‘shiqchiligi darajasini belgilagan va bundan keyin ham belgilashi hech shubhasiz.

To‘rt respublika – O‘zbekiston, Turkma­niston, Qoraqalpog‘iston va Tatariston xalq artisti, davlat mukofoti sovrindori Otajon Xudoy­shukurov bu yorug‘ olamda atigi ellik yil umr ko‘rdi va shu qisqa umrining deyarli qirq yilini sahnalarda o‘tkazdi.

Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan afsonaviy hofizning 80 yilligi o‘zi tug‘ilib o‘sgan, butun umri kechgan To‘rtko‘l shahrida nishonlandi. Xotira tadbirlari dasturida yosh ijodkorlar uchun tanlov o‘tkazilib, unda davlatimizning barcha viloyatlaridan mumtoz qo‘shiqchilikka ixlosi baland yosh ijrochilar qatnashdi. Tuman hokimligi binosida ustoz san’atkor ijodiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Ijod irmoqlari” ilmiy-amaliy anjumanida hofizning hayoti, ijod yo‘li, ko‘plarga ibratli ishlari haqida qahramonimizning zamondoshlari, hamkasblari, shogirdlari o‘z xotiralarini o‘rtoqlashdi.

Hozir yubiley tafsilotlariga to‘xtalmaymiz. Tantanalarni ommaviy axborot vositalari uzluksiz yoritdi, hali hamon tadbir lavhalari ijtimoiy tarmoqlarda aylanmoqda.

Shu o‘rinda hofiz surati-yu siyrati yana­da aniq namoyon bo‘lmog‘i uchun gazet­xonlarga o‘zimiz guvoh bo‘lganimiz, eshitganimiz va suratlar-u hujjatlarda saqlangan ma’lumot­lardan bilganimizga asoslanib, ulug‘ san’at­korni baholi qudrat tasvirlashga harakat qila­miz. Bu bitiklarimiz daryodan bir irmoqdir. Zero hofiz tirik­ligidayoq “Uchinchi daryo” matlabiga loyiq ko‘rilgandi.

* * *

Hofizning singlisi Lola opa Ollashukurova eslaydilar: “Og‘amni Norinjon buva qabris­toniga dafn qildik. Bu qabris­ton daryo­ning ikki qirg‘og‘ida yashovchi xorazmlik va qoraqalpoqlar eng ko‘p tashrif buyuradigan, ziyorat qiladigan muqaddas maskan.

Vafotidan keyin har payshanba kuni og‘am qabrini ziyorat qilardik. Bir kuni borsak notanish ayol og‘amning qabrini quchoq­lab, sochlarini yulib yig‘layotgani ustidan chiqib, turgan joyimizda qotib qoldik. Bu ayol kim ekan, deb xayolimizga turli o‘ylar ham keldi…

Keyin ayol ko‘z yoshlarini tiya olmay og‘am bilan bog‘liq hikoyani so‘zlab berga­nida uning yig‘isiga biz ham qo‘shildik.

Og‘amni respublikaning barcha viloyat­lariga to‘yga chaqirishardi. Qoraqalpog‘is­ton davlat filarmoniyasi qoshidagi “Amu to‘lqinlari” ansambli rahbari bo‘lsalar-da (bu lavozimga 28 yoshlarida ma’qul ko‘rilgan) vaqt topib, to‘y egalari iltimosini bajarishga harakat qilardilar. Og‘am Samarqandning lo‘lilar yashaydigan dahasiga ham ko‘p bora to‘ylarga taklif qilingan. Lo‘lilar to‘yiga boshqa xonandalar borishni istashmagan, sababi to‘y nihoyasi janjalsiz yakunlanmagan. Hatto ayrim xonandalar kaltak yeb qaytishgan.

Ular og‘amni g‘oyatda hurmat qilishgan.

Hamkasblari bilan yengil mashinada shunday to‘ylardan biriga borayotganida yo‘l bo‘yida yig‘lab o‘tirgan ayolni ko‘rib, mashinani to‘xtatishni so‘ragan va ayol nega yig‘layotgani bilan qiziqqan. Ayol ­yaqinda eri vafot etgani, uch yetim bolasi bilan qolgani, ro‘zg‘or yuritish og‘irligi, aksiga o‘zi farrosh bo‘lib ishlayotgan maktab direktori behuda bahonalar bilan maoshini yarmini ushlab qolayotgani, keyingi maoshgacha bolalarimga nima yediraman, deb kuyinib o‘tirganini aytgan. Og‘am unga dalda berib, yashash manzilini so‘rab, to‘yga ketganlar. To‘rt soat davom qilgan to‘yda mehmonlar og‘amga o‘sha vaqtda bir yengil mashina olishga yetadigan pul qistirishgan. (U vaqtlari hofizlar to‘ylarga “falon so‘m berasan”, deb shart qo‘yib borishmasdi, davrada meh­monlar qancha pul qistirsa shu xizmat haqi hisoblanardi).

Og‘am to‘ydan chiqib, o‘sha ayol uyini surishtirib topib borib, to‘yda tushgan barcha pullarni berib “Shu bolalaringiz to‘ylariga ayting, albatta, kelaman!” deb va’da ham bergan ekan.

“Og‘angiz bergan pulga uch bolamni oyoq­qa qo‘ydim, katta o‘g‘lim bu yil institutni bitkazdi, qishda to‘yini qilsam, albatta, to‘yga chaqiraman, deb niyat qilgandim. Tele­vizorda Otajon Xudoyshkurov vafot etgani haqidagi shumxabarni eshitib, hushimdan ayrildim. O‘n kun kasalxonada davolanib, mana so‘rab-surishtirib qabrini topdim!”, deydi ayol.

Og‘amning biz bilgan-bilmagan qancha­dan-qancha shunday savobli ishlari bor”.

* * *

Zamondoshlari, yaqinlari va bunga guvoh bo‘lganlar eslaydilarki, hofiz ko‘p hollarda to‘yda mehmonlar ilingan pul­ning hammasini shu yerda yashovchi biror ehtiyojmand kishiga tufha qilgan. Ba’zida davrada o‘tirgan keksa san’atkorlardan birisi oldiga qo‘yib, fotihasini olib ketgan ekan.

…Qishloqlardan birida bo‘lgan to‘yda to‘rt soatga yaqin qo‘shiq aytib, mezbonlardan ruxsat so‘rab endi mashinasiga minayotgan vaqtida bir yigit salomlashadi va “Men to‘yda choy qaynatdim. Endi mazza qilib, qo‘shiq eshitaman desam siz ketyapsiz”, deydi. Hofiz torini g‘ilofidan olib, sozlaydi va shu yerda choy qaynatgan yigit uchun besh-oltita qo‘shiq aytadi. Bir zumda atrofiga tomoshabinlar to‘planadi. Ular bergan bir qiyiq pulni choychi yigitga uzatib “Rozi bo‘l, uka!” deydi…

* * *

O‘zbek futboli tarixida sharhlovchilar orasida “afsonaviy” rutbasiga ega yagona inson rahmatli Axbor Imomxo‘jayev oyna-i jahondagi bir chiqishlarida Otajon Xudoy­shukurovni xotirlayotib “Sherali Jo‘rayev bilan ikkisi “Paxtakor” futbol jamoasining bir yillik sarf-xarajatlarini ko‘targandilar”, deb shunchaki aytib o‘tadi. Bu gap ayrimlarning bu qulog‘idan kirib, u qulog‘idan chiqib ham ketdi. Sharhlovchi fikrini izohlab o‘tirmadi. Biz esa ozroq izoh berib o‘tamiz. Axbor aka eslagan davr sovet davlatining inqirozi boshlangan zamonaga – 1980-yillar oxiriga to‘g‘ri keladi. Shu davrda barcha sohalarda depsinish va hatto ortga ketish kuzatilayotgandi. Davlat g‘aznasi bo‘shab qolganidan respublika faxri sanalgan futbol jamoasini moddiy qo‘llab-quvvatlashga mablag‘ topilmagan.

O‘sha davrda jamoada yuz nafardan ortiq odam ishlagan. Futbolchilar boshqa kasb egalariga qaraganda bir necha baravar ko‘proq maosh ham olishgan. Yana o‘yin natijalariga qarab salmoqligina mukofot pullari ham berilgan. Sobiq ittifoq oliy ligasida to‘p suradigan jamoa mavsumda hozirda mustaqil bo‘lgan 6 davlatning jamoalari bilan to‘p surardi. Mavsumda 17 marta o‘sha jamoalar bilan o‘ynash uchun uchoqda borib qaytishardi. Belgilangan o‘yin­dan bir kun oldin borish, mehmonxonada yashash, ovqatlanish va boshqa xarajatlar uchun oz mablag‘ ketmasdi. Yuzga yaqin kishining bir yillik maoshi, mukofot pullari, safar-u kiyim-kechaklar uchun hozirgi o‘lchov­larda taxminan besh yuz ming AQSh dollari miq­dorida pul ketgan.

Ana endi ikki afsonaviy hofizning bir jamoaga cho‘zgan saxovat qo‘li qanchalik zalvorli bo‘lganini o‘zingiz tasavvur qilave­ring!

* * *

…To‘rtko‘l shahrining qibla tarafida, “Nukus – Toshkent” kattaulov yo‘lining ikki tomonida qator qo‘shqavatli imoratlar quril­gan. Bir-biridan muhtasham, ko‘rkam imo­rat­larga qarab havasingiz keladi. Buyuk hofizning uyi shu yerda ekanligini kimdandir so‘rab bilib olgan bo‘lsangiz, birinchi navbatda qatorasiga osmonga bo‘y cho‘zgan “saroy”lardan birisidir deb o‘ylaysiz. Axir hozir to‘rtta to‘yga borgan oddiy “yulduz”lar ham basma-basiga osmono‘par imoratlar qurishga zo‘r berishgan…

Yo‘l so‘raganingizda sizga ko‘rsatgan uyni ko‘rgach bir zumda “osmondan yerga tushasiz”. Otajon og‘a yashab o‘tgan uy shu ko‘chadagi eng kamtarini, eng oddiy­si. Bu imoratni hofiz yigirma besh yoshida loydan – paxsa devordan qo‘ni-qo‘shnilar yordamida tiklagan. Bo‘lmasa, shuhrat cho‘qqisiga chiqqan davrida bir to‘ydan topgan daromadiga istalgan shahardan go‘zal imorat sotib olishi mumkin edi. O‘zi istasa ikki emas, uch qavatli saroymisol uy qurdira olardi.

Hashamga, mol-mulkka qiziqmaslik (muk­ka­sidan ketish desak hofiz ruhini bezovta qilamiz) bu insonning fitratida bor edi. Uning bu fe’li avlodlariga meros o‘tgan. Bugun nevaralari shu kamtaringina imoratda umr­guzaronlik qilyapti.

* * *

Hofizning kattagina kutubxonasi bor edi. Bo‘sh vaqt topsalar mutolaaga berilardi. Bir safar vohalik taniqli shoir Matnazar Abdulhakim bilan hofizni yo‘qlab borganimizda sahna madaniyati, tomoshabinlar didi va yoshiga mos qo‘shiqlarni tanlash borasida “Qobusnoma”da keltirilmish nasihatlarni erin­masdan o‘qib berganlar. Kitob javonlari­ga terib qo‘yilgan mumtoz Sharq she’riyati ustunlari bo‘lmish – Hofiz Sheroziy, Sa’diy, Alisher Navoiy, Mirzo Abdulqodir Bedil, Muhammad Rizo Ogahiy devonlarini ko‘rsatib, ulug‘ shoirlar she’r­larini qayta-qayta o‘qib, ular orasidan qo‘shiqlari uchun g‘azallar, muxammaslar tanlashini aytganlari yodimda. Eng e’tiborlisi, hofiz forsiy tildagi g‘azallarni g‘oyatda chiroyli o‘qirdi. Faqat o‘qibgina qolmay bu qardosh tilni yaxshi bilardi ham. “Bu avliyosifat ulug‘larimizning har bir g‘azalini qo‘shiq qilishim mumkin, ammo maromiga yetkaza olmasam ruhlari bezovta bo‘lmasmikan, deb qo‘rqaman”, degandilar.

Bularni aytishimizdan maqsad, bugun hatto unvondor xonandalar ham qo‘shiq yaratish uchun munosib g‘azal yoki she’r tanlashga befarq bo‘lib ketishgan. Shundan sahnalarimizni ma’no-matrasiz “qo‘shiqlar” bosib ketgan.

* * *

To‘rtko‘l shahriga kunchiqar tomondan kirib borar ekansiz, avvalo, nigohingiz baland va chiroyli minoraga tushadi. Tub ­aholi bu minoraga “Otashminora” deb nom qo‘ygan. Shahardagi eng yirik jome’ masjidiga yondosh qurilgan minora-mezananing balandligi 53 metr. Mustahkam va chiroyli minora buyuk hofiz bergan mablag‘ hisobidan qad rostlagan.

Sarg‘ayib ketgan bir suratda soqollari o‘sgan, ust-boshi loyga bulg‘angan bir inson chelakda loy tashiyotgani aks etgan. Sinchiklab qarasangiz hofizni taniysiz. To‘rt respublika xalq artisti unvoni egasi bo‘lgan hofiz minora qurilishida boshdan-oyoq eng og‘ir – qora ishlarda ustalar bilan yonma-yon ishlagan.

* * *

San’at va adabiyot homiysi, ma’rifatparvar ma’mur Ne’matulla aka Xudoyberganov Ellikqal’a tumaniga hokim bo‘lgan yillari Bo‘ston shahrida hofiz nomida ulkan san’at saroyi qurilishiga bosh bo‘lgan. Tumanda Otajon Xudoyshukurov nomidagi san’at maktabi ham faoliyat yuritgan. Har ikki yilda bir bora, jami to‘qqiz marta, ulug‘ hofiz nomidagi respublika tanlovlari o‘tkazilib, ishtirokchilar orasidan qan­chadan-qancha yetuk xonandalar yeti­shib chiqqan. Tanlov hakamlar hay’ati a’zolari orasida o‘zbek san’atining haqiqiy yulduz­larini – Munojot Yo‘lchiyeva, Muyassar Razzoqova, O‘lmas Rasulov, Abduhoshim Ismoilov va boshqalarni muntazam ko‘rish mumkin edi.

Tanlovlardan birida O‘lmas Rasulov­dan Otajon Xudoyshukurov ovozi darajasi haqida so‘raganimizda shunday degandi: “Agarda taqdir Otajon hofizni mendan oldin dunyoga keltirganida, men bola vaqtim u kishining “Suvora” ijrosi avj nuqtalari­ni eshitganimda ko‘zlarim hayrat-u ­ovozi qud­ratidan o‘z-o‘zidan ochilib ketgan bo‘lardi”.

* * *

Hofizning o‘rtamiyona xonada joylashgan ixchamgina uy-muzeyida saqlanayotgan ashyolar orasida o‘z qo‘li bilan yozgan she’rlari ham bor. Hozir hofiz o‘zi yozgan to‘qqizta she’rni mashhur qo‘shiqqa aylantirgani haqida aytmaymiz. Bizni hayratga solgani – hofizning husnixati. Bu qadar chiroyli husnixatga kam duch kelganmiz. Agar bu inson san’atni emas xattotlikni tanlaganida, hech shubhasiz, o‘z davrining eng mashhur xattotlaridan biri bo‘lardi.

Bu inson qanchalar iste’dodli bo‘lsa, shunchalar kamtar va kamsuqim ham edi. To‘rt respublika xalq artistining shahardagi mahallalarga torini bo‘yniga osib, velosipedda to‘yga borganiga ishonasizmi? Yoki shaharda tashkillashtirilgan tadbirlarga poyi piyoda kelganiga-chi?

Otajon Xudoyshukurov o‘zbek qo‘shiq­chilik san’atida maktab yaratgan ijodkor. Bu ijod maktabi qo‘shiqsevarlar qalblarini Amu to‘lqinlaridek sokin-u qudratli ohanglari bilan oltmish besh yilki zabt etmoqda. Bu ijod maktabi asoschisining yashash tarzi, hayotiy tutumlaridan ko‘pchilik san’atkorlar ulgu olgan va olayotir…

Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 18-oktyabrdagi 43-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596