Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


31.07.2025 | 16:55

img641

IKKI QUTBNI BIRLASHTIRGAN HOFIZ

Negadir, xonandalardan “kumir”im, ya’ni jon-dildan yaxshi ko‘radiganim yo‘q. Ehtimol, bu ashula aytishga layoqatim kamligidandir. Chunki o‘zim rubob yo dutor chalib, ko‘proq zavq olsam kerak-da. Endi sekin-sekin tanburga ham o‘tilyapti. Lekin Hoji Abdulaziz Rasulov, Rasul qori Mamadaliyev, Halima Nosirova, Ma’murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozov, Berta Davidova, Botir Zokirov, Bobomurod Hamdamov, Sherali Jo‘rayev va boshqalar ovozi-yu ijrosida ajib go‘zallik, hech kimnikiga o‘xshamagan o‘ziga xoslik, balandparvoz ifoda deb hisoblamasangiz, ilohiy bir joziba borligini ich-ichdan his qilaman. Ularning ashula yo qo‘shiqlarini eshitsam, ba’zan Allohning shunday qudratiga qoyil qolganimdan beixtiyor yig‘i ham keladi.

Talabalik yillarimizda (1971–1976) afsonaviy xonanda Sherali Jo‘rayev haqida ko‘p bahslashardik. Uning sahnada o‘zini haddan tashqari erkin tutishi, kutilmaganda o‘ng qo‘lini tordan bo‘shatib, sozni chap qo‘lida osiltirib olishi, hatto musiqani to‘xtatib qo‘yib, ashula o‘rtasida deklomatsiyaga ham o‘tib ketishi yuzasidan ko‘p tortishganmiz. Ochig‘i, kamina ko‘pincha uning tanqidchilari safida bo‘lar edim. Yillar o‘tdi. Hofiz tinmay tafakkurini o‘stirdi. Yangi-yangi yo‘llar, g‘oyalar, ohanglar, usullar, uslublar izladi. El-ulusning ko‘ngliga kirdi. Shuni isbotladiki, har kim ham xonandalikda u erishgan yuksak darajaga ko‘tarila olmas ekan.

Avvalo, u so‘zga oshufta edi. Xonandalikni musiqa va ovoz orqali elga fikr aytish vositasi, hofizni esa, bevosita mafkuraviy soha vakili, deb bildi. Xalqqa musiqa va ovoz orqali g‘oya berishni maqsad qildi. Ommani shu g‘oyalar ortidan ergashtirdi. Axir, u so‘zini tushunmagan holda birorta ham qo‘shiq aytgani yo‘q. She’rning so‘zini tushunish ekan, hatto uni “tushuntirmasdan” turib ham birorta ashula ijro etmadi.

Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasi aruz vaznida, ya’ni qo‘shiqqa mos ohangda bitilgan, lekin Abdulla Oripovning “O‘zbekiston” qasidasi qo‘shiq uchun yozilganmi? Sherali Jo‘rayev shuni ham mumtoz bir ashulaga aylantirdi. Bu buyuk san’atkorninggina qo‘lidan keladi.

1956-yili kommunistik partiyaning XX syezdidan keyin biroz erkinlik shabadalari esa boshladi. O‘zbek she’riyatida milliy tenglik g‘oyalarini tarannum etishga kirishildi. Hatto, ilg‘or ziyolilar adabiy asarlarga aynan shu g‘oyaga qanchalar xizmat qilgan-qilmaganiga qarab baho berishga o‘tdi. Ammo bu yangi yo‘nalishdagi she’riyatda milliy g‘oyalar ilgari surilayotgan, bu esa amalda hukmron siyosatga zimdan qarshi bir mafkura edi. Sherali Jo‘rayev she’riyatdagi shu tamoyillarni xonandachilikka olib kirdi. She’riyat va musiqiy san’at qo‘shilib, xalqni uyg‘otdi. Bu uyg‘onish oxir-oqibat O‘zbekistonimizni mustaqillik sari yetakladi va niyatga yetildi ham.

Abdulla Oripovga ham, Erkin Vohidovga ham, aslida, “O‘zbekiston Qahramoni” oliy unvoni aynan ana shu sovet davridagi jasoratlari uchun berilgan edi. Ochig‘i, bu ikki qo‘shiqni xalqimiz O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishgunga qadar xuddi bir milliy madhiya yanglig‘ qabul qildi. “O‘zbegim”ni ko‘plar “hofizning eng zo‘r qo‘shig‘i” deb hisoblaydi. “O‘zbekiston” qasidasini ham yoniga qo‘shib, bular o‘z davrida milliy mafkurani shakllantirish uchun asos bo‘ldi, xalq orasida milliy ozodlik hissini uyg‘otdi, deb hisoblash mumkin.

Yoki, Omon Matjon qalamiga mansub Navoiyning “Avvalg‘ilarg‘a o‘xshamas” g‘azaliga bog‘lagan taxmisini Sherali Jo‘rayev ashula qilib, el orasida keng yoymaganida edi, undan ko‘plar bexabar qolishi ham mumkin edi. Xuddi shunday, “O‘zbegim” va “O‘zbekiston” qasidalarini o‘qigan ko‘pmi yoxud ashula tarzida eshitganmi? Albatta, bu savolga arifmetik aniqlikda javob berish juda qiyin. Ammo, hoynahoy, o‘qiganlar sonidan eshitganlar soni bir necha karra ko‘p bo‘lsa kerak.

Yo xonandalarimiz ijodi har taraflama tahlil etilgan ilmiy risola va maqolalar kam, yo boshqa soha vakili bo‘lgani uchun kaminaga shunday tuyuladi. Har holda, Sherali Jo‘rayev, Bobomurod Hamdamov, Ortiq Otajonovdek xalq sevgan hofizlarimizning bir-biriga o‘xshamagan o‘z yo‘li, o‘z uslubi bor edi. Shu ma’noda Sherali aka ziyolilar xonandasi edi. O‘tgan asrning 70–80-yillarida talabalar o‘rtasida ham muxlisi juda bisyor edi.

Buyuk hofiz keyinchalik ko‘p sinovlarga duch keldi. Hozir buning sabablarini qidirib o‘tirishning mavridi emas. Kaminaning qat’iy xulosasi shuki, ijodkorga “siyosatchi” deb qaramaslik, erkinligi, hurfikrligi bu toifaning asosiy fazilati ekanini aslo unutmaslik kerak.

Taqiqni har kim har xil qabul qiladi. Ba’zilar darhol kimlarnidir yomonlashga o‘tib oladi. Butunlay tushkunlikka tushib, bor ijodini boy berib qo‘yganlar ham topiladi. Sherali akaning ijoddan to‘xtagani, ig‘vo-g‘iybatlarga qo‘shilgani, kimlardandir domongir bo‘lganini aslo eshitmadik. Ochig‘i, keyingi paytlarda unda o‘z taqdirini Allohning irodasi sifatida talqin etishga moyillik kuchaygan edi.

2016-yil oxirlaridan hofiz uchun keng yo‘l ochildi. “Zo‘rTV”da uning ishtirokida navoiyxonlik kechasi tashkil etildi. Unda navoiyshunos mutaxassis bir g‘azalni qisqa sharhlaydi, keyin u ijro etiladi. Kamina buyuk shoirning:

La’ling oyo ne ajab rangindur,
So‘zi aning ne balo shirindur, –

bayti bilan boshlanadigan g‘azalini sharhlagan bo‘ldim.

Orada Sherali aka:

– Men otamga: “Nega menga “Alisher” deb ot qo‘ymagansiz? O‘shanda, ehtimol, Navoiyday mashhur bo‘lib ketarmidim, deganman”, – dedi.

Shunda stol ustida turgan mikrofonni shart oldim-da:

– Musulmon Sharqi mumtoz badiiyatida “tardi aks” degan san’at  bor. Unda so‘zlarning o‘rni o‘zaro o‘zgartirib qo‘llanadi. Masalan, shoir avval “Sherali” deydi, keyin “Sher” bilan “Ali” so‘zlarining joyini almashtirib ishlatadi, “Alisher” bo‘ladi. Siz hech armon qilmang: “Sherali” – “Alisher”! – dedim.

Bu lutf hofizga ko‘p ma’qul tushdi. Zal ham qarsak chalib yubordi.

Uning ko‘nglida ikki qutb birlashganday edi. Uzoqdan qarasangiz, o‘ta mag‘rur bo‘lib ko‘rinar edi. Yaqindan bilganlar uning qanchalar yumshoqko‘ngil, so‘fiylikka moyil shaxsligiga guvoh bo‘lardi. Aslida, kamtarlikni namoyon qilish ham bir san’at. Bu kishi tabiatan o‘ta kamtar edi.

Sherali aka chinakamiga izlanuvchan ijodkor edi. Navoiyning “Aylangiz” va “Emas” radifli g‘azallarini mahorat bilan ijro etgan. Birinchi g‘azal oxirgi baytidagi: “Ey mug‘anniylar, Navoiy mast edi, (shuning uchun u) kech uyg‘onadi, uni uyg‘otishga bir dilkash (yoqimli) kuy (yo qo‘shiq) tarannum etinglar”,  degan mazmundagi ajoyib sahnaviy tasvir bilan tugashi hofizga ajib ilhom ulashgan. Natijada uning o‘zbek qo‘shiqchiligidagi qat’iy an’analarni buzib bo‘lsa ham, Navoiyning shu g‘azalidagi lirik qahramonining iltimosini bajo aylagisi kelib ketgan. Shu g‘azalga “Emas” radifli g‘azalni ulab ijro etgan. Chunki bu g‘azal maqtasida ham lirik qahramon, xuddi oldin tilga olingan g‘azal maqtasidagi kabi, Navoiyning mastligini tilga oladi:

Manga gulrux soqi-yu, bulbulg‘a gul tutti qadah,
Mast erur ul ham Navoiydek, vale rasvo emas.

Yana bir aloqador jihati – ikkala g‘azal ham ramali musammani mahzuf (yoki maqsur), ya’ni “foilotun- foilotun-foilotun-foilun (yoki foilon)” vaznida bitilgan. Ikkala asardan ham ayrim baytlar qisqartirilgan, albatta.

Bizda mumtoz g‘azallarimizni maqom yo‘lida aytish an’anasi ustuvor. Sherali aka ana shu qolipni bir qadar sindirdi: ularni milliy ashulachilik uslubiga solib aytdi. Bu an’ana Faxriddin Umarov va boshqa ayrim  hofizlar ijodida ham  bor edi. Keyingi davrda Ozodbek Nazarbekov Lutfiy va boshqa mumtoz shoirlarimiz g‘azallarini zamonaviy kuyga solib aytish an’anasini izchil davom ettirib kelyapti.

O‘zi-ku ta’ziyada musiqaga aslo o‘rin yo‘q. Lekin, ishonsangiz ham, ishonmasangiz ham, bir gapni aytaman: buyuk hofiz vafot etganidan keyin bir necha kun mahallamizning u yo bu hovlisida ovoz kuchaytirgichni eng baland nuqtasiga burab qo‘yilgan holda ana shu afsonaviy xonanda ashulalari yangrab turdi.

San’at o‘lmaydi!
Haqiqiy san’atkor ham!
Demakki, O‘zbekiston hamda Tojikiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev ham!

Sultonmurod OLIM,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-iyuldagi 30-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img79

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img595

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img593