Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.10.2024 | 14:02

img6374

Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asaridan iqtiboslar

Mahoratli yozuvchi Pirimqul Qodirovning ushbu asari oʻzbek adabiyotining eng sara tarixiy romanlari sirasiga kiradi. Unda Movarounnahrdek ulkan saltanatning parchalanib ketishi, Temuriylar sulolasining inqirozi, hokimiyatga erishish ilinjida taxt talashib, bir-birlariga qilich koʻtargan ogʻa-ini, togʻa-jiyanlarning fojiaviy qismati aks ettirilgan. Roman voqealari orqali oʻquvchi tarixda Temuriylar oʻrtasidagi nizolar, fitna, fisq-u fasod tufayli yuzaga kelgan qonli urushlar, ayovsiz xunrezliklar oqibatida behad qonxoʻr beklar zulmidan sillasi butkul qurigan xalqning gʻoyat nochor ahvoli va uyushqoqlikdan bexabar Temuriylarni Shayboniyxon qanchalar oson mahv etgani bilan tanishadi. Asarning bosh qahramoni mirzo Bobur odamlardagi bemehrlik, bir-birini ko‘rolmaslik, xudbinlik, xiyonat singari jirkanch illatlar bilan g‘oyat erta, o‘n ikki yoshida taxtga o‘tirganida ro‘baro‘ bo‘ldi. Taqdirning ayanchli zarbalaridan zada bo‘lgan shohning kuygan yuragi – shoir qalbi qalandarlikni ixtiyor etgani ajab emas. Asar mutolaasi davomida butun umr Vatan ishqida yonib, sog‘inch bilan o‘rtanib, “Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim…” deya iztirob chekkan bobokalonimiz dardi kitobxon qalbini larzaga soladi.

Ulusning sho‘ri qursin! Kasofat podsholar urushmay turolmasa.

Axir, bu podsholar sal murosa qilsalar bo‘lmaydimi, a? Hammasi bir-biriga qarindosh emish-ku. Shu rostmi?

Bu saltanat-u podsholardan ne qolur? Hammasi nom-nishonsiz ketgay! Bizdan yodgorlik bo‘lib qolsa Ulug‘bek madrasasidek, Navoiy Unsiyasidek san’at asarlari qolur!

Ovoza tarqatishning eng afzal joyi – bozor.

Hozirgi zamonda zo‘ravonlikka mo‘minlik mutlaqo rost kelmas. Zo‘rlar orasida zo‘r bo‘lmoq kerak!

Bu beklar o‘z manfaatlarini ham «davlat manfaatlari» deb ko‘rsatishga o‘rganib qolganlar.

Men adolat yo‘lida jon berishdan qo‘rqmaymen!

Tarix kitoblaridan o‘qidimki, Chingizxon o‘ziga ham bironta yodgorlik qurdirmagan ekan. «O‘lsam, tekis yerga dafn qilinglar, qabrim ustidan mingta ot yurib o‘tsin, toki ko‘milgan joyimni hech kim topolmasin», degan ekan. Vafot etganidan keyin xuddi uning aytganini qilishibdi. Mingta ot uning qabrini toptab o‘tibdi. Haligacha uning qabrini hech kim topolmas emish.

Nasl-nasab bilan maqtanish zaiflik belgisidir! O‘zining ilkidan yaxshi ish kelmaydiganlar mudom nasl-nasablari bilan kerilurlar. Ammo odamning kimligini qilgan ishi-yu avlodlarga qoldirgan merosi ko‘rsatgay.

Lekin barcha turkigo‘y shoirlar xuddi shu tilda she’r yozganlar-ku! Agar bu o‘zbek tilida bo‘lsa, demak, Navoiy ham o‘zbek tilida yozgan. Demak, kamina ham hozir sizlar bilan o‘zbek tilida so‘zlashmoqdamen. Demak, Movarounnahrning turkiy tili-yu o‘zbek tili, aslida bir til. Janoblar, endi dilimiz ham bir bo‘lmog‘i kerak. Temuriylar turk-u o‘zbek deb ulusni ulusdan ajratib, xalqni parokanda qildilar, mamlakat parchalanib, xarob bo‘ldi.

Taqdir menga iste’dod bergan, kuch bergan, g‘ayrat bergan, ammo nechun baxt bermagan?!

Dunyodagi eng mash’um baxillik, iste’dodlarning yo‘lini to‘sguvchi baxillikdir. Dunyodagi eng oliy saxovat esa nodir iste’dodlarni yuzaga chiqaruvchi saxovatdir.

Qotilga kim qilich bersa, o‘zi uning tig‘iga duchor bo‘larkanmi?

Baxillik doim nursiz, layoqatsiz, iste’dodsiz odamlardan chiqur.

Qayerdaki iste’dodlarga baxillar zarar keltirolmasa-yu, saxiylar yo‘l ocha olsa, o‘sha joy kamolot cho‘qqisiga ko‘tarilar ekan.

Hazrat Alisher: «Bo‘ladigan bola o‘n besh yoshida bosh bo‘lur, bo‘lmaydigan odam qirq yoshida ham yosh bo‘lur», der edilar.

Xalq orasida hozir bir she’r tarqalmish. Mazmuni shuki, Husayn Boyqaro haqiqiy podshoh edi. Uning ikki o‘g‘li ikki taxt ustida o‘tirib, biri «oymen» desa, biri «kunmen» derlar, erta-yu kech bir-biri bilan raqobat qilurlar. Bularning o‘zaro kurashlari xuddi shatranj taxtasi ustidagi shohlarning kurashlariga o‘xshaydir. Chunki bu ikkovi otalaridek haqiqiy shohlar emas, balki shatranj taxtasi ustidagi yasama shohlardir.

Shohlardan ko‘ra darvishlarda adolat ko‘proq.

Ayollarga munosabat hamisha ilm-u san’atga munosabat bilan rost kelur. Ilm-u san’at barq urgan davrlarda ayollarning hurmati ham baland. Chunki ilm-u san’at ayollarning ishtiroki bilangina astoydil yuksalgan.

Beklarning kasblari urush bo‘lgandan so‘ng bekor turgilari kelmaydi-da.

Jang hisob emas, jangning natijasi hisob.

Ko‘p intizor bo‘lma. Chunki u kitobning bitishi uchun mening umrim tugashi kerak.

Hammadan ko‘ra.. o‘lgan odamga qiyin ekan, mavlono. O‘lgan qaytib kelmas ekan… Tiriklar… oh-voh qilib, ming kuyib-yonsalar ham, axiri bir kun… tasalli topar ekanlar.

Ulug‘ me’morlik obidalari qurmoq uchun ulkan davlatning qudratiga suyanmoq kerak.

Mashq paytida navkarni ayamang. Hozir ayasangiz, jangda mag‘lub bo‘lib o‘lib ketur.

Bizga shunchalik sodiq ko‘ringan odamlar hozir dushmanlarimizga xizmat qilyapti-ya! E, bevafo dunyo!

Men berahmlar orasida yurib berahm bo‘lib ketgan ekanmen…

Mening taqdirim g‘alati. Atrofimni obod qilganim sari o‘zim so‘lib bormoqdaman.

Darhaqiqat, tarix alohida shaxslar irodasiga bo‘ysunmas ekan. Oyog‘ingiz tagidagi tog‘ pastga qarab ko‘chsa, siz yuksakka qanchalik intilmang, tog‘ ko‘chkisi bilan birga pastga qulab ketar ekansiz.

Najot mastlikda emas, hushyorlikdadir!

O‘z nafsini yenggan odamlar har qanday yog‘iyni yengishga qodirdirlar!

Avlodlar haqiqatni bilsinlar, bizni farishta deb o‘ylamasinlar. Qilgan gunohlarimiz o‘zimizga nechog‘liq og‘ir tushganidan ogoh bo‘lsinlar.

Chinakam zo‘r iste’dodlar – o‘lmas buloqlarga o‘xshar ekanlar. Ularning ko‘zini o‘n joyda bekitsalar, o‘n birinchi joydan yana yorib chiqar ekanlar!

Hayot-mamot oldida shohu gado barobar.

Maqol borki, guli uchun tikani ham noiloj sug‘orilur…

Mening nafasimni pashkol emas, sog‘inch qisadir!

Ha, men podshohmen – butun balo shunda. Neki xatolik, neki gunoh qilgan bo‘lsam, hammasining birlamchi sababi mening podshohligimdir.

Olloh-u taologa g‘arazli shayxlar orqali emas, bevosita imon-u e’tiqoding orqali iltijo qilishga o‘rgangin.

Temuriylarning ko‘pchiligi… fidoyilikni unutib… yo‘q bo‘lib ketdi. O‘g‘il otani o‘ldirdi. Og‘a iniga xiyonat qildi… Oqibatda… bari razolatning qurboni bo‘ldi…

Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599