29.10.2024 | 10:44
900
“TARJIMON”NING XORAZMDAGI MUXBIRLARI
Matbuotning tarixni o‘rganishdagi ahamiyati katta. U boshqa manbalar – qo‘lyozma asarlar, arxiv hujjatlari, memuarlar bilan qiyosiy taqqoslash, tadqiq qilish orqali o‘tmishda yuz bergan jarayonlarni xolis, haqqoniy tasvirlashga, davr manzarasi qanday bo‘lganligini tasavvur qilishga imkon yaratadi. Aynan shu boisdan ham turkiy musulmon xalqlarida milliy uyg‘onishni yuzaga keltirgan Ismoil Gʻaspralining “Tarjimon” gazetasi ham g‘oyat katta ahamiyatga egadir.

Dastlab maktab sohasini isloh qilish maqsadi bilan boshlangan jadidlik harakati vaqt o‘tib jamiyatning barcha sohalarini qamrab oldi. O‘sha davrdagi real vaziyatda ilg‘or g‘oyalarni targ‘ib qilish, ommalashtirish va turkiy xalqlarni jipslashtirishda matbuot tabiiy zarurat edi.
“Tarjimon” gazetasi aynan shunday mas’uliyatli vazifani bajargan dastlabki nashr edi. Ushbu gazeta 1883-yil 10-apreldan Qrimning Bog‘chasaroy shahrida chop etila boshlaydi.
Mazkur gazeta chiqa boshlaganidan to keyingi 20 yil davomida Rossiya imperiyasidagi yagona musulmon matbuoti bo‘lib qoldi. Lekin ana shu moʻjazgina gazetaning turkiy millatlarga ko‘rsatgan ta’siri katta edi. “Tarjimon”ning ta’siri ostida Rossiya imperiyasining turli burchaklarida musulmonlar tarafidan ko‘p sonli yangi maktablar ochildi. Talaygina xayriya jamiyatlari tashkil etildi. Yangi adabiyotlar, darslik va qo‘llanmalar yaratildi.
Ismoil Gʻasprali juda mahoratli, ayni paytda so‘zni isrof qilmaydigan o‘tkir publitsist edi. U jumlalarni sodda, qisqa va lo‘nda ifodalovchi uslubni qo‘lladi. Shu tariqa “Tarjimon”ning o‘rta umumiy turk tilini yaratdi. Gʻasprali butun turkiy millatlarni “Tarjimon”ning yagona adabiy tili ostida birlashtirishni orzu qildi. Buning uchun umrining oxiriga qadar “Tilda, fikrda, ishda birlik” shiori ostida kurashdi. Gʻasprali targ‘ib qilgan til o‘z vaqtida Qrimda, Istanbulda, Toshkent va Bokuda ham birdek tushunarli edi.
“Tarjimon” gazetasi mahalliy va rus tilida chop etilib, biri ikkinchisining aynan tarjimasidan iborat bo‘lgan. Vaqt o‘tib, Ismoil Gʻasprali maqolalardagi mavzular doirasini o‘zgartirib, gazetani Rossiya imperiyasidagi turkiy musulmon xalqlarining milliy nashri darajasiga ko‘tardi.
“Tarjimon” 1914-yil 11-sentyabrgacha, ya’ni Gʻaspralining vafotigacha uning noshirligi va bosh muharrirligida, vafotidan keyin esa o‘g‘li Rif’at va safdoshi bo‘lgan Hasan Sabriy tomonidan chop etilgan. Gazeta 1903-yildan haftada ikki, 1905-yildan uch marotaba va 1912-yildan esa kundalik gazetaga aylantirilgan va jami bo‘lib 2826 ta soni nashrdan chiqqan. Rossiya imperiyasi va Usmoniylar davlatida gazeta obunachilarining soni 5 ming nafargacha yetgan edi. Ular orasida Turkistonning turli hududida, xususan, Xorazmdagi turli tabaqaga mansub insonlar ham bo‘lishgan.
Ma’lumki, Turkistonda birinchi matbaaxona 1868-yilda Turkiston general-gubernatorligining Toshkentdagi okrug shtabida tashkil etilgan. Biroq ushbu matbaaxona kichik bo‘lgani tufayli uning nashr imkoniyatlari ham cheklangan edi. Shu bois matbaaxonada Turkiston general-gubernatorligining turli buyruqlari, ish hujjatlarigina chop etilgan. 1870-yilga kelib bosmaxona uskunalari ko‘paytiriladi va general-gubernatorlikning rus tilidagi “Туркестанская ведомости” gazetasi tashkil etiladi. Xuddi shu yili mahalliy aholi uchun “Turkiston viloyatining gazetasi” ham arab harfida chop etila boshlaydi. Tabiiyki, har ikkala nashr general-gubernatorlik mahkamasining gazetasi bo‘lgani uchun mustamlakachilik mafkurasi va g‘oyalari asosida ish olib boradi.
Ana shunday vaziyatda “Tarjimon” faqat Qrim, Volgabo‘yi, Kavkaz musulmonlari uchungina emas, Turkiston ahli, shuningdek, Buxoro amirligi va Xiva xonligi aholisi uchun ham milliy ruhdagi, ziyolilar, xususan savodxon qatlam sevib mutolaa qiladigan, mushohada yuritadigan gazetaga aylandi.
“Tarjimon”ning g‘oyalari sabab vaqt o‘tib jadid taraqqiyparvarlari tomonidan Turkistonning turli hududlarida “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Oyina”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Hurriyat”, “Najot”, “Turon”, “El bayrog‘i” singari ko‘plab gazetalar chop etila boshlaydi. Ushbu gazetalarda ham millat dardi, jamiyatni isloh qilish istagi, muammolarga yechim sifatidagi takliflar yoritilgan mavzularga urg‘u berildi.
Natijada professor Begali Qosimov tadqiq qilganidek, “jadidlik oqim emas, harakat, ijtimoiy, siyosiy, ma’rifiy harakat” darajasiga yetdi. U jamiyatning barcha qatlamlarini jalb eta oldi. Uyg‘onish mafkurasi bo‘lib xizmat qildi. Uning g‘ayrat va tashabbusi bilan dunyo ko‘rgan Turkiston muxtoriyati bu yo‘ldagi amaliy harakatning dastlabki natijasi edi.
Tabiiyki, Ismoil Gʻasprali Turkiston general-gubernatorligi, Buxoro amirligi va Xiva xonligidagi vaziyat bilan muntazam tanishib bordi. Negaki, Gʻasprali turkiy dunyo sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shgan bu o‘lkaga istiqbolli mintaqa sifatida qaragan.
Filologiya fanlari doktori, professor Zaynobiddin Abdurashidov jadidlik harakati va “Tarjimon”ni tadqiq qilgan holda, gazetaning Turkiston bilan bog‘liq bibliografiyasini nashr ettirdi. Professorning ta’kidlashicha, “mazkur bibliografiyani tuzishda professor Y.Oqpinar arxivida saqlanayotgan “Tarjimon” gazetasi kolleksiyasidan foydalanilgan. Ushbu kolleksiya 1883-yildan 1917-yilgacha sonlarini o‘z ichiga oladi.
Afsuski, gazetaning 1917-yilgi sonlari to‘liq saqlanmagan. 1918-yilgi sonlari esa umuman mavjud emas. Professor Y.Oqpinarning harakati bilan gazetaning kolleksiyada mavjud bo‘lmagan sonlari dunyo kutubxonalari va arxivlaridan topilib, yig‘majild to‘liq holga keltirilgan. Mazkur kolleksiya hozirda “Tarjimon” gazetasining to‘liq arxivi hisoblanadi”.
Xorazmning XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi davri tarixini o‘rganish, tadqiq qilish, qiyoslashda boshqa manbalar qatorida “Tarjimon” gazetasining ahamiyati nihoyatda kattadir. Gazetadagi ko‘plab maqola, xabar va lavhalarda Xorazm va xorazmliklarga oid ko‘plab mavzular yoritilgan.
Hayoti davomida ikki bor Turkiston va Buxoroda bo‘lgan Gʻasprali vohadagi vaziyatni Rossiyaning turli hududlarida chop etilgan, shuningdek, “Туркестанские ведомости”, “Turkiston viloyatining gazetasi”dagi materiallar orqali ham kuzatib borgan.
Vaqt o‘tib bevosita Xorazmdan ham “Tarjimon” gazetasiga maxsus maqola, xabar yozadigan muxbirlar yetishib chiqdi. Shulardan biri Xorazmdagi jadid maktabida o‘qituvchilik qilayotgan Ramazon Saydashev edi. “Tarjimon”da Xorazmga bog‘liq ko‘plab maqolalar aynan uning muallifligida chop etildi. Ba’zida Gʻasprali Xorazmdagi jarayonlarga oid o‘zining tahliliy maqolalarini ham e’lon qilib bordi. Bu borada Gʻasprali va Xiva xonligi bosh vaziri, taraqqiyparvar, islohotchi Islomxo‘ja o‘rtasidagi xat orqali fikrlashuvlar ham katta ahamiyat kasb etdi.
“Tarjimon” gazetasidagi 1883–1917-yillarga oid 150 dan ortiq maqola, xabar, lavhalarda o‘sha davrda kechgan jarayonlar, voqeliklar yoritib o‘tilganki, bu tariximizni o‘rganishda katta ahamiyatga egadir.
Shu bilan birga, boshqa nashrlardagi Turkiston o‘lkasi, Buxoro amirligi va Xiva xonligiga oid maqolalar bevosita “Tarjimon”da chop qilinib turgan. Gʻasprali ularni nashr etish orqali turk dunyosini O‘rta Osiyodagi jarayonlar bilan tanishtirib turuvchi vositachi vazifasini ham bajargan.
Ana shu maqolalar orqali Ismoil Gʻasprali turkiy musulmon xalqlari, shu jumladan Turkiston o‘lkasi, Buxoro amirligi va Xiva xonligidagi jarayonlarni kuzatib turgan. Shuningdek, Rossiya imperiyasidagi qaysiki nashrda bu hududlarga doir maqola chop etilgan bo‘lsa, ularni “Tarjimon”da ko‘chirib bosgan. Ba’zida esa izoh berib, o‘z fikr – mulohazalarini ham bildirib turgan.
Ushbu maqolalarni “Tarjimon” gazetasida Xorazmga oid maqola va lavhalar” nomi bilan kitob holida chop etish, shu bilan birga “Ismoil Gʻaspralining “Tarjimon” gazetasidagi chop etilgan maqolalarning Xorazm tarixini o‘rganishdagi ahamiyati” mavzusida ilmiy tadqiqot qilish zarurati bor.
O‘rni kelganda, “Tarjimon”ning xorazmlik muxbirlari xususida to‘xtalib o‘tsak. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Ramazon Saydashev gazetaning faol muxbirlaridan biri edi. U XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Xorazmda faoliyat ko‘rsatgan pedagog va jurnalistdir. Ramazon Saydashev dastlab Xivadagi rus-tuzem, keyinchalik Mamat mahramning jadid maktabida dars bergan.
Nashr bosh muharriri Ismoilbek Gʻasprali Ramazon Saydashev yuborgan xabarlarni “Xivadan maktub” ruknida gazetada chop etgan. “Mulla Ramazon”, “Ramazon Saydashev”, “R.Saydashev” imzolari ostida vohada kechayotgan har bir jarayon, voqeliklar gazetada e’lon qilib borilgan. Ramazon Saydashevning pedagogik va jurnalistik faoliyati hanuzgacha umuman tadqiq qilinmagan.
“Tarjimon”ning yana bir jonkuyar xodimi Gʻofur Usmoniy haqida ham alohida to‘xtalmoq joiz. Xorazmdagi jadid maktablarida faoliyat ko‘rsatgan pedagog va jurnalist Gʻofur Usmoniy XX asr boshlarida Xiva, Yangi Urganch shaharlaridagi jadid maktablarida o‘qituvchilik qilgan. U Ramazon Saydashevning ta’lim va matbuot sohasidagi ishlarini munosib davom ettirgan shogirdi hisoblanadi. Muxbir Usmoniy ham “Vaqt”, “Tarjimon” gazetalarida Xorazmdagi ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar to‘g‘risidagi maqolalari bilan muntazam qatnashib turgan.
Bir so‘z bilan aytganda, “Tarjimon” gazetasida o‘z maqolalari bilan faol ishtirok etgan Ramazon Saydashev va Gʻofur Usmoniy Xorazmdan yetishib chiqqan ilk jurnalistlar sifatida tarix sahifalaridan joy olishdi.
Umid BEKMUHAMMAD,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
“Jadid” gazetasining 2024-yil 25-oktyabrdagi 44-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



