Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


04.11.2024 | 10:53

img404

KIBRIMIZ OSMON QADAR…

Bugun ijtimoiy tarmoqlar odamlarning yashash tarzi, orzu-umidlari, hayotiy qarashlari, siyosiy tutumlarining oʻziga xos koʻzgusiga aylangan. Yana ijtimoiy tarmoqlarni huv oʻsha Iskandarning shoxi haqidagi sir aytilgan va undan oʻsib chiqqan qamishdan yasalgan nayga ham mengzashadi – yopiqliq qozon yopiqligicha qolib ketmasligiga ishora. Shundanmikan, kimlardir dardini toʻkib-solgisi keladi.

Ezgulik, qadriyatlardan hikoya qiluvchi hayotiy voqealar aks etgan havolalar boshqalarni (ayniqsa, yosh avlodni) tarbiyalashga ozmi-koʻpmi xizmat qiladi – “chillaki chillakini koʻrib chumak uradi” deyilmish gap bor, axir. (Garchi aynan adabiy-ma’rifiy mazmundagi guruhlar ishtirokchilari boshqa – “oldi-qochdi”larga toʻlgan guruhlar a’zolaridan oʻnlab marta kam boʻlsa-da). Va yana…

Gohida “Falonchi otasiga falon rusumdagi xorij avtoulovini sovgʻa qildi” mazmunidagi xabarga koʻzimiz tushadi. Unda ulov rasmi, kalitni topshirayotgan oʻgʻil yoki qiz va baxtiyor ota aks etgan boʻladi. Bunday xabarlarga bildirilgan munosabatlar asosan bir mazmunda: “Yasha, otaoʻgʻil!”, “Bizga ham nasib qilsin!”, “ Qani hammaning ham shunday oqil farzandi boʻlsa!” “Ota-onani rozi ­qilish bundan ortiq boʻlmas!”

Izohlar orasida kimdir “Shuni koʻz-koʻz qilish shartmi?” degan mazmunda munosabat qoldirsa, asosiy “qahramonlar”dan chalgʻib, koʻpchilik shu bandaga malomatlar yogʻdirishga tushib ketishadi: “Birovning joʻmardligini koʻrolmas ekansiz!”, “Baxtiyor otaxonga hasadingiz keldimi?” “Qoʻlingizdan kelsa siz ham sovgʻa qiling”.

Tadbirkorlik qilibdi, halol pul topibdi – otasiga ulov olib beradimi, katta shahardagi “siti”lardan kvartira sovgʻa qiladimi – bu uning shaxsiy ishi. Bunga e’tiroz yoʻq. Ammo shu ishini minglagan odamlarga koʻz-koʻzlashi shartmi? Axir buning ortida dinimizda ham, milliy qad­riyatlarimizda ham qoralanadigan KIBR atalmish (uning yana bir atamasi manmanlik) balo yotibdi-ku!

Xuddi shunga oʻxshash yana bir holat haqida ham ijtimoiy tarmoqlarda oʻqib qolamiz: “Falonchi uch nafar farzandi uchun alimentni oldindan toʻladi, ya’ni ajrashgan xotini va farzandlariga falon soʻmga kvartira sovgʻa qildi”. Xursand bolalar va yangi uy surati ham ilova qilinadi.

Bu oʻrinda, huquqiy tilda aytsak, ajrashgan ota qonunda belgilangan tartibda onasi qaramogʻida qolgan bolalariga sud qarorida koʻrsatilgan alimentni bir yoʻla, ya’ni barchasi balogʻat yoshiga yetguniga qadar ado qi­lishi lozim boʻlgan miqdorni toʻlab berdi, xolos. U otalik burchini va qonun talablarini bajardi. Bu ikki yoki uch shaxs orasidagi “oldi-berdi” holati. Buni ijtimoiy tarmoqlarga yoyinlash, “saxovatpesha ota”ni ulugʻlash qaysi mezonlarga toʻgʻri keladi? Buyam bemehr otaning kibri emasmi aslida? Xuddi shunday! (Yaxshiyam “Falonchi amaldor davlatga yetkazgan falon million soʻm zararni biratoʻla naqd pulda qop­ladi”, degan mazmundagi sud ijrochisiga aybdor (asli jinoyatchi) topshirayotgan qop-qop pullar suratini hali ijtimoiy tarmoqlarda koʻrmadik. Koʻrib qolsak, ajablanmaymiz ham).

Quyida aytmoqchi boʻlganimiz kibr balosining yana bir namoyishi borki, bunga mos atama topolmadik. Siz urinib koʻring-chi!

Kattagina korxona rahbari pora bilan qoʻlga tushib, uzoq muddatga qamalib ketdi. Jazoni oʻtab qaytgani sharafiga oʻgʻillari elga dasturxon yozishdi. Yaqinlari, tanish-bilishlari qutlab borishdi va… hayratdan (asli xijolatdan) lol qolishdi. Ehson berilayotgan toʻyxona oldida qora tusli yap-yangi, ustlariga gullar va sharlar bogʻlab tashlangan, “Xush kelibsiz, otajon!” degan alvon yozuv osigʻliq yengil mashina turgan ekan. Mezbon – qamoqdan chiqqan poraxoʻrning oʻgʻli mehmonlarga “Otamiz qamalganida kun kelib ozodlikka chiqqanlarida shunday kutib olamiz, koʻngillari oʻksimasin, deb niyat qilgandik. Mana, shu kunlarga yetkazdi. Otamiz rosa xursandlar!” deb maqtanardi…

Nimalar boʻlyapti? Nahotki fe’li­miz shu darajaga bordi? Qilgʻiliqdan uyala­digan emas, faxr tuyadigan bandalarga aylandik.

…Yon qoʻshnimizning oʻgʻli balogʻatga yetmagan oʻquvchi qizning nomusiga tegib, oʻn olti yilga qamaldi. Otasi kasalmand holiga besh-olti yil xorij mamlakatlariga borib ishladi. Maqsadi: oʻgʻli qamoqdan chiqqan kuni unga yengil mashina sovgʻa qilish va toʻyini oʻtkazish. Ikki odam toʻplangan davrada orzusini aytishdan uyalmas, tinglovchilar na e’tiroz bildirish, na ma’qullashini bilmas, yerga qarab (aslida bir-biriga yashirincha imo-ishora bilan miyigʻida kulib) oʻtirishardi.

Bu nima? Kibrning qay bosqichi bu? Oʻtmishimizda bunga oʻxshash vo­qealar biror tarixiy bitikda yozib qoldirilganmi?

Bilmadik.

Yana bir shunga oʻxshash “saxovat”ni (buni “joʻmardlik” deb baholaydiganlar koʻpchilik) qay bir farzandning otasi yoki onasiga umra ziyoratiga borishi uchun yoʻllanma sovgʻa qilganida ham koʻramiz. Yana oʻsha lavhalar: yoʻllanma taqdim qilayotgan farzand, bir parcha qogʻozni koʻz yoshlari bilan qabul qilayotgan ota yoki ona.

Shu oʻrinda “Oʻng qoʻling qilgan xayrni (saxovatni) chap qoʻling bilmasin!” deyilmish qadim otasoʻzimiz borligini qayta va qayta eslatishimiz munosabat bildiruvchi qatlam olqish­lari ostida koʻmilib qolib ketadi.

…Esimda, yigirma yillar oldin bir tanishim maslahat soʻrab kelgan: “Otamiz umr boʻyi haj ziyorati orzusi bilan yashadilar – oʻsha vaqtlari qoʻlimiz kaltaligidan orzulari amalga oshmadi. Endi tadbirkorlik qilib, anchagina sarmoya egasi boʻldim. Otam uchun haj ziyoratini “omonat usul”da ado etmoqchi boʻlganimda birovlar qarshi chiqdi. Nima qilishni bilmay boshim qotgan…”

Otasining armoni ichida qolib, azob bergan farzandni tushundim va maslahat berdim: “Shu hajga atagan pulingizni biror muhtoj oilaga bering! Umri boʻyi duo qiladi”.

U rozilik bergach, shunchaki eslatdim: “Buni men bildim, siz biling – boshqalar bilmasin! Siz yordam qilgan oila farzandlari oʻksishi mumkin. ­Bering, keting, biror joyda aytmang!”

Shunday qildi. Oʻsha muhtoj oila tanishim bergan pulni tijorat bankiga omonatga qoʻyib, uch yildan soʻng foiz­lari oʻsib, evaziga ikki xonali uy oldi.

Kuni-kecha “temir daftar”da turgan oila yangi uyga koʻchib oʻtganini eshitganlar hayratlandi. “Hokimlik yordam qilgandir”, dedi birovlar. “Homiylar koʻmak koʻrsatishgan”, deb tusmollaganlar boʻldi. Hech kim oʻsha saxovat egasini eslamadi, chunki u buni oshkor qilmagandi.

U kibr nimaligini bilmasdi, odamgarchilik tamoyillari bilan tarbiyalangandi.

Ota-onasiga haj ziyorati yoʻllanmasi sovgʻa qilayotganlarning yana bir qatlami tagʻin-da “ilgarilab” ketishgan. Ular haj ziyoratidan qaytgan otasi va onasiga yengil mashina sovgʻa qilganliklari haqidagi lavhalarni gʻurur bilan ijtimoiy tarmoqlarga yoyin­lashyapti. Haj ziyoratidan qayt­gani sharafiga beradigan dabdabali toʻylarda kalitlarini qarsaklar ostida topshirishyapti ham.

…Shunday xabarlarga koʻzim tush­ganida ulugʻ shoirimiz Erkin Vohi­dov­ning “Kamtarlik haqida” she’ri beixtiyor esimga keladi.

Yana tatar jadidligi yetakchilari­dan biri Rizouddin ibn Faxruddinning quyidagi fikri yodimga tushadi:

“…Kelajak hayotingizda mumkin ­ulugʻ olim boʻlarsiz yoki taniqli bir muharrir, balki mashhur xatib, savdogar va yo boshqa kim boʻlsangiz boʻling, ammo husni xulqdan bir qarich ham chetga chiqmang. Hech qachon kibr­ga yaqinlashmang!”

Jadid bobomiz kibrni husni xulq­ning birlamchi dushmani deb bilgani bejiz emas. Hozir esa… “dushman” allaqachon ostonani hatlab, toʻrga chiqib, yastanib olishga ulgurdi.

…Kuni kecha kenja oʻgʻlim iymanib aytib qoldi: “Sizga yangi yotoq mebeli buyurmoqchi edim”. Sezdimki, biror yigirma yilki beminnat xizmat qilayotgan yotoq divan eskirganidan oʻgʻlim uyalgan.

“Mayli, ammo oʻsha matohni keltirganingda suratga olib ijtimoiy tarmoqqa qoʻyib yurma!” dedim hazil va jiddiy ohangda.

Roʻzimboy HASAN,
Oʻzbekiston Yozuvchilar ushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 1-noyabrdagi 45-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img98

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img610

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img607