Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


04.11.2024 | 11:21

img545

KOMILALIK TA’RIFI

Buyuk allomalarimiz komil inson orzusida koʻplab asarlar bitgan. Xususan, hazrat Alisher Navoiy qalamiga mansub “Hayrat ul-abror” dostonining oltinchi maqolati ham “adab da’bi (xislati)”, “tavoze’ vasfi” va “hayo ziyosi” ta’rif-u tavsifiga bagʻishlangan. Mazkur bobda shu uch masala tahlili bilan bogʻliq hikmatlardan bahramand boʻlamiz.

Mana bu satrlar har bir ota-onaga bir oʻgit boʻlib xizmat qiladi:

Birisi qoʻymoqlik erur yaxshi ot, –
Kim desalar etmagay andin uyot.

Har bir ota-onaning zimmasida farzandiga yaxshi ism qoʻyish mas’uliyati bor, de­yilayotir baytda. Toki bu farzand uni chaqirishgan vaqtda ismidan uyalmasin.

Xalqimiz bu oʻgitga amal qiladi. Chaqaloq tugʻilganidanoq hamma unga yaxshi nom qoʻyish uchun izlanadi. Ba’zi oilalarda bu borada bobo-buvilarga, oʻqimishli insonlarga murojaat ham qilishadi.

Komil, Komila, Kamol, Kamola ismlariga tez-tez duch kelamiz. Arabchadan tilimizga kirib kelgan bu soʻzlar yetuk, toʻliq, kamchiliksiz degan ma’nolarni anglatadi.

Hozirgi kunda maktablarimizda “Tar­biya” fani oʻqitilyapti. Yosh avlodni mukammal shaxs, ya’ni komil inson qilib tarbiyalash bosh maq­sadimizga aylangan.

Xoʻsh, farzandlarimizning komil va komila boʻlib voyaga yetishida kimga tayanamiz? Eng avvalo, onalarimizga!

Bugun jamiyat oʻzgarayotgan, ong yangila­nayotgan bir zamonda yashayotgan ekanmiz, oldimizda turgan masalalarni hal qilishda ayol­larning oʻrni va ishtiroki muhim.

Navoiy “Hayrat ul-abror”ning biz tilga olgan bobida bola tarbiyasi va uni oʻstirish, oʻqitish, balogʻatga yetkazish borasida alohida toʻxta­lib, ota qatori onani ham bekorga ulugʻlamagan:

Boshni fido ayla ato qoshigʻa,
Jismni qil sadqa ano boshigʻa.
Tun-kununga aylagali nur fosh,
Birisin Oy angla, birisin – Quyosh.

Navoiy bu matnda ota-onani Oy bilan Quyoshga tenglashtirishi zamirida ham katta gʻoya bor.

“Ayol” soʻzining ma’nosiga bir e’tibor beraylik. Asli arabcha “ayol” soʻzi – “oila” kalimasi bilan oʻzakdosh. Eski tilimizda “oila a’zolari” tushunchasi “ahli ayol” birikmasi bilan ifodalangani shundan.

Chindan ham, oilaning fayz-u barakasi – koʻp jihatdan ayolga bogʻliq. Xalqimiz bekorga ayollarimizni “uy bekasi”, “xonadon farishtasi”, deb ulugʻlamaydi. Demak, ayol ma’naviyati – oila ma’naviyati tushunchasining uzviy qismini tashkil etadi.

Farzandni kamolga yetkazish oilaviy tarbiyani toʻgʻri yoʻlga qoʻyishdan boshlanadi. Oila­dagi oʻgʻil-qizlarimizning qanday insonlar boʻlib yetishishi – hammadan burun ayollari­mizga vobasta. Shuning uchun aksariyat buyuk qalam sohiblari ayollar timsolida ham komil inson gʻoyasi targʻibini amalga oshirishgan.

Rost, oʻzbek ayoli zimmasiga tom ma’noda milliy, sharqona ma’naviyatni saqlab qolish va uni yanada yuksak darajalarda, zamonaviy asoslarda davom ettirish mas’uliyati yuklangan. Eh-he, chinakam ma’naviyatli ayollari­mizga xos qanchadan-qancha fazilat bor.

Navoiy asarlaridagi qator hikoyat va rivoyatlarda ezgu fazilatlar qalamga olingan. Ular faqat erkak timsollari orqaligina emas, ayollar misolida ham keng targʻib etilgan.

Ne-ne ulugʻlarni, buyuklik darajasiga olib chiqqan ham onalar. Shu oʻrinda Navoiyning yana bir dostoni, ya’ni “Saddi Iskandariy”dan bir muhim hikoyatni eslab oʻtish joiz. Asarda Iskandar mukammal inson sifatida tasvirlanadi. Lekin dostondagi jahongirning onasiga yozgan maktubi berilgan bobda Iskandarday mukammal inson ham oʻlimi yaqinlashganida oʻzini onasi oldida aybdordek bilganini bayon etib xat yozadi. “Bir umr sening xizmatingni qilsam boʻlmas edimi?” deydi.

Garchand Iskandar nihoyatda aqlli, dunyo­ning katta qismidagi koʻp mamlakatlarni egallagan jahongir boʻlishiga qaramay, hayotining oxirida uni shunchalik buyuklikka, ulkan zafarlarga musharraf etgan onasi ekanini anglaydi, ammo farzand sifatida uning xizmatida boʻla olmaganidan afsuslanadi, oʻgʻillik burchini ado etolmagani uchun oʻzini aybdor his qiladi. Shuning uchun u maktubi orqali volidasidan kechirim soʻraganday, shu tariqa oʻziga oʻzi tasalli berganday boʻladi.

Asarda Iskandar oʻlimidan keyin yetti iqlimdan donishmandlar uning onasiga ta’ziya bildirgani kelishgani tasvirlanadi. Shu yoʻl bilan shoir onaga baho beradi. Aflotun Iskandarning volidasi zamonasidagi eng oqila, sheryurak, yuzlab mard sherlarga barobar zot ekanini, Suqrot uning eng yetuk, barkamol ayolligini, Balinos hushyor, donoligini, Buqrot togʻ kabi vazmin, sabrli, Xurmus bilimdonligi­ni, Farfunyus soʻzlari gavhar, purma’noligini, Aras­tu gʻamga bardoshli ekanini aytib, ta’rif­laydi, shu tariqa unga dalda beradi. Ushbu ta’riflar orqali Navoiy zimdan onalarimizni har tomonlama mukammal boʻlishga da’vat qiladi.

“Saddi Iskandariy” dostonida keltirilgan boshqa hikoyatda bir shohga bir ustunli uy qurish orzusi tushadi. Xizmatchilari qidira-qidira toʻgʻri oʻsgan baquvvat daraxtni topishadi. Uning egasi qari kampir boʻlib, yogʻochini sotishga rozi boʻlmaydi. Niho­yat kampirga yogʻoch ogʻirligida oltin tortib be­rishadi. Uyni qurib, ichini gavharlar bilan bezatganlaridan keyin ustunni ham zarnigor qilishadi, ya’ni ustiga oltin suvi bilan ishlov berishadi. Kunlardan bir kuni kampir imo­ratni tomosha qilishga keladi va yogʻochni oʻpib: “Sen toʻgʻri boʻlib oʻsganing tufayli oʻzingni ham, meni ham oltinga koʻmding!” deydi.

Toʻgʻri oʻsgan chiroyli bir daraxt kishini shunchalik baxtiyor qiladigan boʻlsa, toʻgʻri soʻz va halol odamning qilgan ishi, uning fazilatini ta’riflab bitirish mumkinmi? Hikoyatda Navoiy onalar farzandlarini toʻgʻri tarbiyalab, voyaga yetkazsalar, ular bu ezgu fazilatlari bilan ota-onasiga sharaf, jamiyatiga katta foyda keltirishini tik oʻsgan daraxt misolida targʻib etadi.

Hazrat Navoiy oltmish yillik umri davomida, avvalo, millatimiz, qolaversa, umumbasha­riyat ma’naviyati va ma’rifati ravnaqi uchun bir umr xizmat qiladigan boy adabiy meros qoldirdi. U barcha asarlarida insoni sharifni ulugʻlaganiga guvoh boʻlamiz.

Buyuk shoirning falsafiy aqidasiga koʻra, butun borliq, jamiki mavjudot inson tufayli va inson uchun yaratilgan. Shu sabab insonparvarlik uning asarlari bosh gʻoyasi hisoblanadi. Shoir komil insonga xos fazilatlarni targʻib ­etish bilan birga ayollarda uchraydigan illatlarni ham qattiq qoralagan.

Bu, xususan, “Hayrat ul-abror” dostonida kuchli namoyon boʻlgan. Asarni oʻziga xos odob­noma, desa boʻladi.

Dostonning asosini 20 maqolat tashkil etgan va har bir maqolatda bir muhim hayotiy masala badiiy tahlil etilgan va buning hayotiy tasdigʻi sifatida unga bittadan hikoyat ilova qilingan.

Adab xususidagi 6-maqolatga ilova tarzida Noʻshirvon hikoyasi berilgan. Bu shahzodadagi hayo misolida qizlarimizda undan ham yuksakroq fazilatlar boʻlishi lozimligini uqtiradi. Yozilishicha, Noʻshirvon bir chamanda gulrux yori bilan suhbat quradi va goʻzal tomon qoʻl uzata turib, koʻzi birdan nargis guliga tushib qoladi. U gul Noʻshirvonga odam koʻzini esla­tadi. Shunda Noʻshirvon beodoblik qilyapman deb oʻylab, guldan uyaladi va uzatgan qoʻlini tortadi.

Bu hikoyatda yigit kishida hayo, ibo, uyat tuygʻusini ta’riflash orqali zimdan ayollarimizda bunday fazilatlar ulardan koʻra ham koʻproq, yuksakroq boʻlishi lozimligi ta’kidlanadi.

“Lison ut-tayr” asarida keltirilgan bir hikoyatda erkaklar ayol kishiga muhabbat qoʻ­yib, shunga berilib ketib, ilmdan, ma’rifatdan uzoq­lashib qolmasligi gʻoyasi ilgari suriladi. Ayol­ning chiroyiga mahliyo boʻlib, yigit oʻz maqsadlaridan voz kechmasligi lozimligi uqtiriladi.

Arastuning shogirdlari orasida ilmiy anjumanlarda kimsan Aflotun bilan ham bahs qila oladigan zoʻr bir yigit bor edi. Ustoz uni farzanddek koʻrardi. Lekin yigit bir mohiliqoga oshiqi beqaror boʻldi. Toʻydan keyin kitob oʻqishni ham unutib, yorining oldidan jilmay qoldi. Ustozning pand-nasihatlari kor qilmadi. Qarasaki, shuncha mehnati zoye ketyapti. Oshiqlik bir umidli olimni ilmdan ayirmoqda. Arastu bir maxfiy chora qilib, kelinga dori ichiradi. Yigit, qancha yugurib-yelsa ham, kelin dardiga chora topolmay, ustozi oldiga boradi. Ustoz shogirdini Iskandar xizmatiga yuborib, oʻzi kelinni davolaydi. Ungacha kelin ozib, buj­maygan bir holatga kelib qolgandi. Yigit kelib qarasaki, uning oldingi goʻzalligidan asar ham qolmagan. Ustozi shogirdiga kelinni koʻrsatib, goʻzallik oʻtkinchiligiga ishora qilgandi.

Navoiy “Tarixi muluki Ajam” asarida otasiga vafo qilmagan qizning ayanchli taqdirini tasvirlaydi. Toyir podshohning Malika ismli goʻzal qizi bor edi. Shopur degan yosh podshoh Toyir yurtiga yurish qilib, saroyini qamal qiladi. Malika Shopur ta’rifini eshitib, unga gʻoyibona mahliyo boʻladi. Otasining saroyi darvozalarini ochib berishga imkoniyat yaratadi. Shopur mamlakatni egallab, Toyirni oʻldiradi. Malikaga uylanadi. Bir kuni Malika uxlolmay qiynalayotganini koʻrganlar podshohga buni bildirishadi. Shopur surishtirsa, bir murud, ya’ni nashvoti bargi toʻshak ostida qolgani uchun u shuncha bezovta boʻlgan ekan. Shopur xotinidan: “Seni ne nav’ tar­biyat qilibdurlarkim, muncha nozuk boʻlubsen?” deb soʻraydi. Malika otasi uni ilik ustiga novvotni un qilib sepib boqqanini aytadi. Shunda Shopur: “Andoq parvarish bergan otagʻa ne vafo qildingkim, manga qilgʻaysen?!” deb, uni oʻlimga mahkum etadi.

Navoiy bu hikoyat orqali otasi, Vatani, xalqiga vafo qilmagan ayol eriga ham vafo qilmasligi masalasini oʻrtaga qoʻyadi.

“Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida yozi­lishicha, Bahouddin Naqshband yoshlik payt­lari tushida yassaviya pirlaridan Hakim Ota, ya’ni Sulaymon Boqirgʻoniyni koʻradi. U Bahouddinni bir darvesh ixtiyoriga topshiradi. Bu tushini bolakay ona bibisiga aytib berganida, u: “Ey farzand, senga yassaviya shayxlaridan bir nasiba boʻladi”, – deb bashorat qiladi. Yillar oʻtib, Bahouddin oʻsha darveshni oʻngida koʻrib, unga bir necha yil muridlik qiladi. Bu Xalil Ota edi. Demak, Bahouddinning ona tarafdan bibisida ham ajib xislat mavjud boʻlgan.

Ana shu “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasi oxirida Navoiy “erkaklar martabasiga yetgan orif ayollar zikri”ni beradi. Biz shu tariqa islom olamida oʻtgan 35 nafar avliyo ayol haqida ma’lumotga ega boʻlamiz.

Xullas, Navoiyning qaysi bir asarini oʻqimaylik, u xuddi bugun yozilgandek, bizga ma’naviyat ulashadi. Demak, ular hech qachon oʻz qadrini yoʻqotmaydi. Bu ijod namunalari hozir ham yoshlarni tarbiyalash, ularning ma’rifatini oshirishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Navoiy asarlari oʻzining boy mazmuni, chuqur gʻoyalari bilan kishilar qalbini hamisha rom etaveradi. Shu tariqa ular har zamonning eng zamonaviy soʻzi boʻlib qolaveradi.

Ziyoda GʻAFFOROVA,
Toshkent amaliy fanlar universiteti dotsenti

“Jadid” gazetasining 2024-yil 1-noyabrdagi 45-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605