Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


06.11.2024 | 11:42

img280

SEMIZLIKNI KIM KO‘TARAR?

Senga aytsam, hamma balo yeb-icharda ekan, ukam! Faqat qorinmas, miya ham ovqatsirab tata­laydi. Ertalabdan miyani meʼdasiga “fas-fut” tiqishtiraman. Keyin kun bo‘yi lanjlanib, falon artist eson-­omon qutilib oldimikin, falon joyda “daga-dagachi” bachajish chiqqandi, qo‘lga tushdimi-yo‘qmi, deb shungayam siqilaman. U yog‘ini so‘rasang, kechasi soat uchgacha go‘lf koptogi qanday yasalishi, Аfrikadagi yoruba qabilasi­dagi oqbilaklar balchiqdan chotbosdi qilib laqqa baliq tutgani, Gou Chaynalik ochofat ochib chiqishiga bir kun qolgan jo‘jani chaynamay yutgani va shunga o‘xshash bemaza narsalar­ni ko‘rib, ko‘zim qizargan. Mana hoziram kalla jonivor Do‘rmondagi so‘rida qopketgan bo‘sh shishaga o‘xshab g‘uvillab yotibdi…

Buni qara, bugun 1-no­yabr – AQShda Milliy sogʻlom ovqat­lanish kuni emish. Tavbangdan ketay, bu zamonda sogʻlom ovqatlanib boʻlarkanmi? Mana, meni olaylik, har kuni sogʻlom ovqatla­nish­ni “repetitsiya” qilaman. Lekin biror marta “sahna”ga chiqqanimni eslolmayman. Nuqul taroziga chiqaman. Nimaga deysanmi? Ey, uka, aytguligi yoʻq. Bir paytlar “avtoritet” deb, kattalarga havas bilan kichikroq “qorincha” qoʻygandik… Keyin nima boʻl­di? Bardamalab ketdi, sa­vil! Hammasiga “karantin” aybdor. Qiladigan ishi qolmasa, soʻqim ham kavsh qaytaradi. Odamni miyasi och qolsa, qorni qappayadi. Chunki oshqozon ishlaganda kalla ishlamay qoladi. Tanadagi qon oqimi “nozik” (!) mehmonni tezroq kuza­tib qoʻyish bilan ovora boʻlib, miya­ni yakkamoxov qipqoʻyadi. Keyin nima boʻladi? Fikrlash tizimi esnaydi. Biroz choʻzilib olsak, zarar qilmas, uzr-da, deydi-yu, shartta oyoq uzat­voradi… Bu yogʻi ke-etdi… Uch­qoʻrgʻonga!

Xullas, ozishga qaror qildim. Avvalo, oʻtgan-ketgandan surishtirdim, sergoʻsht som­sa­larni laqqa-laqqa yutib “Yutub” koʻrdim. Hammasini topib olgan gapi bir: kundalik ratsiondan yogʻli ovqatlarni olib tashlang! Shuyam gap boʻldi-yu?! Bular medinstitutni bir-biridan koʻchirib bitirganmi? Kilkillab turgan ilik shoʻrvadan kechib boʻlarkanmi? Choyxona palovni dumbasiz tayyorlab koʻr-chi? Ey, qoʻyni dumbasini aytyapman! Mehmon-pehmonga borganda, kechirasiz, dasturxondan yogʻli ovqatlarni olib tashlang deyolasanmi? Bir aytib koʻr qani? Soliqchiga qaragandek oʻqrayadi!

Qiziq xalqmiz. Bolamizdan berkitgan shirinliklarni yeyishga mehmonni majburlaymiz. Hech boʻlmasa, tatib koʻrishga. Yoʻq desa, urdi xudo! Bola shoʻrlik eshikka suyangancha koʻzini gʻiltillatib turibdi. Ammo dasturxon hurmati, bir-ikki choʻ­qi­gan boʻlasan. Oldingga qoʻy­dimi, eysan! Holbuki, bu yoqda Navoiy hazrat: “Oldiga qoʻyganni yemoq – hayvonning ishi…” deb turibdilar. Qisqasi, odam safidan koʻp marta chiqqanmiz, uka… Oqibatini koʻrib turibsan.

Avvalo, nonushtaga e’tibor qiling, deydi feysbukda tarvaqaylagan doʻxtirlardan biri. Maktab davri zoʻr edi. Tongda choy ichib ket, deydigan onang yoningda. Ertalab qoʻshnidan sut chiqadi. Qaynaganiga asal bilan quruq choy qoʻshib, qotgan non toʻgʻrab bitta “urvorasan”, shu bilan “zavtirik” – zab tirik boʻladi. Yo boʻmasam, soʻpini suvi ilimasdan hovliga yoʻrgʻalaysan. Baxmaltob barglar ora­lab “aji” qipturgan nonbehidan bitta uzasan. Hali chimildiq koʻrmagan gʻoʻr qargʻani chum­­­dugidan tushib qolgan boyyongʻoqlardan bir-ikkitasi kalishingga botadi. Terib olasan. Boʻldi, tayyor sogʻlom no­nushta! Arzonligini aytmaysanmi?! “Gazak”ka mayizmi, turshakmi qoʻshsang, kechgacha kayfing taroq, dimogʻing chogʻ-da, ukam! Oʻylab qara­sam, hozir intilganimiz – sogʻlom ovqatlanish oʻsha paytlar hayot tarzimiz boʻlgan ekan.

Bunday olganda, ota-bo­bo­larimiz toʻgʻri qilgan ekan. Axir oʻzlari aytgan naql bor: “Nonush­tani oʻzing ye, tushlikni doʻsting bilan, kechkini dushmaningga ber…” Afsuski, men shoʻrlikda dushmanam yoʻq!

Ana, parhezkashlar ayt­yapti: har qancha ogʻir ovqat boʻlsa, ertalab yeng, oshqozon koʻtaradi. Nahorgi oshni shunisi yaxshi. Uniyam oʻziga yarasha odobi bor. Avval niyat qilib toʻyga borasan. Birorta bozori chaqqon nospurushdan “besh mingtalik”ni talqonnosdek maydalatib, toʻyana oʻrnida toʻychivoyni kaftiga shartta bosasan. Yayrab keta­di! U yogʻi tanishlarni koʻra­san. Dasturxon atrofida oʻtira­san. Bitta fotiha tortiladi. Choy uzatiladi. U bilan oshqozonni uygʻotib olasan. Toʻyxonani toʻrida dutorini qorniga qoʻyvolib, bir tovoqbashara zorlanadi: “Qaddi-bastinga sallamno…” Likopdagi chimchi salatdan chimchib, me’dangni hozir keladigan yogʻli palovga tayyorlaysan. Ana keldi. Undayam sho­shish yoʻq. Qani, sizdan boʻlsin! Yoʻq, avval oʻzlaridan boʻlsin. Boshlab bering. Mana… Xullas, chaynab-chaynab, choydan hoʻplab-hoʻplab, issiqqina oshni “oʻzlashtirasan”. Ana keyin yana bitta fotiha. Surasan. Kechgacha vadavang! Bundan keyin tushlikda kam­roq yeysan, kechga yana kamroq. Qarabsanki, sogʻlom turmush tarzi!

Rivojlangan davlatlarda nonushtaga alohida marosim sifatida qarash bor. Albatta, sut mahsulotlari, qaynatilgan yo qovurilgan tuxum, sabzavotlar, imkoni bori baliq, imkoni yoʻqrogʻi asal, turshak, mayiz, tagʻin zaytun deganlari… Ishqilib, tanaga bezarar engilgina nonushta boʻladi.

Ozishni mashq qilib yur­gan paytlarim hayotga koʻp­roq e’tibor qila boshladim. Juda ovqatxoʻr el ekanmiz. Ammo shaharning manaman degan yemakxonalari ham soat oʻn birda koʻzini ishqalab ish boshlaydi. (Kechasi soat uchgacha jinlar bazmi boʻlgan-da!) Shunday qilib, tongda ishtaha saqlab, oʻrnimdan turdim. Oʻzim eringanim uchun yengilroq toʻydi­ra­digan tamaddixona iz­ladim. Ey, ishonasanmi, kunduzi chiroq yoqib qidirish kerak ekan. Bir-biridan uzoq-uzoq joylashgan. Bittasini amal­lab topib bordim. Nonush­ta­ga neki lozim, hammasi muhayyo! Ammo qimmat! Nega? Chunki talab kam! Faqat jonini qadrini biladiganlar yoki ertalab tuxum qovu­rish­gayam erinadiganlar talab­gor. Keyin bozor aylandim. Sogʻliqqa foydali nima boʻlsa, narxi osmon. Oldingda ikkita yoʻl bor: yo har kuni umringni kam-kamdan qisqar­tirib bor yoki bir qaro kunda qazo top. Tarjimasi: pulni tejab, nosogʻlom ovqatlarni yeb, oshqozon-ichak kasalliklari, qandli diabet, infarkt, insult orttirib, falon soʻmga davolan yoki shu davolanish puliga kasal boʻlishdan avval tozaroq ovqatlan. Tanla! Doʻkonlarimiz sun’iy mahsulotlarga toʻla. Ichimliklarimiz zararli. Oʻzimiz loqayd. Har narsani vaqti va me’yorini bilmaymiz. Masalan, olcha pish­ganda sharbat qilib ichmaymiz, ban­kaga tiqamiz… Pomidor-bodringni foydali paytida yemaymiz. Tuzlab (!), sirkalab (!), tanaga zararli boʻlgan toksinlarga boyitgach, tanovul qilamiz. Uniyam nima bilan? Uzumligida kun koʻrmagan “uzum sharbati” bilan! Seniyam miyang achib ketdimi? Meniki beshbattar! Endi toʻgʻri ovqatlana boshlaga­nim­da bir tadbir chiqadi. Hali u bayram, hali bu toʻy-tantana, yangi yilni aytmaysanmi, ey, oyda, yilda bir koʻrishgan tanishing ham, “qittay-qittay qilaylik”, deb holi joning­ga qoʻymaydi. Bu yogʻini soʻrasang, oʻzingniyam tomogʻing taqillab turgan boʻladi. Ochigʻini aytsam, hamma kasal – kallada! Odam avval ruhini, miyasini toʻydirishi ke­rak. Eplolmagach, sogʻlom tur­mush tarziga shunday dedim: “Sen bilan munosabatlarimiz uzoqqa choʻzilmaskan, xarakterimiz toʻgʻri kelmadi. Shuning uchun kel, doʻst boʻ­lib qolamiz…”

Mana endi bu ahvol. 7/24 rejimida ortiqcha 20 kiloni oʻzim bilan olib yuraman. Yelkamda pichoqqa borib qolgan toʻqli bilan tasavvur qipkoʻr! Oʻshani koʻtarib yuribman, uka!

Mana nega ertalab turishga, zinadan koʻtarilishga, (mansabda koʻtarilishgayam!) hatto tuzukroq fikrlashga qiy­nalaman. Poyma-poy gap­larimga siqilmaysan-da, uka. Miyam oʻlguday och… Irodasizlik yomon ekan, ukam… Omon boʻl, oʻzingga qara!

AKANG LAPASHANG

“Jadid” gazetasining 2024-yil 1-noyabrdagi 45-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604