Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


14.11.2024 | 11:40

img501

BOZOR TALABIMI YOKI SUN’IY HOSILA?

Ikki kun oldin shaharlik bir tanishim yozg‘irib qoldi: “Bozordagi narx-navoni nazorat qiladigan odam yo‘q – bir oy ichida go‘sht deyarli 50 foizga qimmatladi. Qassoblar ko‘ngliga tushgan narxni qo‘yishyapti. E’tiroz bildirsang: “Chorvani boqish oson emas, yem-ozuqasi qimmat. Odamlar boqqan mol-qo‘ylarini arzon sotgilari yo‘q. Men nima qilay?” deb yelka qisishadi. Bu masalani ko‘tarib chiqish kerak – hamma sohada tartib bo‘lgani yaxshi”.

Shaharlik odamning chorva to‘g‘risidagi tushunchasi qishloq odaminikidan farqli. Shaharliklar asosan iste’molchi, qishloq ahli esa ham yetishtiruvchi, ham iste’molchi. Gap ohangidan shaharlik tanishim qishloq odamlarini insofsizga chiqarayotganday.

Aslida haqiqat qayerda?

…Jiyanim dallollik qiladigan Bog‘ot tumani markazidagi “mol bozori” ta’rifi daryo oshgan – Amudaryo ortidagi To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniy tumanlaridan ham xaridorlar kelishadi. Faqat xaridorlar emas, haftaning chorshanba kuni qaynaydigan bozorga sotish uchun chorva mollari ham keltirishadi. Aynan ushbu bozor daryoning ikki qirg‘og‘ida yashovchi aholi uchun qo‘y-qo‘zi, qoramol-u echki narxlarini belgilaydi. Va, albatta, go‘sht narxini ham.

Jiyandan ko‘pincha har haftalik bozordan so‘ng chorva narxi haqida so‘rayman. Bu shunchaki qiziqish emas – xonadonimizda hamisha ikki-uch bosh sigir boqiladi. Kamida ikki yilda bir bosh ho‘kiz yoki g‘unajinni bozorga chiqaramiz.

Kuni-kecha odatimga ko‘ra chorva mollari bahosi bilan qiziqdim. Jiyanim bosh chayqadi: “Kecha bozorda molni yer ko‘tarmadi – bahosi oyoqosti bo‘ldi. To‘rt oy oldin sakkiz million so‘mga olib, so‘qimga boqqan ho‘kizni shu bahodan oshirmadilar, qaytarib olib keldim”.

Jiyanim bozordagi arzonchilikni vaqt va zaruriyatga bog‘laydi. Voha qishloqlarida yashovchi aholi bahor boshlamasida qo‘lida ortiqcha pul bo‘lsa mol xarid qiladi. Sababi, ilkida qo‘shimcha tomorqasi bor – chorva uchun yemish tayyor. Olti oy boqilgan buqacha kech kuzda xarid qilingan narxidan ikki hissa ko‘proqqa ketadi. Buyam bir tadbirkorlik-da!

Kuzda vohada chorva mollari narxlari keskin tushadi. Sababi, ko‘pchilik yoz bo‘yi boqilgan buqa-yu sigirlarni bozorga solishadi. Kimlardir farzandi uchun ta’lim kontraktini to‘lashi kerak, kimlardir to‘y boshlab qo‘ygan. Yana qish sovuq kelsa… keksalar aytmoqchi: “Chorva o‘z xunini yeydi”.

Ayni to‘kinlik shu damda boshqa bozorlardagi kabi mol bozorlarida ham kuzatilyapti, ammo…

…Go‘sht narxi noyabr oyiga kelib birdaniga osmonga sapchidi. Muqaddam kanorada mol go‘shti 80 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, hozirda 110 ming so‘mga chiqqan. Nega?

Ayrimlar nazdida bozordagi narx-navo pensiya va oylik maoshlarning oshishiga bog‘liq. Pensiyalar sentyabr, oylik maoshlar esa oktyabr oyidan oshirildi – 15 foizga. Agar shunday bo‘lganida bir kilogramm go‘sht narxi 90 ming so‘mning nari-berisida bo‘lishi kerak edi-ku!

Shu o‘rinda bozordagi narx-navoni AQSh dollarining rasmiy kursi belgilashi haqidagi nosfurush bilan bog‘liq latifa esga tushadi:

“Nega nosingiz qimmatladi?”
“Dollar ko‘tarildi-da, inim!”

Ayrim insofsiz savdogarlar haqida to‘qilgan bu latifani e’tibordan soqit qilmay turaylik-da, bir savolga javob izlaylik: nega kutilmaganda go‘sht narxi keskin ko‘tarildi?

Buni chorva ozuqasi qimmatligi bilan bog‘laydiganlar bor. To‘g‘ri, bugun don kombinatlarida un chiqarish jarayonida chiqadigan bug‘doy kepagi bug‘doy narxidan yuqori. Bu nomutanosiblik sabablari haqida mas’ullar izoh berishganiga ko‘zimiz tushmadi. Yoki paxta chigitidan olinadigan kunjaraning bahosi paxta narxi darajasida. Shundan ayrimlar kepak olmay, bug‘doyning o‘zini maydalab chorvasiga yedirishni ma’qul ko‘rishadi. Bugun bir kilogramm sabzi bir yarim ming so‘mdan sotilmoqda. So‘qimga chorva boqayotgan ko‘pgina xonadon egalari sabzidan ham chorva ozuqasi sifatida foydalanishga o‘tishgan. Ham arzon, ham chorvaga yuqumli.

Ikki yil oldin vohada yetishtirilgan sholi poyasini chorva ozuqasi sifatida har kipi(bog‘lami)ni 12 ming so‘mdan xarid qilish mumkin edi. Bugun esa bir kip somon 5-6 ming so‘mdan sotilyapti. Yoz davomida bug‘doy somoni ham o‘tgan yilgidan ancha arzon sotildi.

Odatda, chorva mollari narxini uning ozuqasi belgilashi kerak. Bugun chorva ozuqasi o‘tgan yillarga nisbatan ancha – deyarli ikki hissa arzonlashgan, ammo chorva mahsuloti hisoblanmish go‘sht bahosi yuqorilab boryapti.

Va yana chorva mahsulotlari narxini ularning soni belgilaydi, albatta. Bugun voha qishloqlarida yashovchi aholi ilkida viloyatdagi barcha chorva fermerlari ilkidagidan bir necha o‘n baravar ko‘proq mol-qo‘y bor. Yer maydonlarining aksari qumlikdan iborat Tuproqqal’a tumanida voha ahlining necha o‘n ming bosh qo‘y-qo‘zilari boqilyapti. Aynan shu hududda yaylovlar tashkil qilingani so‘nggi uch yilda vohada qo‘ylar bosh soni keskin oshishiga zamin yaratdi. O‘tgan yili e’lon qilingan rasmiy ma’lumotda aholi xonadonlarida boqilayotgan qoramollar soni salkam to‘qqiz yuz ming bosh deb ko‘rsatilgan. Bu aniq raqam emas, sababi – aksar xonadon egalari chorva bosh sonini yashirishadi – “bosh soniga qarab soliq solishadi”, degan gumonga borishadi. Bir vaqtlari – sovet zamonlarida yuritilgan shunday siyosat ta’siri haliyam yashovchan.

Aholining go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘la qondirish maqsadida so‘nggi yillarda vohada tovuqchilik, quyonchilikka asoslangan tadbirkorlik avj oldi. Qishloq aholisining aksari ham tovuq boqishni ma’qul ko‘rishadi. Buni har yil bahorda jo‘ja chiqaradigan tadbirkorlarning qo‘li-qo‘liga tegmasligidan ham bilish mumkin. Shu sabab bugun qishloq do‘konlarida tovuq go‘shti yil davomida sotilyapti. Yana qo‘y va mol go‘shtiga qaraganda ancha arzon. Istiqlolning dastlabki davrlarida bir kilogramm baliq bir kilogramm go‘sht bahosiga teng edi. O‘tgan davrda vohaning Qoraqumga chegaradosh bo‘sh yotgan yerlarida yuzlagan sun’iy ko‘llar qazildi – baliqchilik tezkor rivojlandi. Shundan bugun baliq narxi go‘shtdan deyarli to‘rt marta arzon. Har bir bozorda alohida “baliq mahsulotlari” pavilonlari ishlab turibdi. Baliqchilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini mahallama-mahalla yurib sotishni yo‘lga qo‘yishgan.

Bozorda bahoni ehtiyoj va talab belgilaydi, deyilmish yozilmagan qonun bor. Shu o‘rinda aholining daromadlari oshgani sabab go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talab ham oshganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bir vaqtlar – atigi chorak asr ilgari qozoni haftada bir marta go‘sht ko‘radigan xonadonlar bugun go‘shtsiz ovqat pishirishmaydi. Kamida ikkita go‘shtli ovqat tortiladigan davralar – turli to‘y-u tadbirlar rosa urfga kirdi.

Talab oshgani narxga ta’sir qildimi? Birdaniga-ya? Odatda narx-navo mavsumga qarab sekinlik bilan oshib borishi kerak emasmi? Ko‘p yillarni shunday an’ana kuzatilayotgandi.

…Kutilmaganda go‘sht bahosining keskin oshgani hukumatimiz nazaridan chetda qolmadi.

Prezidentimiz yaqinda mas’ullarga go‘sht va kartoshka narxlarini nazorat qilish bo‘yicha topshiriq berdilar.

Yurtboshimiz topshirig‘i ijrosini ta’minlash uchun mahalliy hokimliklar ko‘radigan tezkor choralardan biri – chorva fermerlariga mavsumiy yarmarkalar tashkil qilish va arzon go‘sht sotishni yo‘lga qo‘yish bo‘ladi. Bir qaraganda bu tadbir ayni muddaoga o‘xshaydi, ammo uning nojoiz tomonlari ham talaygina. Chorvasi uchun ozuqani qimmat baholarda olayotgan fermerlar o‘zlari yetishtirgan go‘shtni bozordagidan arzon sotishga osonlikcha rozi bo‘lishmaydi. Bo‘lishsa-da, bu uzoqqa cho‘zilmaydi – har fermer bir bosh ho‘kizini so‘yib sotadi va “topshiriq bajarilgani” haqida hisob beradi. Ayrim chorva fermerlari topshiriqni bajarishda “naqd pul aylanmasi usuli”ni qo‘llashadi, ya’ni tanish qassobga kunlik tushumi zararini qoplaydigan miqdorda pul taklif qilishadi. O‘rtadagi farqni qoplaydigan pulni olgan qassob belgilab berilgan narxda, ya’ni go‘shtning har kilogrammini 80 ming so‘mdan sotadi. Bundan xaridor va qassob manfaatdor bo‘ladi, yetishtiruvchi esa zarar ko‘radi.

Ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz – go‘sht rastalarida narx ko‘zga ko‘rinadigan qilib yozib qo‘yiladi “Har kilogrammi 80 ming so‘m”, ammo qassob taroziga tortgach, albatta, ustiga o‘sha ustamani qo‘yadi. Norozi bo‘lgan xaridorga tushuntiradi: “Bizlarga hokimlikdan topshiriq berildi, ularni molni qanchaga olganimiz, boshqa xarajatlarimiz qiziqtirmaydi. Agar ular aytgan narxdan sotsam uyim kuyadi-ku!”

Bayramlar arafasida tashkil qilinadigan oziq-ovqat yarmarkalarida belgilangan narxlar aslida sun’iy – mahsulot tannarxidan kelib chiqib belgilanmaydi. Bir tomonni norozi, yana bir tomonni rozi qilish usuli hech qachon kutilgan samara bergan emas.

…O‘tgan asrning saksoninchi yillarida tuman xalq nazorati tashkiloti a’zosi bo‘lganman. Tuman xalq nazorati tashkiloti har oyda bir marta “bozordagi go‘sht narxini nazorat qilish uchun” ishchi guruhi tuzardi. Ishchi guruhi a’zolari mol bozoriga borib, so‘qimga boqilgan bir bosh ho‘kizni savdolashib xarid qilishar va uni kushxonada so‘yib, necha kilogramm go‘sht berishi, har kilogrammi necha so‘mdan tushishi, ya’ni tannarxni aniqlash asosiy maqsad bo‘lardi. Ishchi guruh o‘rgangan holat bo‘yicha tuzilgan bayonnomada molning bahosi, qassobning boshqa xarajatlari (yo‘l haqi, elektr energiyasi iste’moli, to‘laydigan solig‘i) hisob-kitob qilinib, shundan haqiqiy tannarx qancha ekanligi aks etar, bu yo‘riqnoma vazifasini bajarib, qassoblar bir kilogramm go‘shtni ham shu bahodan yuqori sota olishmasdi. Ishchi guruhining har oyda bir marta shunday tadbirlarni o‘tkazishi mavsumga qarab chorva mollari bahosi oshib yoki pasayib turishini ko‘rsatardi.

Hozir-chi?

Eski davrdan meros barcha ustqurmalarni yo‘qqa chiqarishga ustamiz. Ammo sovet davrida qo‘llanilgan bu usul aslida o‘tmishdan – xon zamonlarida qolganini unutamiz. Xonlik davrida ham narx-navoni nazorat qilishda aynan shu usul qo‘llanilgan, bu orqali bozorlarda narx-navo keskin sapchib ketishining oldi olingan. Bunga yo‘l qo‘ygan insofsiz savdogar ahli qattiq jazolangan.

Xo‘sh, bugun shu qadim amaliyotga qaytish qiyinmi? Qolaversa bu juda murakkab jarayon ham emas. Hokimlik tuzgan ishchi guruhi hech bo‘lmaganda oyda bir marta chorva mahsulotlari tannarxini aniqlashi va bahoni shundan kelib chiqib belgilashi va savdoni qat’iy nazorat qilishi kerak. Ayni paytda hokimlik o‘z hududidagi don kombinatlari hamda chorva ozuqasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tadbirkorlar sarf-xarajatlarini ham shu yo‘sin nazoratga olib, asl tannarx va sotilayotgan bahosi o‘rtasidan tafovutni aniqlashtirishi shart!

Shunda kabob ham, six ham kuymaydi… shaharlik tanishim yozg‘irishlariga o‘rin ham qolmaydi.

Yuqoridagi kuzatuvlarimdan chiqargan xulosam – bugun go‘shtning qimmatlagani tabiiy holat emas, balki kimlarningdir manfaati uchun o‘ylab topilgan sun’iy hosila.

Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 8-noyabrdagi 46-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605