14.11.2024 | 11:17
655
DARDI BEDAVO
Soqol-u qoshga oq oralab, qaynatma dumbulni chaynashga sog‘ tish qolmagach, aql quyulib, shashtim suyulib, pahmim yetgani shu bo‘ldiki, ko‘ngil jonivorni “Bahor” dastasi qizlarining pirpirak ko‘ylagidek keng tutish kerak ekan.

Bayt:
“Sog‘liqning kushandasi ishqibozlikdur,
Uzoq yashay desang, uzlat tomon sur”,
(Qaralsin: Tursunali Qarchig‘ay. 12-tom, “Qamishzordan mo‘ralagan jononim”, 58-bet. Nashriyot: “Bitbildiq-mamov-books” MChJ. Chuvalanchi QFY. – M.X.)
Birorta bandani tangri kaminaga ro‘para qilmadiki, ishqibozlik ortidan baraka topib yo ro‘zg‘ori, yo toleyi gullab ketgan bo‘lsa… Xo‘rozboz, bedanaboz, qimorboz va boshqa …bozlarni aksari yo birpaslikka yo‘liqib, yohud biror nahs bosgan oqava qudug‘iga kalla tashlab, ajalidan burun Azroilni oldiga tushib jo‘navorgan. Bari kasopatni tomiri, hali aytganimdek, nedir bir bemaza mashg‘ulotni belga belbog‘ qilvolishda…
O‘zimdan so‘rasangiz, asli unchayam irim tortadigan eski odammasman. Gorbach mohov taxtga mingashgan payti endigina “uchta tuz”ni urgan, ya’ni qirchillagan paytim edi. O‘shanda qilar ishi yo‘q yo‘qsullar yoppasiga yo xakkeyga yo pidbo‘lga surunkali kasal edi (yo atay yuqtirilar edikim, tokim qora tomoshaga ilakishib, avom siyosatga surkanmagay). O‘zimizniyam “Paxtakor” degan vujudi oqquloq yurago‘ynoqi to‘ptepar jamoamiz bo‘lardi. Palakat bosib, Ovro‘pani qaltiratib turgan “Spartak” yo “Dinamo Kiyev”ni safarda po‘killatib qaytardi-yu, shopirma atala ichib yotgan umidimizni yana reanimatsiyadan palataga obchiqib qo‘yardi. Keyin yuraverarding “agar”ni “magar”ga nikohlab… Toshkentda bo‘lsa, qozoqni “Qayrat”iga uch-to‘rtta beminnat urdirib, chayqovda tilizo‘rni narxini sakratvorardi. O‘sha paytlar bo‘lsa kerak, stadion yonidan o‘tib ketayotgan Abdulla Qahhor hamrohidan so‘ragan ekan:
– Toshkentda qancha tentak bor, bilasizmi?
– Aniq aytolmayman. Sanamaganman.
– Ana shu stadionda nechta o‘rindiq bo‘lsa, o‘shancha tentak bor.
To‘g‘ri aytgan. To‘p tepgan Hasanboy-yu, qonbosimi oshgan Husanboy deganlariday, senga “Ekstra”ni qopqog‘icha dahli yo‘q narsaga bir suyunib, o‘n kuyunib yuraverasan, “O‘l” deydigan odam yo‘q.
Alqissa, o‘ttiz yilcha oldin yaponlarga erinmay sakkizta urdirgan kunimiz pidbo‘lni padariga “sano” aytib, o‘yinchilar-u o‘yinsozlarni astoydil yo‘qlama qilib, tavba keltirgandim: “Oq pichoq-qora pichoq! Qayta pidbo‘l degan so‘zni og‘zimga olsam yo og‘ziga olganlarni yonida tursam, narxim Tezikovka bozorida uch so‘m-kupon bo‘b ketsin!”
Shu qasamdan keyin labzimni toza tutdim: pidbo‘l qozoniga yaqin yo‘lamadim. Ammo… Tunov kun Isroil mazgini zambarg‘altagini singan dastagini yopishtirayotgan Murod shiltaga yordamlashaman deb bexos ko‘zimni payvand chaqnog‘iga oldirib qo‘yibman. Ko‘zim oqquyonnikiday qip-qizil, qo‘qonqalampir surtilganday jazillaydi. “O‘l” deydigan odam yo‘q. Xotin achchiq qilib damlab bergan qora choyga bo‘ktirilgan paxtani ko‘zimga bosib, ustidan belbog‘imni tang‘igancha sandalni chetida oxiratimni o‘ylab yotibman. Birdan eshik taraqlab ochilib, o‘rtancha nevaram Mardon gusura-gusur kirib keldi. Qadam olishidan taniyman-da, yerni nog‘ora qiptashlaydi. Dadasi “Napoli”ga ishqivozlik qibyurgan payti tug‘ilgan. Shunga el ko‘ziga “Mardon” deb shahodatnoma olgan-u, o‘zi “Maradona” deb chaqiradi, janas. Buyam pidbo‘l jinnisi. “Hay” deyishimga qaramay, hovliqqancha, tilizo‘rni ulab, Sport kanaliga burvorsa bo‘ladimi! “Ob-bo” dedim. Dard ustiga chipqon bo‘ldi-yu! Kallamni ko‘rpaga burkab yotibman, lekin teshik quloq eshitmasinmi? Boshlab qolishdi-yu! Bizni vaqtimizda Axbor Imomxo‘jayev degan sharhlovchilarni xo‘rozi bo‘lardi. Bor gapni bo‘ladiganini bitta o‘zi shartta-shartta aytardi, qo‘yardi! Bular galalashib chiqvopti. Bitta dimog‘i bitgan dimog‘dori bor ekan. Uyalmay-netmay, she’r o‘qib qolsa bo‘ladimi! Vey, pidbo‘l qatta-yu, she’r qatta! “Bo‘rilarga aylaninglar, bo‘rilarga!” deb nag‘ma qiladi-ya! Bu senga nima, hayvonot bog‘imi?! Ochig‘ini aytsam, bu sharhlovchilaring yo mayda millatlar orasida unib qolgan, yo o‘rischa-po‘rischa maktabniyam qorovulxonada bitirgan. Tomoshabinni bir tiyinga olmaydi. Og‘ziga kelganini valdiraydi. Birovi ko‘cha shevasida kuchanib, “boru-boru” desa, ikkinchisi “borde-borde” deb inqillaydi. Bittasi adabiy tilda gapiraman deb, nuqul “moqda-moqda”laydi… “Ishonchingiz komil bo‘lmoqdami?”, “Hayron bo‘lmoqdamisiz?”, “Jarima tepdirilmoqda”, “Maydonda hayqirilmoqda”… Menimcha, bu banda “to‘p tepilyapti” desa, sheriklari pasportini tekshirib qolsa kerak. Yana biri “Himoyachi to‘pni tepishga muvaffaq bo‘ldi” deydi. Iya, agar to‘p tepish pidbo‘lchiga muvaffaqiyat bo‘lsa, boradigan joyga borib qopmiz-da! “Menimcha, Norchayevni murabbiy maydonga qochib ketish uchun tushirgan”, degani-chi? “Mardonjon, bolasi tushgur jinoyatchimikin? Nega qochadi? Kimdan qochadi? Qayga qochadi? Yo aliment-palimenti bormikin-a?” Nevaram: “Hammadan o‘zib ketadi, birovga yetkazmaydi deyapti”, deb do‘ng‘illab berdi. “Ahmadaliyev ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynaydi”, deganiga hayron bo‘lib, “Bolam, hamma qavatdagi o‘yinlarni chalkashtirmasdan, bittasini ko‘rsatsa bo‘lmaydimi?” desam, Mardonjon uf tortib, “Kalla bilan o‘ynaganini, to‘pga sakraganini aytyapti”, deb javob qildi. Sharhlovchi “Abdixoliqov katta sahnaga qaytdi”, deb vahima ko‘tarib qoldi. “Iya, pidbo‘lga artislarni nima dahli borakan?!” dedim-u, ko‘rmasam ham nevaram menga o‘qrayganini sezdim. “Qaldirg‘ochlar” “ajdarlar”ni yer bilan yakson qilishdi”. “Mardonjon, pidbo‘l qolib, multik-pultikka o‘tib ketdingmi deyman, “Bolajon” kanaliga?” Nevaram repetitorga qatnamaydimi, qaysidir begona tilda birnimalar deb tashladi. U yoqdagi to‘pto‘pilar sayrab yotibdi: “Laynsmen vingerga kornerni ko‘rsatdi va autsayder jamoada kambek qilish imkoni paydo bo‘ldi”. “Mardonjon, shuncha chet ellik pidbo‘lchilar bizikilarga rosa qimmatga tushgandir?” “Qanaqa pidbo‘lchilar, doda? Bu pidbo‘l terminlari-yu”.
Haligi minqi sharhlovchi jazavaga tushib, “Mana, do‘stlar, shunchaki tomosha qiling, “Istiqlol” stadionini pidbo‘lchilarimiz yondirishmoqda!” deb bo‘kirvordi. Iya, birov qurgan gulday imoratni birov yoqvorsa-yu, bu jonivor shunchaki tomosha qiling deb tursa-ya! Mardonjonga so‘z qotishgayam sabrim yetmay, shart ko‘zimdagi malhampaxtani olib, ne ko‘z bilan ko‘rayki, stadion joppa-joyida turibdi. Olov tugul, “Prima”ni cho‘g‘ichayam uchqun ko‘rinmaydi. “Hozir o‘t ketdi deyatuvdi-yu!” “Ey, doda, tushinmisiz baribir, u pidbo‘l tilida gapiryapti!” Rostdan ham bu til menga to‘g‘ri kelmadi. Tarjimon bo‘lmasa, mendaqalar anglashi gumon. Yo pidbo‘l jinnilarini davolash kerak, yo manovi mahmadonalarni yaxshilab o‘qitish, o‘qitvorish kerak. “Omad siz va bizni aslo tark etmasin!”
Mulla XUNOB
“Jadid” gazetasining 2024-yil 8-noyabrdagi 46-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605

