Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.04.2024 | 21:07

img448

TURKISTON QAYGʻUSI, TURKISTON DARDI

Har gal fidoyi olim va pedagog Boybo‘ta Do‘st­qorayevni esga olganimda, “Zaminday vazmin-u meh­natkash, mushfiq” degan misra beixtiyor xayolimga keladi. Nazarimda, atoqli shoirimiz G‘afur G‘ulomning xalqimiz ta’rifida bitgan bu shoh satri shu elning chin farzandi bo‘lgan Boybo‘ta akaga har jihatdan munosib — u kishi haqiqatan ham zaminday vazmin, haqiqatan ham mehnatkash, mushfiq va kamsuqum inson edi…

Boybo‘ta akani birinchi marta 1973-yilning yoz oylarida, akam bilan Toshkent davlat universitetiga o‘qishga hujjat topshirish uchun kelganimda uchrat­ganman.

Universitetning keng-mo‘l, uzun koridoriga qo‘yilgan qator stollardan birida o‘ttiz yoshlar chamasidagi yigit jurnalistika fakultetiga hujjat qabul qilayotgan ekan. Stoldagi peshlavhadan bu yosh o‘qituvchi fakultet qabul komissiyasining a’zosi Boybo‘ta Do‘stqorayev ekanini bilib oldik. Domla har bir hujjatni nihoyatda sinchkovlik bilan ko‘rib chiqar, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi xatti-harakatlaridan yaqqol sezilib turar edi.

Navbat menga keldi. U kishi hujjatlarimni diqqat bilan ko‘zdan kechirar ekan, bir zum taraddudlanib qoldi. Goh pasportimga, goh attestatimga, so‘ng­ra yuzimga qaradi, keyin muloyimlik bilan dedi: – Ukajon, pasportingizda tug‘ilgan joyingiz Ordjonikidze rayoni deb ko‘rsatilgan ekan, attes­tatingizda Parkent deb yozilibdi. Albatta, men ishonaman, bunda sizning aybingiz yo‘q, lekin hujjat – baribir hujjat-da, to‘g‘rilab kelmasangiz bo‘lmas…

Attestatni olayotgan vaqtda azbaroyi suyunganimdan e’tibor qilmagan ekanman, qara­sam, haqiqatan ham tug‘ilgan qishlog‘im Parkent deb ko‘rsatilibdi. Holbuki, mening nasl-nasabim shu joydan bo‘lsa-da, 1956-yilning 19-yanvar kuni sobiq Ordjonikidze (hozirgi Qibray) tumanining Tuzil qishlog‘ida tug‘ilganman. Ota-onam iqtisodiy sharoiti nochor bo‘lgan Parkentdan ko‘chib kelib, shu yerdagi sovxoz, ya’ni davlat xo‘jaligida oddiy ishchi bo‘lib mehnat qilishgan.

Maktabda Xoliq Eshmatov degan husnixati chiroyli matematika o‘qituvchimiz bo‘lardi, pasportga qarab o‘tirmasdan, hamma sinfdoshlar qatori mening attestatimga ham komil ishonch bilan “Parkentda tug‘ilgan” deb yozib yuborgan ekan.

Nailoj, qishloqqa qaytib, attestatdagi xato yozuv­ni to‘g‘rilash harakatiga tushdim. Hamma yozgi ta’tilga chiqib ketgan emasmi, maktab bo‘m-bo‘sh. Direktorimiz – rahmatli Umarali akaning uyiga bordim, boya­gi xatoni tuzattirib, keyin tuman xalq maorif bo‘limi­dan attestatga “Ispravlennomu verit!” degan muhrni bostirgunimcha, oradan ikki-uch kun vaqt o‘tib ketdi.

Nihoyat, hujjatlarni taxt qilib, yana akam bilan Toshkenti azimga yo‘l oldik. Universitetga kelsak, hujjat qabul qilib o‘tirgan Boybo‘ta aka joyida yo‘q, koridorda uzungina, asabiy navbat hosil bo‘libdi. Bir soatlar o‘tgach, u kishi shosha-pisha kirib keldi. Bizdan oldin­roqda turgan yoshi kattaroq odam norozi ohangda nimadir degan edi, domla muloyimlik bilan:

– Uzr, kechirasizlar, keliningizni tug‘ruqxonaga joylashtirib kelyapman, shunga kech qoldim, – deb jilmaydi.

Men oilasida yangi farzand kutilayotgan hayajonli va tashvishli pallada ham ishidan qolmagan, o‘ziga xos og‘ir-vazminlik va sinchkovlik bilan xizmatini davom ettirayotgan bu insonning sabr-bardoshi va mas’uliyatiga qoyil qoldim.

Jurnalistika fakultetida o‘qiganlar biladi, bu dargohda tahsil olmoqni niyat qilgan “abuto‘ra”, ya’nikim, abituriyent zarur hujjatlar bilan birga ijodiy ishlari­ni – turli nashrlarda e’lon qilingan materiallarini ham topshirishi lozim. Mening sobiq Kommunistik (hozirgi Yuqori Chirchiq) tumanida chiqadigan “Sur’at” gazetasida bosilgan va o‘n ikki varaqli rasm daftariga yopishtirilgan to‘rt-beshta xabar va lavhalarim bor edi, xolos.

Mendan oldin hujjat topshirayotgan yigit sandiqdek bir albomni stol ustiga qo‘ydi. Sekin razm solsam, uning ichida jurnalistikaning hamma janr­laridan namunalar – maqola va reportaj ham, intervyu va ocherk, felyeton, hatto, sahifa-sahifa she’rlar ham bor. Gap-so‘zlaridan ma’lum bo‘ldiki, bu yigit vohadagi tuman gazetalaridan birida mas’ul kotib bo‘lib ishlar ekan.

Boybo‘ta aka uning materiallarini qiziqish va e’tibor bilan ko‘rib chiqdi, so‘ngra: “Ukajon, gazetada katta vazifada ishlar ekansiz, harbiy xizmatga ham borib kelibsiz. Hayotiy va ijodiy tajribangiz yetarli ekan, mening sizga maslahatim, hujjatlaringizni sirtqi bo‘limga topshiring. Chunki, ba’zan universitetni tugatgan jurnalistlar ham loaqal rayon gazetasiga ishga o‘tolmaydi. Sirtqi bo‘limga topshirsangiz, ham oliy ma’lumotli bo‘lasiz, ham ish joyingizni yo‘qotmaysiz”, degani esimda.

Albatta, bu hayotning past-balandini ko‘rgan, bizdan uch-to‘rt ko‘ylakni ortiqroq yirtgan odamning real vaziyatdan kelib chiqib, bo‘lg‘usi talabaga bergan xolisona, xayrixoh o‘gitlari edi.

Muxtasar aytganda, o‘sha ilk uchrashuvdayoq Boybo‘ta Do‘stqorayev menda har qanday holat­da ham o‘z vazifasiga sidqidildan, mas’uliyat bilan yondashadigan, mulohazakor, barchaga, ayniqsa, yoshlarga mehr-e’tibor bilan munosabatda bo‘ladigan inson sifatida taassurot qoldirdi. Va yillar osha domla haqidagi bu fikrlarim hayotda o‘z tasdig‘ini topa bordi.

O‘sha vaqtlarda, adashmasam, Boybo‘ta aka fakultetda endi mehnat faoliyatini boshlagan, “laborant” degan kamtarona bir lavozimda ishlardi. Ba’zan katta domlalarimiz uzrli sabablar bilan kelmay qol­gani­da, u kishi bizga dars ham o‘tib turardi.

Aslida, ustoz-shogirdlik degan gap juda shartli tushuncha. Inson ba’zan birgina uchrashuv orqali yoki favqulodda o‘tkir bir fikri, bir og‘iz o‘rinli maslahati bilan ham hayotingizda o‘chmas iz qoldirishi, siz uchun umrbod ustoz maqomida bo‘lib qolishi, aksincha, sizga to‘rt-besh yil saboq berib yoki uzoq vaqt bir idorada, bir xonada birga o‘tirib, sizga rahbarlik qilib ham ustozlik darajasiga ko‘tarila olmasligi mumkin.

Haqiqiy ustoz bo‘lish uchun odamning avvalo ichki dunyosi butun, vijdon-e’tiqodi pok, ma’naviyati yuksak bo‘lishi lozim ekan.

Boybo‘ta aka jurnalistika nazariyasi bo‘yicha ora-sira o‘tgan mana shu ikki-uch soatlik saboqlari bilan ham biz talabalarning mehrimizni qozonib ulgurgan edi.

Shu o‘rinda o‘sha davrda bizga XIX asr chet el adabiyotidan qisqagina – atigi bir semestr dars bergan betakror Tal’at Solihov domlamiz yodimga tushadi. U tabiatan nihoyatda og‘ir-vazmin, doim ozoda va sipo kiyinib, qalin gardishli ko‘zoynak taqib yuradigan, shu qiyofasi bilan “Urush va tinchlik” filmidagi Sergey Bondarchuk yaratgan Pyer Bezuxov siymosiga o‘xshab ketadigan bir kishi bo‘lib, nafaqat o‘z fanini, balki adabiyot ilmi, so‘z san’ati mohiyatini “suv qilib ichgan” olim edi.

Esimda, bir gal domla mashhur fransuz adibi Gi de Mopassanning “Do‘ndiq” nomli hikoyasini uch soat davomida ipidan ignasiga qadar batafsil tahlil qilib bergan edi.

Tasavvur qilyapsizmi, uch soat faqat birgina hikoya, faqat va faqat tahlil!

Ushbu satrlarni o‘qiyotgan do‘stlarimiz hikoya mazmuni bilan albatta tanish bo‘lsalar kerak, degan umidda uning syujetini aytib o‘tirmoqchi emasman. O‘qimaganlar bo‘lsa, shu bahona mutolaa qilsalar, ajab emas.

Faqat shuni aytmoqchimanki, dilijans aravada ketayotgan bir guruh fransuz fuqarolarini yo‘ldagi nazorat bekatida bir pruss zobiti to‘xtatadi va ular orasidagi fohisha ayol – Do‘ndiqning o‘zi bilan intim aloqada bo‘lishini ochiqdan ochiq, surbetlarcha ta­lab qiladi. Bu gapni eshitib, aravadagi yo‘lovchilar – amaldor, ruhoniy, olim, savdogar, harbiy xizmatchi va boshqalar dastlab qattiq darg‘azab bo‘ladilar. Ammo oradan ikki kun o‘tgach, ular endi yaramas prussakning talabiga ko‘nmasdan, ularni yo‘ldan qoldirayotgan Do‘ndiqdan norozi bo‘lib, uni dushman zobitining istagini bajarishga qistay boshlashadi. Ya’ni, bu xudbin kimsalar o‘z manfaati yo‘lida g‘animdan nafratla­nish, jirkanish o‘rniga unga xushomad qilishga, o‘z millatdoshi bo‘lmish baxtiqaro ayolga nisbatan sotqinlik qilishga tayyor ekanliklarini namoyish etadilar.

Uchinchi mashg‘ulot so‘ngida Tal’at aka: “Mopassan asarda tasvirlagan bosh qahramon – bu fohisha ayol Do‘ndiq emas, hikoya­ning bosh qahramoni – bu o‘z fuqarolarining ma’naviy qo‘rqoqligi va xiyonati sababli Prussiyaga qarshi urushda mag‘lubiyatga uchragan mazluma Fransiya”, deya bu kichkinagina hikoyadan juda katta, favqulodda teran falsafiy xulosa chiqargan va buni eshitib, hammamizning ko‘zimiz yarq etib ochilib ketgan edi.

Mana shunday unutilmas saboqlar tufayli men haqiqiy adabiyot qanday bo‘lishini, chinakam badiiy asarning ikkinchi ma’nosi, ikkinchi qatlami ham borligi­ni va uni anglash zarurligini o‘rgandim.

Keyinchalik jahon adabiyotining mashhur namoyandalari, xususan, Xeminguey, Markes, Joys singari adib­lar ijodiga mansub ko‘p ma’noli, tagdor qatlamli asarlarni mutolaa qilar ekanman, ularning mag‘zini chaqish, botiniy mazmunini idrok etishda Tal’at Solihovning saboqlari, hech shubhasiz, men uchun noyob dastur, sehrli kalit vazifasini o‘taganini minnatdorlik bilan e’tirof etaman.

Qalbimdagi chuqur hurmatga qaramasdan, men Tal’at Solihov bilan yaqin bo‘lib keta olganim yo‘q. Rahmatli domlaning o‘zlari ham juda salobatli, sipo va sirli inson edi-da. U kishini universitetda onda-sonda uzoqdan ko‘rib qolar edik. Hozirgacha shu yuksak intellektual salohiyatli shaxsning suhbatidan ko‘proq bahramand bo‘lmaganimga, ko‘proq bilim olib qolmaganimga achinaman.

Lekin shunga qaramasdan, men Tal’at domlani Asqad Muxtor, Erkin Vohidov singari chin ustozlarim qatori hamisha ehtirom bilan yodga olaman. Xuddi shuningdek, Boybo‘ta Do‘stqorayev ham men uchun ustozlik maqomiga ega inson ekanidan faxrlanaman.

Oradan yillar o‘tdi. Universitetni tugatib, hammamiz har tomonga tarqab ketdik. Boybo‘ta aka qadr­don dorilfununda qoldi. Men domlaning ijodiy va peda­gogik faoliyatini imkon qadar kuzatib, yozganlari­ni o‘qib, turli tadbirlarda salom-alik qilib yurdim.

Va nihoyat, 2010-yili u kishini yirik va zahmatkash olim sifatida o‘zim uchun yangitdan kashf qildim.

Kunlarning birida Boybo‘ta aka men ishlayotgan Prezident devoniga murojaat qilib keldi. Ma’lum bo‘lishicha, domla ancha vaqt muqad­dam “O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi” nomli darslik yaratgan bo‘lib, qo‘l­yozma turli bosqichlarda ilmiy muhokamalardan o‘tib ijobiy baholangan, lekin qan­daydir sabablarga ko‘ra bosilmay kelayotgan ekan. Muallifning iltimosidan so‘ng qo‘lyozmani oliy ta’lim vazirligi rahbarlaridan biri “shaxsan o‘zim ko‘rib chiqib, hal qilaman”, degan va’da bilan qabul qilib olgan, ammo qariyb yarim yildan buyon bu ilmiy ish uning g‘aladonida harakatsiz yotgan ekan.

Garchi bu darslikni chop etish masalasi me­ning xizmat vakolatimga kirmasligini yaxshi bilsa-da, domla qo‘lyozma bilan shunchaki bir o‘quvchi sifatida tani­shib chiqishimni so‘radi.

Odatda ilmiy tadqiqotlar, darslik va qo‘llanmalar qat’iy talablar asosida, o‘ziga xos uslubda yaratilishiga, shu sabab ularni “hazm qilish” ham oddiy kitobxon uchun ancha murakkab, hatto biroz zerikarli bo‘lishiga hammamiz ko‘nikib qolganmiz.

Lekin “O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi. 1-qism. 1870 – 1917-yil noyabr” deb nomlangan, kattagina hajmli ushbu qo‘lyozma bilan tanishar ekanman, ochig‘ini aytsam, xuddi o‘tkir syujetli detektiv asarni o‘qiyotganday, undan bosh ko‘tara olmay qoldim.

Chuqur ilmiy tahlil, insoniy harorat, faol grajdanlik pozitsiyasi, eng muhimi, milliy istiqlol g‘oyasi bilan sug‘orilgan bu asar o‘ta jiddiy, g‘oyat og‘ir va mashaq­qatli mehnatning samarasi bo‘lib, shak-shubhasiz, ma’naviy jasorat namunasi edi.

Qo‘lyozmani o‘qib tugatgach, beixtiyor o‘yga toldim. Muallifning O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Kitob palatasi, Davlat markaziy arxivi va boshqa dargohlarda qanchadan-qancha tarixiy manbalarning, bundan bir-bir yarim asr oldin chop etilgan, varaqlari hilvirab ketgan gazeta-jurnal taxlamlarining changini yutib, necha yillar tinimsiz izlanishlar olib borgani, o‘nlab, yuzlab sahifa materiallarni faqat qo‘lda ko‘chirib chiqqanini o‘zimga tasavvur qildim. Manbalardan parcha va iqtiboslarni to‘plash o‘z yo‘liga, lekin ularning barchasini bir mantiq ipiga mohirona, xuddi marjondek tizib chiqilgani meni behad lol qoldirdi.

Kitob nohaq qatag‘onga uchragan, otilgan, osil­gan, so‘yilgan, lekin “Vatan uchun, millat uchun” degan hayot maslagidan qaytmagan ma’rifatparvar ajdodlarimiz faoliyatining so‘nmas bir jabhasi – jadidchilik deb ata­ladigan ulkan va qudratli harakatning tub ildizi, uning tadrijiy taraqqiyoti va fojiali taqdiridan hikoya qilardi.

Bu asarning har bir varag‘i, har bir satrida Tur­kis­ton qayg‘usi, Turkiston dardi unsiz faryod kabi yang­rardi.

Bu – mustaqil O‘zbekistonning chin ziyo­lisi bo‘l­gan fidoyi shaxs tafakkuri bilan yaratilgan, so‘nggi yillarda men qanoat hosil qilib o‘qigan oz sonli kitob­­lardan biri, ta’bir joiz bo‘lsa, Boybo‘ta Do‘stqorayev degan zahmatkash olim umrining bosh kitobi edi.

Garchi muallif bugungi yoshi ulug‘ barcha insonlar qatori umrining asosiy qismini sovet mafkurasi davrida o‘tkazgan bo‘lsa-da, “O‘zbekiston jurnalis­tikasi ta­rixi” asari uning eski g‘oya va maslaklardan butunlay voz kechib, istiqlolimizni anglash va qadr­lash, ozodlik yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimizning jasoratli kura­shi­ni o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan oliyjanob va ibratli intilishlarini o‘zida yorqin mujassam etadi.

Ushbu tadqiqotning yana bir noyob xususiyati – muallif unda faqat birlamchi manbalarga, aniq fakt va ma’lumotlarga asoslanib mushohada yuritadi, ortiqcha izoh va tafsilotlarga deyarli o‘rin bermaydi. Asarda faqat hujjat va dalillar “gapiradi”, ta’bir joiz bo‘lsa, ­tarix tilga kiradi. Bu esa kitob bilan tanishgan har qanday o‘quvchining ongida mus­taqil va xolis fikr uyg‘otadi.

Tadqiqot ishida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Abdulhamid Cho‘lpon, Hamza, Abdulla Qodiriy, Hoji Muin singari nomlari hamma­mizga, keng jamoatchilikka yod bo‘lib ketgan atoqli jadid namoyandalaridan tashqari, sharafli ismlari, ezgu ishlari hali-hanuz ko‘pchiligimizga notanish va noma’lum bo‘lib kelayotgan Obid Ismoilov, Mirhaydar Mirbadalov, Jalol Yusufzoda, Mo‘minjon Muhammadjonov, Rauf Muzaffar, Xolid Said, Karimbek Norbek o‘g‘li, Obidjon Mahmudov, Ubaydulla Sulaymoniy, Shokirjon Rahimiy, Kabir Bakir, No‘shiravon Yovushev, Abdurahmon Sodiq o‘g‘li, Muhammadqul O‘rinboyev, Mavlon Ashurboyev singari o‘nlab, yuzlab ma’rifatparvar kurashchilar haqida g‘oyat nodir ma’lumotlar bayon etilgan. Bu ajoyib odamlarning har biri haqida doston yozsa arziydi.

Muallif shunday ta’sirchan misollarni topib keltiradiki, o‘quvchi o‘ta og‘ir tarixiy sharoitda, chor hukumati syenzurasi va ta’qibiga, mahalliy amaldorlar va mutaassib kimsalarning qarshiligiga qaramasdan, milliy matbuotimiz fidoyilarining beqiyos mardligi va matonatidan xabardor bo‘ladi. Bu jasur ota-bobolarimizning mislsiz sa’y-harakatlari, azob-uqubatlari hisobidan yorug‘lik yuzini ko‘rgan “Hurriyat”, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona”, “Tujjor”, “Samarqand”, “Shuhrat”, “Najot”, “Oyina” kabi mashhur nashrlar bilan bir qatorda, “Oziyo”, “Buxoroi sharif”, “Turon”, “Sho‘roi islom”, “Turk eli”, “Ulug‘ Turkiston”, “Tirik so‘z”, “El bayrog‘i”, “Kengash”, “Yurt”, “Al-Isloh”, “Al-Izoh”, “Chayon” singa­ri o‘nlab gazeta va jurnallar haqidagi mutlaqo yangi ma’lumotlar kitobxonni hayratga soladi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Boybo‘ta Do‘st­qo­rayev mana shu fundamental asari bilan o‘zbek xalqi tarixining shonli, munavvar davri – jadidchilik hara­katining unutilayozgan, biz bilmagan noma’lum va ayni vaqtda yorqin sahifalarini tiklab berdi.

Mazkur kitob yaratilayotgan vaqtda yurtimizda Ozod Sharafiddinov, Sharif Yusupov, Solih Qosimov, Sherali Turdiyev, Begali Qosimov, Naim Karimov, G‘aybulla Salomov, Saydi Umirov, Ulug‘bek Dolimov, Rustambek Shamsuddinov, Zaynobiddin Abdurashidov, Sirojiddin Ahmedov, Shuhrat Rizayev, Bahodir Karimov, Halim Saidov kabi ko‘plab olimlar mazkur yo‘nalishda samarali faoliyat olib bormoqda edilar. Ammo ayrim vazirlik va idoralar xodimlarida jadidchilik harakatiga hamon hadiksirab qarash, ushbu mavzu tadqiqotchilarini iloji boricha e’tibordan chetda tutishga urinish holatlari saqlanib kelayotgani sir emas. “O‘zbek jurnalistikasi tarixi” kitobining qo‘l­yozmasi vazirlik g‘aladonlarida sirli ravishda bedarak yotishi ham ana shunday qo‘rquv, ma’naviy mutelik­ning bir ko‘rinishi edi, xolos.

Mutolaa nihoyasiga yetgach, men darhol domlaga telefon qilib, ushbu fundamental asar bilan tabrikladim, taassurotlarim va ayrim fikr-mulohazalarimni bildirdim. So‘ngra masalaning amaliy tomoniga kirishib, oliy ta’lim mutasaddilari bilan bog‘landim, darslikni nashr etish bo‘yicha birgalikda ish olib bordik. Nihoyat, asar dunyo yuzini ko‘rdi. Ziyolilarimiz, talaba yoshlar, keng madaniy jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olingan kitob ilmiy-ma’rifiy hayotimizdagi muhim voqea sifatida e’tirof etildi.

Mana shunday ezgu ishga ozmi-ko‘pmi hissam qo‘shilganidan hali-hanuz quvonib, g‘ururlanib yuraman.

Boybo‘ta aka o‘ziga xos insoniy kamtarligi, muloyim fe’l-atvori, tabiatan xoksorligi tufayli yuqorida nomlari zikr etilgan olimlar ro‘yxatida, ularning davrasida aksariyat hollarda ko‘zga ko‘rinmaygina yurardi. Lekin domla mana shu kitobi bilan o‘zining qanday yuksak salohiyatga ega ekanini, birgina asar bilan ham ilm-fan, adabiyot tarixidan munosib va mustahkam o‘rin olish mumkinligini isbotlab bergani ayniqsa e’tiborlidir.

Biz ba’zan hayajonimiz jo‘shib, Asqad Muxtor, Begali Qosimov singari adib va olimlarimizga nisbatan haqli ravishda “so‘nggi jadid” degan ta’rifni ishlatamiz. Boybo‘ta Do‘stqorayev ham ana shunday ulug‘ shaxslar qatoridan o‘rin egallashga loyiq ma’rifat sohibi edi.

Men ishonaman, agar u kishi o‘zi har tomonlama chuqur tadqiq etgan davrda, ya’ni XIX asr oxiri – XX asr boshlarida yashaganida, hech shubhasiz, jadidlarning eng fidoyi vakillaridan biri sifatida namoyon bo‘lur edi.

Domla kitobiga ezgu tilaklar bitib, menga ham sovg‘a qilgan edi. Endilikda noyob bibliografik manbaga aylanib qolgan ushbu asarni dam-badam o‘qib turaman va har gal mutolaa chog‘ida yangi-yangi qiziqarli tarixiy ma’lumotlarga duch kelaman, muallifning chekkan zahmatlari, fidokorona mehnatlarini o‘ylab, qoyil qolaman.

Boybo‘ta Do‘stqorayev “O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi” kitobi uchun “Oltin qalam” milliy mukofotiga sazovor bo‘ldi. Matbuot tarixini o‘rganishga oid salmoqli asarlari, ta’lim sohasidagi ko‘p yillik samarali faoliyati inobatga olinib, davlatimizning yuksak muko­foti – “O‘zbekis­tonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Afsuski, mamlakatimizdagi barcha bo‘lg‘usi jurnalistlarning, har bir adib va shoir, ommaviy axborot vositalari xodimlarining, ijtimoiy-gumanitar sohada faoliyat yuritayotgan domla va o‘qituv­chilarning, umuman olganda, o‘zini ziyoli deb hisoblaydigan har qaysi insonning nainki kitob javonidan, balki yuragidan o‘rin olishi, doimo ish stolida turishi zarur bo‘lgan mana shunday noyob kitob juda kam – bor-yo‘g‘i 2 ming nusxa chop etilgan edi.

Mana, u nashr etilganidan buyon oradan 13 yil o‘tibdi. Shuncha vaqt davomida milliy o‘zligimizni anglash, tariximizdan g‘oyat zarur va ibratli xulosalar chiqarish borasida bebaho manba bo‘lgan ushbu darslik qayta nashr etilmagani, albatta, achinarlidir. Mutasaddi tashkilotlar, tegishli rahbarlar bu masala­ga alohida e’tibor qaratadilar, deb barchamiz umid qilamiz.

Yuqorida aytganimdek, kitobning ilk sahifasida “1-qism. 1870–1917-yil noyabr” degan yozuv qayd etilgan. Asar darslikning ikkinchi qismida qanday mavzular haqida so‘z yuritilishiga oid eslatma bilan yakuniga yetadi. Demak, uning keyingi bo‘limlari ham qisman yozilgan yoki ularga materiallar to‘plangan bo‘lishi mumkin.

Taassufki, domla umrining oxirlarida og‘ir dardga chalinib, boshlagan ezgu ishini oxiriga yetkaza olmagani barchamiz uchun armon bo‘lib qoldi.

Lekin hali ham kech emas. Agar “O‘zbekiston jur­na­listikasi tarixi” qayta nashr qilinadigan bo‘lsa, ustozning shogirdlari, farzandlari tomonidan muallifning shaxsiy arxivida qolgan qo‘shimcha materiallar bilan to‘ldirilib, boyitilib chop etilsa, ayni muddao bo‘lur edi. Zero, keyin­gi yillarda yurtimizda ma’rifatparvar bobolari­miz­ning ibratli hayoti va faoliyatini o‘rganishga qaratilayotgan alohida diqqat-e’tibor ham shuni taqozo etadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda tarixga, xusu­san, yaqin o‘tmishimizda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy jarayonlar, xususan, jadidchilik harakatiga, ta’lim-tarbiya masalasiga munosabat va e’tibor tubdan o‘zgargan, shu bilan birga, tinch va osoyishta hayotimiz, ma’naviyatimizga turli tahdid va xatarlar kuchaygan bir vaziyatda “O‘zbekiston jurnalis­tikasi tarixi”dek kitoblar biz uchun suv bilan havodek zarur, deb o‘ylayman.

Biz Boybo‘ta Do‘stqorayevdek o‘zining butun ongli hayotini ma’rifat va ezgulikka bag‘ishlagan, ilmdan, so‘zdan boshqa tamasi bo‘lmagan fidoyi olimlari­mizni el-yurtimizga, yoshlarimizga ko‘proq tanitishimiz, ular haqida ko‘rsatuv va maqolalar, kitoblar e’lon qi­lishimiz, xotira kechalari, tavallud sanalarini munta­zam o‘tkazib borishimiz kerak.

Buyuk Zahiriddin Muhammad Bobur aytganlarki: “Donishmandlar sharaf bilan yodlanishni ikkinchi umr demishlar”.

Shu ma’noda, ibratli hayot kechirib, solih farzandlar o‘stirgan, bilimdon shogirdlar tayyorlagan, sevgan kasbida ona yurtga sadoqat bilan xizmat qilib, o‘zidan qutlug‘ meros, yaxshi nom qoldirgan Boybo‘ta Do‘st­qora­yev bugun o‘zining ikkinchi umrini yashamoqda.Ilohim, domlamizning oxiratlari obod bo‘lgan bo‘lsin.

Xayriddin SULTON, yozuvchi


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600