19.11.2024 | 14:26
826
ORIFLIK MAQOMIGA ERISHGAN HOFIZ
Bobom – O‘zbekiston xalq artisti Orif Alimaxsumov betakror ovozi, manzurnafas xonishlari, keng tafakkuri, teran musiqiy ilmi, ibratli hayoti va ijodi bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan, o‘z ismiga monand ravishda haqiqiy oriflik rutbasiga erishgan inson edilar. O‘zbek maqom ijrochiligi san’atida yorqin iz qoldirgan hofiz 1926-yili (hujjatlarda 1927-yil) Toshkent shahrida, Olimaxsum Shoshiy oilasida tavallud topgan.

Bobom yoshligidan ashula aytishga, soz chalishga qiziqar ekan. Ammo, o‘zlarining hikoya qilishicha, tirikchilik vajidan bolalik paytidan to‘qimachilik korxonasiga ishga kiradi. Dastlab ustalarga shogird bo‘lib, ulardan to‘qimachilik dastgohini ishlatish sirlarini o‘rganadi, ko‘p o‘tmay, o‘zi ham usta darajasiga yetadi.
Xudo yuqtirgan bo‘lsa, kishining iste’dodi yuzaga chiqmay qolmas ekan. Korxonada doimo radio yangrab turar, unda berilayotgan ashulalarni zehni o‘tkir Orifjon tezda yodlab olib, xuddi ustozlar singari ijro qilar edi. Uning bu qobiliyatini payqagan kasbdoshlari bayram, to‘y-hashamlarga xizmatga chaqira boshlaydi.
Yosh ashulachining yoqimli ovozi qo‘qonlik mashhur hofiz, O‘zbekiston xalq artisti Eshmat Haydarovning e’tiboriga tushadi. Bag‘rikeng ustoz bobomni shogirdlikka olib, u kishiga Farg‘ona – Toshkent maqomlarida ijro etiladigan bir qancha katta ashulalarni o‘rgatadi.
Professional san’at olamiga zo‘r ishtiyoq bilan kirib kelgan Orif Alimaxsumov o‘z davrining zabardast xonandalari bo‘lmish Karim Zokirov, Turg‘un Karimov, Akbar qori, aka-uka Shojalilovlar, aka-uka So‘fixonovlar ijro yo‘llarida ijod qilib, ular kuylagan qo‘shiq va ashulalarni xuddi o‘zlari singari maromiga yetkazib ijro eta boshlaydi.
1954-yil bobom hayotida yana bir muhim voqea yuz beradi, u kishini estrada teatriga ishga taklif etishadi. Bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qilib, u yerda xonanda sifatida ishlash bilan birga, Orif Alimaxsumov mashhur san’atkor Muhammadjon Mirzayevdan san’at sirlarini o‘rganadi. Katta ustozlar bilan birgalikda 1955-56-yillarda viloyatlar va qo‘shni respublikalarda gastrol safarlarida bo‘lib, xalq nazariga tushadi.
1957-yilda Yunus Rajabiy Orif Alimaxsumovni radio qoshida yangi ochilgan maqom ansambliga ishga taklif etadi. Tez orada mohir xonanda zamondosh bastakorlarning yangi ashulalarini, katta ashula va yallalarni, xususan, avjlari bepoyon “Shashmaqom” ohanglarini kuylab, ustozlar ishonchini, muxlislar mehrini qozona boshlaydi.
Mashhurlik, muxlis-u mutaxassislar e’tirofi – bularning bari yaxshi, lekin bobom shon-shuhratga, maqtovlarga ko‘p ham e’tibor beravermas, ayniqsa, shuhratga omonatgina bir buyumga qaragandek qarar edi. Ustoz Yunus Rajabiy bilan o‘n to‘qqiz yil mobaynida ijodiy muloqotda bo‘lib, u kishidan nafaqat musiqiy, balki ko‘plab hayotiy saboqlar olganini faxrlanib eslar edi.
Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli badiiy rahbari, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov xotiralaridan:
“Shunday tuyg‘ular bo‘ladiki, ularni tilga chiqarish shart emas. Masalan, o‘zingiz benihoya hurmat qiladigan insonga “Sizni hurmat qilaman”, deyishning hojati yo‘q. Hurmat-ehtiromni xatti-harakatlaringiz, go‘zal muomalangiz, qilgan ishlaringiz bilan ko‘rsatishingiz ham mumkin. Men Orif ota Alimaxsumov va u kishining ulug‘ ustozi akademik Yunus ota Rajabiy o‘rtasidagi munosabatlarda bunga amin bo‘lganman. Orif ota ustozini oldida ham, ortidan ham shu qadar e’zozlar, hurmatini joyiga qo‘yar ediki, ustoz-shogirdning bu muomalalariga barchamiz havas qilar edik.
Nafaqat professional san’atkor, mohir ijrochi ekani bois, balki san’atga, o‘zidan yoshi ulug‘ hofizlarga bo‘lgan cheksiz hurmati, sadoqati tufayli ham Orif Alimaxsumov ustozi Yunus Rajabiydan o‘rgangan maqomlarning birontasini ham o‘zgartirganlari yo‘q. Dastavval qanday ijro etilgan bo‘lsa, shundayligicha bizga o‘rgatar edi. O‘rganish jarayonida har bir xonandadan ijro qilib berishni so‘rar, diqqat bilan eshitib, xatoga yo‘l qo‘ysa, erinmasdan tuzattirar edi. “Bolajonim”, – deb murojaat qilardi yosh xonandalarga, – juda yaxshi ijro bo‘ldi, lekin mana shu pardada ozgina xatolikka yo‘l qo‘ydingiz, keling, aslidagidek bir aytib ko‘ring-chi”. Bunday go‘zal, dilbar muomaladan so‘ng xonanda, albatta, yanada ilhom va ishtiyoq bilan kuylar, ijrosi ko‘ngildagidek chiqar edi.
Orif Alimaxsumovning ovozi tik, ya’ni “lirik tenor” bo‘lib, ilmiyroq til bilan tushuntirganda, egiluvchan, yumshoq va shu bilan birga shijoatli, jarangdor, yuqori avjlarni to‘liq ijro qila olish qobiliyatiga ega bo‘lgan. Shu bois maqomlarning avjini ko‘p hollarda yakka o‘zi ijro etardi. Mashhur hofiz Ortiqxo‘ja Imomxo‘jayev bilan birgalikda birinchi marta maqomning magnit tasmalariga tushirilishida faol ishtirok etgan fidoyi insonlardan biri ham bobom – Orif ota Alimaxsumov bo‘lganidan biz, avlodlari doim faxrlanib yuramiz. Zero, u kishi ko‘p yillar davomida mazkur ansamblda ishlab, mingdan ziyod noyob mumtoz asarlarni radioning oltin xazinasiga muhrlashda fidokorona xizmat qilgan.
Radio arxividagi “Shahnozi Gulyor”, “Mo‘g‘ulchai Navo”, “Savti kalon”, “Girya I-II”, “Fig‘on”, “Sarparda”, “Chorgoh”, “Dugoh Husayniy” kabi o‘lmas asarlar Orif Alimaxsumov ijrosida xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan. Shuningdek, u kishi Yunus Rajabiyning “Ra’nolanmasun”, Orifxon Hotamovning “Qaro bo‘libdur”, “Jonon qiz”, Faxriddin Sodiqovning “To‘y muborak”, “Gullar vodiysi”, “Yashil qishloq”, Imomjon Ikromovning “So‘lim”, Muhammadjon Mirzayevning “Baxt” va boshqa 200 dan ortiq bastakor asarlarini ham maromiga yetkazib kuylagan.
1976-yilda akademik Yunus Rajabiy vafotidan so‘ng, u kishining yozma va og‘zaki vasiyatiga binoan Orif Alimaxsumov maqom ansambliga badiiy rahbar etib tayinlanadi. Bobom bu lavozimda ustozi singari uzoq yillar xizmat qilib, mumtoz musiqamiz rivoji yo‘lida ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirdi.
1972-yili Toshkent (hozirgi O‘zbekiston davlat) konservatoriyasida Sharq musiqasi bo‘limi ochildi. Bu yerda o‘zbek mumtoz musiqachi sozandalari va maqom ijrochilari tayyorlanadigan bo‘ladi. Orif Alimaxsumov konservatoriyada shogirdlar tarbiyalashga birinchilardan bo‘lib taklif etilgan. Bu dargohdan xalqimizga manzur bo‘ladigan ko‘plab xonandalar yetishib chiqdi. Shulardan, O‘zbekiston xalq hofizlari Mahmud Tojiboyev (marhum), Mashrabjon Ermatov, Erkin Ro‘zimatov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Rahmatjon Qurbonov (marhum), Hurriyat Isroilova, Mansur Ma’mirov kabi el sevgan xonandalar Orif Alimaxsumov sinfida tahsil olganligidan faxrlanadi.
Bobom rahmatli nafaqaga chiqqanlaridan so‘ng o‘n yildan ortiq vaqt davomida o‘zi istiqomat qilgan “Yakkasaroy” mahallasining oqsoqoli sifatida faoliyat yuritdi. Hududdagi yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan mahalla faollari ularni juda ham hurmat qilib e’zozlar, ana shu inson bilan mahalladosh ekanidan g‘ururlanar edi.
Jamoatchilik ishlarida faol bo‘lgan bobom xayrli amallari, samimiy to‘g‘ri pand-u nasihatlari bilan oqsoqollar orasida ham ajralib turardi. U kishi ko‘p yillar oynayi jahon orqali muntazam berib boriladigan “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” turkum ko‘rsatuvlariga boshlovchilik qildi.

Ko‘rsatuv bosh rejissyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Mirzaahmedov xotiralaridan:
“Orif ota Alimaxsumov teletomoshabinlarni sehrlab qo‘yar edi. Men o‘zim ham ko‘p guvoh bo‘lganman, ko‘rsatuv efirga ketadigan kuni avtobusda uyga qaytar ekanman, yo‘lovchilar haydovchiga: “Tezroq haydasangiz-chi, axir bugun “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” bo‘ladi, kech qolmaylik. Otaxonning (Orif ota Alimaxsumovni hurmatlab: “Otaxon” deyishardi) so‘zlarini eshitishga ulgurib qolaylik!” deyishardi.”
Orif Alimaxsumov 2005-yil bu yorug‘ dunyoni tark etgan bo‘lsa-da, hali-hanuz u zotning ijro etgan yuzlab ashulalari yosh xonandalar uchun dastur, shinavandalar uchun esa qalblariga huzur bag‘ishlaydigan ajoyib asarlar sifatida yashab kelmoqda.
Men shunday ulug‘ insonning nabirasi ekanimdan, u kishining shaxsan o‘zidan san’at va hayot saboqlarini, tillolarga teng nasihat-u duolarini olganimdan faxrlanaman.
Xotiramda qolgan eng zalvorli o‘gitlaridan biri bu sanoyi nafisa – san’at yo‘lida barchaga birdek samimiy muomalada bo‘lish, va’daga vafo qilish, eng asosiysi, hayotda halol, pok yashash kerakligi haqidagi so‘zlaridir. Bu o‘gitlar mening hayot yo‘llarimni yoritib turuvchi chiroqlardir.
Kamoliddin ALIMAXSUMOV
“Jadid” gazetasining 2024-yil 15-noyabrdagi 47-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



