21.11.2024 | 16:23
812
IOSIF STALIN va FAYZULLA XO‘JAYEV O‘RTASIDAGI AYOVSIZ BAHS
Ma’lumki, Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi Andijon viloyati bo‘limi rahbari, Andijon davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Rustambek Shamsutdinov tashabbusi bilan “Vodiynoma” ijtimoiy-tarixiy, ilmiy-ommabop jurnali tashkil etilib, bugunga qadar ushbu nashrning 36 ta soni o‘quvchilar e’tiboriga havola qilindi.

2016-yildan boshlab chiqayotgan jurnalning har bir sonida Vatanimizning shonli va qonli o‘tmishi, yurt ozodligi va istiqloli uchun jon fido qilgan ajdodlarimizning hayoti va fojiali taqdiri haqida eng so‘nggi ma’lumotlar, tarixiy fakt va dalillar asosida turkum maqolalar chop etib kelinmoqda.
Jumladan, uning 2024-yilgi 3-sonida R.Shamsutdinov, M.Xudoyorov, N.Akbarova qalamiga mansub “Turkiston, Xorazm va Buxoro tarixiga oid muhim manba” nomli maqolada Rossiya Kommunistik partiyasi Markaziy komitetining IV maxfiy yig‘ilishining yettinchi majlisi stenografik hisoboti haqidagi material e’lon qilingan.
1923-yil 12-iyun kuni yarim tunga qadar davom etgan ushbu yig‘ilishda G.Zinovyev, Akmal Ikromov, Broydo, Lyubimov, Fayzulla Xo‘jayev va boshqa mas’ul rahbarlar ma’ruza qilishadi. Ko‘p sirli va mudhish voqealarga guvoh bo‘lgan Kremlning xonalaridan birida bo‘lib o‘tgan qizg‘in bahs va munozaralarda garchi hamma bir-biriga “o‘rtoq” deya murojaat qilsa-da, majlisda o‘zaro ishonchsizlik, dushmanlik kayfiyati hukm surardi. Buni stenogramma materiallari orqali ham anglash qiyin emas.
Akmal Ikromov o‘zining ziddiyatli nutqida Buxoro Xalq Respublikasi nomidan so‘zlagan hamyurti Fayzulla Xo‘jayevning fikrlarini ma’qullab, o‘lkamizdagi mahalliy aholi o‘rtasida yangi hokimiyatdan noroziliklarni kamaytirish uchun Qizil armiya miltiqlaridan foydalanish samara bermasligini, ta’limga, ijtimoiy sharoitni yaxshilashga, adolatni qaror toptirishga e’tibor qaratish lozimligini noziklik bilan ta’kidlaydi. Bu bilan u sovetlarning Turkistonda o‘tkazayotgan shovinistik va qonli siyosatiga ishora qilayotgan edi.
Majlisda Iosif Stalin va Fayzulla Xo‘jayev o‘rtasida ayovsiz bahs bo‘lib o‘tadi. Xalqimizning jasur va mard o‘g‘loni, mohir va haqgo‘y davlat arbobi Fayzulla Xo‘jayev o‘z yurti va millati manfaatlarini qat’iyat va jasorat bilan himoya qiladi. Ehtimol, qonxo‘r Stalinning yuragida aynan shu kuni Fayzulla Xo‘jayevga nisbatan nihoyatda kuchli adovat paydo bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Bunday dushmanlik oradan o‘n to‘rt yil o‘tib, endi “xalqlar otasi” va buyuk dohiyga aylangan Stalinning buyrug‘i bilan O‘zbekiston hukumatining birinchi raisini qatl qilish bilan tugagani ma’lum.
Quyida mazkur stenogrammadan ayrim parchalarni e’lon qilar ekanmiz, muhtaram Rustambek Shamsutdinov domla va u kishining shogirdlariga tashakkur izhor etamiz.
I.Stalin: Turkistondagi vaziyat, u yerdagi hozirgi ahvol juda yomon, juda xavotirli. Ayni chog‘da, Turkiston Sharq bilan qattiq bog‘langan millatlarning kombinatsiyasidan iboratligi uchungina emas, o‘zining geografik joylashuviga ko‘ra eng ko‘p ekspluatatsiya qilinayotgan va imperializmga qarshi kurashish uchun eng ko‘p porox jamg‘argan, Sharqning qoq yuragida o‘rnashgani uchun hamda Sharqni inqilobiylashtirish nuqtayi nazaridan sovet respublikalari orasida muhim respublikadir. Mana shuning uchun Turkiston sovet hokimiyatining eng zaif nuqtasi, nozik tomoni hisoblanadi. Vazifa Turkistonni namunali respublikaga, Sharqni inqilobiylashtirishning ilg‘or postiga aylantirishdan iborat. Bu vazifani kuch-g‘ayratni ayamay, qurbonlarga qaramasdan, har qanday sharoitda amalga oshirishimiz zarur.
Sovet hokimiyatining ikkinchi zaif nuqtasi, deb Ukrainani bilish kerak. Bu yerda madaniyat, savodxonlik ma’nosida ishlarning ahvoli Turkistondagi kabi yoki deyarli shu darajada. Davlat apparati Turkistondagi kabi xalq tili va turmushidan uzoq. Ayni chog‘da Turkiston Sharq xalqlari uchun qanchalik ahamiyatga ega bo‘lsa, Ukraina ham Gʻarb mamlakatlari uchun shunchalik yoki qariyb shunday ahamiyatga ega…
Xorazm va Buxoro haqidagi ma’ruzalarga o‘taman. Xorazm vakili majlisda yo‘qligi bois, Xorazm haqida gapirmayman: chunki Xorazmda, ochig‘i, partiyaning o‘zi yo‘q. Partiya haqida tozalovdan keyin gapirish mumkin bo‘ladi. U yerda bir necha ming partiya a’zosi hisobda turadi, deyishadi. O‘ylaymanki, partiyaviy tozalovdan so‘ng Xorazmda yuztadan ham kam partiya a’zosi qoladi. Buxoroda ham o‘tgan yili ahvol xuddi shunday edi, u yerda 16 ming partiya a’zosi hisobda turardi, tozalovdan keyin ming nafardan ozroq partiya a’zosi qoldi.
Buxoro haqida gapira turib men taqdim etilgan ma’ruzalarning umumiy ohangi va umumiy xarakteri haqida ikki og‘iz so‘z aytishim kerak. Respublikalar va oblastlar to‘g‘risidagi ma’ruzalar haqqoniy bo‘ldi, umuman, haqiqiy voqelikdan uzoqlashmadi. Faqat bitta ma’ruza haqiqiy voqelikdan uzoq bo‘ldi, bu Buxoro haqidagi ma’ruzadir. Bu hatto ma’ruza ham emas, boshdan-oyoq diplomatiya, chunki Buxorodagi barcha salbiy jihatlar yashirib ketilgan, xaspo‘shlangan, yaltirab, ko‘zga yaqqol tashlanib turadigan hamma narsa xo‘jako‘rsin uchun birinchi planga olib chiqilgan. Xulosa – “Buxoroda hammasi joyida”.
O‘ylaymanki, biz bu majlisga bir-birimizga ustamonlik qilish, bir-birimizga ko‘z suzish uchun, birovni orqa qilib, boshqalarni laqillatish uchun kelganimiz yo‘q. Aksincha, bor haqiqatni aytish, hamma illatlarni kommunistchasiga aniqlash, ularni ochib tashlash, yaxshilash yo‘llari va vositalarini ishlab chiqish uchun keldik. Faqat shunday sharoitdagina biz oldinga siljiy olamiz.
Shu nuqtayi nazardan Buxoro haqidagi ma’ruza boshqa barcha ma’ruzalardan o‘zining haqiqatdan uzoqligi bilan ajralib turadi. Men bu yerda ma’ruzachiga Buxorodagi Nozirlar Kengashining tarkibi haqida bejiz savol bermadim. Nozirlar Kengashi – bu Xalq Komissarlari Soveti. U yerda dehqonlar, ya’ni krestyanlar bormi? Ma’ruzachi javob bermadi. Ammo menda bu haqda ma’lumot bor. Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro hukumati tarkibida birorta ham dehqon yo‘q. Hukumatning 9 yoki 11 a’zosi orasida boy savdogarning o‘g‘li, do‘kondor, ziyoli, mulla, do‘kondor, ziyoli, yana do‘kondor bor, ammo birorta ham dehqon yo‘q. Ayni chog‘da, hammaga ma’lumki, Buxoro asosan dehqonlar mamlakati hisoblanadi.
Bu masala Buxoro hukumatining siyosati to‘g‘risidagi masalaga bevosita taalluqli. Tepasida kommunistlar turgan bu hukumatning siyosati qanaqa? U dehqonlarning, o‘z dehqonlarining manfaatlari bilan hisoblashadimi? Men kommunistlar rahbarlik qilayotgan Buxoro hukumatining siyosatini yaqqol ko‘rsatadigan faqat ikkita kichik faktni dalil qilib ko‘rsatmoqchiman. O‘ta mas’uliyatli o‘rtoqlar va partiyaning keksa a’zolari imzolagan hujjatdan ko‘rinadiki, masalan, Buxoro davlat banki o‘z faoliyatini boshlagandan buyon xususiy savdogarlarga 75 foiz, dehqonlar kooperativlariga 2 foiz kreditlar bergan. Absolyut raqamlarda bu quyidagicha namoyon bo‘ladi: savdogarlarga 7 million tilla rubl, dehqonlarga 220 ming tilla rubl.
Keyin: Buxoroda yerlar musodara qilinmagan. Lekin u yerda amirning chorva mollari… dehqonlar foydasiga musodara qilingan. Xo‘sh, nima bo‘pti? O‘sha hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, dehqonlar uchun qariyb 200 bosh mol musodara qilingan, qolganlari, albatta, badavlat dehqonlarga sotilgan.
Bu hukumat yana “sovet”, “xalq hukumati” deb ataladi! Buxoro hukumatining tavsiflab berilgan faoliyatida hech qanday xalqona, sovetcha narsa yo‘qligini isbotlab o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak.
Ma’ruzachi Buxoroning RSFSR va Respublikalar Ittifoqi bilan munosabatlari haqidagi masalani quvonarli qilib yoritdi. Uning nazarida, bu borada hammasi joyida. Ayon bo‘lishicha, Buxoro Respublikasi Ittifoqqa kirishni xohlaydi. Ma’ruzachi, aftidan, darvozalar ochilishi uchun Respublikalar Ittifoqiga kirish istagining o‘zi yetarli deb o‘ylaydi, shekilli. Yo‘q, o‘rtoqlar, bu ish shunchaki oddiy emas. Hali yana so‘rash kerak: Respublikalar Ittifoqiga kirishga ijozat berishadimi? Ittifoqqa kirish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun Ittifoq xalqlari ko‘z o‘ngida Ittifoqqa kirish huquqiga oldindan munosib bo‘lish, shunday huquqqa erishmoq zarur. Buxorolik o‘rtoqlarga shuni eslatib o‘tmoqchimanki, Respublikalar Ittifoqi axlat to‘kiladigan joy emas…
I.Stalinning nutqidan so‘ng Buxoro Xalq Sovet Jumhuriyati Nozirlar Kengashi raisi Fayzulla Xo‘jayev so‘z olib, bildirilgan tanqidiy mulohazalar yuzasidan quyidagicha ma’lumot berib o‘tdi:
F.Xo‘jayev: O‘rtoqlar, men o‘rtoq Stalin o‘rtaga qo‘ygan masala yuzasidan ma’lumot bermoqchiman. Birinchidan, o‘rtoq Stalin kecha Buxoro Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi rayosatining tarkibi bo‘yicha so‘ragan edi. Men unga, butun Buxoro Markaziy Ijroqo‘mi bo‘yicha dehqonlar 65 foiz, rayosatda 2 foiz, deb javob berdim. Modomiki, menda bu raqamlar bor ekan, ular stenogrammada ham yozildi va yozma ma’ruzada ham ko‘rsatildi, men bu yerda hech qanday ustomonlik qilayotganim yo‘q. Albatta, bizda sovet apparati yoppasiga dehqonlardan iborat, deb aytib bo‘lmaydi. Avval aytganimdek, uning tarkibida bir savdogar, yana mulla bor, qolganlari milliy ziyolilar vakillaridan iborat. Bu haqda ilgari ham aytganman.
Nozirlar Kengashiga kelsak, unda dehqonlar, bevosita yerdan unumli foydalanadigan dehqonlar yo‘q, shu boisdan u yerda boylar ham yo‘q.
Davlat bankiga kelsak, bu – boshqa gap. Bu o‘rinda o‘rtoq Stalin haq, faqat raqam noto‘g‘ri. Ular 1923-yilning boshiga, Davlat bankining ikki oylik faoliyatiga taalluqli. Markazqo‘m vakili buni tasdiqlashi mumkin.
Bu masala Nozirlar Kengashining majlisiga qo‘yilgan edi va biz shunday holat mavjudligini ko‘rib, bu ko‘ngilsiz voqeaga barham berish to‘g‘risida qaror qabul qildik hamda u o‘shandan buyon barham topdi. Bu besh-olti oy ilgari bo‘lgan edi, bayonnomasi bor. Shundan keyin birorta ham bunday voqea ro‘y bermadi. Buni men raqamlar va hujjatlar bilan tasdiqlay olaman. 123 bosh chorva moliga kelsak, bu mutlaqo noto‘g‘ri. O‘rtoq Stalinga noto‘g‘ri axborot berishgan. Menda qancha mol qayerga berilganini ko‘rsatadigan raqamlar va ma’lumotlar mavjud. Men mana shu ma’lumotni bermoqchi edim…”
“Jadid” gazetasining 2024-yil 15-noyabrdagi 47-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



