02.12.2024 | 17:53
1521
Erkin Vohidov izdoshlari
Yurtimizda ijodkor yoshlarni qo’llab-quvvatlash va o’tgan buyuk ajdodlar xotirasini abadiylashtirish maqsadida ularning nomlarida ijod maktablari tashkil qilingan. Shunday dargohlardan biri – Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi o’quvchilari ijodidan namunalarni hukmingizga havola etamiz. Bu ijodkorlar yosh jihatdan hali kichik bo’lsa-da, she’rlariga o’zgacha, yangi, takrorlanmas tashbehlar topishga erishgan, va hamon izlanishda. Katta adabiyot ostonasiga mardona qadam qo’yib kelmoqdalar. Biz bu ijodkorlarga faqat zafarlar tilaymiz.

Shahlo SAFAROVA
10-sinf oʻquvchisi
KUZ
Kuz keldi!
Tuproqdan uzilmas hamon
Bahorda hijrondan cho’kilgan tizlar!
Shabboda, mayinroq esib ber, faqat
To’kilib ketmasin za’faron hislar…
Ko’nglimning parvoyi kezarmish falak,
Qo’llariga qandoq tutayin ko’zgu?
Azizim, izohga endi ne hojat,
Yongan hislarimning bayoni kuz-ku!..
Kuz keldi,
Sen ham kel xuddi uningdek.
Mayli quyoshidek boqsang mo’ralab.
Soyamni yo’qotib qo’yibman hatto
Zimiston tunlarda xazon oralab.
Nurlarin sochmoqqa iymanib turgan
Shu quyosh so’zingdan isinsin,
Gapir!
Yozda sovuqqotgan yuragimizning
Kuzda gullashiga kerakmi ta’bir?!
Azizim, izohga endi ne hojat?
Yongan hislarimiz bayoni kuz-ku!..

Gulyora HOSHIMJONOVA
10-sinf oʻquvchisi
SIZGA AYTOLMAGAN GAPLARIM ANCHA
(Onamga)
Yana dil tubida qoldi shuncha gap,
Qayta ochilmadi eski mavzular.
“Yaxshiman, ishlarim joyida, sog‘man!”,
Bizning suhbatimiz hozircha shular.
Hamma ayb o‘zimda, har doim bandman.
Axir o‘z-o‘zimga bo‘lganman bandi.
Har tunda o‘ksinib o‘ylayman, aya,
Bo‘yningizdan quchib yotsam, qaniydi?
Ertaklardagidek qahramonmasman,
Endi “Natasha” ham oddiy qo‘g‘irchoq.
Endi qo‘lqoplarim qo‘limga sig‘mas,
Endi so‘ramayman qand-u o‘yinchoq.
Shahar ham hissizdek, sog‘inch hukmron,
Bir chetda mung‘ayib turar e’tibor.
Bir yilga muhabbat chulg‘aydi meni,
Aya, bag‘ringizga bossangiz bir bor.
Sizga aytolmagan gaplarim ancha…

Doniyorbek OLIMOV
8-sinf o‘quvchisi
QAYNAGAN MUZLIKLAR
Qaynagan dengizning muzliklarida
Hayot qaynab turar lek tirik jon yo‘q.
Yashnagan bahorning kuzliklariga
Xavotirdaman-u lekin ko‘ngil to‘q.
Muzday qaynamoqda o‘sha dengizim,
Hissizdirman lekin, yonmoqda qalbim.
Bilmayman, aslida kim mening tengim,
Qachon ko‘tarilar mening har qadrim.
Yuragim yonadi, lekin sovuqman,
Hayot qaynamoqda, yo‘q tirik odam.
Ko‘zlarim yig‘laydi, yuzim quruqdir,
Vaqt topmayman, biroq yolg‘izman har dam.
Yashnagan bahorning kuzliklariga
Qayerdan keladi xazon va g‘uncha?
O‘ta shirin bu dam hamda ko‘p tuzli,
Menga juda yoqib, yoqmaydi buncha.
Xavotirlanyapman o‘zimdan juda,
Har uzilgan tola yonayotgan o‘q.
Ikkilanishlarim asli behuda,
Xavotirdaman-u lekin ko‘ngil to‘q.

Mohlaroy TO’LQINOVA
8-sinf o’quvchisi
***
Qulog‘imga shivirlar asta
Yerga tushib osmon elchisi.
Oymomodan kelibdi pochta,
Sog‘ingandan kelar ko‘rgisi.
U xatida so‘zlaydi yana,
Biroz kechroq chiqarmish bu tun.
O‘z-o‘ziga berarmish oro,
Uchrashuvga borarmish bugun.
Ko‘rganiga bo‘ldi ancha yil,
Oymomojon kutdi bu damni.
Gapirolmas gar uni ko‘rsa,
Quyosh bilan uchrashish onni.

Muhammadyusufxon UBAYDULLAYEV
8-sinf oʻquvchisi
QISH ZIYNATI
Kirib keldi oppoq qish,
Uy tomlari bezandi.
Qadam bosdi yangi yil,
Archalar ham yasandi.
Qargʻalar ham qagʻillar,
Izgʻirindan sovqotib.
Daraxtlar ham qaltirar,
Barglarini yoʻqotib.

Mehriniso OLIMOVA
7-sinf oʻquvchisi
***
Yalangayoq yugurib bizlar
Changitganmiz kattakon ko‘cha.
Qandayin tez o‘tdi bu davr?
Bola edim axir men kecha.
Quyosh ko‘kka charaqlab chiqib
Yoz hammani isitgan chog‘da
Kartoshkalar pishirib yerdik
Hali hamon so‘nmagan cho‘g‘da.
Onam yopgan issiq nonlarni
Suv bag‘riga kutib olardi.
Nariroqda turgan bir singlim
Bu nonlarni tutib olardi.
Kartoshkani pishirgan yerda
Qolar edi har gal kulimiz.
O‘yin o‘ynab qolsak biz agar
Daraxt bargi edi pulimiz.
Daraxtlarga tirmashar edik
Yurtga bahor keldi deguncha.
Shoshib-pishib cho‘ntagimizga
To‘ldirardik ancha dovuchcha.
Goho chiqib dalaga bizlar
Varrak uchirar edik birga.
Yoki hamma tezda yig‘ilib
Kim ko‘p tepish o‘ynardik lanka.
O‘yinlarni sanasak agar
Oxiri yo‘q edi sonlarning.
Qadriga yetmabmiz biz aslo
Eng aziz, beg‘ubor onlarning…

Shodiyona JO’RABOYEVA
8-sinf o‘quvchisi
SENI DEB…
Goh qalbim za’faron hislarga to’lsa,
Ko’zingni ko’rmoqqa botinmas ko’nglim.
Nogahon sinovlar bag’rimni o’ysa,
Hatto yashamoqqa kelmaydi ko’ngim.
Seni deb to’kilgan yoshlarim xazon,
Armonlar tinmayin qiladi ta’qib.
Shabboda baxtlardan yasab taqinchoq
Bir kun qo’llarimga qo’yadi taqib.
Qalbing ko’zgusiga bir nigoh tashlab
Ko’rdim yolg’on to’la tuyg’ularingni.
Bu qora soyalar yuragim g’ashlab
Hech ham ketkazolmas qayg’ularimni.
Sen bilan o’tgan bu barcha damlarni
Qanday ko’mish mumkin dil mozoriga.
Ishonchni parchalab bo’lgan so’zlarni
Sira sotolmayman she’r bozorida.

Mushtariybonu SULAYMONOVA
10-sinf o’quvchisi
NAFAS
Dunyo neligini bilmasdan hali,
Hali koʻzmunchoqdek qorachiqlar nam.
Koʻzlarin ocholmay achishganidan
Boʻgʻilib yigʻlaydi chaqaloqlar ham.
Soʻnggi nafasida maza topolmay
Erta-kech dunyoni tark etar odam.
Qarang, oʻtib borar umr qancha tez,
Hali biz poklikka qoʻymadik qadam.
Koʻz oldidan oʻtar barcha-barchasi,
Hali biz poklikka qoʻymadik qadam.
Xudoga iltijo qilar tun-u kun,
Yuzlariga parda tortilgan Vatan.

Dilyorbek MUHAMMADQOSIMOV
7-sinf oʻquvchisi
QOR
Qish ham kirib keldi mana olamga,
“Ana qor ham yogʻdi” – dedim xolamga.
Havo sovib ketdi, muzladi dunyo,
Qorboʻron oʻynaymiz, dedim doʻstimga.
Rosa ham oʻynadik qorboʻron birga,
Qorbola yasadik qoʻndirib yerga.
Kunduzi juda koʻp yogʻdi oppoq qor,
“Uyga ketdik” – dedi Maʼrufxon menga.

Farangiz DAVLATOVA
7-sinf oʻquvchisi
VATAN UCHUN…
Vatan uchun jonim beray, Vatan uchun,
Jadidlardek inson boʻling, Jadidlardek.
Avloniydek, Behbudiydek, Fitrat kabi,
Boʻling sizlar avlodlari Jadidlarning.
Jadidlarim sarfladi bori kuchin
Vatan uchun, Vatan uchun, Vatan uchun.
Qodiriydek yoki boʻling Ibrat kabi,
«Xalqim faryod chekmasin», deb kurashinglar.
Begunohlar qon toʻkmasin, Ona yurtim,
Shahidlardek oʻchmas izlar qoldiringlar,
Jadidlarim sarfladi bori kuchin
Vatan uchun, Vatan uchun, Vatan uchun.
Zolimlarning qoʻllarida zulm koʻrmay,
Bolalarni, onalarni asrang sizlar.
Dod demasin, oʻtmish bizdan, dod demasin,
Jon berishga tayyor turing Vatan deya.
Jadidlarim sarfladi bori kuchin,
Vatan uchun, Vatan uchun, Vatan uchun.

Ikromjon ABDUSATTOROV
7-sinf oʻquvchisi
VATANIM
Oʻzbekiston Vatanim mening,
Dunyodagi eng koʻrkam chaman.
Bu Vatanga sochaman gullar,
Odimlovchi toʻxtovsiz chaman.
Bu Vatanda saxiy insonlar,
Har yoʻlingda koʻrinib turar.
Bu Vatanning yashil bogʻlari,
Har burchakda yastanib turar.
Bu Vatanda bor goʻzal yoʻllar,
Mehrin berar atrofga quyosh.
Bu mehrning zarrin kuchidan,
Sayqallanib yoril qora tosh.

Gulsevar QOSIMOVA
10-sinf oʻquvchisi
***
Tinsiz gal almashar fasllar
Ko’zimga surating olgan on.
Davosiz bemorman,
Asrlar
bo’ladi har bir kun,
Va hijron
Qo’ymaydi qalbimni so’roqlab.
Kut!, -deydi,
Qolaman ilojsiz,
“Va lekin”, ”ammo”-yu, ”biroq”lab.
Boshimga tushibdi ishq degan,
Chidamoq ekanmish qoida.
Alishgim kelmaydi yozga ham
Lahzalik ishqingni gohida!
Lolagul, lolagul!
Qo’ymasang,
Tinmayin o’ylasam o’zingni.
Ochiq ayt sen meni suymasang,
Bargingga yashirma ko’zingni
Lolazor ekanmish vataning,
Kel mening yonimga, qo’shni bo’l.
Har kecha sen uchun kuylay va
Ishqingda she’r yozay lolagul!
Boshimga tushibdi ishq degan ,
Baxtmi bu, yo taqdir xatosi.
Sen bergan bu shirin dardimning
Davosi bormikan, davosi?!
Lolazor ekanmish vataning!

Nodira AKBARALIYEVA
9-sinf oʻquvchisi
XALQQA
(Fitrat tilidan)
Bu yurtning tubida ming bir haqiqat,
Adolat hukmini aytmay qolmaydi.
Sen falakmassanku yulduzi tarqoq,
Ey odam, olomon xalq boʻlolmaydi.
Ilmsiz koʻzlarda asli basirlik,
Johillik pardasi qalblarga zanjir.
Oh, bu ne koʻrgulik, muruvvat qayda?
Bir yurtning bolasi bir-birin gʻajir.
Tinglangiz bu ham bir haqdan nishona,
Koʻzi koʻr insonlar asli insondir.
Maqsadi, niyati boʻlsa jaholat,
Shu kimsa basirdir,
Nasli hayvondir.

Laylo AMINJONOVA
11-sinf oʻquvchisi
***
Zulmat kechga horgʻin shamolni eltdi,
Men unga mahliyo tun qafasida.
Birga uchib keldi eski xotirlar
Eski hayajonim har zarbasida…
Har turtki bagʻrimni ohista tilar,
Sen menga bu tunni tutmagin oson.
Yo qahr bobida oʻynadingmi bahs,
Yo qilging kelmasmi rahmni ehson?
Men seni sogʻindim, sogʻindim mudom,
Toʻxtovsiz xayolim niqtab qoʻymaydi.
Isingni, ismingni takror va takror
Aytaman,
Aytmasam koʻngil toʻlmaydi.

Tasanno ABDUVAHOBOVA
10-sinf o‘quvchisi
DUNYO
Meni uyg‘otmanglar, uyquda tinchman,
Ko‘z ochsam, qalbimni zanjirlaydi nafs.
Meni o‘zi tomon tortqilar dunyo,
Va asta aytaman, bu hoyu-havas.
Ko‘zlarga tortilgan qop-qora parda,
Go‘yoki dunyoda boshqa rang yo‘qdek.
Kulib boqaverar hamma, afsuski,
Tillari kamon-u, so‘zlari o‘qdek.
Meni uyg‘otmanglar, uyquda tinchman,
Tushlarimda yomg‘ir, sokinlik va kuz.
U yerda hammasi boshqacha, lekin
Yana uyg‘onaman, afsuski, afsus.
Ko‘z ochsam, qalbimni zanjirlabdi nafs.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



