Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


27.11.2024 | 14:13

img401

MA’NAVIY HALOKAT QANDAY BOSHLANADI?

Katta ofatlar ham arzimas belgilardan, ulkan talofotlar ham kichik yo‘qotishlardan boshlanadi. Eng dahshatli halokatlar ham kichik e’tiborsizlikning oqibatidir.

Keling, tarixda kechgan bir tabiiy ofatning yashirin belgilariga e’tibor qarataylik. 1919-yilda yonginasida vulqon uxlayotgan Yava oroli aholisi odatdagidek tinchgina kun kechirardi. Ular mudrab yotgan vulqon ostida ulkan to‘fon junbishga kelayotganini xayoliga ham keltirishmagan. Xuddi hozirgi axborot va madaniyat olamida zimdan mafkura qozoni qaynayotganidek…

Mutaxassislar orol ahlini vulqon uyg‘onishi ehtimolidan ogohlantirishdi. Xuddi bugun ayrim olimlarimiz, siyosatchilarimiz ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlar, turli chiqishlar, ommaviy axborot vositasidagi turli ko‘rsatuvlar-u filmlar va dunyodagi boshqa axborot xurujlari ostida ko‘rinmas g‘arazli kuch to‘planayotgani xususida bong urishganidek.

Lekin odamlar bunday xavotirli gaplarga ishonmay beparvolikka berildi. Chunki vulqon krateridan har galgidek tutun chiqmayotgan, osmonga kul ham otilmayotgan edi-da. Xuddi hozir ham hech kim bizga oshkora: “biz sizlarning, farzandlaringizning ong-u shuuriga hujum qilmoqchimiz”, deya o‘z maqsadini ayon qilmaganidek…

Yava aholisi uchun ana shu beparvolik juda qimmatga tushdi. Ya’ni, o‘shanda vulqon ustida to‘plangan katta hajmdagi suv vulqon og‘zidan tutun va kul otilishiga yo‘l bermagan ekan. Bu holat esa krater og‘zida bug‘ qozonini paydo qilgan va katta bosimni keltirib chiqargan. Suv qizib, kuchli portlashga sabab bo‘lgan. 

O‘shanda bu e’tiborsizlik nari borsa besh ming kishining umriga zomin bo‘lgandir. Biroq hozirgi “mafkura vulqoni” hudud tanlamay, yanada kengroq qanot yoyishi va butun bir yoshlar ommasini, hatto millatni halokatga olib borishi hech gap emas. Ko‘pchiligimiz bu xatar Yavadagi vulqondan yuz karra, ehtimol ming karra xavfliroq bo‘lishi mumkinligini his qilsak-da, baribir e’tiborsizlikka berilamiz.

Bolaligingizni eslang, hurmatli kattalar! Agar televizor yoki hayotda mushuk sichqonni yeb qo‘yganini ko‘rsangiz, etingiz seskanardi. Bugun jajji bolalar ko‘rayotgan multfilm va o‘yinlarga bir qarang. Masalan, yaqinda bir kompyuter o‘yinini ko‘rib qoldim. Uni uch yoshli bola ham bemalol o‘ynay oladi. Qo‘g‘irchoq-chaqaloq va uning atrofida ignalar chayqalib turibdi. Bola qo‘li bilan ignani chaqaloqqa yo‘naltiradi va igna badaniga sanchilganida sho‘rlik chaqaloq jonholatda chiyillaydi. Bola esa qiyqirib kuladi. Endi tasavvur qiling: aqlini tanib-tanimasdan birovga igna sanchishdan zavq olgan go‘dak erta-bir kun kiprik qoqmasdan o‘zgalarning hayotiga chang solmasligiga kim kafolat bera oladi? 

Ota-bobolarimiz bunday kimsalarni “diydasi qattiq” deb aytishardi. Qondan diydasi qotgan odam qondan seskanmas emish. Kaltakdan diydasi qotgan odamga kaltak ta’sir qilmas ekan. Endi diydasi qotganlarning bir guruh bo‘lib to‘planishini tasavvur qiling.

Bugungi kunda insonlarga nisbatan vahshiylik, xunrezlikni zarracha seskanmay amalga oshirayotgan to‘dalar aslida ana shu diydasi qotish orqali shakllanmadimikin? Masalan, respublikamizda o‘tgan yili voyaga yetmaganlar o‘rtasida 3,5 mingta jinoyat sodir etilgan va bu ko‘rsatkich avvalgi yilga nisbatan 15,6 foizga oshgan. Ulardan 74 nafari qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, 12 nafari qasddan odam o‘ldirish va 10 nafari odam o‘ldirishga urinishda ayblangani – bu bolalarning xuddi biz ta’kidlagan kabi “diydasi qotgan”ini isbotlamaydimi? Eng achinarlisi, bu bolalar bor-yo‘g‘i 13-17 yosh orasida! Umumiy jinoyatlarni sodir etganlarning 2280 nafari maktab o‘quvchilari, 315 nafari esa qizlardan iborat ekanligi barchamizni ko‘zimizni kattaroq ochishga undaydi.

Demak, bolalarimizni tarbiyalashda avvalo, ularni ota-bobolarimiz aytganidek, “diydasi qotish”dan asrashga jiddiy ahamiyat qaratishimiz zarur.

Endi axloqqa bo‘lgan xurujlarga e’tibor qarataylik. Ota-bobolarimiz buni “yuzdagi parda” deb ataganlar. Odamlar ko‘rsatkich barmog‘ini yuzga surtib, uyat ishorasini ko‘rsatganida avvalo, yuzdagi ana shu ko‘rinmas hayo pardasiga ishora qiladilar. Har ne bo‘lsa ham mana shu ko‘rinmas pardani asragin, uni aslo yuzingdan yechma, deydilar.

Hozir chetdan kirib kelayotgan turli axborotlar, “tarbiya usullari”, zamonaviy “madaniyat” ko‘rinishlari, san’at va adabiyotning “duragaylashgan” mahsulotlari aynan ana shu ming yillik milliy pardaga chang solmoqda. Bugun qator telekanallarda efirga berilayotgan arzon-garov ko‘rsatuvlar, tok-shoular, serial va filmlar ham mafkuraviy xurujlardan himoyalanmagan.

Vulqon tutunini yopib turgan krater og‘zidagi suv kabi, bu mahsulotlarning g‘oyaviy ta’mini gohida ishlab chiqaruvchilarning o‘zi ham sezmayotganday, nazarimda. Bunga istagancha misollar keltirish mumkin. Shu o‘rinda men bir qarashda arzimasdek tuyulgan bir masalaga diqqatingizni tortmoqchiman. Bu – er-xotin va kelin-kuyovlar yotoqxonasining oshkora ko‘rsatilishi bilan bog‘liq. Ilgari bizda ota-onaning, uylangan farzandlarining yotog‘iga hatto kunduzi ham kirish uyat sanalardi.

Xususiy telekanallarda namoyish etilayotgan seriallar-u novellalarni ko‘ring: aksariyat hollarda er-xotinning suhbati aynan yotoqda suratga olinadi. Qaynonalar o‘g‘li va kelinining yotog‘iga bemalol bostirib kirib kelishaveradi. Nega?

Chunki chet el filmlarida shunaqa, butun voqealar, o‘zaro suhbatlar yotoqxonada kechaveradi. Yana ta’kidlayman: bu boshqa holatlarning oldida arzimas narsa-ku, deb e’tiroz bildirishga shoshmang. Bu – er-xotin munosabatlari mutlaqo parda ortida bo‘lishi lozim, degan qadriyatlarimizga ziddir. Voyaga yetib kelayotgan, ayniqsa, o‘smir yoshidagi bolalarning axloqiy qadriyatlariga putur yetkazadigan illat bu. 2023-yili yurtimizda 34 mingdan ziyod nikoh bekor qilingan bo‘lsa, o‘tgan 2024-yilning 10 oyi davomida ajrimlar soni 41 ming 583 taga oshib ketganiga mana shu axloqiy pardalarning ko‘tarilgani ham sababchi bo‘lmayapti, deb kim kafolat bera oladi?

Men kichkinagina bir misol keltirdim, xolos. Kundalik hayotimizda bunday “arzimas” holatlar esa, afsuski, qalashib yotibdi va ular e’tiborimizdan mutlaqo chetda qolmoqda. Bugungi mafkuraviy, g‘oyaviy kurashlar davrida yoshlarga arzimas ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har bir unsur siz-u bizning diqqat markazimizda bo‘lishi lozim. Bugungi mafkuraviy kurash maydonida hamma – “jangovor tayyorgarlikka ega” bo‘lgan odam ham, hech narsadan bexabar kishi ham birday mas’ul va javobgar sanaladi. Bu maydonda ma’rifat, ogohlik, anglamoq, tushunmoq – asosiy himoya qalqoni vazifasini o‘taydi.

Ogoh bo‘laylik: xuruj davom etayotir!

Shahlo AHROROVA,
Ijtimoiy ma’naviy tadqiqotlar instituti xodimi, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori

“Jadid” gazetasining 2024-yil 22-noyabrdagi 48-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605