Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.12.2024 | 11:29

img1652

Yaltirar har yonda qor…

Yurtimizga o‘z tarovati bilan kumush qish kirib keldi. Qishning xabarchisi bo‘lgan birinchi qor qalblarga o‘zgacha surur baxsh etib, avvalgi qorli xotiralarni ham yodga soladi. Bu turkumda she’rsevarlar eng sevib o‘qiydigan shoirlarning qorli satrlarini sizga tuhfa qilamiz.

Abdulla ORIPOV
QOR

Bul ajoyib kun erurkim,
Yaltirar har yonda qor.
Ko‘kda oftob, yerda yulduz,
Garchi yo‘q osmonda qor.

Bul g‘aroyib she’r nedur deb
Parpirar Yulduz qizim.
Men degayman boq azizam
Xadra-yu Do‘rmonda qor.

Yettiga to‘lmish to‘kilmish,
Katta qizning tishlari.
Oq sadafmi ushbu yonda,
Dur kabi dandonda qor.

Suhbat aylab turgan edim,
Men Zarif qizcham bilan.
Kimdir aytdi: ko‘p yo‘talmang,
Ikkingiz, balkonda qor.

Ushbu qorkim erta-indin,
Suv bo‘lar, bo‘ston bo‘lar.
Sochda ko‘rdim to‘rtta tola,
Bul asl bo‘stonda qor.

Rauf PARFI
***

Pag‘a-pag‘a oppoq qor yog‘ar,
Bog‘lar kiymish ilohiy libos.
Yuragimni bir otash dog‘lar – 
Quyosh tutib kelayotir yoz.

Nima bo‘ldi? Kipriging namli,
Ko‘zlaringda yashirin asror,
Devordagi suvratim qani?
Nima bo‘ldi? Qalbingda ne bor?

Yog‘ar oppoq pag‘a-pag‘a qor,
Dardim qorlar kabi sochilar.
Huv, yiroqda gullagan bahor
Bo‘ylari ko‘ksimga sanchilar.

Halima XUDOYBERDIYEVA
***

Qor – oq ipak, chuvaladi
Qorday bu tong o‘ylarim.
Kim u ma’yus, sho‘x chaladi
Qishning tiniq kuylarin.

Yuragimni titratar ul,
Yodimga sen kelasan.
Qo‘limga bargmas yo gul –
Qor bo‘lib to‘kilasan.

Oqarar zamin, xilqat,
Sezmasman yerning ko‘rkin.
Sendan kelmay xabar, xat,
Qor erib ketar bir kun…

O‘roz HAYDAR
DEKABR

Hali qor yog‘madi, bog‘lar yalang‘och,
Hali o‘rlamadi mo‘ridan tutun.
Charchagan oqsochday uxlar har og‘och,
O‘tgan damlarini unutib butun.

Yellarning tilidan uchmadi bir oh,
Ariqlar labiga qo‘nmadi qirov.
Oftob ufq uzra qadab-da nigoh,
Zarg‘aldoq ko‘ylagin kiymadi birrov.

Va lekin olisdan tog‘lar karvonin
Kumush qo‘ng‘irog‘in jarangi uchar.
Kengliklarning xira kiymasiga jim
Oqquv bulutlarning titrog‘i ko‘char.

Yog‘ilmagan qorlar alangasidan
Oqarib ko‘rinar yo‘llar adog‘i.
Bog‘lar dekabrga o‘qir qasida,
Hali yerga tegmay qishning oyog‘i.

Usmon AZIM
***

Qor aralash uvladi shamol.
Hilpiradi havo. Yulindi.
Qismat bu dam – sog‘inching aro –
Ming aylanib qishga urildi.

Jonni sovuq ayladi qamal,
Bo‘ri dovul o‘radi – yovuz.
Sensiz qishda qoldim beamal –
Izilladim sog‘inchda yolg‘iz.

Men chaqirdim: – Kel, yetdi zavol!
Men qichqirdim – kimga? – elanib!..
Sarosima uvladi shamol –
Tilka-pora qorga belanib…

Kel! Borliging ketmoqda yiroq,
Ko‘milmoqda armonlar izi –
Pechkalarning taftidan mudroq
Uyda sovuq qotgan azizim.

Avliyoxon ESHON
***

Qor yuziga yozding: «… seni sevaman!»
O‘ylading –
bu yerdan o‘tsa o‘shal qiz,
Bir nafas to‘xtaydi,
yozuvlaringni
Quvonchdan entikib o‘qiydi so‘zsiz.
Lekin u kelmadi…
Derazadan jim
Yo‘laklarga boqding – og‘ir shunchalar.
Xatlaringni o‘qib,
qish tugaguncha
Savodin chiqarib oldi qushchalar.

Shodmonqul SALOM
***

Qor tindi. Tong otdi, ko‘zi uyquli,
Shahar uyqudagi qizga o‘xshaydi.
Daraxtlar o‘zidan hayron joduli,
Bir-birin tanimay qaray boshlaydi.

Oppoq qor yuziga qo‘yilar oyoq,
Muhrday qo‘yilar rejali izlar.
Don tergan chumchuqday nigohlar ichra
Izim izlar aro izingni izlar.

Yo‘llarga qaraydi yo‘llarning cheti,
Oyog‘in uchida yurar ulovlar.
Qizarar birovning chehrasi, kafti,
Qordan bexabardir hali birovlar.

Xudo borligiga ishora qilib,
Bolalar qorodam yasar ko‘rdingmi?
Yo‘lak muzga toyib qattiq yiqilgan,
Avaylab o‘tdingmi, yiqilmadingmi?

Yerning yuragiga tovoning botib,
Qilichday o‘tganda tortdingmi sergak.
Sening yuzlaringga urilgan qordan
Mening hayotimni yasamoq kerak.

Tong otdi, qor tindi. Shahar uyg‘ondi.
Daraxtlar – Tangriga yolborgan qo‘llar.
Mening yuragimda eruv boshlandi,
Sening yuragingga ochildi yo‘llar.

Guljamol ASQAROVA
KO‘HNA QOR

Yana qaro qorlar yog‘di boshimga,
Boshim asramadim bu ko‘hna qordan.
Nimadir arzirdi yig‘lashimga ham,
Men maysa topgandim bu xazonzordan.

Ko‘p shafqat qilgandim xazonlarga ham,
Bilmam, endi ular men haqda ne der?
Yalinib-yolvorib bolamga o‘xshab,
Ketma deb qo‘limdan tortadi kimdir.

Faqat shuning uchun qolgim kelardi,
Ixlos qilar edim giyohlarimga.
Kimlardir qop-qaro arqonlar yechdi
Mening ma’sumgina gunohlarimdan.

Ey do‘st! Nadomatlar qilasiz, ammo
Ko‘zimdagi yoshlar mening arzimmas.
Axir yashashimga arziydi onam,
Tashlab ketmog‘imga dunyo arzimas!

Men oppoq qorlarni sizga atadim!
Endi boray dedim Tangrim qoshiga
Afsus borolmayman… toyrinib ketdim,
Qaro qorlar… yog‘di… mening… boshimga.

Najmiddin ERMATOV
***

Qor misoli kaftingga qo‘ndim,
Kuyib ketdi kafting taftimdan.
Tisarilding,
axir bilmasding,
Qorning cho‘g‘dek yonishin, erkam.

Men yonardim,
sen hayron eding,
Hadik ichra yumding ko‘zingni.
Ko‘z o‘rgangan, yurilgan o‘sha,
Yo‘llar tomon burding yuzingni.

Ketayapsan,
yonayapman men,
Ortingda qor – oppoq alanga.
Olding sovuq – yog‘ayapti qor…
Ishonch bilan boqding o‘shanga.

Ranjimagin, yonarkan deya,
Ketavergin sen o‘sha izdan.
Ranjimayman,
dunyoning sovuq
Qorlariga ko‘nikkan qizdan.

Suhrob ZIYO
***
Furqat Meliga

Nafis-u beshafqat,
sovuq va zavqli,
qop-qora osmonni
to‘sgan viqori.
Bu qishlar isyonkor,
bu qishlar xavfli.
Qara, qor yog‘moqda.
Turkiston qori…

Kun, desang,
quyoshni tug‘adi ufq,
cho‘k, desang,
o‘zanga tiz cho‘kar sohil,
jim, dema,
yuz yildir jim yashar bu yurt,
qor, degil…
tuproqqa qorishsin botil.

Bag‘ringni
pokiza o‘qlar muzlatsin,
quloch ochib tik bor,
ketsin g‘ubori,
ming yillik hasratni
senga so‘zlatsin..
Axir, qor yog‘moqda.
Turkiston qori…

Rashid XO‘JAMOV
QOR XOTIRLARI

Qorga qarab jilmayayapsan –
Kulgilimi qor xotirlari?
Mening kulgilarim g‘ijimlar
Qorxatlarning xavotirlari…

Qorday oppoq hislarimizni
Qora tunga o‘ragan eding?!
Mendan dunyo kechganda sendan
Kechishimni so‘ragan eding…

To‘kilma deb,
Ummonlarga teng
Ko‘zyoshlarga so‘yladim ertak.
Dunyo sendan kechganda mening
Yuragimni tushunsang kerak!


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img79

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img595

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img593