02.12.2024 | 10:28
690
QORAQALPOQ TILIM MENING

Amu, Orol bo‘ylarinda
Tuqqan yurtim, elim mening.
Bobomlardan meros qolgan
Qoraqalpoq tilim mening.
Kuylamasam “Alpomish”ni,
Tarqarmikin cherim mening.
Parvoz qilgan ulkan qushday
Qoraqalpoq tilim mening.
Ajiniyoz, Berdaq bo‘lib
Sayragan bulbulim mening.
Turkiy zabon erur azal –
Qoraqalpoq tilim mening.
Yashnagay tug‘ishgan ellar,
Turkiy tilda gulim mening.
Bo‘stonda eng go‘zal, ko‘rkam
Qoraqalpoq tilim mening.
Onajonim so‘zin aytmay
O‘tarmikin kunim mening.
O‘zing ruhim, aqlim, o‘yim,
Qoraqalpoq tilim mening.
Hazil, hajv, ilmoqli so‘z –
Boyligimiz mening, sening.
Men uchun tuganmas ilhom
Qoraqalpoq tilim mening.
AJINIYOZ, BERDAQ BO‘LIB…
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida barpo etilgan Adiblar xiyobonida qoraqalpoq tili va adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan uch ulug‘ adib – Berdaq, Ibroyim Yusupov, To‘lepbergen Qayipbergenovning ham muazzam haykallari o‘rnatilishi butun xalqimiz, xususan, qoraqalpoq eliga katta quvonch va g‘urur bag‘ishladi.
Turkiy tilimizni Osiyo tuprog‘ida ildiz otgan baquvvat chinor sifatida tasavvur qilsak, qoraqalpoq tili shu baquvvat chinorning bitta shoxi, yam-yashil yaprog‘idir.
Qadim zamonlardan buyon qoraqalpoqlar o‘zbek, qozoq, turkman va boshqa turkiy millatlar bilan qo‘shni, yonma-yon yashagan. Yarim o‘troq hayot kechirgan bu xalq chorva, ovchilik va dehqonchilik bilan kun ko‘rgan. Jirovlarimiz ming yillar avval “Alpomish” dostonini aytib, yuraklarni sel qilgan. Baxshilar “Oshiq Gʻarib”ni kuylab, ko‘ngillarni daryodek toshirgan. Keng sahroni makon qilib ot choptirgan turkiy xalqlarning qo‘shiqlari-yu kuylarining ohanglari bir-biriga undosh, darddosh, mungdosh.
O‘zbek, qozoq, qirg‘iz va boshqa xalqlar O‘rxun-Enasoy davrlarida turkiy til tarmoqlari: o‘g‘uz, qipchoq, qarluq va boshqa lahjalarida yaratgan ertaklar, dostonlar, asarlarning o‘zagi yagona. Menimcha, qadimgi oltoy dostoni “Manas”dan hozirgi “Alpomish” va qirg‘izlarning mashhur “Manas” eposi kelib chiqqan bo‘lsa, ajab emas.
Hozirgi qoraqalpoq yozuviga XX asr boshlarida asos solindi. Dastlabki qoraqalpoq alifbosini yaratgan shoir va alloma, jadid Sayfulg‘abit Majitov edi. U Qosim Avazov bilan birgalikda arab harflari asosida isloh qilingan qoraqalpoq yozuvini muomalaga kiritdi.
1830-yillarda madrasaga shogird-talaba bo‘lib borgan Berdaq Qarg‘abay o‘g‘li bir she’rida:
Navoiydan savod ochdim,
Fuzuliydan durlar sochdim,
– deb yozgan edi. Shoirning Alisher Navoiy g‘azallarini sevib yod olgani, bu – qoraqalpoq va o‘zbek tillari avvaldan chambarchas bog‘liq ekanidan darak beradi. U paytlarda madrasalarda Alisher Navoiy, Fuzuliy, Xoja Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy, So‘fi Olloyor she’rlari o‘qitilgan va talabalar sevib yod olgan.
Umumturkiy folklordan bahra olgan qoraqalpoq xalqi og‘zaki ijodiyoti boy va rang-barangdir. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi ilmiy xodimlari tomonidan o‘nlab xalq dostonlari va ularning variantlari, yuzlab ertaklar, asotirlar, qo‘shiqlar yozib olinib, tasniflab, chop etilgan. Bu dargohda xalq og‘zaki ijodiyoti namunalari jamlangan, 100 jilddan iborat majmua ham nashr qilindi. Og‘zaki ijod namunalari va xalq dostonlarining serobligi qoraqalpoq xalqining ijodga tashna va ilhomi qaynoq ekanidan darak beradi.
XVIII–XIX asrlarda ijod qilgan Jiyan Jirov, Kunxo‘ja, Ajiniyoz, Berdaq kabi allomalar qoraqalpoq tili rivojini yangi bosqichga ko‘tardi. Ayniqsa, Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li qoraqalpoq she’riyatiga o‘zbek mumtoz adabiyoti an’analarini (aruz vazni, yangi metaforalar, arab, fors, eski o‘zbek tilidan so‘zlarni) olib kirish orqali tilimizni yanada boyitdi. Ajiniyoz ijodini o‘rganuvchilar va tarjimonlar “shoir she’rlari turkiy kitobsevarlarga tarjimasiz ham deyarli tushunarli”, degan fikrni alohida ta’kidlashi ham bejiz emas.
O‘tgan asrda qoraqalpoq yozuvi va grammatikasi ishlab chiqildi. Ijodkorlarimiz o‘z ona tilida yozgan asarlarida xalqimizning boy madaniyati, urf-odatlari, oliyjanob va go‘zal qadriyatlarini olamga tanitdi. Qoraqalpog‘iston xalq shoiri va O‘zbekiston xalq artisti Abbaz Dabilov xalq og‘zaki ijodini chuqur o‘rgangan ijodkorlardan biri edi. O‘zbekiston xalq shoirlari Tilovbergen Jumamuratov, Ibroyim Yusupov, O‘zbekiston xalq yozuvchilari Jo‘lmirza Oymirzayev, To‘lepbergen Qayipbergenov o‘zlarining go‘zal she’rlari, dostonlari, romanlari bilan o‘zbek kitobxonlariga keng tanildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar sharofati bilan qoraqalpoq tili o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, turk tillari qatorida rivojlanishning yangi tarixiy davrini boshidan kechirmoqda. Qoraqalpog‘istonda o‘zbek tili bilan bir qatorda qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berildi. O‘ndan ziyod gazeta va jurnallar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun darsliklar, badiiy adabiyot namunalari qoraqalpoq tilida nashr etilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrida barpo etilgan Adiblar xiyobonida qoraqalpoq tili va adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan adiblarimizga muhtasham haykallar o‘rnatilgani ham xalqimizga ko‘rsatilgan yuksak e’tiborning yorqin namunasidir. Bir qator teleradiokanallar, gazeta-jurnallar shu tilda uzluksiz ish yurityapti. O‘tgan yili yetti jildlik “Qoraqalpoq tilining tushuntirma so‘zligi” lug‘ati nashr etilgani ham uning rivojida muhim voqea bo‘ldi.
2024-yil mamlakatimizda qoraqalpoq mumtoz adabiyotining ulug‘ namoyandasi Ajiniyoz yili bo‘ldi, desak adashmaymiz. Shoir tavalludining 200 yillik tantanalari xalqaro miqyosda yuksak darajada nishonlanishi Yangi O‘zbekistonda madaniyat va adabiyotga, tilimizga, milliy merosimizga juda katta e’tibor qaratilayotganining amaliy isbotidir. Bu ishlarga bosh-qosh bo‘lib kelayotgan hurmatli Prezidentimizga minnatdorligimiz va rizoligimiz cheksizdir.
Kengesboy KARIMOV,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi,
Qoraqalpog‘iston xalq shoiri
“Jadid” gazetasining 2024-yil 29-noyabrdagi 49-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



