03.12.2024 | 13:52
570
QORAQALPOQ JADIDI SAYFULG‘ABIT MAJIT TAQDIRI
Qatag‘on qirg‘ini millat tanlamagan. Qaysi xalqning ilg‘or fikrli, millatparvar vakili bo‘lsa, deyarli barchasi sovet tuzumining qonli iskanjasiga tushib, qatliom domiga tortilgan. Qoraqalpoq adabiyoti va tarixshunosligida ma’lum-u mashhur Sayfulg‘abit Majitov ham zamonasining hurfikrli, peshqadam ziyolilaridan biri edi. U shoir, nosir, dramaturg, ma’rifatparvar va pedagog sifatida qoraqalpoq xalqi tarixida o‘chmas iz qoldirgan. 1920-yillarda uning nomi ma’rifat va savodxonlik g‘oyalari, gazeta chiqarish, ilk darsliklar, ma’rifatchilik va sahna san’ati rivoji bilan chambarchas bog‘liq edi.

1869-yili qashshoq dehqon Abdulraqip oilasida tug‘ilgan Sayfulg‘abit 8 yoshga to‘lganida oila yaxshi hayot izlab, avval Orenburgga ko‘chib o‘tadi. Orenburg o‘sha davrda Rossiya imperiyasining Turkiston bilan savdo olib boradigan markazi edi. Ammo 1877-1878-yillari rus-turk urushi boshlanishi bilan vaziyat o‘zgardi: barcha resurslar frontga safarbar etildi, harbiy bo‘linmalar tayyor holga keltirildi. Ana shunday tahlikali vaqtda Majitovlar oilasi Aqto‘be guberniyasiga ko‘chib ketadi. So‘ng Abdulraqip oilasi bilan birga savdo karavoniga qo‘shilib, Qo‘ng‘irotga ketishga majbur bo‘ladi.
Shu tariqa Majitovlar oilasi Chimboy uyezdi hududlariga kelib qoladi. Yosh Sayfulg‘abit mahalliy musulmon maktabiga qatnay boshlaydi. Zehni o‘tkir qahramonimiz tez fursatda savodini takomilga yetkazib, Iniyat Niyozov ismli bo‘lis boshqaruvchisiga kotib bo‘lib ishga yollanadi. Ayni shu davrda Sayfulg‘abitning ijodiy iste’dodi namoyon bo‘ladi. U xalq og‘zaki ijodi namunalarini yig‘adi, she’rlar yozadi va ma’rifatchilik bilan astoydil mashg‘ul bo‘ladi. Masalan, 1907-yilda yozilgan “Iniyat bolisqa” Voldst Iniyatga she’ridan misol keltirish mumkin:
Chimboyning yeri keng, suvi farovon,
Lekin bilimdan yo‘q hech nom-u nishon.
Yigirma ming uy, yigirma ming jon,
Bir maktab yo‘q, o‘qib, bilim olmag‘on…
1912-yili Majitovlar oilasi Qo‘ng‘irotga ko‘chib keladi. O‘sha paytlar Qo‘ng‘irot Markaziy Osiyo va Sharq mamlakatlariga Ustyurt kengligi orqali o‘tuvchi elchilar, savdogarlar va turli ekspeditsiyalarni qabul qiluvchi markazlardan biri bo‘lgan. Ushbu kent nafaqat yirik savdo, balki ma’rifat o‘chog‘i sifatida ham mashhur edi. Bu yerda ko‘plab mahalliy maktablar va masjidlar faoliyat ko‘rsatgan. Sayfulg‘abit Qo‘ng‘irotda taniqli o‘zbek ma’rifatparvar shoiri Muhammad Sharif So‘fizoda rahbarligidagi yangi usul maktabida ta’limni davom ettiradi. Aynan shu davrdan boshlab uning jadidlik g‘oyalariga asoslangan faoliyati boshlanadi va bu uning taqdirida hal qiluvchi burilish yasaydi.
Darhaqiqat, Sayfulg‘abit Majitov faoliyati XX asr boshida jadidlar ilgari surgan va amalga oshirgan g‘oyalar bilan uyg‘un edi. 1920–1924-yillarda u umumiy savodxonlik va ta’lim g‘oyasini faol ravishda targ‘ib etdi. Yangi usul maktablari ochdi, Qo‘ng‘irot bekligi maorif bo‘limiga rahbarlik qildi. Xivada nashr etiladigan “Inqilob quyoshi” gazetasi tahririyati bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatdi.
1925-yilda Qoraqalpoq avtonom oblasti tashkil topgach, Sayfulg‘abit Majitov qoraqalpoq tilidagi ilk darsliklarni tuzish ishlariga jalb qilinadi. Bu vaqtda alifbo arab grafikasiga asoslangan edi. 1925-yil oxiriga kelib u “Qoraqalpoq tilida alifbe”, “Kambag‘allar savodi”, “O‘quv kitobi” nomli ilk qoraqalpoq darsliklarini tayyorlab, Toshkentda nashr ettirgan.
1927-yildan Sayfulg‘abit Majitov “Erkin Qoraqalpoq” gazetasi tahririyatida ish boshlaydi va bir vaqtning o‘zida ijod bilan shug‘ullanadi: she’rlar, pyesalar yozadi. Gazeta tahririyati huzurida tashkil qilingan adabiy to‘garakka rahbarlik qilib, qoraqalpoq o‘lkasining uzoq-yaqin mintaqalarida istiqomat qiladigan yosh shoir va yozuvchilarning boshini biriktiradi.
Shu davrda qoraqalpoq tili yozuvini lotin alifbosiga o‘tkazish jarayoni boshlangan edi. Sayfulg‘abit Majitov mazkur alifboga o‘tish qo‘mitasining faoliyatida ishtirok etadi. U birinchi bor qoraqalpoq tilining fonetik, leksik, morfologik va sintaktik xususiyatlarini nazariy jihatdan tadqiq qildi hamda ular asosida lotin grafikasidagi qoraqalpoq alifbosini yaratdi. Novator pedagog o‘zining boy ilmiy-pedagogik tajribasidan foydalanib, lotin grafikasiga asoslangan darsliklar va o‘quv dasturlarini tayyorlashda ishtirok etdi va bu jarayonlarga rahbarlik qildi. Shuningdek, u “Suyin va Sara”, “Qulmurat”, “O‘n to‘qqiz”, “Bog‘dagul” nomli roman va pyesalarini nashr qildi.
Sayfulg‘abit Majitov birinchi marta 1930-yilda Taxtako‘pirdagi sovetlarga qarshi qo‘zg‘olon (1929-yil sentyabr) tufayli hibsga olindi. Uni aksilinqilobchi, Turkiston mustaqilligini targ‘ib qilayotgan yozuvchi sifatida ayblashgan. Millatparvar adib mahalliy yozuvchilar va jamoatchilik o‘rtasida katta hurmatga sazovor bo‘lgani uchun sakkiz oydan so‘ng oqlandi. Biroq uning asarlarini nashr qilish taqiqlab qo‘yilgan.
Shu paytdan boshlab Sayfulg‘abit Majitovga qarshi tanqidiy kampaniya uyushtirilib, uning sha’niga turli bo‘htonlar yog‘dirila boshlaydi. Bu jarayon “Majitovchilik” deb atalgan. A.Begimov degan “tanqidchi” “Qizil Qoraqalpog‘iston” gazetasida uni burjuaziya millatchisi sifatida ayblaydi. Bu atama o‘sha davrda eng og‘ir tavqi la’nat bo‘lib, ayblanuvchining hayoti xavf ostida ekanidan darak berardi. 1934-1935-yillar Sayfulg‘abit Majitov uchun eng og‘ir davr bo‘ldi. Uni qoraqalpoq adabiyotiga burjuaziya va millatchilik g‘oyalarini olib kirishda ayblashgan.
1935-yil 26–30-aprel kunlari qoraqalpoq yozuvchilarining besh kunlik birinchi seminari o‘tkazildi. Unda qoraqalpoq adabiyotida sotsialistik realizm masalalari muhokama qilinib, Sayfulg‘abit Majitov tanqid ostiga olinadi. Matbuot esa ushbu voqealar tafsilotini chop etish bilan cheklanmay, imkon qadar bo‘rttirib, olovga moy sepish bilan shug‘ullanadi. Masalan, Qoraqalpoq VKP(b) viloyat qo‘mitasining 1935-yil may oyida nashr qilingan “QQASSR Yozuvchilar uyushmasining faoliyati haqida”gi qarorida Sayfulg‘abit Majitov asarlarida “feodal, burjua-millatchilik mafkurasini aks ettirgan” deb ayblandi.
Sayfulg‘abit Majitov 1937-yil 20-sentyabrda ikkinchi marta hibsga olindi. Bu vaqtda respublika rahbariyatidagi deyarli barcha xodimlar zindonband etilgan edi. Barcha “ish”lar 169-raqami ostida birlashtirildi. Aybdorligini tan olish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalar olish maqsadida unga nisbatan jismoniy va ma’naviy qiynoqlar qo‘llanildi. Sakkiz oy davomida insonga xos bo‘lmagan sharoitlarda saqlangan Sayfulg‘abit Majitov azoblarga dosh berolmay, qamoqda vafot etdi. Mudhish qatag‘on tig‘idan halok bo‘lgan fidoyi insonga qarshi qo‘zg‘atilgan to‘qima ayblar bugunga kelib tumandek tarqadi. Adolat qaror topdi.
Qoraqalpog‘istonda ulug‘ pedagog, ma’rifatparvar, olim-tadqiqotchi, shoir va dramaturg Sayfulg‘abit Majitov xotirasi e’zozlanib, uning ibratli hayoti va faoliyati targ‘ib etilyapti. Uning xotirasiga bag‘ishlangan ko‘plab ilmiy ishlar nashr qilinib, tanlangan asarlari chop etilmoqda.
Qahromonimizning murakkab hayoti Vatan, xalq va ma’rifat g‘oyalariga sadoqat bilan xizmat qilishning benazir namunasidir. Jadidlar targ‘ib qilgan ma’rifat g‘oyalariga asoslanib el-yurt manfaati, kelajagi yo‘lida betinim mehnat qilgan bu siymoning unutilmas xotirasi xalqimiz qalbida doimo saqlanajak.
Asqar JO‘MASHEV,
Qoraqalpog‘iston gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri, tarix fanlari doktori, professor
Sabit NURJANOV,
Qoraqalpog‘iston gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori
“Jadid” gazetasining 2024-yil 29-noyabrdagi 49-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



