10.12.2024 | 14:10
462
KITOBSIZ UY
Bugungi kunda Xorazm viloyatida 16 ta nashriyot bor, ularda har yili o‘rtacha 500 nomdagi kitob chop qilinyapti. Ammo…
Elatlik ayol maslahat so‘rab kelibdi. Kayfiyati inqadar – yig‘lab yuboray deydi: “Erim chetda ishlab topgan pullarini oy sayin yuboradi. “Taxini buzmay to‘pla!” deb har safar tayinlaydi. Orzumiz – yengil mashina olish edi. Mana bu kasofatni qarang!”
Ayol yig‘lamsirab sichqon kemirgan bir taxlam dollarni ko‘rsatdi. Eski daftar muqovasiga o‘ralgan dollarni sichqon jonivor bir chekkasidan maza qilib yegan… Yog‘och sandiq ham tishi o‘tkir kemiruvchidan himoya qila olmagan.

“Erim bilsa o‘ldiradi, maslahat bering! Bularni bankda almashtirib olsa bo‘larmikan?”
Bankda ishlaydigan tanishlarimga qo‘ng‘iroq qildim. Aytishdiki, raqamlari butun saqlangan bo‘lsa, almashtirib berishadi. Xizmat uchun to‘lov bor ekan.
Ayolning yuziga qon yugurdi: “To‘layman! Dollarimni almashtirib berishsa bo‘lgani”.
Ketar chog‘ida maslahat berdim: “Aqchangizni qalinroq kitob ichida saqlang, sichqon zarar yetkaza olmaydi”.
Ayol angrayib qaradi: “Uyimizda kitob yo‘q-da!”
Ziyosiz uy
Xonqalik mebelsozlar vohada tayyorlanayotgan mebellarning deyarli yarmini sanoatlashgan asosda ishlab chiqarishyapti. Buyurtma bo‘yicha xonalar o‘lchamiga mos mebellar tayyorlash, uni yetkazib berish, o‘rnatish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Ammo… yuzlab tur mebellar orasida kitob javoni yo‘q. Chunki: “Kitob javoniga talab yo‘q. Buyurtma berishmaydi…”
Ayolning yozda uyini ta’mirlatganini ko‘rgandim. Ko‘cha tomoniga bel bo‘yi beton quydirib, ustiga guldorbruschatka qoplashdi, darvozasining ikki tomoniga hashamatli ustunlar o‘rnatishdi, eshig-u deraza romlari zamonaviy “akfa”ga almashtirildi. Tomidagi shiferni temir qoplamaga o‘zgartirib, har to‘rt burchagiga ajabtovur kungira ham tiklashdi.
Uy emas saroy bo‘ldi. Ko‘rsangiz havasingiz keladi.
Tashqarisi shunday ekan, ichkarisi qandayligini tasavvur qildim. Xonalariga ko‘zni qamashtiradigan gilamlar to‘shalgan, zamonaviy mebellar bilan bezatilgan. Yaltiroq javonlarda chinni idishlar qatorlashtirilib terilgan.
Hamma narsa bor, faqat kitob yo‘q!
Kitob javoni yo‘q!
Mavridi keldi, aytib ketaylik. Hozirda tadbirkorlar xalq hunarmandchiligi an’analari asosida necha yuz turli jahoniy andozalar bilan raqobatlasholadigan mebellar ishlab chiqarishmoqda. Xorazmda bu borada xonqalik mebelsozlar oldinda. Ular vohada tayyorlanayotgan mebellarning deyarli yarmisini sanoatlashgan asosda ishlab chiqarishyapti. Yangi imorat qurganlar, to‘y berayotganlar buyurtmalari bo‘yicha xonalar o‘lchamiga mos mebellar tayyorlash, uni yetkazib berish, o‘rnatish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, to‘y mavsumida mebelsozlarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi – ikki-uch oy oldin buyurtma bermasangiz g‘aflatda qolasiz.
Mebelsozlar ikki va hatto uch qavatli do‘konlarining keng salonlarida o‘zlari ishlab chiqarayotgan mebellar namunalarini namoyish va reklama uchun qo‘yishgan. Ko‘rib, hayratingiz oshadi – go‘yo Luvr muzeyiga kirib qolgandek bo‘lasiz. Iqtisodiy islohotlar tufayli xalq hunarmandchiligiga keng yo‘l ochilgani, barcha sharoitlar yaratib berilgani sharofatidan bu!
Ammo, ko‘rgazmani qayta va qayta aylaning… yuzlab tur mebellar orasida kitob javoniga ko‘zingiz tushmaydi. Tadbirkor ajablanishingizga javoban yelka qisadi: “Kitob javoniga talab yo‘q. Buyurtma berishmaydi…”
Ikki-uch yil oldin Xorazm viloyati hokimligi tashabbusi bilan mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan kelin-kuyovlarga “Baxt to‘yi”da beriladigan mebellar to‘plami orasida, albatta, kitob javoni bo‘lishi va kitoblar to‘plami bilan birgalikda sovg‘a qilish an’anasi boshlangandi. Bu yangilik vaqtli matbuotda, mahalliy “oynayi jahon”da rosa targ‘ib qilindi. Javon to‘la kitoblarni to‘y sovg‘asi sifatida olgan baxtli oilalar reklamalari ancha muddat tinmay aylantirildi va ko‘p o‘tmay hammasi unutildi. Nega?
Hokimlik boshlagan ezgu tashabbus ijrosi uchun joylardagi mas’ullar – mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarida hafsala yetishmadi, bizningcha. Yanada to‘g‘rirog‘i (achinarlisi), kitobdan ko‘ra hashamni yaxshi ko‘radigan ko‘pchilik ekan. Kitob javoni va kitoblar to‘plamini to‘yona sifatida berishganida burnini jiyiradigan qudalar ham topilgan, albatta.
Bu yangilikdan ruhlanib: “Gurjilarda yangi turmush qurayotgan yosh oilaga Shota Rustavelining “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” mumtoz asarini to‘yona qilish an’anasi bor, qani bizda ham yosh kelin-kuyovlarga Navoiy hazratlarining “Xamsa”sini to‘yona qilishni an’anaga aylantirsak”, degan mazmunda maqola yozganman. Afsus…
Sanoqli kitob
Kattagina mahallamizning biz qo‘nim topgan elatidagi uchta ko‘chada bir yuz yigirma chog‘li xonadon bor. Bilamanki, shu xonadonlarning ko‘pi bilan o‘n beshtasida kitob bor.
Sanoqli kitob! (Umrim bo‘yi to‘plagan boyligim – besh ming dona kitob bugun qishloq kutubxonasi fondida ham yo‘q).
Kitoblarim orasida bundan yarim asr ilgari maktab ma’muriyati tomonidan a’lo baholarga o‘qiganim, jamoat ishlarida faol qatnashganim uchun mukofot tariqasida berilganlari ham bor. Ularni qayta va qayta mutolaa qilish asnosida o‘quvchilik davrim yodimga tushadi.
Hozirda maktablar ma’muriyati a’lochi o‘quvchilarga kitob o‘rniga yaltiroq “tashakkurnoma”, “ehtirom yorlig‘i”, “faxriy yorliq”lar berishni rusumga kiritishgan. O‘sha “tashakkurnoma”lar chiroyli yog‘och jildlarga joylashtiriladi. Buning uchun oz mablag‘ sarflanmaydi. (O‘sha yog‘och jild puliga bir nechta kitob xarid qilish mumkin). Undan ko‘ra kitob bilan taqdirlash ming marta afzal-ku! Ham o‘quvchiga bir umr esdalik bo‘ladi, ham o‘zi va kelgusida farzandlari shu kitoblarni o‘qishadi.
Shu o‘rinda ayrim maktab va boshqa tashkilotlarda onda-sonda bo‘lsa-da kitob bilan taqdirlash an’anasi saqlanib qolganligini e’tirof etish kerak. Ammo bu borada ham e’tirozli o‘rinlar ko‘p. Ma’murlar qaysi kitoblarni sovg‘a sifatida berish kerakligiga e’tibor qaratishmaydi. (O‘zlari o‘qishmagani uchun dunyoqarashlari pand beradi, desak haqorat hisoblanmas!) Mahalliy nashriyotlarda chop qilingan, badiiy saviyasi haminqadar kitoblarni mahalliy ijodkorlardan arzon narxlarda sotib olishni ma’qul ko‘radilar. Mumtoz yoki zamonaviy adabiyotimiz darajasini belgilaydigan asarlarni sovg‘a sifatida berish haqida bosh qotirishmaydi. Shundan saviyasi past kitob nusxalarini sovg‘a yoki mukofot tariqasida olgan o‘quvchi yoki o‘qimay, bir chekkaga tashlab qo‘yadi yoki o‘qishga vaqt topganlari tasavvurida “adabiyot shu ekan-da!” degan g‘arib fikr paydo bo‘ladi.
Oldinlari maktab darsliklari ommaviy ravishda chop qilinar, o‘quvchilar ularni sotib olishardi. Shu taxlit har sinfda o‘qib-o‘rgangan kitoblar o‘zining mulkiga aylanib, uyida bir umr turardi. (Hozir ham uyimizda o‘sha davr darsliklari saqlanmoqda). Bularni ukalari, farzandlari qiziqib qo‘liga olishlari, mutolaa qilishlari mumkin bo‘lardi. Buyam kitobga qiziqishni bolalikdan shakllantirishga ma’lum ma’noda xizmat qilgan. Ular orasida adabiyot darsliklari borligi mumtoz va zamonaviy adabiyotni o‘rganishda, tarix darsliklari esa o‘tmishimizdan bir qadar xabardor bo‘lishda qo‘l kelardi, albatta. Tabiiy fanlar bo‘yicha chop qilingan darsliklar ham hayotda ba’zida kerak bo‘lganiyam rost.
Keyinchalik kitoblarni ijaraga berish tartibi sabab ko‘pgina xonadonlar kitobsiz uyga aylanib qoldi…
Kitob do‘koni qaydadir?
Bugun viloyatda 13 ta axborot-resurs markazi hamda 662 ta kutubxona mavjud.
Aholisi bir yuz yetmish minglik nufuzga yetgan Bog‘ot tumanida bugun qancha kitob do‘koni bor? Yaqin-yaqinlargacha tuman markazidagi yagona hisoblanmish kitob do‘koni javonlari kitoblarni ko‘tara olmasdi. O‘sha kitob do‘koni sotuvchisi Qutlimurod aka mashhur insonlar qatorida tilga olinar, to‘y davralari to‘rida o‘tirardi. Tuman markaziga yo‘limiz tushsa vaqt topib kitob do‘koniga mo‘ralab, yangi kelgan kitoblar bor-yo‘qligi bilan qiziqardik.
Prezidentimizning kitob mutolaasiga e’tiborlari natijasi o‘laroq joylarda yangi kitob do‘konlari ish boshladi.
Kitob do‘konlari soni oshdi, ammo mutolaa madaniyati to‘la shakllandi, deb aytishga hali bir-ikki qovun pishig‘i bordek, nazarimda. Bugun aksar kitob savdo rastalari boloxonador do‘konlarning bir burchagini egallagan, xolos. Peshtog‘iga o‘qlog‘dek harflar bilan “Kitob do‘koni” deb yozib qo‘yilgan binolarning katta qismi qurilish yoki oziq-ovqat mahsulotlari savdosiga mo‘ljallangan marketlardan iborat.
O‘sha mashhur kitob do‘koni egasi Qutlimurod aka farzandlari ochgan kitob do‘koni rastasida ham shu hol…
Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyati axborot-kutubxona markazi rahbari Rahimboy Qurbonov chin ma’noda umrini kitob targ‘ibotiga bag‘ishlagan inson. Bugun viloyatda 13 ta axborot-resurs markazi hamda 662 ta kutubxona mavjud. Kitob fondi yildan yilga boyib boryapti. Rahimboy Qurbonov rahbar bo‘lgan axborot-kutubxona markazi ish tajribasi respublikaning bir qator viloyatlarida ommalashtirilyapti. O‘z navbatida kutubxonalardan foydalanayotgan kitobxonlar soni ham oshmoqda, ammo biz istaganchalik emas. Kitobxonlar orasida yoshlar (talabalarni istisno qilsak) nisbatan kam.
Yarim yilcha oldin aynan ma’naviyat sohasida ishlaydigan, yig‘ilishlarda kitob haqida og‘iz ko‘pirtirib gapirishga chechan bir rahbar tashkillashtirayotgan tadbiri bo‘yicha maslahatlashish uchun keldi. Tadbir kitobxonlik madaniyati mavzusida ekan. Bilganimcha tavsiya va maslahat berdim. Suhbat orasida kitob javonimdan tarixiy mavzudagi bir kitobni dastxat qo‘yib sovg‘a qildim.
Mehmon ketgach, qarasam sovg‘a qilgan kitob o‘tirgan joyida qolib ketibdi. Xijolat chekib, qo‘ng‘iroq qilib kitobni unutib qoldirganini eslatdim va u aytgan gapdan so‘ng adashganimni bildim: “Kitob o‘qishga vaqt qani? Qiziqadigan birovga berarsiz…”
Po‘lat Bobojonov viloyatga hokimlik qilgan davrlarda xizmat vazifam taqozosi bilan qabuliga kirganimda bir gap aytganlar: “Mening yonimga kitobsiz kirmang!” (U kishining tavsiyasi bilan yurt tarixi, elning iqtidorli kishilari haqida ikkita kitob ham yozganman). Har safar qabuliga borishdan oldin u kishi o‘qimagan kitoblarni topishga urinardim. Urinishlarim bekor ketardi – u kishi o‘qimagan kitob yo‘q hisobi edi.
Aynan shu ziyoli inson rahbarlik qilgan yillarda viloyatda ko‘plab kitob do‘konlari ishga tushirildi. Hatto “ayirboshlab o‘qish”da qo‘l keladigan “bukinist” kitob do‘koni ham ish boshlagan. Yaqinda o‘sha do‘konga yo‘lim tushdi va bu do‘kon ham boshqalariga o‘xshab “aralash savdo” maskaniga aylanganini ko‘rdim va ortimga qaytdim…
Kitobli uylar nega ko‘paymayapti?
Mutolaa madaniyati
Valyutasini yangisiga almashtirgan bankka yondosh “Kitob do‘koni”ga ko‘zi tushmabdi.
Maktabda o‘qib, yodlaganimiz “kitob – oftob” sifatlashi shuurimizga singib ketganidan biror joyga mehmonga borsam xonadonda kitob (kitob bor joyda kitob javoni ham, albatta, bo‘ladi) bor-yo‘qligiga sin solaman va kamdan kam hollarda ko‘nglim to‘lib chiqaman.
Prezidentimizning bu borada farmoyishlari amalda! Kitob targ‘iboti uchun mas’ul tashkilotlar yetarlicha, hatto me’yordan ortiqroq. Ilgari faqat poytaxtda sanoqli nashriyotlar faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun hatto tumanlarda ham xususiy nashriyotlar ochilgan. Birgina Xorazmda 16 ta nashriyot bor, ularda har yili o‘rtacha 500 nomdagi kitoblar chop qilinyapti. Ammo…
Bir asr ilgari “tariximizning kir va qora kunlari – so‘nggi xon zamonlaridan” (Abdulla Qodiriy) meros johiliyatni yo‘q qilish uchun maydonga chiqqan jadid bobolarimiz ishni mutolaadan – vaqtli nashrlar tashkil etish, kitoblar chop qilishni yo‘lga qo‘yishdan boshlashgan. Ular taraqqiyotning poydevori ilm-ma’rifat ustiga qurilishini yaxshi bilishgan. Ilm-ma’rifatning o‘chog‘i – ilk xamirturushi esa kitobdir!
Mutolaa madaniyati rivojiga yangicha texnologiyalar – ijtimoiy tarmoqlar taraqqiyoti soya tashlagani haqida ko‘p gapiriladi. Go‘yo bu holat butun dunyoda kuzatilayotgan illat, deb qo‘shib ham qo‘yishadi. Aslida dunyoning rivojlangan davlatlarida o‘sha yangicha texnologiyalar (ijtimoiy tarmoqlar) kitobxonlik madaniyatiga putur yetkaza olmagani ham bor gap. Bugun taraqqiyot mezoni “eshakaravadan sakrab, uchar ulovlarga o‘tgani” bilan har ikkilasida o‘tirgan yo‘lovchi uchun maqsad – borar manzil bir ekanligi –insonning ichki va tashqi dunyosi diniy va axloq uyg‘unligi o‘laroq fozil insonni tarbiyalash, insoniyatni asrab qolish kerakligidan iboratligini unutmaylik! Ushbu mezonlarga mos tarbiya jarayonida mutolaa birinchi o‘rinda turadi.
Elatlik ayol sichqon kemirgan dollarini yangisiga almashtirdi va minnatdorlik bildirish uchun kelib “Haliyam yangi kitoblar chiqyaptimi, biror joyda sotiladimi?” deb so‘radi. Valyutasini yangisiga almashtirgan bankka yondosh “Kitob do‘koni”ga ko‘zi tushmabdi.
Dollarlarini sichqonga yedirmay saqlash uchun mendan bir dona kitob olganiga nima deysiz?
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 29-noyabrdagi 49-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600
