11.12.2024 | 14:25
380
BIZ HAM DUNYOGA CHIQAYLIK
– Men, Zufarbek Abdurahmonov, yoshim yigirma oltida, yetti yildan buyon dasturlash bilan shug‘ullanaman. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining kasbiy ta’lim fakultetida o‘qidim. Hozir bir nechta dasturiy loyihalar ustida jamoa bo‘lib ishlayapmiz.

O‘zbek tili rivoji uchun
Sohada ilk o‘quv markazi ochgan yoshlardan biriman, desam bo‘ladi. Axborot texnologiyalari sohasiga qiziqqan yoshlardan yaxshi mutaxassis tayyorlash o‘z yo‘liga, lekin ularning kelajakda ishga joylashishini ham o‘ylash kerak. Xususiy IT kompaniyam ham bor. Turli dasturlar tayyorlaymiz. Masalan, vebsayt, telegram bot, mobil ilovalar va hokazo. Ishimiz jarayonni avtomatlashtirib, dasturiy vazifaga aylantirishdan iborat. Shuningdek, startap loyihalar ustida ham ishlaymiz. Ya’ni, ma’lum bir muammoga dasturiy yechim topamiz. Startap loyihalar dasturchidan iloji boricha muammoga tezroq yechim topishni talab qiladi. Masalan, eng ommabop ishlarimizdan biri Soff.uz loyihasi bo‘lib, uning asosiy vazifasi o‘zbek tilidagi kontentni rivojlantirishdir.
Masalan, sizga biror ma’lumot kerak bo‘lsa-yu, Google, Yahoo, Yandex dasturlaridan uning o‘zbekchasini izlab topolmasangiz, shu dasturimiz yordam berishi mumkin. Chunki bugun tarmoqlarda o‘zbekcha ma’lumot juda kam. Siz izlayotganingiz haqida to‘laroq bilish uchun uni rus yo ingliz tilida izlaysiz. Afsuski, o‘zbek tilida ba’zi narsalar haqida batafsil ma’lumot topolmaysiz. Mazkur dastur shu masalada yordam qiladi. Ya’ni, bizning dastur ko‘magida izlagan ma’lumotni o‘zbekcha topishingiz oson.
Hozir ikkita o‘quv markazimiz bor. Har olti-yetti oyda yuztacha o‘quvchimiz yaxshi mutaxassis bo‘lib chiqadi. Ularning 60-65 foizi o‘ziga munosib ish topadi. Chet el kompaniyalarida ishlayotganlari ham bor.
Yosh dasturchilarga maslahatlar
Dasturchi bo‘laman, degan kishi ingliz tili va matematikadan yaxshi xabardor bo‘lsa, sohani o‘zlashtirishi yengilroq kechadi. Dasturlash aynan biror fanni mukammal bilishni talab qilmaydigan soha, aslida. Ammo tez fikrlaydigan, e’tiborli, chet tilini biladigan kishi bu sohani tezroq va mukammalroq o‘rganadi. Yosh dasturchi mantiqiy fikrlasa, masalaga tezroq yechim bera oladi.
Tajribadan ma’lumki, kompyuterda o‘yin o‘ynab, har xil ish qilib yurgan insonlar IT sohasini tez o‘rganib olishadi. Bugun ba’zi ota-onalar farzandi kompyuter qarshisida ko‘p o‘tirib qolsa ranjishadi, lekin buning foydali tomonlari ham bor. Ya’ni, bunday bolalarning dasturchi bo‘lish ehtimoli yuqori. Kompyuter o‘ynab ulg‘aygan bolaning fikrlash, tezkor qaror qabul qilish qobiliyati kuchli bo‘ladi. Albatta, farzandingiz kompyuterda o‘yin o‘ynasa, qarshilik qilmang, demoqchi emasman. Faqat uning bu ishini nazoratga olib, yaxshi maqsadlarda foydalanishi va rivojlanishi uchun sharoit hozirlang.
Hozir biror kompaniyaga dasturchi kerak bo‘lsa, diplom emas, tajriba va natija so‘raladi. O‘z tajribamdan kelib chiqib aytsam, bir nechta IT kompaniya bilan ishladim, ular men bilan suhbatlashib, yaratgan dasturlarimni kuzatib, keyin ishga olishgan. Bu bilan diplom kerak emas, demoqchi emasman. Soha mutaxassisi bo‘lishda universitetlarning ham o‘rni katta. O‘qish davomida kimligingizni ko‘rsatish, muhitga kirish, unga moslashish, o‘qituvchilar bilan tajriba almashish, tanish-bilish orttirish o‘zini tanitish uchun kerak, deb o‘ylayman.
Yaxshi mutaxassis ko‘chada qolmaydi
Sun’iy intellekt paydo bo‘lgach, omma orasida endi dasturchilarga ish qolmaydi, bu kasb inqirozga uchrashi mumkin, degan vahima ko‘tarildi. Men o‘quvchilarimning bunday gaplariga xotirjamlik bilan javob beraman. Yaxshi mutaxassisning o‘rnini hech kim olib qo‘ya olmaydi. To‘g‘ri, sun’iy intellekt qaysidir ma’noda bo‘sh ish o‘rinlarini kamaytirishi mumkin. Lekin u hech qachon dasturchining o‘rnini bosolmaydi, aksincha, unga yordamchi bo‘ladi. Undan foydalanib, bir oyda tayyorlaydigan dasturni bir kunda yaratish mumkin. U nafaqat dasturchilikni, balki hamma sohani egallamoqda.
Bugun sun’iy intellekt yordamida chizilgan suratlarni, musiqiy kompozitsiyalarni, yozilayotgan she’rlarni ko‘rishingiz mumkin. U bilan raqobat qilish emas, aksincha, uni o‘z ishingizga sherik qilish kerak, xolos. Yana takrorlayman, sun’iy intellekt ishimizni olib qo‘ymaydi, balki yengillashtiradi. Faqat undan to‘g‘ri foydalanishni, u bilan birga ishlashni yo‘lga qo‘ya bilish kerak.
Oq va qora…
Xaker so‘zi, aslida, informatsion texnologiyalar bo‘yicha favqulodda malakaga ega mutaxassis, kompyuter tizimini o‘ta chuqur biladigan shaxsga nisbatan ishlatilgan. Hozir esa xaker so‘zi kreker, ya’ni buzg‘unchi ma’nosida noto‘g‘ri ishlatilyapti. Bugungi kunda ayrim xakerlar o‘z siyosiy simpatiya va antipatiyalariga ko‘ra harakat qilib, kompyuter dasturlariga ataylab ziyon yetkazishadi. Aslida, bu jinoyatchilikning bir ko‘rinishi.
Jamiyatimizda bugungi kunda yaxshi (white) va yomon (black) xaker bor. Bir necha yil avval allaqaysi bank xaker hujumiga uchrab, katta summa yo‘qotganini eshitgan edim. Mana shu o‘g‘rilik ortida yomon xaker turibdi. Yaxshi xaker esa o‘sha black xaker qilishi mumkin bo‘lgan hujumlarning oldini oladi. Yomon xaker hujum qilishi mumkin bo‘lgan yo‘llarni yopadi, xavfsizlikni taminlaydi. Hozirgi kunda yurtimizda bunday xakerlarga ish o‘rinlari ko‘paymoqda, asosan, bank sohasida. Talab ko‘paygani sari sohada o‘qishga va ishlashga qiziquvchilar soni ham ortmoqda. Bugun bu kasbning nomi xaker emas, xavfsizlik mutaxassislari deyiladi.
Hech qanday dasturning xavfsizligini yuz foiz ta’minlab bo‘lmaydi. Demak, omma e’tiboriga havola qilingan har qanday dasturning zaif joyi bo‘ladi. Xakerlardan himoyalash uchun gigant kompaniya asoschilari yilda bir marotaba katta musobaqa o‘tkazadi. Ya’ni, “kim mana shu dasturni buzib kira olsa, unga falon so‘m mukofot beraman”, deydi. Bundan maqsad – o‘sha gigant dasturlarning zaif nuqtalari, kamchiligini topish. Xakerlardan himoyalanish har doim ham zarur. Shu vaqtga qadar biz yaratgan dasturlar xaker hujumiga uchramadi, biz imkon qadar xavfsizlikni ta’minlashga harakat qilamiz.
Frilanserning oshig‘i olchi
Bugun dasturchi ishlashi mumkin bo‘lgan yo‘nalish ko‘p. Ular faqat IT kompaniyalardagina emas, balki shu yerda turib xorij kompaniyalaridan buyurtma olishi ham mumkin. Dunyo miqyosida turli platformalar mavjud bo‘lib, ular orqali buyurtmachilarni izlashingiz va o‘zingiz haqingizda ma’lumot joylashingiz mumkin. Freelance – o‘z shaxsiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, masofaviy ishlash imkoniyati mavjud platforma. Shunday platformalarda ishlovchilar esa frilanser deb yuritiladi. Agar siz biron sohani chuqur bilsangiz va shaxsiy kompyuteringiz bo‘lsa, internet tarmog‘ingiz yaxshi ishlasa, bu platforma sizga uyda o‘tirib pul ishlash imkoniyatini yaratib beruvchi elektron bozor vazifasini o‘taydi. Bozor bo‘lganda ham, inson aqliy mehnati salohiyatini sotadigan bozor. Bu platformalarda dasturchi o‘zini tanitadi.
Demoqchimanki, dasturchilarga mijozlar faqatgina O‘zbekistonda emas, dunyo miqyosida ham topiladi. Shunchaki, siz yetuk mutaxassis bo‘lishingiz lozim. Shuni ham ta’kidlash kerakki, xorijlik buyurtmachilar o‘zbek dasturchilarini nihoyatda hurmat qilishadi. Sababi, biz ishimizni a’lo darajada bajarish bilan birga, boshqa davlatlardagidek katta narx qo‘ymaymiz. Insof sari baraka, deyishadi-ku. Shuning uchun bo‘lsa kerak, xorijliklar ko‘pincha bizni o‘zlari izlab topishadi.
Oqqan daryo oqadi
Kelajakda har qanday sohani dasturlar va robotlar egallaydi. Rivojlangan davlatlarda bu soha yetarlicha rivojlanganini ko‘rish mumkin. O‘zbekistonning ham rivojlangan davlatlar qatoriga kirishi IT bilan bog‘liq, buning uchun yetuk kadrlar sonini ko‘paytirishimiz lozim.
Bu soha orqali ishsizlikni sezilarli darajada kamaytirish, mamlakatimiz iqtisodini yanada yuksaltirish mumkin. Asosiysi, chetga borib, qora ish qilishga ehtiyoj qolmaydi. Mamlakatimizning ko‘plab reytinglardagi o‘rni ko‘tariladi. Chunki dunyoda axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislarga talab judayam katta. Bu talab oshsa oshadiki, aslo kamaymaydi. Siz-u biz, butun dunyo hozirda foydalanayotgan smartfonlarning paydo bo‘lishi-yu rivojlanishida buyuk vatandoshimiz Muhammad Xorazmiyning xizmati katta. Buni to‘laqonli anglashimiz, his qilishimiz, yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatib, rag‘bat berishimiz lozim. Qonimizda bor ekan, bizdan ham zo‘r dasturchilar, startapchilar, frilanserlar, robototexniklar chiqishi aniq. Yurtimiz kelajagi, rivoji biz yoshlarning qo‘limizda!
Vasila HABIBULLAYEVA yozib oldi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 6-dekabrdagi 50-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



