12.04.2024 | 21:07
559
“ADL ILA OLAM YUZIN OBOD QIL…”

O‘zbekiston taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yarkan, muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev adolat tamoyilini islohotlarning bosh mezoni sifatida tanladi. Mamlakatimizda insonning huquq va manfaatlarini eng oliy qadriyat sifatida ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar davrida mutafakkir shoirning xulosalari har qachongidan hayotiy va dolzarb bo‘lib qolmoqda. Ma’lum bo‘ladiki, jamiyatdagi ezgu niyatli kuchlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtiruvchi ushbu qadriyat milliy davlatchiligimiz tafakkurida muhim o‘rin egallaydi. Endigi vazifa — mazkur ma’naviy-huquqiy qadriyatni hayot tarzimizning bosh mezoniga aylantirish, har bir ishda adolat tamoyiliga rioya etish. Ana shunda hazrat Alisher Navoiyning ruhi bizdan shod, hayotimiz va ko‘nglimiz obod bo‘ladi.
TAHRIRIYATDAN
Hamma Vaqtdan qo‘rqadi, Vaqt esa Misr ehromlaridan, degan naql bor. Nazarimda, Mir Alisher Navoiy hazratlarining shaxsiyati va ijodiga ham ayni shu ta’rif to‘la-to‘kis mos tushadi. Olti asrga yaqin muddat mobaynida kishilik jamiyatining ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ma’rifiy jabhalarida ko‘p o‘zgarish va evrilishlar yuz berdi. Ammo hanuzgacha bashariyat farzandlari hazrat Navoiy yaratgan buyuk ma’naviy merosning mohiyatini to‘la anglab olganicha yo‘q. XXI asr odamlari Alisher Navoiy yashagan davrga ko‘ra karrasiga ko‘proq rohat va farog‘atda, farovon hayot kechirmoqdalar. Ammo ma’naviy poklik, ruhiy yuksalish masalasida ulug‘ bobokalonimiz erishgan darajalar biz uchun shunchaki qo‘l yetmas orzu bo‘lib qolmoqda.
Ijodkorlarning taqdiri ijod jarayoni kabi turfa va xilma-xil kechadi. Tarixda Umar Xayyom kabi ulug‘ shoirlar o‘tganki, hayotligi davrida ko‘pchilik hatto ularning badiiy ijod bilan shug‘ullanishidan ham bexabar edi. Ammo vafotidan keyin ular dunyoning eng mashhur shoirlaridan biriga aylanib, yozgan bayt-u g‘azallari tillarda doston bo‘ladi. Yana bir toifa qalamkashlar borki, hayotlik paytida barcha unvon-u mansab, e’tibor va ehtiromga sazovor bo‘lishadi. Ammo ular yozgan bitiklarning umri o‘zlarining umrlaridan ham qisqaroq bo‘ladi.
Alisher Navoiy shu ma’noda baxtli shoir edi: uning ijodi hayotligi paytidayoq Xoja Ahror Valiy, Mavlono Abdurahmon Jomiy, Mavlono Lutfiy kabi zamonasining eng ulug‘ mutafakkirlari e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Vafotidan keyin ham butun bashariyat uning benazir shaxsiyati va bebaho ilmiy-ijodiy merosiga buyuk muhabbat va ehtirom ila munosabatda bo‘lmoqda. O‘tgan davr mobaynida saltanatlar, tuzum va tutumlar necha bor almashdi. Ammo Navoiyning ma’naviy merosi barcha siyosat va rayosatlardan baland turib, kishilarni odamiylikning munavvar manzillariga chorlovchi, mehr-muhabbat, shafqat va muruvvat, vafo va sadoqatning tolmas hudaychisi bo‘lib qolaverdi.
Nafsilamrini aytganda, shu choqqacha Alisher Navoiyning merosini ommalashtirish bo‘yicha salmoqli tadqiqotlar amalga oshirilgan bo‘lsa hamki, uning shaxsiyatini to‘g‘ri va to‘laqonli anglash yo‘lidagi izlanishlarni ko‘ngildagidek deb bo‘lmaydi. Haligacha Navoiy deganda sobiq sovet davrida suratga olingan badiiy film ta’sirida Husayn Boyqaro bilan qiz talashgan, unga qarshi kurashaverib ancha erta munkillab qolgan nuroniy mo‘ysafidni tasavvur etib yuramiz. Bugungi davrda matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali taralayotgan qo‘shqavatli ta’rif-tavsiflar ta’sirida yoshlarimiz Navoiyni odam bolasi yaqinlashishi mumkin bo‘lmagan ma’naviy cho‘qqi, ta’bir joiz bo‘lsa, bir topinch – butga o‘xshatishadi. Holbuki, Alisher Navoiy o‘zining iste’dodini katta mehnat va mashaqqatlar bilan, sof niyat va cheksiz g‘ayrat bilan kamolga yetkazib, buyuklikning asrori – oddiylik, odamiylikda ekanini o‘z hayoti misolida isbotlagan dono maslahatgo‘y, xolis yordamchi, chin do‘st va donishmand muallimdir. Uning hayot yo‘li va maslak-matlabini to‘g‘ri va tushunarli tilda yetkazish bugungi kunda har qachongidan dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Alisher Navoiy ham boshqa mutafakkirlar qatori asosan olam va odam, hayot va o‘lim, Yaratgan va yaratiq kabi umumbashariy va barcha davr-u zamon uchun muhim bo‘lgan muammolar ustida mushohada yuritadi. Uning insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan fikrlari va umumlashmalari boshqa mumtoz mutafakkirlarning qarashlari bilan hamohang bo‘lishi barobarida, muhim bir xususiyati bilan alohida ajralib turadi – uning ijtimoiy hayot, inson va jamiyat, olam va odam tabiati haqidagi xulosalari shaxsiy tajribalar, hayotiy kuzatuvlar asosida shakllangan. Boshqacha qilib aytganda, Navoiyning fikrlari o‘ta hayotiy, amaliyot bilan ko‘proq uyg‘undir. Davlat va jamoat arbobi sifatida hayotning barcha achchiq-chuchugini totgan, turli-tuman odamlar bilan muloqot qilib, turfa sinovlarni boshidan kechirgan va gohida juda qimmatga tushgan tajribalarini go‘zal badiiy tilda ifodalagan donishmand Navoiyning fikrlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Ayniqsa, adolat mavzusi Navoiy ijodining o‘q tomirini tashkil etadi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Ijtimoiy hayot barqarorligining birlamchi sharti adolat ekaniga o‘z hayoti davomida bot-bot imon keltirgan mutafakkir turli shakl va yo‘sinda adl va insofning vasfini keltiradi – gohida ikki yorning do‘stlik yo‘lidagi fidoyiligi misolida tarannum etsa, ba’zan saltanat ahlining hayotini ibrat o‘laroq misol keltiradi. Kezi kelganda ramziy-tamsiliy hikoyalar vositasida adolatning mohiyatini ochib berishga harakat qilsa, ayrim hollarda ishqiy misralar orqali ham adolat hikmatini uqtiradi.
Mutafakkir shoirning aqidasiga ko‘ra, adolat – tengsizlar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashdan iborat bo‘lib, davlat arboblari zimmasidagi eng katta mas’uliyatdir. Ayniqsa, mulozimlar bilan munosabatda mo‘tadillik va me’yorni ushlash alohida ahamiyat kasb etadi. Har bir inson o‘zgalar bilan munosabatini o‘zining jamiyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi hamda buning evaziga oladigan ulushini taqqoslash orqali baholaydi. Ushbu nisbat bo‘yicha jamiyat oliy, o‘rta va quyi tabaqalarga bo‘linadi. Elboshilardan esa mazkur ijtimoiy iyerarxiyani to‘g‘ri tasniflagan holda, ulug‘ darajali odamlarga martabasiga yarasha hurmat va izzat bilan, endi mansab pillapoyalariga qadam qo‘ygan yoshlarga muruvvat va mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishni talab qiladi. Beklarga navkar kabi, navkarga esa beklar singari munosabatda bo‘lish bir xil xatarlidir. Birida bek ranjib, xavfli dushmanga aylansa, ikkinchi holatda navkar o‘z haddini unutib, nodon do‘st kabi bilib-bilmay zarar keltirishi mumkin. O‘rta bo‘g‘indagi mulozimlar bilan ham o‘rtacha munosabatda bo‘lish to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Ayni shu holat, ya’ni har bir kishiga o‘z salohiyati, iqtidori va nufuziga qarab muomala qilish adolatning birlamchi shartidir:
Kerak qilsa, ulkim tilar shohliq,
Sipah borcha holidin ogohliq.
Uluqqa uluqcha ato aylasa –
Kichikka kichikcha saxo aylasa.
Kim etsa vasatliq yo‘linda zuhur,
Anga tuzsa oyini “xayril-umur”.
Ne tutsa ulug‘ni qoshida kichik,
Ne qilsa kichikni ulug‘ chargalik.
(“Saddi Iskandariy”, 28-bob.)
“Saddi Iskandariy” dostonining bir bobi to‘liq adolat ta’rifiga bag‘ishlangan. Bunda shoir oldingi to‘rt dostonda aytilgan fikrlarni umumlashtirib, yaxlit konsepsiya shaklida bayon etishga kirishadi. Unga ko‘ra, adolat – jamiyatdagi barcha munosabatlarni tartibga soluvchi tushuncha bo‘lib, uni amalga oshirish eng avvalo, mamlakat hukmdori hamda tayinlangan rahbarlarning bevosita vazifasi hisoblanadi. Adolat – shunchaki dunyoviy hodisa emas, balki ilohiy missiya ekanini isbotlash uchun mutafakkir shoir Allohning go‘zal ismlarini misol keltiradi. Unga ko‘ra, Alloh taoloning mehribonligini bildiruvchi “Ar-Rahim”, o‘ta karamli ekanini bildiruvchi “Al-Karim” ismi bor. Boshqa ismlari ham shunday. Ammo adolatliligini bildiruvchi sifati “Al-Odil” (adolat qiluvchi) emas, balki “Al-Adl”(adolat)ning o‘zidir. Bundan kelib chiqadiki, adolat bilan ish qiluvchi podshoh Allohning “Al-Adl” ismining mazhari bo‘lib, u Xudoning eng yaqin do‘stiga aylanadi:
Ne asmokim, ul Haq sifotig‘adur,
Agar fikrating har bir otig‘adur.
Ne amreki bo‘lg‘ay sifat doxili,
Haq otidur ul amrning foili.
Karam fartidindur karim o‘lmog‘i,
Tarahhum ko‘pidin rahim o‘lmog‘i.
Vale oti asmoda odil emas,
O‘qur chog‘da el oni odil demas.
Adolatqa yetganda qilmish Xudo,
O‘z otini “Al-adl” birla ado.
Bu otig‘a ko‘prak uchun ehtimom,
Aning birla olamg‘a berdi nizom.
Ne shahkim, aning adl kirdoridur,
Desam, yo‘q ajabkim, Xudo yoridur.
(“Saddi Iskandariy”, 20-bob.)
Podshoh – Xudoning yerdagi soyasi degan hikmat ham ayni shu haqiqat asosida shakllangan, deydi Navoiy. Ya’ni, zulm va zo‘ravonlik bilan hukumat yuritadigan zotlar ilohiy marhamatdan benasibdirlar. Aksincha, adolat bilan ish yurituvchi hukmdorda mabodo qandaydir salbiy xislatlari bo‘lsa hamki, qiyomat kuni kechiriladi. Hattoki majusiylik diniga e’tiqod qiluvchi sosoniy hukmdor Anushervon adolatli bo‘lganligi uchun oxiratda do‘zax azobidan qutulishi haqida bashorat qilingan. Anushervon odil zamonida tug‘ilganini “Men adolatli sulton zamonida tug‘ildim”, deya faxr etgan oxirzamon payg‘ambari(s.a.v.)dan rivoyat qilinadigan hadisga ko‘ra, mamlakatlar agar adolat bilan boshqarilsa, kofirlar yurti bo‘lsa hamki, obod va ma’mur bo‘ladi. Zulm va zo‘ravonlik bilan boshqariladigan mamlakatlar esa musulmonlar yurti bo‘lsa hamki, albatta, zavol topajak:
Yana ham hadisedurur bu sahih
Ki, aylabdur oni bayoni fasih:
“Qolur kufr aro qolsa obod mulk,
Bo‘lur zulm agar bo‘lsa barbod mulk”.
Alisher Navoiy aqidasiga ko‘ra, podshoh turli ijtimoiy guruh va qatlamlarning manfaatlarini himoya qilishi lozim. Uning siyosati odamlar orasidagi mol-mulk, ishlab chiqarish, huquq va majburiyatlar doirasidagi munosabatlarni tartibga solib, muvozanatni ta’minlashga xizmat qilmog‘i kerak. Birovga berilgan imtiyoz kimningdir manfaatini oyoqosti qilmasligi kerak. Ayni paytda, ijtimoiy faol bo‘lgan kishilarni rag‘batlantirib, ularda kelajakka ishonch tuyg‘usini mustahkamlash uchun qonun ustuvorligini ta’minlashi lozim. Mutafakkirning qat’iy ishonchiga ko‘ra, ikki holat – begunohlar jazolanadigan hamda aybdorlar jazoga tortilmaydigan mamlakatning inqiroziga sabab bo‘luvchi bosh omillar hisoblanadi.
Navoiy ushbu fikrlarini isbotlash maqsadida Sulton Mahmud G‘aznaviy hayotini ibrat sifatida keltiradi. Unga ko‘ra, Sulton Mahmud vafot etganidan so‘ng bir kuni valiahd o‘g‘li Mas’udning tushiga kiradi. Mas’ud undan shohlik davrida qilgan qaysi amali uchun jannat bog‘ida sayr qilib yurganini so‘raydi. Sulton Mahmud javob beradikim:
…Ul zamonkim jahondor edim,
Adolat qilur fikrida bor edim.
Hindustonni fath qilgandan keyin farmon berdimki, sipohiylar tinch aholiga hech qanday ziyon-zahmat yetkazishmasin. Farmon qanday bajarilayotganini ko‘rmoqchi bo‘lib, sayrga chiqdim. Bir o‘rmonni kezayotganimda, qashshoq hind qabilasiga duch keldim. Shu asnoda bir alamli faryodni eshitib, o‘sha tomonga ot qo‘ydim. Ko‘rdimki, qo‘shinimdan bir askar yog‘och-u qamishdan yasalgan bir bechorahol kampirning uyiga bostirib kirib, uyidan necha shox ayirib, bir qop somon hamda kampirning birdan bir boyligi bo‘lgan yashil sopol kosani tortib olib chiqayotgan ekan. Zolim askar olgan yog‘ochlar, somon to‘rvasi va sopol kosani kampirga qaytarib, kulbasini tuzattirdim. Askarni boshqalarga ibrat-saboq bo‘lishi uchun o‘sha kampirning uyi oldida dorga osishga buyurdim. Foniy dunyoni tark qilganimda g‘aybdan nido keldikim, jami gunohlaring bir mushtipar kampirga qilgan adolating tufayli kechirildi va qilgan har bir riyosiz amaling uchun hadsiz-hisobsiz mukofot berildi.
Sen ham, deydi Mahmud o‘g‘liga, narigi dunyoda gumrohlar qatoriga qo‘shilmasdan, abadiy farog‘atda yashashni istasang, bu dunyoda iloji boricha yaxshilik qilgin, adolatni hayotingning mazmuni deb bil.
Bu tushdan to‘g‘ri saboq chiqargan Mas’ud umrining oxiriga qadar adolat bilan hukmronlik qiladi.
Qissadan hissa chiqarish asnosida ulug‘ shoir yuqoridagi fikrlariga qo‘shimcha ravishda yangi-yangi xulosa va umumlashmalarini taqdim qiladi. Unga ko‘ra, mamlakat farovonligi, yurt ravnaqi va osoyishtaligi aynan jamiyatda adolatning barqarorligiga bog‘liq. Adolat tufayli xalqning hukumatga ishonchi ortib, sadoqat va birdamlik tuyg‘usi kuchayadi. Sipohiylar ham fidoyilik bilan mamlakatni qo‘riqlaydi. Boshqa mamlakat raiyati ham odil podshohni yaxshi ko‘rib, uning haqiga duolar qilishadi. Jinoyatga jazo muqarrar bo‘lgan muhitda o‘z-o‘zidan o‘g‘rilik, qotillik, zo‘ravonlik, qaroqchilik kabi illatlar kamayadi. Zulmning katta-kichigi bo‘lmaydi. Ayrim hollarda arzimas bir jinoyatga qattiq jazo chorasini qo‘llash siyosati ham adolat va insof, xolislik va haqiqat tantanasiga ko‘mak beradi. Bu hol esa, hukmdorning ham dunyo va ham oxiratda saodatli umr kechirib, yaxshi nom qoldirishiga sabab bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, bugun yurtimizda adolatli jamiyat barpo etish va inson qadrini oliy qadriyat sifatida belgilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hazrat Alisher Navoiyning g‘oya va qarashlari, ezgu orzulari bilan uyg‘un va hamohangdir.
Olimjon DAVLATOV,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori
2024-yil 9-fevral 7-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
84
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
599
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
597



