14.05.2025 | 09:26
497
O‘TMISHGA EHTIROM ILA KELAJAK BARPO ETILMOQDA
Boburshoh orzulari ro‘yobi
Zahiriddin Muhammad Bobur ulug‘ bobokalonlari Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek singari o‘zidan meros qilib ilm-fani gullab-yashnagan davlat, dunyo ahli havasini keltiradigan imoratlar, so‘lim bog‘lar, obod shahar-u qishloqlar qoldirishni orzu qilib o‘tdi. Afsuski, o‘z ona yurtida bu orzuni amalga oshirish nasib etmadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvarda qabul qilingan “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yo‘lida Boburshoh ilmiy merosini o‘rganish va uning nomini abadiylashtirish bo‘yicha boshlangan ishlar samarasini bugun Andijonda bunyod etilgan yangi shaharcha – smart siti qiyofasida ko‘rishimiz mumkin.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida olib borilayotgan chuqur islohotlar zamirida bitta muhim g‘oya mujassam: xalq qadrini ulug‘lash, tarixiy xotirani e’zozlash va kelajak avlod uchun ma’naviy mustahkam tayanch yaratish. Davlat rahbari Andijonda hududda olib borilayotgan islohotlar, yirik loyihalar va yangi Andijon shaharchasidagi qurilish ishlari bilan yaqindan tanishish barobarida Yangi Andijon shahriga buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomini berish taklifini ilgari surdi.
Boburshoh – Andijonning asl farzandi, shoh, sarkarda, shoir, olim, tabiatshunos, adib, me’mor va orif inson edi. Tanazzulga yuz tutayotgan temuriylar saltanatini tiklash umidida avval Afg‘onistonga, so‘ng Hindga yo‘l oldi. Ammo biror soniya ham Andijon-u Farg‘ona, Movarounnahr atalmish buyuk yurt, Vatan va tabarruk zamin sog‘inchi uning qalbini tark etmadi.
Davlat rahbari taklifi ayni Boburshoh orzu-armonlarining ushalish nuqtasi bo‘ldi. Bu nom tarixiy xotirani tiklash, milliy merosni asrash va yangi avlod ongida Bobur shaxsiyatining to‘liq, mukammal tasvirini shakllantirishga xizmat qiladi. Ayni paytda, bu tashabbus orqali xalqimizning o‘z o‘tmishiga bo‘lgan e’tibori, ulug‘ ajdodlarga nisbatan sadoqati va ularning orzu-umidlarini davom ettirishga tayyor ekani amaliy tasdiq topadi.
Yangi O‘zbekistonning “Sharqiy darvozasi”
O‘zbekiston bugun nafaqat o‘z tarixiga, balki kelajagiga ham jiddiy e’tibor qaratayotganini yana bir bor amalda namoyon etdi. Bobur xotirasining u tug‘ilib o‘sgan zamin – Andijonda ulug‘lanishi bu yo‘ldagi tarixiy adolatning tiklanishi bo‘lib, bu yerda Boburshoh nomi bilan bog‘liq me’moriy majmua qurish tashabbusi – Prezidentimizning uzoqni o‘ylagan, puxta rejalashtirilgan g‘oyalaridan biridir. Bu tashabbus buyuk ajdodimiz merosiga hurmat, tarixni qadrlash va yosh avlod qalbida milliy g‘ururni uyg‘otishga xizmat qiladi. Ma’lumki, mamlakatimizning sharqiy darvozasi sanalgan Andijon katta imkoniyat va salohiyatga ega. Bu hudud muhim tranzit zona sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini tortmoqda. Kelgusida iqtisodiy habga aylanishi kutilayotgan shaharning qiyofasi ham shunga mos va xos bo‘lmog‘i shart. Boburshoh shahridagi majmuada “Boburnoma” mazmuni va mundarijasini o‘ziga xos virtual va jonli tarzda aks ettiradigan ulkan muzey yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bir necha gektarga cho‘zilgan maydonda Bobur davri, uning sulolasi tomonidan jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shilgan hissa, “Boburnoma”da tilga olingan va tasvirlangan o‘simliklar, hayvonot olami, Bobur hayoti va ruhiy kechinmalari bilan bog‘liq virtual sahnalar, ulug‘ bobomizning sarkardalik mahorati va shuning barobarida nozikta’b dil sohibi ekanini tasdiqlaguvchi shoirlik iqtidori haqidagi ma’lumotlar bugungi davrning eng ilg‘or texnologiyalari yutuqlaridan foydalangan holda ko‘rsatiladi.
Boburshoh shahrida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va infratuzilma ishlari mamlakatimizdagi islohotlarning eng asosiy tamoyili – “Inson qadri uchun” g‘oyasining amaliy ifodasi ekanini yaqqol namoyon etmoqda. Qisqa muddat ichida 1680 o‘rinli zamonaviy maktab, 420 o‘rinli bolalar bog‘chasi va 250 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika foydalanishga topshirilgani – xalqimizga bo‘lgan yuksak g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir. Bu kabi inshootlar yosh avlod tarbiyasi, sog‘lig‘i va ta’limi uchun munosib sharoit yaratish, kelajak avlod kamolotini ta’minlash yo‘lidagi izchil va qat’iy qadamlardir. Shuningdek, shaharda yengil sanoat korxonasi, ipoteka markazi kabi muhim ijtimoiy-iqtisodiy obyektlar ham tashkil etildi. Bu kabi loyihalar Boburshoh shahrida istiqomat qiluvchi aholining kundalik hayotida qulaylik, barqaror daromad va istiqbolni ta’minlashga qaratilgan. Loyihaning to‘liq amalga oshishi natijasida ushbu maskanda 500 ming nafarga yaqin fuqaro istiqomat qilishi ko‘zda tutilgani – uning strategik va demografik ahamiyatini yanada oshiradi.
Bu xayrli ishlarning tamal toshi yaqinda qo‘yilgan bo‘lsa-da, qisqa vaqtda yuzaga kelgan natijalar tarixiy voqelik sifatida qayd etiladi. Ilk bosqichda hatto ayrim mutaxassislar va quruvchilarning o‘zi bu kabi loyihalarga shubha bilan qaragan edi. Ammo hayot shunga ishora qildiki, qat’iyat va ezgu niyat bilan boshlangan har qanday ish, albatta, samara beradi. Shu ma’noda, Boburshoh shahrini yangi taraqqiyot maskani deb atashda hech qanday mubolag‘a yo‘q. Zero, bu shaharning yaratilayotgan yangi tarixi – Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan insonparvar g‘oyalar, davlatchilik tamoyillari va ma’naviy yuksalish strategiyasining hayotdagi amaliy ifodasidir.
Inson qadri ulug‘langan yurt
Bugungi kun – Yangi O‘zbekistonning yangi tarixi bitilayotgan davrdir. Bu tarix nafaqat yangi islohotlar, balki yangi dunyoqarash, yangilangan davlat boshqaruvi falsafasi, inson qadriga asoslangan taraqqiyot modeli bilan belgilanmoqda. Prezidentimiz rahbarligida mamlakatdagi har bir hududga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat rahbarining dastlabki faoliyatidanoq manzilli yondashuvga asoslangan amaliy strategiya ishlab chiqildi. Bu jarayonda har bir viloyat, har bir tuman va shaharning muammolari tahlil qilindi, o‘sish nuqtalari aniqlandi. Ilmiy asoslangan tashxislar, teran tahlil va aniq yo‘nalishlar asosida hududiy rivojlanish konsepsiyalari ishlab chiqildi. Ayni shunday oqilona yondashuv tufayli so‘nggi yillarda mamlakat infratuzilmasi tubdan yangilandi, nomarkazlashtirish jarayonlari jadal sur’atlarda olib borildi. Ilgari e’tibordan chetda qolgan, mard va bag‘rikeng xalq yashaydigan chekka hududlarimizga hayot nafasi – ma’naviy va iqtisodiy taraqqiyot kirib keldi. Har bir hududda yangi ish o‘rinlari yaratildi, yangi imkoniyat va zamonaviy sharoitlar vujudga keldi.
2016-yilgacha deyarli unutilish arafasida turgan Manas, Mo‘ynoq, Mirzacho‘l kabi hududlarga ham davlat e’tibori qaratildi. Bu joylarda ham Yangi O‘zbekiston islohotlarining shabadasi his etildi. Qaynoq islohotlar nafaqat markazda, balki butun mamlakat bo‘ylab yoyilgan holda, yanada keng qamrovli hayot va taraqqiyot manzarasini shakllantirmoqda. Shu ma’noda, Boburshoh shahrining barpo etilishi nafaqat tarixiy shaxsga ehtirom, balki hududiy taraqqiyot siyosatidagi yangi bosqichning ramziy ifodasidir. Ushbu tashabbus asosida yaqin kelajakda mamlakatimizning g‘arbiy va janubiy hududlarida ham Temur, Ulug‘bek, Jaloliddin Manguberdi singari buyuk ajdodlarimizning nomlari bilan ataladigan shaharlar paydo bo‘lsa ne ajab. Bu esa nafaqat ma’naviy ehtiyoj, balki milliy o‘zlik va tarixiy xotirani qayta tiklashga qaratilgan yuksak ma’rifatiy yurishdir. Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, bunday tarixiy nomlarning tiklanishi va shaharlar orqali abadiylashishi – so‘nggi qirq yilda kuzatilmagan ulkan siyosiy, ma’naviy va falsafiy voqelikdir. Bunday jarayonni tan olish, baholash va qo‘llab-quvvatlash esa – millat taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir insonning vatanparvarlik burchidir.
Prezidentimizning: “Bobur shahri – madaniyat va ma’rifat maskaniga aylanadi”, degan so‘zlari qalbimga nur bag‘ishladi. Ayniqsa, kelgusida Boburshoh nomidagi tematik park, “Boburnoma” ruhini aks ettiruvchi muzeylar, tarixiy obidalarning maketlari barpo etilishi – bu yoshlarimizning ilmiga, ma’naviy kamolotiga xizmat qiladi. Majmuada har yili rassomlar festivalini o‘tkazish haqidagi tashabbus ham katta quvonch bilan kutib olindi. Bu shahar nafaqat ilm-fan va san’at markaziga, balki Bobur bobomizning ruhiy vorislari bo‘lgan yoshlar uchun haqiqiy parvoz maydoniga aylanadi. Prezidentimizning bu galgi tashrifi nafaqat Andijon ahli, balki biz, ziyoli va nuroniylar uchun yuksak e’tibor va katta g‘amxo‘rlik ramzidir. Bunday ezgu ishlarni ko‘rib, Allohga shukr qilaman – biz ana shunday ma’naviy yuksalish, tarixga ehtirom, kelajakka ishonch davriga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Shuhrat SIROJIDDINOV,
akademik
“Jadid” gazetasining 2025-yil 9-maydagi 19-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
78
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
595
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
593



