12.12.2024 | 12:05
15836
Chingiz Aytmatovning «Sarvqomat dilbarim» qissasidan iqtiboslar
Chingiz Aytmatovning “Sarvqomat dilbarim” asari sevgi, sadoqat va insoniylik haqida chuqur falsafiy fikrlar mujassam bo‘lgan qissa hisoblanadi. Asar bosh qahramonlari Ilyos va Asal o‘rtasidagi murakkab munosabatlar orqali urush davridagi inson hayoti, sevgining ichki ziddiyatlari va fojiali o‘tish jarayonlari tasvirlanadi. Ushbu asarda tabiatning go‘zalligi, inson qalbining nozik tuyg‘ulari va ziddiyatli kechinmalari betakror uslubda tasvirlangan. Chingiz Aytmatov o‘ziga xos tasviriy vositalar orqali qahramonlarning ichki dunyosini yorqin va chuqur ochib beradi.

Poyezd tezligini oshira bordi. Radiodan muzika ovozi yangradi: tanish kuy ijro etilayotgan edi. Bu qirg‘iz klassik kuyi menga doim g‘ira-shira oqshom payti dashtda ketib borayotgan yolg‘iz otliqning ashulasini eslatardi. Yo‘l uzoq, bepoyon dasht. Egarda o‘tirib xayol surib, bironta ashulani asta xirgoyi qilinsa ham bo‘ladi. Xirgoyi qilganda ham qalbdan chiqarib kuylasang. Axir ot tuyoqlarining tapirtupur sadolari ostida yolg‘iz o‘zi xirgoyi qilib borayotgan yo‘lovchining qalbida turli xil o‘y-xayollar ozmuncha bo‘ladi deysizmi?.. Ariqdagi suv mayda yaltiroq toshlar ustidan shildirab oqayotgandek, qo‘biz torlaridan orombaxsh mayin kuy asta-sekin taralardi. Qo‘biz adirlar orqasiga yonboshlayotgan quyosh haqida, har yoqqa salqinlik taratayotgan mayin shabada haqida, yo‘l yoqalab ketgan ko‘m-ko‘k yovshan va sap-sariq chalovlarning sekin-sekin tebratib, gul changlarini to‘kayotgani haqida kuylardi. Dasht ham chavandozning ashulasini tinglaydi va u bilan birga o‘ynab, birga kuylaydi…

Ot bir bosgan izidan ming marta yuradi…
Hammayog‘im loyga belanib qora terga tushib, yo‘lni og‘zimga kelgan so‘zlar bilan so‘kib yotgan edim, kimningdir shu tomon yurib kelayotgan oyoq sharpasini eshitib qoldim. Yotgan joyimdan menga faqat rezina etikkina ko‘rinardi. Etiklar yaqinlashib kelib, qarshimda qimir etmay turaverdi. Jahlim chiqib ketdi. Nimani tomosha qiladi-ya, tsirk bormi bu yerda!.. — Qani, tepamda turma, yo‘lingga ravona bo‘l! — deb qichqirdim mashina ostidan. Eskirib, go‘ng tegib iflos bo‘lib ketgan ko‘ylak etagiga ko‘zim tushib qoldi. Nazarimda, allaqanday kampirga o‘xshadi, ovulga olib borib qo‘yar, deb kutib turgan bo‘lsa kerak. — Yo‘lingdan qolma, kampir! — dedim unga yana. — Bu yerda hali ancha vaqt aylanishib qolaman, kutaverib toqating toq bo‘ladi… U bo‘lsa: — Men kampir emasman! — dedi. U bu so‘zlarni qandaydir ishonchsizlik bilan uyalinqirab aytgan edi. — Kimsan bo‘lmasa? — dedim achchig‘im chiqib. — Qiz bolaman. — Qiz bolaman? — deb etiklariga yana ko‘z qirimni tashladim. Jerkib berganligim uchun xijolat tortib, buyog‘ini hazilga burdim: — Chiroylimisan? — deb so‘radim. Etiklar ketishga hozirlanib, chetga qarab odimlay boshladi. Shunda men darrov mashina ostidan chiqdim. Qarasam, haqiqatan ham qoshlari jiddiy chimirilgan va kattakon, ko‘rinishidan otasiniki bo‘lsa kerak, kamzulini yelkasiga tashlab olgan qizil durrachali, nozikkina bir qiz turibdi. U menga jimgina termilib turardi. Men bo‘lsam yerda o‘tirganimni ham, loy va balchiqqa belanganimni ham unutib yuborib: — Chakki emas! Chiroyli ekansan-ku! — deya uning boshidan oyog‘igacha nazar tashlab chiqar ekanman, iljayib qo‘ydim. U haqiqatan ham go‘zal edi: — Shu oyoqlaringga tuflichalar bo‘lsami! — deb hazillashdim o‘rnimdan turarkanman.

— Mening bu yerdaligimni qayoqdan bilding? — Kutubxonadan kelayotgan edim, qarasam, yo‘lda sizning mashinangizning izlari! — Rostdanmi? Men uchun bu «sevaman» so‘zidan ham azizroq, qimmatliroq edi.
Oqqushlar Issiqko‘lga faqat kuzda uchib kelishib, shu yerda qishlashadi. Bahorda esa bu yerga juda kamdan-kam kelishadi. Odamlarning aytishicha, bular shimolga ko‘chib ketayotgan janub oqqushlari emish. Ularning kelishi yaxshilikdan, baxtdan darak berar emish…
Do‘st kulfatda sinaladi, deydilar. Menimcha, ular baxtli damlarda ham sinaladilar.

Eh, Do‘lan, Do‘lan, Tyan-Shanning bahaybat beli! Umrimning qanchadan qancha sahifalari u bilan bog‘liq! Qatnov yo‘limizning eng og‘ir, eng xavfli qismi ham shu yer edi. Yo‘l ilonizi bo‘lib, goh u yoqqa buriladi, goh bu yoqqa. Charxpalakda uchgandek tobora qiyalab yuqoriga ko‘tarilib, bulutlarni g‘ildirak bilan yanchib o‘tayotgandek bo‘lasan. Goh seni o‘tirg‘ichga siqib, orqaga jipslab qo‘yadi, goh rulga yopishganingcha mashina seni pastga olib qochadi. Buning ustiga quturgan tuyadek havosini aytmaysanmi. Yozmi-qishmi, Do‘landa, baribir. Bir zumda do‘lmi, yomg‘irmi savalab ketadi yoki bo‘lmasa, shunaqayam qor bo‘roni turib beradiki, bir qadam naridagi narsani ham ko‘ra olmaysan. Mana shunday bizning oq sochli Do‘lan!..
— Nima gap? Nega urding uni? — Haqiqat uchun!
Agar inson mustahkam o‘rnashib olsa, cho‘lni o‘ziga bo‘ysundira oladi, u yerga o‘zi ham ko‘nikib qoladi, cho‘lni ham o‘ziga moslashtira oladi.
Xadicha ikkimiz qiyinchiliklardan qo‘rqmasdik, turmushimiz ham yomon emas edi, bir-birimizni hurmat qilardik. Ammo hurmat boshqa-yu, muhabbat boshqa. Agar biri sevib, ikkinchisi sevmasa, unda bu ham, menimcha, ko‘ngildagidek haqiqiy turmush bo‘lolmaydi. Yo inson o‘zi shunday tuzilganmi, yo faqat men tabiatan shunaqamanmi, bilolmadim, harqalay, menga doimo bir narsa yetishmasdi, uning o‘rnini ish bilan ham, do‘stlik bilan ham, seni sevguvchi ayolga nisbatan e’tibor va g‘amxo‘rliging bilan ham almashtirib yoki o‘rnini to‘ldirib bo‘lmasdi.
Odamlar bilan kishilar orasida yashash, ishlash, do‘stlashish, umum ishini ado etish, yordamlashish va yordam olish naqadar yaxshi. Kuning bitib, vaqt-soating yetib o‘lganingda ham boshqalardan kam qilib ko‘mishmaydi… Ammo shunga qaramay, hayotning bir tomoni borki, uni sevgilingga bo‘lgan mehr-muhabbatdan bo‘lak hech narsa bilan almashtirib, to‘ldirib bo‘lmaydi…

Men buni sizga gazeta uchun hikoya qilib berayotganim yo‘q, albatta. Shunchaki, inson insonga o‘z dardini aytib berayotgandek gapirib beryapman-da…
— Meni endi tuzalmas, tamom bo‘lgan odam deb o‘ylamang. Kelajagim, hayotim hali oldinda. Kunlar o‘tar, men ham uylanarman, boshqalarga o‘xshab bola-chaqali, uy-joyli bo‘larman. Ishlayman, do‘st, yor-birodarlar orttiraman. Lekin faqat birgina narsa: umrbod, manguga yo‘qotgan narsamni qaytara olmasam kerak… O‘tgan ishni hech qachon qaytarib bo‘lmaydi…
Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
84
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
599
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



