13.12.2024 | 11:56
2510
Spektakl hamda 1000 dollarga sotilgan “Koʻk boʻri” – Najmiddin Ermatovning nazm kechasi boʻlib oʻtdi
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida “Mutolaa” loyihasi doirasida isteʼdodli shoir Najmiddin Ermatovning «Qo‘rboshilar qo‘shig‘i» nomli nazm kechasi tashkil etildi.
Dastur mehmoni sifatida taniqli aktyor va shoir Erkin Bozorov hamda rassom Erkin Orol ishtirok etdi.
Shu jumladan, spektakl davomida rassom Erkin Orol tomonidan Najmiddin Ermatov sheʼri asosida “Koʻk boʻri” surati chizildi va auksion orqali 1000 AQSH dollariga sotildi. Xarid qilingan asar Oʻzbekiston Milliy kutubxonasiga sovgʻa qilindi.
Badiiy kechada ijodiy muhitni sevuvchi tomoshabinlar bilan bir qatorda taniqli ijodkorlar, sanʼat vakillari qatnashdi.
Quyida mazkur jarayondan sara suratlar va unda o‘qilgan she’rlar bilan tanishishingiz mumkin.
Suratlar muallifi: Abdumannon Muhammad

QO‘RBOSHILAR QO‘SHIG‘I
Shimoldan yog‘iy kelar
Talab qilib Turonni,
Ming asr esh bo‘lsak ham
Bizga qo‘shilmas qoni,
O‘rningdan qo‘zg‘al endi,
Turkiy elning o‘g‘loni,
Tulporingga qamchi ur
Selday qalqi, bovurim,
Bizlardan shon so‘rmoqqa
Vatan haqli, bovurim.
Turonning er-u qizi
To azaldan mard kelar,
Turklar dunyo so‘rar deb
Qadimdan bir shart kelar,
Dushmanga qul bo‘lganning
Avlodi nomard kelar,
To abad tinmasin-a
Meros charxi, bovurim,
Bizlardan or so‘rmoqqa
Vatan haqli, bovurim.
To‘tiga oshno bulbul
Chamanga arzimaydi,
Dushmandan qochib o‘lgan
Kafanga arzimaydi,
Mustabidga qul elat
Vatanga arzimaydi,
Balki ko‘rar umrning
Keldi gashti, bovurim,
Bizlardan hol so‘rmoqqa
Vatan haqli, bovurim.
Turkiy elat boshida
Begona taxt ko‘rmasin,
Bosh egar omonlikni
O‘ziga baxt ko‘rmasin,
Kun kelib farzandini
Yovga ulfat ko‘rmasin,
O‘zliging ko‘rsatmoqning
Keldi vaqti, bovurim,
Bizlardan kor so‘rmoqqa
Vatan haqli, bovurim.
Bobomdan meros vatan
Bolamga meros o‘tsin,
Shuuriga mangulik
Uyg‘otar ovoz o‘tsin,
Yovga qahri qattiqlik
Turkiylarga xos o‘tsin,
Ko‘zlardan olov o‘tsin,
O‘tsin shaxti, bovurim,
Bizlardan yurt so‘rmoqqa,
Avlod haqli, bovurim.
Yurt deb yo‘lga otladik
Buyukroq safar qayda,
Shu yo‘lda shahid ketsak
Boshqa bir zafar qayda,
Qul bo‘lgan tiriklikdan
Ortiqroq xatar qayda,
Otlangan har yigitning
Shudir axdi, bovurim,
Bizlardan qon so‘rmoqqa
Vatan haqli, bovurim.
Agar yotga qo‘shilib
Qondoshlar sotsa bizni,
Nomimizga tupurib
Xoindek otsa bizni,
O‘tmishidan yuz burib
Bir kun unutsa bizni,
Yashamoqdan mani ne,
Bu jon nadir, bovurim?..
Bizlardan jon so‘rmoqqa
Vatan haqli, bovurim.

* * *
O‘shanda kuz edi – fasli nihoya,
Shaffof sovutini kiyar edi ko‘l.
Bir ayol dirdirab g‘o‘za yulardi,
Nigohlari dilgir, yanoqlari ho‘l.
O‘shanda kuz edi,
qiyilgan kunlar
Charnagan qismatday qiymati o‘chgan.
Bir ayol dirdirab g‘o‘za yulardi,
O‘ttiz kuzagida uch bahor ko‘chgan.
O‘shanda kuz edi,
Qora qarg‘alar
Tentirab uchganda qo‘noq axtarib,
Bir ayol dirdirab g‘o‘za yulardi,
Qaro kiprigida anduh ko‘tarib.
O‘shanda kuz edi,
Yo‘qsil yovg‘oni
Sovugan sandaldan taft olmagan kun.
Bir ayol dirdirab g‘o‘za yulardi,
Vatanday unutlig‘ qolgani uchun.
Necha kuzak o‘tdi o‘shandan beri,
Qarg‘a tumshug‘ida qish keldi ko‘p bor.
Mazlum ko‘zyoshida siyoh ivitib,
Xalq, deb shior bitdik betakror – takror.
Yangi qor yog‘yotgan shu yangi yurtda,
Bir sezgi borlig‘im etmoqda barbod:
Hamon g‘o‘za yulib yurganday ayol,
Haliyam o‘shanday turganday hayot…

* * *
Osmon, holing nedur?
Yulduzga talosh…
Turon, holing nedur?
Minglab ayri bosh…
Hurlik, kelsang-chi?
Top o‘zing imkon…
Millat, tursang-chi?
Qo‘ymaydi zamon…
Yurak urmaymu?
Qo‘rquvga eshdur…
Shunday yashaymu?
O‘lganing peshdur.

* * *
Hay, yor-a!
Kuyuk ko‘ngil ohidan
Bug‘langan Orol qayda,
Tunlar zulmatni o‘rgan
Ul hamroh hilol qayda,
Ayg‘irning bo‘yni misol
Bo‘ronni kesar desang,
Qaddingga o‘xshab tursa
Aytmoqqa savol qayda?
Hay, yor-a!
Qora tortsang yorug‘lik
Ko‘zdan yiroq boradir,
Hayotidan norizo
El beso‘roq boradir,
Dardi qavat-qavatu
Qo‘l yupqaroq boradir,
Jasorat so‘nib borgan
Umrda malol qayda?
Hay, yor-a!
El alqab yurgan beklar
Elning qasdiga tushsa,
Oq qayinday oy qizlar
Hijron raqsiga tushsa,
Otameros yo‘qsillik
Tag‘in nasliga tushsa,
Jortiboyi ko‘p yurtda
But qayda, kamol qayda?
Hay, yor-a!
Qavmim debon qarog‘ing
Yoshlig‘ bo‘lsa, kulsalar,
Yo‘ldoshim deb yurganing
Yo‘lin kalta bursalar,
Haq nomidan so‘z ochib,
Xalq nonidan ursalar,
Shiori zeb zamonda
Yasharga majol qayda?
Hay, yor-a!
Yuz yillarki qiypinib
Egilgan bosh bizdadir,
Suyagini unutib
Tentigan losh bizdadir,
Bitmas sabr ham bizda
Tag‘in ko‘zyosh bizdadir,
Zarur vaqti musht bo‘lar
Qo‘l qayda, qurol qayda?
Hay, yor-a!
So‘zlay desang so‘zingni
Qafas qo‘rqitib tursa,
O‘lay desang yutilgan
Nafas qo‘rqitib tursa,
Yara dilni yaratgan
Besas qo‘rqitib tursa,
Samoda bormi, bilmam,
Bunda istiqlol qayda?..
Hay, yor-a!

* * *
Hijron shomiga kirdim,
tonglarim xush qol endi,
Shabixun nayzalarga
umrim giriftor endi,
Ko‘zim, mendan ranjima,
ko‘rmasam bahor endi,
Sabuhiy tug‘yonlardan
judo bo‘lgan yo‘ldamiz.
Ko‘rganimiz nur emas,
bizdan kahkashon baland,
Ul somon sochig‘idan
tiklangan narvon baland,
Hali jism langarim,
hali bu osmon baland,
Yetim qovurg‘a yanglig‘
tanho bo‘lgan yo‘ldamiz.
Bunda faqat boyqushlar
ko‘zida mung tashiydi,
Bunda faqat alaflar
hasratimni taniydi,
Bunda faqat ashk yog‘ar-
anduhimdan chayindi,
O‘ssa faryod o‘stirib,
ado bo‘lgan yo‘ldamiz.
Bir umr va bitta Ishq,
faqat visol oz bo‘ldi,
Ko‘rar kunim boyqushning
ko‘zlariga mos bo‘ldi,
Netay endi, qismatim
shu yo‘llarga xos bo‘ldi,
Atodan meroslig‘ ul
xato bo‘lgan yo‘ldamiz.

* * *
Tun.
Yomg‘ir.
Qorishiq ifor.
Uchqur xayol, qadamlar asta.
Borliqqa sochilib keladi ketging,
Yomg‘ir bo‘lsam kerak, aslida.
Sen yo‘qsan.
Hech kim yo‘q.
Nimalardir bor.
Nenidir tuyarsan yomg‘ir ostida.
Men axir osmonda yashaganmanku,
Ne qilib yuribman zamin ustida.
Shayton.
Ta’qiq.
Va o‘sha meva—
Afsus bor quvg‘indi odam naslida.
Negadir ularga aloqam yo‘qdek,
Yomg‘ir bo‘lsam kerak, aslida.

* * *
Tushlarda qushlarga qo‘shilib uchdim,
Goho bulutlarga to‘sh urib uchdim,
O‘nggim og‘ir keldi, poyingga tushdim,
Tiyramoh, titrab oh chekkani keldim.
Sarbon yo‘l ko‘rsatdi, o‘zi ko‘r edi,
Go‘ro‘g‘li chiqmadi , og‘zim go‘r edi,
Jasorat unmadi, manglay sho‘r edi,
Bag‘ringga bir giyoh ekkani keldim.
Taqvim qashqirdayin umrimga o‘chmi?
Yashirin bir titroq bo‘g‘zimga ko‘chdi,
Ko‘zimda bir chiroq bor edi o‘chdi,
O‘zimni men so‘roq etgani keldim.
Bir suluv qalbimga o‘t qalab o‘tdi,
Hijronga ko‘nuvchan jon tilab o‘tdi,
Lek ruhim o‘tguncha ishqtalab o‘tdi,
Yoshimni men guvoh etgani keldim.
Qabrlar qirlarga tutashib borar,
Yillar birin-ketin qir oshib borar,
Ruhim samo sari tirmashib borar,
Qismatdan men yiroq ketgani keldim.
Ul tug‘mas qabrda so‘zlar surungay,
Qashqirdan qochib tan bekor urungay,
Asli tirikligim yolg‘on ko‘ringay,
Dor keltir, men gunoh etgani keldim.

* * *
Ko‘nglimni so‘raysan,
Ha, ko‘nglim bordir—
Dunyoni sig‘dirgan,
Seni sig‘dirgan,
Boshdan oyoqqacha bus-butun yurak.
Mening topinganim o‘shaku axir,
Endi bu dunyolar menga ne kerak.
Ishqimni so‘raysan,
Ha, ishqim bordir—
Xuv, o‘sha odamga
jon kirar mahal
chalingan musiqadan ajralgan navo.
Men uning sehri-la yana qaytadan
Yaratib olgayman boshqa bir dunyo.
Faqat so‘ramaysan,
So‘ray olmaysan.
Mening yana bitta azobim bordir—
Yaratgan yaratgan, ey, tengsiz dildor,
Hijronga evrilgan umr yo‘limda—
Mening sen sig‘magan peshonam ham bor.

* * *
O‘ttiz qush qonimni bo‘zaday ichdi,
Ohular ko‘ziga sig‘madi umrim.
Mening osmonimda uchmagan hurni,
Bir tunda alaflar poyida ko‘rdim.
Bo‘zla endi, bo‘zto‘rg‘ay.
Kaftimning chizig‘in taladi yo‘llar,
Pillaqurt kasbidan bermadi ulgu.
Qopqonda chorasiz yotgan qashqirday,
Bo‘g‘zimni yirtguday uvilladim «u-u-u-uv»,
Bo‘zla endi, bo‘zto‘rg‘ay.
Kechalar ojizman, kechalar – xunbor,
Kuzduzlar kiftimga qo‘nmagan baxtqush.
Har oqshom bo‘g‘zimda uyalasa mung,
Har saxar ko‘zimdan sachrab ketar tush.
Bo‘zla endi, bo‘zto‘rg‘ay.
Bulbul sayrog‘ida visolga umid
Kuygan ko‘kayimga botmoqda tig‘day.
Ertamni ko‘rolmay qurigan o‘sha
Ko‘zim kosasida uzataman may.
Bo‘zla o‘zing, bo‘zto‘rg‘ay.
Oldinda nima bor – ilon yutgan yo‘l,
Imkon yo‘q, qaytib ham bo‘lmaydi izga.
Anduhga chayilgan uzu-u-un umrda
O‘luv bittaligi kam bo‘ldi bizga.
Bo‘zla endi, bo‘zto‘rg‘ay.
Har lahza – kosaday azobga to‘la,
Tushun, qismat bo‘ldi simirmoq jabri.
Butun hayotini shunday kuydirib,
Bo‘zlab o‘tar odam aytyapti.
Bo‘zlagin-ay, bo‘zto‘rg‘ay.

Qon va Siyoh
Qon:
—paq etdi, otildi o‘q.
haq, degan ul o‘g‘lonning
teshilgan ko‘kragidan
bo‘y cho‘zdim gul misoli.
Siyoh:
—paq etdi, otildi o‘q.
zirhlangan qo‘nalg‘ada
qondan qo‘rqqan qo‘lni va
ko‘rdim qog‘oz visolin.
Qon:
—avlodim, egilmagin,
boshingni tik tut, deya
jondan kechgan o‘g‘lonning
isyon to‘la ko‘ksidan
Vatan deya to‘kildim.
Siyoh:
—kelajakka soldim iz:
“Bosh egmadi isyonchi,
Xoin edi, otildi”.
Yillar o‘tib avloding
Boshin egib o‘qiydi.
Qon:
—Vatan deya to‘kildim.
Siyoh:
—xoin deya o‘qilgay.

* * *
Ey, musavvir, bitta yo‘l chizgin,
Meni olib ketsin mayxonalardan.
Qilichi qinida qirqta alp o‘ldi,
Dunyo zahar tutdi mastonalarday…
Qorajon qo‘lida sichqon yegan ip,
Surxayl kavshadi g‘ozning go‘shtini.
Jandamni tutatdim dudi chiqmadi,
Kimdir yopib qo‘ydi zindon ustini.
Hamon chiqolmayman tubsiz bu chohdan,
Ruhimni shol qilib tashladi og‘u.
Barchinni chizib ber, yetti yil nima?
Yetmish yil o‘tsa ham kutgan bo‘lsin u.
Millatning ko‘zini ochiq tasvirla,
Basir sinchilarning bashorati talx.
Yag‘rinida panja ko‘rinmasa ham,
O‘zining alplarin taniy olsin xalq.
Kimdir shon talashdi jonidan kechib,
(tuslandi bu tarix, qoldirmadi iz).
Ular chaqa emas, tushib qolmasin,
Vatanning cho‘ntagin butun qilib chiz.
Bu chirkin siyosat osmonning yana,
Yuziga paranji tutgan pallada.
Sen shunday tasvirla,
Burg‘u chalganday,
Shoirlar hayqirib chiqsin dahmadan.
Keyin nima bo‘lar?
Keyin…
bilmadim.
Bilmadim, bir chetda qolsa hamki taxt,
Yana uch-to‘rt zina tepaga chiqib,
Suratni madh etib yashamasin xalq.
Ey, musavvir…

* * *
Barmoqlar qalamni quchar qaltirab,
Ko‘ngil tug‘a boshlar, yig‘laydi tuyg‘u.
Aqlim faryod qilar: “To‘xta, ey telba,
Sening xatlaringni o‘qimaydi u”.
Xonaga nur kirar oynadan sinib:
“Aqlingga quloq tut, aytgani rost-ku.
O‘qigan bo‘lsa gar, javob yozardi,
Sening xatlaringni o‘qimagan u”.
Oynaga urilar oqshom shamoli,
Bilgan sirlarini olamga sochib,
“men aniq bilaman, to‘xta, ey ko‘ngil,
U sening xatlaring ko‘rmaydi ochib”.
Dilga g‘ashlik cho‘kar, zaminga oqshom,
Kecha so‘zlay boshlar dilga otib o‘q:
“Xatlaring o‘qimoq u yoqda tursin,
Hattoki, u seni o‘ylagani yo‘q”.
Oppoq qog‘ozlarning bag‘ri dog‘ yana,
Oppoq qog‘ozlarda faryodlar lim-lim.
Eng so‘nggi umidim to‘kilmay turib,
“Ularning so‘zlari yolg‘on”, de, gulim.
Ko‘ngil bu kechada o‘zidan kechar,
Bu so‘nggi xotima, bo‘lmas boshqa payt.
Men senga sevishim aytaman endi,
Sen menga xatingiz o‘qiyman, deb ayt.

* * *
Ko‘k bo‘ri kezgan sarhad itlarga talosh endi,
Ko‘tarilgan bosh emas, birgina quyosh endi,
Uchqun sochgan ko‘zlarning topingani yosh endi,
Turkiy elning shiddati so‘nganga o‘xshayotir.
Sarbadorlar qonini sellar yuvib ketganday,
Millat uchun jon berar alpni devlar yutganday,
Ultontozlar kun sanab, e voh, shuni kutganday,
Elning kuni nomardga qolganga o‘xshayotir.
Yuz ellik yil otangni otganni og‘a sanab,
Dili buzuq kelganning qadamiga gul qadab,
Yo, haq, deya yonganning mozoriga tosh qalab,
Saroyingga qarg‘alar qo‘nganga o‘xshayotir.
Eldan chiqib elidan irganganlar ko‘ringay,
O‘z tarixin o‘zgadan o‘rganganlar ko‘ringay,
G‘ujuri-yu zaboni o‘zgarganlar ko‘ringay,
O‘z farzanding o‘zingni sotganga o‘xshayotir.
Kechang zavolga do‘ndi, haykalday qotib bo‘ldi,
Sening bor nasibangni beklaring totib bo‘ldi,
Bugundan-ku ayrilding, ertangni sotib bo‘ldi,
Yo‘l ko‘rsatar mayog‘ing o‘chganga o‘xshayotir.
Burgut uchgan zovlarda quzg‘un bazm etmoqda,
Ildizingni kavshabon to‘ng‘iz hazm etmoqda,
Ertangni belgilashga yotlar jazm etmoqda,
Qoshiq butun, qiliching singanga o‘xshayotir.
Kechagi yovqir nigoh bugun yerga qadalgan,
Vatan kutgan jasorat non topishga atalgan,
Bo‘yin egik, qo‘l qadoq, tizzalaring qavargan,
Umid ko‘zyosh sho‘ridan so‘lganga o‘xshayotir.
Uyg‘otay deb kelgan ul bahorlar bekor ketar,
Har tongda quyosh turtib, har shomda bezor ketar,
Bo‘g‘zin yirtib shoirlar ming hayqirib, xor ketar,
Alloh, bu xalq shu holga ko‘nganga o‘xshayotir.
Turkiy elning shiddati so‘nganga o‘xshayotir.

Oltoy turkumidan
– Oltoyning oy qizi, kuylagin qo‘shiq,
– Toshlardan so‘ragin, tili bor.
– Hattoki, qayinzor shovullar jo‘shib,
– Ularning millionlab eli bor.
– Ne uchun ko‘nglingni ochmassan menga?
– Qo‘limda kishan bor, ko‘rmassan.
– Yo‘l ko‘rsat, to abad ergashay senga,
– Ayiqning izi bor, yurmassan.
– Tog‘larda bormi hur kiyiklar, ko‘rsat?
– Ularni hurkitdik, qaytmaslar.
– Bobongdan qolgandir bitiklar, o‘rgat?
– Mozori qayerda, aytmaslar.
– Qo‘shiq bor tilingda Tangriga yetgay,
– Ohida yog‘iyning tig‘i bor.
– Daryoday kuylasang og‘rig‘ing ketgay,
– Bo‘g‘zimda muzlagan yig‘i bor.
– Jon beray, yonog‘ing ollansin bir bor,
– Kun tug‘sa, tongdayin otgayman!
– Men sening qoshingga qaytgayman takror,
– Oltoyda oy chiqsa kutgayman!

* * *
Bir yoqda suyguling ko‘zingdan g‘oyib,
Bir yoqda vataning g‘arlarga talosh.
Bir yoqda anduhing bormoqda boyib,
Bir yoqda qaroqqa to‘lqin urar yosh.
Bir yoqda shimolga surgun yigitlar,
Bir yoqda juvonlar jamiyatga qul.
Bir yoqda yalog‘i tillodan itlar,
Bir yoqda tanglayi teshilgan bulbul.
Bir yoqda Orolday sho‘rlagan manglay,
Bir yoqda adashgan yo‘lchiday avom.
Bir yoqda yolg‘onni aytishar chinday,
Bir yoqda aldanish etadi davom.
Bir yoqda qullikni tusar keksalar,
Bir yoqda yoshanglar farqi yo‘q har yoq.
Bir yoqda kelajak hissiz ingranar,
Bir yoqda qabrlar hayqirar uzoq.
Bir yoqda bemalol qish kelayotir,
Bir yoqda ko‘chini to‘plar tiyramoh.
Bir yoqda bemajol dil yig‘layotir,
Bir yoqda samoga o‘rlayotir oh.
Bir yoqda hammasi o‘tkinchi go‘yo,
Bir yoqda har biri jon berishga teng.
Bir yoqda izmidan qo‘ymaydi dunyo,
Bir yoqda bir yoqqa ketging kelar sen.

* * *
Bir yupanch bor edi aytarli,
Bir ishonch bor edi idragan.
Bitta yo‘l bor edi qaytarli,
Bitta gul bor edi qaytmagan.
Oppoq qor yoqqanda gupurib,
Oh-zorlar og‘dirdi esimdan.
Oqshomga yuz burdim tong turib,
Oh, Sog‘inch, sen kimning ismisan?..
Bu qisqa ko‘ringan kunmidi,
Bu qistab jon olar tundir-a?
May tusab turibman to‘ldiru,
Ha, istab yuribman o‘ldira…
Yutganda eng so‘nggi yutumni,
Chiqqanda og‘rinchning izmidan,
Aytqani, unutgan otimni,
Ayt, Sog‘inch, sen kimning ismisan?..

* * *
Bo‘yinbog‘ga bandilar kelib,
Yozishsin, dedilar, barcha barobar.
Yoza boshladilar devorga o‘yib,
Kishanlari ila maxbuslar.
So‘ngra termuldilar o‘shal yoziqqa,
Tamshanib, entikib, bo‘lganicha shod.
Barcha bandi edi bu yurtda,
faqat
«Ozodlik» yozilgan devorlar ozod.
To‘rt tomonni hayqiriq bosdi,
Yurak unutgandi yurakligini.
Hech kim tushunmasdi devorga emas,
Ozodlik odamga kerakligini.

* * *
Jim keting.
Teginmang.
Qaramang, qo‘ying,
Ko‘ziga mung ekib qo‘ygandir uyqu.
Qulochi keng-ku deb behad sevinmang,
Yig‘i dovushiga o‘ynayapti u.
Yig‘layotgan o‘zi,
O‘ynagan o‘zi,
Yig‘latgan ham asli o‘zining nasli.
G‘amboda holiga taskin qidirib,
Yig‘i-la kuylaydi hurlikning vasfin.
Achinmang ham endi,
Bori shu ekan,
Yig‘i bilan yuvib bo‘ldi osmonni.
O‘zi-ku ko‘nikdi mazlum holiga,
Ko‘niktirmak istar endi jahonni.
Ajab,
G‘amlariga mehr boylagan,
Ajib huzurdayin tuyilar qayg‘u.
O‘zi-ku ishonib, o‘zgani avrab,
Yig‘i dovushiga o‘ynayapti u.
Lek umid boqiydir,
Yorug‘ kunlar bor!
Ammo kelganida kutilgan fursat,
Hayronman, erkini qanday taniydi,
Yig‘i dovushiga o‘rgangan millat.

* * *
Kuzak, yo‘limga suv sep,
O‘ngirim changga botgan,
Toshlarga rang ulashgan
Qonim tovonda qotgan,
Faqat sarob ko‘rsatib,
O‘yimni boylab yotgan
Sahroli yo‘ldan o‘tdim.
Barxan ortida bir ko‘shk
Ichida gulgun pari,
Qumlar yiqqan xotira
Kuydirar borgan sari,
Qanchalar bo‘zlab chopsam,
Shunchalar ko‘zdan nari,
Hijron komiga otgan
Jafoli yo‘ldan o‘tdim.
Netayki, alp emasman
Ucharga tulporim yo‘q,
Yecharga tushovimni
Qirqtalab chiltonim yo‘q,
Shuurga gard yuqtirmay
O‘targa imkonim yo‘q,
Zulmatni to‘sib yotgan
Daryoli yo‘ldan o‘tdim.
Narida bir muzofot
Bojga umring so‘raydi,
Qavmi bir zindon qurgan
Ming yildirki to‘lmaydi,
Ruhingni sindirmasdan
O‘tkazgani qo‘ymaydi,
Urho-ur bo‘lib yotgan
G‘avg‘oli yo‘ldan o‘tdim.
Kuzak, senga ne beray?
Umrimni yo‘qqa sotdim,
Qanotini sindirib,
Ruhimni to‘rga sotdim,
Uzoq yo‘lda yuk bo‘lgan
Tanimni go‘rga sotdim,
Idragan ko‘ngil bilan
Savdoli yo‘ldan o‘tdim.
Kuzak, yo‘limga suv sep…

* * *
Kelma!
Sog‘inchni o‘ldirar sening tashrifing,
Diydorga to‘yishdan qo‘rqaman, kelma.
Kelma!
Hijronning ovchisi bo‘lgan visolga,
O‘ljasin berishdan qo‘rqaman, kelma.
Kelma!
Tug‘ilmagan she’rlar tug‘ilsin hali,
Uvolga qolishdan qo‘rqaman, kelma.
Kelma!
Bir olam baxt bilan kelarsan, kelsang,
Men baxtli bo‘lishdan qo‘rqaman, kelma.
Kelma!
Mana shu dard bilan, gulim, tirikman,
Davodan o‘lishdan qo‘rqaman, kelma.

* * *
Kuzak bog‘larida dilgir daraxtlar
Eroniy qizlarday yechganda ro‘mol,
Kaftim chizig‘iga monand turnalar
Ortidan keturman, bog‘larim, xush qol.
Hijronning soyasi maysani qoplab,
Sarg‘argan xazonday yoyilgan chog‘da,
Ko‘rar tushlarini hushida oqlab,
Bir suluv keladi hali bu bog‘ga.
Daraxtlar soyasin tirqishlaridan
Ko‘ziga botganda idragan yog‘du,
Go‘yoki begona — yuz yil naridan
Ismini pichirlab so‘ragaydir u.
Xazonlar yoyadi xotirdan rasta,
G‘ovaklar bo‘g‘riqib chaladi burg‘u:
“Bu bog‘lar bahorgi bog‘lar emasda,
Ismini baribir eslolmaydi u…”
Egik majnuntolning baland shoxidan
Eng so‘ngi yaproqlar tuproqqa ensa—
Yo‘lakka to‘shalgan xazon ohidan
Siniqqan sas chiqar: “bu axir sensan”!
Shamollar xas ila so‘z yozar ko‘lga,
Toshlarga to‘sh urib pichirlaydi suv.
Izmini unutib botadi o‘yga,
Ismini ko‘nglimga joylagan suluv.
Qismatday orqaga yo‘l boshlaydi yo‘l,
Eslatar fursati yetganligini.
Bir umr bilmaydi, yanoqlari ho‘l —
Ismining men bilan ketganligini.

* * *
Taqvo yo‘llarinda majnuntol egik,
Teraklar kekkaygan azaliy kofir.
Aslan qo‘noqligi yashirin dunda
Yomg‘irlar muhojir, men-da muhojir.
Toklarning shoxida to‘nglagan yoshi,
Behishtda danagin qoldirgan anjir.
Bizni taroshlagan noraso dunyo,
Yomg‘irlar xabarchi, men-da xabarchi.
Ohular ko‘zidan anduhiy boda
Ho‘plagan shamollar esida judo.
Es bu qolganlarga o‘xshamak bo‘lsa,
Yomg‘irlar devona, men-da devona.
Qo‘rg‘oshin tusdagi yoshni simirgan,
Tumanlar zaminning cho‘ntakro‘moli.
Uning bir kamiga davo qidirgan,
Yomg‘irlar sazoyi, men-da sazoyi.
Haqqush uyasiga tuxumin qo‘yib,
Kakkular ming yilki jo‘ja ochirgan.
Bul mudhish sirlarning guvohi bo‘lib,
Yomg‘irlar osilgan, men-da osilgan.
Kun-bakun tuslanib borayotgan bul—
Zamon olovbardor, zamin o‘txona.
Kimki yondosh bo‘lsa, eta boshlar kul,
Yomg‘irlar begona, men-da begona…

* * *
“Otangni aytding, ko‘p aytding,
Enangni aytding, ko‘p aytding…”
“Alpomish”dan
DЕHQONOBODGA!
Bobom so‘zi o‘ngligim,
Momom ko‘zi mungligim,
Tog‘lardan uloqdimu
Unutdimmi kimligim…
Qirlar bag‘rida otar
Armonday to‘zib yotar,
Qo‘zi quvlagan bola
Tayog‘in ortga otar…
Shaharga kelib daydib,
Ko‘rganimni ko‘p aytib,
Kuyganimni xo‘p aytib,
Chol-kampirning shamdayin
So‘nganin bir aytmadim.
Otamning xovrin bosdi
Shu tog‘laru ko‘pkari,
Enamning aytar so‘zi
Xalqumidan ichkari,
Allag‘aytib keldim, deb
Ketdim shamol singari,
Bu dunyoning torligin
Ko‘p aytib borgan sari,
Ikkisining shu kunga
Ko‘nganin bir aytmadim.
El, dedim bisyor aytdim,
Haq, dedim xushyor aytdim,
Bu vatanda har kishi
Shod, dedim—bekor aytdim.
Aytmadim, xonlar g‘ofil—
Ko‘ngilda ming xavotir,
Ikki inim musofir
Yurganin bir aytmadim.
Singlim, bo‘tako‘z singlim
Qirlarga singib borar,
Tuyoqday qattiq turmush
Qo‘llarin tang‘ib borar,
Dunyoga bir kelganin
Anglamay ganggib borar,
Alp millatning ertasi,
Shovuri tinib borar—
Oybarchindan meros qon
To‘nganin bir aytmadim.
Lalmikor el, osmonga
Qarab ko‘zi kuygan el,
To‘rtta qo‘yning toshdayin
Tuyog‘idan ungan el,
Tolgan bir to‘p turnaday
Shu qirlarga qo‘ngan el,
Birda quruq yilgayu
Bir zug‘umga ko‘ngan el
Ko‘nglida bir kun isyon
Unarin bir aytmadim.
Unarin bir aytmadim…

* * *
Islom Qo‘chqorovga
Bizga berilgan zamon,
Suzmakka sayoz keldi.
Erk deb urug‘ qadadik,
Tinmasdan ayoz keldi.
Til qantariq keldi va
Tori uzuk soz keldi.
Umrimiz shunday o‘tsa,
Yashash bekordir, jo‘ra.
Shoir yig‘lab she’r aytsa,
Kulib borayotirmiz.
Biror mard na’ra tortsa,
Quvib solayotirmiz.
Ne zotlar o‘tdi tur deb,
Tizza bukib yotirmiz.
Bunday qavm qullikka,
Mudom duchordir, jo‘ra.
Bosolmasdan o‘mganin,
Ko‘kka chiqdi har sulton.
Pastga tushgin de unga,
Ketsa ketsin bitta jon.
Mashrab osilgan dorning,
Og‘ochi butun hamon.
Egilmagan har boshga,
Dorlar xumordir, jo‘ra.
Bir vatan ko‘rdim bunda,
Ko‘zi to‘la jiqqa yosh.
Bir tuyg‘u tuydim unda,
Yo‘qligimni qildi fosh.
Ildizi uzuk kelsa,
Dorga ham arzimas bosh.
Bugunimiz yor emas,
Qurgan ag‘yordir, jo‘ra.
Bo‘zto‘rg‘ay bo‘zlab uchgan,
Dashtimda daydib keldim,
Etak siltab ketgandim,
Elni deb qaytib keldim,
Kuyuk keldi ko‘kayim,
Ko‘zyoshday qalqib keldim.
Shoir bo‘lsang qismating,
Nahot ravondir, jo‘ra.
Chilvir cho‘lning yo‘lida,
G‘irotdan iz qolgandir,
Baxshi o‘shal yo‘l tomon,
Ko‘zin tikib tolgandir.
Yo pirim, degin, qo‘zg‘al,
Kurash bizga qolgandir…
Yo el uchun alp tuqqan,
Faqat mozormi, jo‘ra.
Avvalroq Kumush Abdusalomovaning she’riy spektakli haqida xabar berilgandi.
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
117
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
145
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
335



