Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.12.2024 | 12:29

img229

BIZNI SHOIR QILGAN GULLARNING SO‘ZI…

Men Jayhunbo‘yi taraflarda ulg‘ayganman. Tengdoshlarim qatori enalarimizning:

– Hoy, g‘o‘ra teraman deb daraxtlarning shoxini sindirmanglar. Ular oddiy chiviq emas. Joni bor, nafas oladi. Qarsillatib sindirsalaring, xuddi qo‘llaring singaniday, ularning ham joni og‘riydi, – degan tanbehlarini eshitardik. Lekin bola ekanmiz-da, u qulog‘imizdan kirib, bunisidan chiqib ketardi. Maktabdan qaytishda papkalarimizni bir chekkaga qo‘yardik-da, avval nimtatir g‘o‘ralarga, so‘ngra navdalarida durday tizilgan tutlarga osilardik. O‘g‘il bolalar daraxtga tirmashib ketar, biz qo‘limiz yetgan shoxlarni qayirardik. Sinadimi, yo‘qmi, istagimizga yetsak, bas.

Yana o‘sha enalarimiz (balki yana kimlardir):

– Suvga axlat tashlamanglar, uvoli bor, – degich edi.

Tag‘in bilganimizdan qolmasdik. Ehtimol, bir paytlar ikki daryo oralig‘iga o‘zgacha bir hayot baxsh etib turgan Orol dengiziga kelayotgan xatarni ko‘rib, ko‘ngli uyg‘oq birovlar:

– Allohning bergan ne’mati o‘lchovsiz emas, uni ehtiyot qilinglar, – deb aytgandir. Axir, sukunatdan ovoz, jimlikdan so‘z ustun paytlar ham bo‘lgan-ku  xalqlar tarixida. Ammo bu ogohlantirish davrlarning shamoli bilan birga qo‘shilib uchib ketganday… Hayqirib-o‘kiradigan, to‘lqinlarida chag‘alaylar raqs tushib yuradigan dengiz o‘zidan qudratliroq qarshilikka uchragan vujudday asta-sekin kichrayib, bora-bora qumliklarga singib ketdi… Dengizni yo‘qotish hazilakam yo‘qotish emas!

Maktabni tugatayotganimda Jayhunbo‘yining bu katta fojiasi haqida ko‘p eshitgan bo‘lsam-da, dunyoni yoshlikning zangor ko‘zlari bilan ko‘rib yashayotgan paytim bo‘lgani uchunmi, “Hah, shu ekan-da”, tarzidagi loqayd bir nigoh bilan qaraganman. Farg‘onaga o‘qishga ketar onlarimda ham tabiat haqida o‘ylaganlarim bundan ziyod emas edi. Ammo hujjat topshirish uchun ilk bor (tunda kelgandim shaharga) ko‘chaga chiqqanimda vujudimni ismsiz bir hayajon o‘rab olgan. Baland-baland chinorlarning uchlari xuddi osmonga tegib turganga o‘xshardi. Daraxtlar shu qadar yam-yashil ediki, umrimda bunday chiroyli rangni ko‘rmagandim.

O‘qishga kirayotgan odamga eng kerakli narsa – vaqt. “Boshini ko‘tarmay kitob o‘qiydi”, tarzidagi ta’riflar aynan o‘sha davrlarga to‘g‘ri keladi. Ammo men uchun o‘sha payt shoxlari bir-biriga tutash daraxtlarni, ariqlarda shildirab oqayotgan zilol suvni tomosha qilish eng zavqli mashg‘ulot edi. Yuragim o‘z-o‘zidan junbushga kelar, xayolan sal shabadada shovullab kuylayotgan daraxt yaproqlari orasiga kirardim, qarasang oynadek yuzing ko‘rinadigan tip-tiniq suvning to‘lqinlariga qushday qo‘nib, yana uchardim. Ko‘z oldimga yurtimdagi yakkam-dukkam yaproqlari ko‘saga o‘xshatib qo‘ygan jikkak daraxtlar, loyqa suvli solma, yoplar kelardi…

Men shundagina tabiatning inson hayotida tutgan o‘rnini anglaganman. Daraxtlar, suv odam bolasiga faqat kislorod berish yoki uning ozuqaviy ehtiyojlarini qondirish uchungina emas, hayot go‘zalliklarini his etishi uchun, hayrat degan tuyg‘uni qalbidan kechirishi uchun ham kerak ekan.

To‘rt yillik o‘qish davrida vodiy odamlarining tabiatga munosabatini obdon o‘rgandim. Qalbimni zavqqa to‘ldirgan go‘zalliklarning bir uchi mehnatga taqalishini ko‘rdim. Olisdan kelganim uchun bo‘lsa kerak, dugonalarim har shanba navbati bilan meni uylariga olib ketardi. Farg‘onadagi tutingan ayalarim, tog‘alarim, o‘rtoqlarimning ota-onalari parcha yerning ham qadrini bilishar, agar ekinlardan kaftday yer ortib qolsa, o‘shanga ham ko‘kat va yo o‘sma urug‘ini sepib qo‘yishardi. Men “tok oshi”ni ham ilk bor Farg‘onaga kelib yeganman. “Kovartok osh” deyishsa, u qanaqa taom bo‘ldiykin, deya og‘zim ochilgan. Guldan, tarvuz po‘chog‘idan murabbo…

Yer bilan, bog‘lar bilan oshnolik, mehnatdan qochmaslik insonni tabiatning bir bo‘lagiga aylantirar ekan. Bu olamning barcha in’omlarini xuddi o‘z jigarini yaxshi ko‘rgandek yaxshi ko‘rib qolarkansan odam.

Balki, vodiyliklardagi lutf, ko‘ngil qadar halimlik ona tabiatga oshnolik bilan bog‘liqdir. Men “ayalarim”ning farzandlarini og‘zidan tufuk sachratib urishgani, baqirganlarini, rosti, ko‘rmaganman. Agar nojo‘yaroq ish qilishsa, lablarini qimtib, boshlarini chayqab qo‘yishardi, xolos. Hushlarini yig‘ib olish uchun shuning o‘zi yetarli bo‘lardi. Eshik yo darvozadan xonadondagi erkak ismini chaqirib kelishlar (xotin-xalaj o‘zini o‘nglab oladi-da shunda)… Kelguvchini tanishmi, notanishmi:

– Keling, xush kelibsiz, – deya lutf bilan qarshi olishlar…

Umuman olganda, zariflik, nazokatning turfa ko‘rinishlarini ham tabiatdagi xushsuvratlik bilan bog‘lagim keladi. Axir, odam bolasi to‘rt tarafidan yaxshilik bilan qurshalgan bo‘lsa, o‘ziga ham, fe’liga ham yuqadi-da. Gullar jilmayib turgan, tiniq va toza suvlar o‘z tilida kuylayotgan joylarda odam yomonlik haqida o‘ylashi mumkinmi? Albatta, yo‘q.

O‘rtoqlarimizdan biri shohimardonlik edi. Yozgi sessiya kunlari o‘sha yoqqa dars tayyorlagani ketardik. Kitoblarimizni ko‘tarib o‘rikzorga chiqqanimizda mayda chechaklardan baxmalday tovlanib yotgan tog‘lar, o‘tlari belga urib qolgan adirlar ko‘zimga moʻjizadek ko‘rinar:

– Qanday qilib shunday go‘zallik ichida kitob o‘qigilaring keladi? To‘yib-to‘yib qarab, ko‘zlaringni to‘ldirib olmaysizlarmi, keyin dunyoga shu ko‘zlar bilan boqmaysizlarmi, barcha tashvishlar shu go‘zallik haroratida erib ketmaydimi? – derdim va o‘zim cho‘qqilarga qarab:

– H-o-o-y, tog‘lar! – deya baqirardim. Aks sado qaytgan sari ko‘nglimda shavq qo‘zg‘alib yugurardim. O‘rtoqlarim:

– Voy, ana u telbani… Umringda tosh ko‘rmaganmisan, nima balo? – deb kulishardi.

Shunday sururli lahzalarda men toshlar ham, tog‘lar ham insoniyatga berilgan bir tuhfa ekanini anglaganman. Odamlar nega sayohat bahona tog‘-u toshlarga, tabiatning xushhavo go‘shalariga intiladi? Faqat ko‘rish uchunmi? Yo‘q, kengliklarda yuragini kengaytirib kelish uchun. Faqat men emas, dunyoning juda ko‘p joylarini ko‘rgan, taqdir taqozosi bilan (ota-onalari quloq sifatida surgun qilingan) bir muddat Ukrainada – Qora dengiz bo‘ylarida istiqomat qilgan onam ham tabiatning chin oshig‘i edi. Onam mendan xabar olgani Farg‘onaga kelganlarida Xadichaxon ismli o‘rtog‘imnikiga olib bordim. Ularning uyiga qabriston oralab o‘tilardi. Onam:

– Qabriston ham shu qadar ko‘kalam bo‘ladimi? Keling, qizim, o‘rindiqlarda o‘tirib birpas dam olaylik, – degandilar.

Darhaqiqat, qabristonda atirgullar ochilib yotar, havo xush, muattar edi. Qaytayotganlarida onam bir necha bog‘lam atirgul ko‘chati va o‘sma urug‘ini uyga olib ketgan. O‘sha yili ilk bor hovlimizda atirgullar gullagan, tomorqamizda o‘sma qulf urgan. Bir paytlar bolalarga qanday “Alifbe” (onam boshlang‘ich sinflarga dars berardi) o‘rgatgan bo‘lsa, qiz-kelinchaklarga xuddi shu tarz atirgul o‘stirib, o‘sma qo‘yishni o‘rgatganlar.

Buyuk rassomlar chizgan suratlarni kuzatgansiz, albatta. Eng mashhur asarlarda, shubhasiz, tabiat tasviri bo‘ladi. Shoirlarning she’rlarida-chi? “Ming yillarki, Sharq gul va bulbulga bog‘lanib yashaydi”, degan gap bor-ku. Hassos shoir Hamid Olimjonning birgina “O‘zbekiston” she’rini yodga olaylik:

…Qirlardagi qip-qizil lola,
Bo‘lib go‘yo yoqut piyola.
Buloqlardan uzatadi suv,
El ko‘zidan qochadi uyqu…

Yoki Oybek hazratlarining mashhur “Na’matak “ she’ri:

…Yuksakda, shamolning belanchagida,

Nafis chayqaladi bir tup na’matak…Tabiat odamzodga yashash uchun, tirikchilik uchun ozuqagina emas, ularning iste’dodini kashf qiluvchi, qalblaridagi qo‘riqlarni ochuvchi qudrat ekanligini ham his etamiz. Nima uchun kambag‘allikni qisqartirish, aholini ish bilan ta’minlash, yoshlarga sifatli bilim berishdek zarurdan zarur masalalar turganida, Prezidentimiz “Yashil makon” loyihasi uchun ham vaqt, ham mablag‘ ajratyapti, odamlarni shu yaxshilik atrofida birlashtiryapti, degan savolga ko‘pchilik:

– Atrof-muhitni tozartirish, ekologiyani yaxshilash uchun, – deb javob beradi. Bu javobda ham xato yo‘q. Lekin yana bir haqiqat borki, adolatli siyosatda har bir qadam, avvalo, insonning o‘zini poklash, qalbini tozartirish, ko‘nglini poklikka to‘ldirish uchun tashlanadi. Aslida, “Yashil makon”, “Bir daraxt kessang, o‘nni ek!” kabi harakatlar-u shiorlarning ham asosida ana shu ulkan maqsad turibdi.

O‘zbek har xilqatga ona degan sifatni beravermaydi. Ona tuproq, ona Vatan, ona tabiat kabi muhabbatining, e’tiqodining bir qismi bo‘lgan yaralmishlargagina bu sifatni qo‘shadi. Biz ham eng jarangdor tovushlarni birlashtirib, bor ovoz bilan “Onajonim – tabiat”, deya yuzlanar ekanmiz, mehr-u hayratlarimiz, boringki, yuragimizdagi eng nurli tuyg‘ular ming bir rishtalarda shu aziz nomga, bizning mehrimiz bilan onaligi tobora qadr topadigan, sevgimiz bilan seviladigan tabarruk ismga bog‘lanadi, bog‘lanaveradi.

Qutlibeka RAHIMBOYEVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 6-dekabrdagi 50-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599