21.11.2024 | 10:18
580
BIZNI QAYOQQA YETAKLASHYAPTI?
Televizorda namoyish etilayotgan saviyasiz seriallar haqida tashvishlanib ko‘p bora bong urildi. Ammo shunday masala ham borki, televizorda efirga berilmayotgan narsalar ijtimoiy tarmoqlar orqali uzatilyapti. Hattoki platformalar uchun maxsus seriallar ishlanyapti. Taassufki, ularni tomoshabini televideniyenikidan anchagina ko‘p. Jamoatchilik qoralagan seriallarni ham internet orqali tomosha qilish imkonini topishmoqda. Bu kabi seriallar inson ruhiyati, yoshlar tarbiyasiga, ayollar dunyoqarashiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Shu bilan birga insoniyatni ma’naviy qashshoqlashtirib, fikrlashdan uzoqlashtiradi.

Bugungi yoshlar (asosan, qizlar) internet tarmoqlarida serial ko‘rishni (hobbi) qiziqarli mashg‘ulotiga aylantirib olishgan. Metro yoki avtobuslarda, xiyobonlarda o‘tirib yoki uylarida yonboshlab soatlab serial tomosha qilishga odatlanishgan. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, o‘n-o‘n to‘qqiz yoshli qizlar koreys dramalarining, yigirma-yigirma besh yoshlilar esa turk seriallarining ishqibozi ekanligi ayon bo‘ldi. Mazkur raqamlarni shunchaki yozmadik, ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari soni, seriallar ostidagi izohlardan kelib chiqib shu to‘xtamga keldik.
Nodavlat telekanallarda avj olgan ba’zi saviyasiz telenovella va seriallarni ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilish orqali tomoshabinga “qarmoq” tashlanmoqda. Masalan, “Sevimli” kanalining “Instagram” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga “Singlim” serialidan parcha joylangan. Tarmoq foydalanuvchilarini jalb qilish uchun ushbu parchaga “Endi Azizning mehri qaynonasiga oshib ketdi”, deb yozilgan. Shu post tagidagi izohlarga e’tibor qaratdik: “Yoqimsiz kino. Singil o‘z opasini eriga ham osiladimi? Umuman, o‘zbekligimiz yig‘ladi”, deb izoh bildirgan Feruza Yo‘ldosheva. Fikrlar orasida shunga o‘xshash e’tirozlar talaygina. Biroq telekanal tomonidan bitilgan ifodani shunchaki kulgiga olganlar ham anchagina edi.
“Kelin nega o‘z to‘yidan qochdi?” deb nomlangan yana bir telenovella ko‘pchilikning diqqatini tortgan. 2404 ta yoqtirma (layk) bosilgan. Serial reklamasida “Bizga plyus belgisini qoldiring va biz sizga ushbu telenovellani YouTube kanalida ko‘rish imkonini beruvchi havola yuboramiz”, deb yozib qo‘yilgan. Izohlarda esa besh yuzdan ko‘p ayol-u erkak “+” belgisini qoldirganini ko‘rish mumkin. Mana, marketingning yana bir tuzog‘i.
Bugun yosh qizlarning hayosi, ibosi haqida gapirar ekanmiz, nahotki mana shu kabi saviyasiz serial va novellalarning ta’siri haqida o‘ylamaymiz? Ular bizni qayoqqa boshlayapti? Ijtimoiy tarmoqlarda “falon joyda yangi muzey ochildi, falonchi yozuvchining yangi kitobi nashr etildi” kabi xabarlar uchun buncha layk va izoh berilmaydi. Ammo yuqoridagidek mavzudagi seriallarga odamlar erinmay izoh yozadi, muhokama qiladi, ko‘rishga intiqadi. Mana shuning o‘zi jaholat botqog‘i emasmi?
“Milliy TV” telekanalining “Instagram” ijtimoiy tarmoq sahifasida quyidagicha so‘rovnomaga ko‘zimiz tushdi: “Qaysi serialni muntazam tomosha qilyapsiz?” murojaati ostida kun davomida efirga uzatilayotgan seriallar ketma-ketligi berilgan. “Bahar”, “Sensiz 3”, “Baxt ovchisi 4”, “Yig‘lagan qizlar 3”, “Boyxonim 2” deya yozilgan. So‘rovnoma tagidagi 125 ta izoh orasidan “Bahar” serialini kechqurun qo‘yinglar, kelinlarim ish bilan band bo‘lib ko‘ra olmayapti”, “Bitta “Bahar” seriali tuzukroq, qolgan hammasi tupoycha, o‘zbek seriallari kamaysin, jonga tegdi bir xil mavzu”, “Man hammasini ko‘rvomman, hammasi zo‘r” kabi izoh yozib qoldirganlar talaygina.
Reklamalar orasida “Alfons. Baxt ovchisi” serialidan keltirilgan parchani ko‘rib xuddi izohlarda yozilganidek “ko‘nglim aynidi”. Oltmish yoshlardagi beva ayol o‘ttiz yoshlardagi jazmanini “ovqatlantirib” o‘tirgan tasviri “Milliy TV” kanalida berilayotganiga ishonish qiyin.
Xulosa qilib aytganda, jamoatchilik tomonidan qayta-qayta ko‘tarilayotgan telekanallar qoshida badiiy kengashlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifini qo‘llab-quvvatlayman va ushbu kengash telekanallarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini ham nazoratga olishi shartligini alohida ta’kidlayman.
Sanobar KENJAYEVA,
pedagog
“Jadid” gazetasining 2024-yil 15-noyabrdagi 47-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
78
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
595
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
593



