19.12.2024 | 11:45
287
O‘ZIMIZNI… O‘ZIMIZDAN QUTQARAYLIK!
Tahririyatdan: gazetamizning 2024-yil 6-dekabr sonida chop etilgan Ikrom Bo‘riboyevning “Hamma o‘qiyapti. O‘qing!” sarlavhali maqolasi yurtdoshlarimiz orasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tahririyatga kelayotgan ko‘plab qo‘ng‘iroqlaq va maqolalarda ham unda ko‘tarilgan dolzarb masalalar yuzasidan munosabat bildirilmoqda. Quyida ularning ayrimlarini e’tiboringizga havola qilmoqdamiz. Gazeta bu boradagi barcha fikrlarga ochiq va sizni ham bahs-munozaralarga chorlaymiz.

Bu maqolani yozishimga taniqli ijodkor Ikrom Bo‘riboyevning “Jadid” gazetasida chop etilgan “Hamma o‘qiyapti. O‘qing!” deb nomlangan tahliliy maqolasi sabab bo‘ldi.
Ochig‘i, ong-u shuurimizni ijtimoiy tarmoq o‘ziga tobe etib olgan hozirgi kunda KITOB haqida gapirish kulgili tuyuladiganday. Chunki hammaning qo‘lida telefon. Faqatgina biz emas, barcha o‘lkalarda turfa odamlarning ahvoli shu – telefonga termilib qolgan: ko‘chada, xiyobonda, oshxonada, to‘yda, ta’ziyada, avtobusda, metroda, kemada, uchoqda… Hamma joyda xo‘roz bir xil qichqirayapti.
Oldinlari kitobga termilgan, kitob o‘qigan, hayotini nurlantirgan odamlar bugun umrini telefonga “yediryapti”. Internet yaxshi, albatta, uzog‘imizni yaqin, fursatimizni chaqin qildi, lekin nazarimda, odamzot tayyor emas ekan bunga… O‘zimizni o‘zimizdan uzoqlashtirdi. Hissiyotlar muzlab bormoqdaki, bunga bandilik oqibatida, yaxshi-yomon qorishiq abgor dunyoning ahvoli tasavvurimizdan ezgulikka esh tushunchalarni siqib chiqarmoqda.
Tan olaylik, deyarli hammamizning uyimizda shu ahvol, bolalarimiz, nevaralarimiz o‘zimizga qo‘shilib telefonni “yeb-yutishmoqda”.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Yevropaning qaysidir bir shahrida tirband avtobusda kitob o‘qiyotgan bolakayning suvrati berildi. Qalb ko‘zi ochiq odamlar uchun, butun dunyoda Yaxshilik, Ezgulik, Odamiylik va Hayrat timsolida namoyon bo‘ldi u. Ha, biz shu ahvolga keldik: kitob o‘qiyotgan bolakayni ko‘rsak, hayratlanamiz… Aslida, bu fojia emasmi?
Ba’zida menga, “O‘zingiz ham hikoyalaringizni internetga joylaysiz-ku, qo‘ltelefon bo‘lmasa, sizning yozganlaringizni o‘qimasdik-ku”, deya izza qilmoqchi bo‘ladilar.
Men yozganlarimni kitob holida ham chiqarishim mumkin, faqat telefonga termilgan omma dunyoda adabiyot, yaxshilik va ezgulik degan narsalar ham borligini bilib tursin, hech bo‘lmasa, kimdir o‘qiydi-ku, degan fikrda internetga narsa joylayman. Aminmanki, bugun ijtimoiy tarmoqlarga qalb harorati sezilib turgan adabiy asarlar, she’r va maqolalar, tarjimalar joylayotgan ziyolilarimizda ham shunday fikr bor.
Kitobsizlik kasaliga yo‘liqqan jamiyatda odamlar ruhiy mohiyatini yo‘qotib qo‘ymasin, degan maqsadda internetdan minbar topgan adib-u shoir, tarjimon va jurnalistlar, olimlarimizga ta’zim qilaman. Xudoga shukr, ozmi-ko‘pmi bular ommani nurga yuzlantirishga urinmoqdalar va bunga umid qilmoqdalar… Bu o‘rinda barcha adabiy – ma’naviy saytlar, ma’rifiy tarmoqlarga tashakkur aytaman. O‘zim ko‘rib-bilib, o‘qib borayotgan zamondosh ziyolilarimizning xayrli ishlari, garchand, jaholat bo‘roniga qarshi qo‘lda shamchiroq ko‘tarib chiqqan darveshni eslatsa-da, uning nuri zulumotni yoritishiga ishonaman, agar ishonmasam, bu dunyoda ezgulik degan tushunchaning “e” harfi ham qolmaydi-ku, bunday dunyoda yashashning nima ma’nosi bor?!
Hamon kitob nashri yo‘lida ter to‘kayotgan, biri ikki bo‘lishi dargumon noshirlarimizga ta’zim qilaman. Moddiy jihatdan so‘li qurib, zo‘rg‘a nafas olayotgan bo‘lsa-da, davr zarbasidan o‘zini bazo‘r o‘nglab, oyoqda arang tik turgan nashriyotlarimiz, bu muhitda o‘zini ortiqchaday sezib, qimtinib turgan, qay bir eshiklar oldidan obunasi abgor holda bosh egib qaytayotgan gazeta-jurnallarimiz, ularning muharrir-u muxbirlari oldida bosh egaman. Iltimos, yiqilmanglar, sizlar taslim bo‘lsangiz, ko‘p narsa qo‘ldan ketadi. Ha, ko‘p narsa…
Kitoblar hech qachon hech kimga yuk bo‘lmaydi. Chunki kitobda dunyoning yuki, dunyoning mohiyati bor. Ular dunyoni qutqarib qolishi mumkin. “Dunyoni bolalarga beraylik, hech bo‘lmasa bir kungina bolalarga beraylik…”, degan aqida bilan ulg‘aygan katta avlod vakillari endilikda, bu tagdor tushunchaning mohiyati o‘zgarganini ham sezib turibmiz. Mayli, dunyoni bolalarga bermaylik, faqat qo‘limizdan keladigan ish, bolalarimizni telefon qaramligidan qutqaraylik. Buning uchun o‘zimiz qo‘limizga kitob olishimiz kerak, albatta…
Yana bir gap; ta’lim tizimining tepasida turganlar o‘ylab ko‘rishar, ehtimol, bolalar nashrlarini tekin qilish kerakdir, hech bo‘lmaganda, har bir sinfga bittadan o‘quvchilarning gazet-jurnali kirib borsa, muallim shu nashrlardagi she’r va hikoyalar, maqolalar yuzasidan ham uyga topshiriqlar bersa, balki bolalarimizda kitob o‘qish ko‘nikmasi shakllanarmidi… Axir o‘sha nashrlarda millat mafkurasi, qadriyatlarimiz, davlat siyosati mohiyati bolalarbop tilda aks ettiriladi. Har holda, bola bu dunyoda shunday o‘qiydigan narsalar ham borligini, dunyo faqat telefondan iborat emasligini anglarmidi, deyman-da.
Yana bir orzu, iltimos, kulmang, O‘zbekistonda bir kunni Kitob kuni deb belgilash kerakmikan. O‘sha kuni televideniye, radio, barcha saytlar ertalabdan kitob haqida gapirsa, ota-onalar, bobo-momolar uyiga farzandlar hamda nabiralar uchun kitob ko‘tarib kelsa, mayli, bozorto‘rvada sabzi-piyoz bilan birga bir donagina bolalar kitobi bo‘lsa! Amaldormi, hokimmi yo vazirmi, xullas, Prezident aytgandan keyingina o‘qigan maktabiga kitob sovg‘a qilganlarning (esingizdami) bari-barining qo‘lida hech bo‘lmasa o‘sha kun bittagina kitob bo‘lsa! Xullas, kitob kunini muqaddas bayramday o‘tkazsak…
Siz dunyoni qutqarishga urinmang, o‘zingizni o‘zingizdan, ya’ni, Insonni Insondan qutqarishni o‘rganing, shuning o‘zi yetadi. Shundagina siz dunyoni qutqarasiz. Nimadan deysizmi? Axloqsizlik, fahsh, yovuzlik, ochko‘zlik, hasad, xiyonat, sotqinlik, jamiki urushlardan… Dunyo joyida turibdi, lekin, bugun Inson ilohiy maqomi – insoniylikdan tobora mosuvo bo‘lib boryapti.
Yana bir gap. “Jadid” gazetasi chop etila boshlagan dastlabki oylarda har juma oqshomi “Madaniyat va ma’rifat” telekanali orqali unda chop etilgan dolzarb maqolalarning sharhi berilar edi. Ko‘pchilik shu ko‘rsatuvga o‘rgangan edi. Chunki jamiyatdagi og‘riqli muammolar ko‘tarilib, taniqli olim, adiblar munozaraga kirishardi. Negadir keyingi vaqtlarda ana shu ko‘rsatuv efirga berilmay qo‘ydi. Ana shu dasturni imkoni bo‘lsa, boshqacharoq, zamonaviyroq formatda qayta tiklash zarur. Aks holda, jiddiy matbuotda ko‘tarilayotgan masalalar tor doirada qolib ketaveradi.
Xullas, bosma so‘zning qadrini baland tutaylik, demoqchiman.
Qo‘chqor NORQOBIL
“Jadid” gazetasining 2024-yil 13-dekabrdagi 51-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600
