13.04.2024 | 07:45
710
HAYKALTAROSHLARNING ADIBI

Kuni kecha O‘zbekiston xalq rassomi, Davlat mukofoti sovrindori Jaloliddin (Ravshan) Mirtojiyev (1954-2015) tavalludining 70-yilligi munosabati bilan haykaltarosh yashagan poytaxtimizning Amir Temur ko‘chasi 89-“A” uyda yodgorlik lavhasi hamda O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida “Men o‘zbekning musavviriman” nomli xotira ko‘rgazmasining ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston xalq rassomi Javlon Umarbekov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston xalq rassomi Jasvant Annazarov va boshqalar atoqli haykaltaroshning mehnatkashligi, mehribon ustozligi hamda ijodining o‘ziga xosliklari haqida o‘z fikrlarini aytib o‘tdilar.
Har yili Andijon shahri markazida buyuk shoir va shoh Zahiriddin Muhammad Bobur sharafiga o‘rnatilgan mahobatli haykal poyiga gullar qo‘yganimizda, ushbu yodgorlik muallifi, O‘zbekiston xalq rassomi Jaloliddin Mirtojiyev (1954-2014) yodimga tushadi. Mustaqillikning dastlabki yillarida Bobur bobomiz tavalludining 510 yilligi munosabati bilan o‘rnatilgan bu yodgorlik nafaqat andijonliklar, balki barcha yurtdoshlarimiz qalbiga mislsiz g‘urur bag‘ishlagan edi. Yodgorlik haqida Jaloliddin aka 2013-yilda bo‘lib o‘tgan suhbatimizda: “Bu birinchi va muvaffaqiyatli katta ishim. Ijodiy parvozlarga yo‘l ochgan asarim. Meni doim Bobur bobomizning ruhi qo‘llaydi!” degan edi.
Haqiqatan, hamisha qizg‘in ijodiy jarayon ichida bo‘lgan haykaltarosh qisqa umri davomida ko‘plab o‘lmas asarlar yaratib, xalqimiz, adabiyot va san’at ixlosmandlari qalbida o‘chmas iz qoldirdi.
Asli toshkentlik bo‘lsa ham, Jaloliddin akaning yoshligi Andijonda o‘tgan, shu yerda o‘rta maktabni bitirgan, 1977-yili Toshkent teatr-rassomchilik institutini tugatgach, mehnat faoliyatini ham Andijonda boshlab, 1997-yili poytaxtga kelgan. Shu sababdanmi, vodiy xalqining orzu-armonlarini chin qalbdan his etgan rassomga bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur haykalini yaratish baxti nasib etgandir.
Jaloliddin Mirtojiyevning 70-yilligi munosabati bilan tug‘ilgan kuni (17-fevral) arafasida uning ijodiga bag‘ishlangan katta ko‘rgazma ochilishini bir jihatdan Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuniga bog‘lasa ham bo‘ladi. Chunki namoyish etilayotgan asarlar orasida Boburning Andijondagi haykalidan boshqa 1995-yilda yaratilgan “Chavgon o‘ynayotgan Bobur” nomli kompozitsiyasi (hozir bu asarning asli Shveytsariyaning Lozanna shahridagi muzeyda saqlanadi) ham, Adiblar xiyoboniga o‘rnatilgan Bobur haykali ham o‘rin olgan. Har uch asar bir-biridan ham mazmunan, ham shaklan farqlanib, buyuk bobomiz hayotining turli davrlarini aks ettiradi.
Jaloliddin aka o‘z ijodini adabiyotga bag‘ishlagan, deb aytish mumkin. Bunga ko‘plab misollar bor. Ayniqsa, dastlabki ishlaridan biri – “Poeziya” nomli bejirim haykalchasini yaratilishi bejiz emas. Bir qarasangiz, samoviy ohangga mahliyo bo‘lgan, bir qarasangiz xirgoyi qilayotganga o‘xshash bolakay timsolida muallifning o‘zini tasavvur qilsak ham xato bo‘lmaydi. Bu ilhom onlari… Irland shoiri Persi Bishi Shelli zavqiyob lahzani o‘zgacha ta’riflagan: “Olamni unutib, yolg‘iz o‘ylarga berilgan bolakay beixtiyor shodligini xirgoyi va xatti-harakatlari orqali ifodalaydi; uning ishoralari, qo‘shig‘ining ohangi qalbidagi yoqimli kechinmalarga uyg‘un keladi, jo‘shqin tuyg‘ularini namoyon etadi”.
Shuningdek, bronzadan ishlangan “Qishloqda yoz”, “Oy tutilishi” singari shoirona asarlari “Poeziya” haqida aytgan fikrlarimizni tasdiqlaydi. Albatta, adabiyot namoyandalarining siymolarini yaratishga bel bog‘lagan san’atkorning o‘zi ham hassos qalb egasi bo‘lgan.
Keyinchalik adabiyotning sehrli dunyosida hayratga tushgan haykaltarosh allomalarning siymolarini aks ettirishga kirishdi: mutafakkir Alisher Navoiy bobomizga bag‘ishlangan haykallari Yaponiya, Rossiya, Latviya va Ozarbayjonda o‘rnatildi.
Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek singari allomalarga bag‘ishlangan asarlari sharofati bilan dunyoning Vashington, Chan-Chun (Xitoy), Qohira kabi o‘nga yaqin shaharlariga borish baxtiga yetishdi.
Yurtimiz allomalarining siymolarini mehr-sadoqat bilan yaratgan ijodkorning turli janrlardagi asarlari yuqorida ta’kidlangan davlatlardan tashqari Fransiya, Koreya, Xitoy, Turkiya singari o‘nga yaqin mamlakatlardagi muzeylarda saqlanmoqda. Mirtojiyevning xalqaro miqyosdagi obro‘si ham havas qilgulik: Tokio Fudji badiiy muzeyining medali sohibi, Shanxay universitetining faxriy professori…
Haykaltarosh asarlarining yaratilish sanalariga qarasak, O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillaridan Jaloliddin Mirtojiyev ijodida yuksalish davri boshlanganiga guvoh bo‘lamiz. Yurtimiz mustaqilligi sharofati bilan millat tarixining nurli sahifalari ochilishi ijodkorga so‘nmas ilhom, imkon, yangi ijodiy mavzular berdi. Istiqlol barcha sohalarda taraqqiyot yo‘lini ochganidek, san’atning mahobatli haykaltaroshlik yo‘nalishida ham chinakam rivojlanish jarayonlari boshlandi. Bu, ayniqsa, Mirtojiyevning ijodiy faoliyatida yaqqol ko‘rinadi. Respublikamizda yigirmadan ortiq, xorijiy mamlakatlarda o‘nga yaqin ijodiy ishlari e’tirof etildi. Milliy ma’naviyatimizning yanada yorqin namoyon bo‘lib borishi, qolaversa, millatimiz suyanchi – ulug‘ allomalar bois, ularga bag‘ishlangan asarlari bois xalqaro miqyosda tanildi.
O‘zbekiston Milliy bog‘i hududidagi Adiblar xiyobonida Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Zulfiyaxonim singari atoqli adiblarimizga bag‘ishlangan yodgorliklar ham Jaloliddin Mirtojiyev tomonidan ishlangan.
Mustaqillik sharofati bilan nomlari ulug‘langan jadid bobolarimiz – Cho‘lpon (Andijon, 1997-yil.), Fitrat (Buxoro, 1996-yil.), Elbek (G‘azalkent, 1998-yil.) siymolarining eskizlari, suratlari bilan tanishar ekansiz, qalbingizda faxr va hayrat tuyg‘ulari uyg‘onadi.
Shuningdek, Andijon, Jizzax, Farg‘ona shaharlaridagi “Motamsaro Ona” monumentlari, Qarshi shahridagi “El-yurt tayanchi” monumenti, Samarqand shahridagi Ro‘dakiy, Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy haykali… Bu ro‘yxatni istagancha davom ettirish mumkin. Ular hali san’atshunoslar tomonidan chuqur o‘rganilishi, muallifning mahorati, tasviriy san’atdagi o‘ziga xos uslubi ilmiy jihatdan ta’rif va tavsiflanishi maqsadga muvofiqdir.
Albatta, Jaloliddin akaning tasviriy san’atda bunchalik katta muvaffaqiyatlarga erishuvi zaminida uning kamtarligi, mehnatsevarligi, izlanuvchanligi va eng asosiysi, Vatanga, adabiyotga muhabbati turganini e’tirof etamiz.
Humoyun AKBAROV
2024-yil 16-fevral 8-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



