Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.01.2025 | 09:17

img5074

BEHBUDIY BERGAN SABOQLAR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda qabul qilingan “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida tarix va taraqqiyot masalalariga e’tibor qaratilgani bejiz emas. Chunki Behbudiy adabiy merosida bu masalalar jiddiy muhokama qilingan. Aslida Mahmudxo‘ja Behbudiy degan tabarruk nom tilga olinganida beixtiyor tarix tiriladi. Xususan, jadidlar harakati, ular ochgan maktablar, gazeta-jurnallar, teatr, adabiyot, ma’rifatparvarlarning ilm-fanga, dinga, dunyoga – umuman, bashariyat hayotining juda ko‘p jabhalariga munosabatlari tasavvurimizda jonlanadi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z shaxsining ijtimoiylashgani, o‘z nafsini yengib, omma manfaati uchun kurash maydoniga otlangani, sayohatlarga chiqib olam kezgani, dunyoqarashining kengligi, yangilikka tashnaligi, o‘zi mansub millat va tavallud topgan Vatan sha’ni yo‘lida beqiyos xizmatlar qilgani, zamonasining ilg‘or ziyolilarini izidan ergashtirgani, ko‘plab munosib shogirdlar tarbiyalagani, ayniqsa, o‘z millatining dunyodagi boshqa biror qavmdan kam bo‘lmasligini yurak-yurakdan istagani bilan boshqa jadidlar orasida oftobdek porlab ajralib turadi.

Behbudiyning “Taraqqiy” gazetasida bosilgan “Gazeta nadur” (1907-yil 11-son) nomli maqolasi bor. Vaqtli matbuot qadr-qiymatini atroflicha tushuntirgan Behbudiy tarixdan misollar keltiradi. Dunyo ziyo ahli nashr qilayotgan gazeta va jurnallar borasida ma’lumotlar taqdim etadi. “Bu kun Misr, Istanbul, Hijoz, Quddus mamlakatlarida har xil gazetlardan yuzdan ziyoda chiqar”, Rusiyada chiqayotgan “har nav jarida va majallalarni adadi bir mingg‘a yetib balki o‘tadur”. 1905-yildan keyingi ikki yil ichida Rusiya musulmonlari tomonidan o‘ttizdan ortiq gazeta va jurnal chiqarilmoqda ekan.

Ayni maqolada Behbudiy sarlavhaga qo‘ygan savolga javob o‘laroq: “Shundayki, jarida oyinayi jahonnomadur. Gazet o‘quydurgan kishi dunyodagi barcha xabar va hodisalarni, har toifaning taraqqiy va tanazzuli, uning sabab va illatini o‘z din va millatig‘a qaysi toifa do‘st, qaysi toifa dushmanligini bilur”, deb yozadi. Tabiiyki, bunda gazetani kim chiqarayotgani va jamoaning maslagi ham muhim.

Behbudiy o‘z maqolalarida “taraqqiyparvarlar g‘ofil bo‘lmasun” degan gapni ko‘p takrorlaydi. “Qulil haqqa valav kana murran” – “Achchiq bo‘lsa ham haqiqatni aytgin”. Ha, haqiqat achchiq. Hikmatdan murod – tarixga, zamonga, taraqqiyotga tegishli achchiq haqiqatni o‘z o‘rni va o‘z vaqtida aytish lozim.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning sharq va g‘arb olamidagi allomalar tomonidan yuzaga chiqarilgan, kashf etilgan, ixtiro qilingan narsalar to‘g‘risida “Tarixi ixtiro’i bashar – odamlarning chiqargon nimarsalari” nomli ma’lumotlarga boy asari bor. To‘g‘risi, bunday ma’lumotlarni yozish uchun ulkan tarix kitoblarini o‘qish lozim. Behbudiy asari tarkibida o‘zi foydalangan manbalarni, ya’ni “Tarixi umumiy”, “Tarixi madaniyat”, “Madaniyati islomiya”, “Koinot”, “Tarix va jug‘rofiya lug‘ati”, “Tarixi tamaddun” kabi bir qator kitob va risolalarni nomma-nom sanaydi. “Ko‘rganlarimdan ko‘chirganlarim” degan muhtasham ruknda ommaviy ilmiynamo tadqiqotbozlik hukm surayotgan bugungi kunda Behbudiy ijodi, bayon usuli ayni jihati bilan ham grafomanlarga ibrat, albatta. Behbudiyning niyati xolis, maqsadi aniq: “Tarixdan bexabar ba’zi kishilar va yoinki dushmanlar musulmonlarni avvaldan oxirgacha nodon, vahshiy ko‘rsaturlar. Musulmonlar dunyog‘a hech nima ixtiro qilmadi, derlarki, ul g‘alatdur va har bir sharaf va hunarmandlikni, bu kungi faranglarg‘a isnod bermoq ham to‘g‘ri emas. Chunki dunyodan o‘tganlar o‘z navbatlarida ishlab, hunar ko‘rsatib o‘tdi va ushbu kungi ixtirolar uchun asbob hozirlab qo‘ydi va hozir faranglar navbatidur”. Oqqan daryolar oqishini yaxshi bilgan Behbudiy charxi kajraftorning bir evrilishidan, taraqqiyotda zamin ahlini ergashtirish navbati bizga kelishidan umid etadi. Adib yozadi: “Bir zamon kelurki, navbat boshqalarga tegar, bul dunyoning odatidur”. Taraqqiyot rubi maskunning turli qit’alariga ko‘chib turishi tabiiydir. Jadidlarning dunyo va taraqqiy zamon bilan hamnafas bo‘lish degan g‘oyasi zimnida benihoya ulkan g‘oya mujassam. Behbudiy bu yorug‘ olamda bo‘layotgan voqea-hodisalardan, yangiliklardan, kashfiyotlardan, nashr bo‘layotgan kitoblardan boxabarlikni tashviq qiladi. Buning uchun esa o‘z zamondoshlarini ma’rifatga, ilm olishga, tillarni o‘rganishga, ayniqsa, dunyoning to‘rt tarafidan beto‘xtov kelib turgan gazeta va jurnallarni o‘qishga chaqiradi. Zamon bilan hamqadam bo‘lish, mutaraqqiy dunyo ahli bilan hamnafas bo‘lish yo‘lida Behbudiy ulamo bilan yoshlarni tayanch deb biladi. Yoshlarni o‘qitish kerakligini takror va takror ta’kidlaydi. Tarixga murojaat qilar ekan, to‘g‘risi, Behbudiy yozgan asarlari tarkibida kelgan dunyoga mashhur allomalar, shaxsiyatlarning nomlari va ular qoldirgan meros sanog‘ining o‘ziyoq odamni hayratga soladi. Behbudiy o‘z maqola va risolalarida sanagan kitoblarni o‘qib, mag‘zini chaqib, shimmasini siz-u bizga taqdim etadi. Biz hali hanuz Behbudiy taqdim etgan maqolalar, ayrim muhim asarlarni ham oxirigacha o‘qiy olganimiz, tabdil qila olganimiz yo‘q. Bir joyda depsinish, birovlarning tayyor oshlariga bakovullik, o‘rtakashlik, dallollik kuchli bizning “ilm”da. Yangilik, izlanish o‘rniga tayyor tabdillardan maqolalar, risolalar, monografiyalar yasash jarayoni shiddatli bizda. Holbuki, Behbudiyni anglash uchun ular o‘qigan, biz uchun ma’lumot o‘rnida taqdim etgan xorijiy tilda yozilgan kitoblarni tarjima qilib, o‘qish lozim.

Behbudiyning olam hodisalariga munosabati zamirida o‘rnak bor. Uning do‘st bilan dushmanni ajrata bilish tamizi orasta. O‘z qarashlarining isboti uchun keltirgan dalillari kuchli. Behbudiyning mezoni – tarozisi toshlarining ichi kovak emas. Shuning uchun ham uning maqolalari tarkibida o‘nlab sharq allomalarining ismlari, asarlarining nomlari keladi. Ayni chog‘da dunyoga taniqli Arastu, Aflotun, Suqrot singari faylasuflar esga olinadi. Rus tilini mukammal bilgani uchun ruscha kitoblarga, rus olimlari fikrlariga murojaat qiladi. Behbudiy hazratning dunyo tamadduni, dunyo olimlari va dunyoga mashhur kitoblar bilan tillashuvida, ogohligida, hayqirig‘ida juda katta dard, juda katta orzu va ma’no bor. Bugun tarjimayiholshunoslik mashmashalaridan biroz balandlab, Mahmudxo‘ja Behbudiy hazrat yozganlarini sinchiklab, hijjalab, so‘zma-so‘z, satrma-satr o‘qish, uqish va u zoti sharifning qalbini butkul anglash zamoni keldi. Buning uchun esa Prezident qarorida ta’kidlanganidek, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Tanlangan asarlar” to‘plamini ommaviy nashr qilish zarur.

“Islohi tahsil” maqolasida Behbudiy “umumdiniya va adabiyoti arabiyani muntazam tahsil qilmoqqa va ul taraf usul tahsilini bilib kelmak uchun Misrg‘a talaba yuborayluk”, deb yozadi. Ikkinchidan, zamon ilmlari, iqtisod fani, siyosat yo‘rig‘i, adabiyot, san’at va “hikmati jadidadan xabardor bo‘lmoq uchun” ilg‘or maktablarga, xususan “akmal tahsillari uchun Peterburg‘dagi dorulfunun va makotibi oliyag‘a talaba yuborayluk”, deya tavsiyalar beradi. Shunda tamaddunga erishish, dunyo ahliga o‘xshab, taraqqiy qilish mumkin. Shunda o‘z millating orasidan hokimlar, tabiblar, olimlar yetishib chiqadi. Shunda yuksalish sarbaland bo‘ladi; “ajnabiylarg‘a asir va xizmatkor bo‘lmoqdin o‘zimizni” saqlashimiz imkoniga ega bo‘lamiz (Behbudiy “Tujjor”. 1907-yil 10-son).

Behbudiy jadidlar rahnamosi sifatida millatni yetaklovchi oydin fikrli ziyolilar oldiga ana shunday juda ulkan maqsadli rejalarni ko‘ndalang qo‘yadi. Ba’zan bu fikrlar kurashi kechayotgan maydonda yolg‘iz ekanini ham sezadi, atrofidagi taraqqiyparvarlarni o‘zaro og‘ziolachilik, parokandalik va nifoqqa barham berishga chorlaydi; ularni birlikka, birdamlik va hushyorlikka da’vat etadi.

Behbudiy “taraqqiyot” konsepsiyasining negizini ilm tashkil etadi. Har qanday millat dunyoda o‘z o‘rnini ilm bilan topadi. “Padarkush” dramasining asosida ham shu tezis turadi. Dramadagi ziyoli: “Dunyog‘a taraqqiy qilgan xalq ilm vositasi ila taraqqiy qiladi. Asir va zabun bo‘lganlarda beilmlikdan”, deydi.

Tarix masalasini muhokama qilar ekan, Behbudiy taraqqiyot tushunchasini unga yonma-yon qo‘yadi. “Turkiston tarixi kerak” maqolasida yozadi: “Tarix ko‘b ahamiyatli va foydali bir narsadur. Tarixning foydalaridan ba’zisi ushbudurki: bir millat na tariqada, qiyosiy yo‘l ila taraqqiy etganin o‘qub ibrat olmak yoki bir millatning na sabablardan tanazzul etib, oxiri inqiroz bo‘lub ketganin o‘qub, mundan ham istifoda etmak mumkindur. Shuning uchun bizning o‘z shevamizda Turkistonda o‘tgan bobolarimizning maishiy, siyosiy ahvolig‘a doir “Turkiston tarixi” bor bo‘lganda, uni ko‘z oldimizda qo‘yub, burung‘i qahramon bobolarimizning na yo‘l ila taraqqiy va madaniyat davrig‘a kirib va nima sababdan oxir inqiroz bo‘lub ketganlarini o‘qub, bilub, xiyli ibrat olar eduk”. Xo‘sh, Turkistonning bunday shonli, milliy tarixini kim yozadi? Behbudiy yosh muarrix “muhtaram Ahmad Zaki Validiy afandining qalamidan umid” etadi (“Oyina”. 1914-yil, 38-son).

Behbudiy 23 yoshli Zaki Validiyning “Turkiston tarixi”ni yozishiga ishonch bildiradi. O‘sha zamondagi bordi-keldilar, aloqalar, robitalar naqadar kuchli bo‘lganini tasavvur qilish mumkin. Turkiston tarixini yozadigan yosh muarrix nomzodini Behbudiy tavsiya qilmoqda. Bugun biroz mulohaza qilaylik. Biz turkiy dunyodagi yoshi 25 ga yetmagan qaysi olimni taniymiz? Uning biror kitobidan xabarimiz bormi? Holbuki, zamon globallashgan, muloqot imkoniyatlari cheksiz. Biroq biz qardoshlar bir-birimizni yaxshi tanimaymiz, to‘g‘risi. Mabodo biror xalqaro anjumanga xorijdan biror olim, mutaxassis kelib qolsa, uni boshqa hamkasblar bilan tanishuvidan ihotalab yurishlarini ko‘rib, eshitib ilm ahlining hasadi – bu ulkan milliy-mahalliy fojia ekaniga iqror bo‘ldim.

Behbudiy “Muhtaram samarqandiylarg‘a xolisona arz” maqolasini shunday boshlaydi. “Ahli xabarning ma’lumidurkim, eski hukumat zamonida har nimarsa amr va buyruq ila bo‘lur edi. Xaloyiqning diniy va milliy ishlarini islohi va rivoji to‘g‘risida qilaturg‘on harakatlarg‘a yo‘l berilmas edi. Hech nimarsa hukumatdin bejavob va iznsiz qilina olmas edi. Hozirda bo‘lsa, Xudoyi taolo bizg‘a hurriyat berdi. Diniy va milliy islohot va taraqqiyimiz uchun harakat va sa’y etmoqg‘a yo‘l ochuqdir…” (Behbudiy. “Hurriyat”. 1917-yil 13-may).

Behbudiyni anglamoq uchun unga, uning dardiga, g‘amiga, jahdiga, jonfidoligiga, hissiyotiga yaqinroq bormoq kerak. Behbudiy bilan oradagi masofani qisqartirish lozim. Aks holda Behbudiy hazratlari bizga ko‘nglini ochmaydi. Behbudiyni anglash uchun chin millatparvar, chin vatanparvar bo‘lmoq kerak. Mansabparast, molparast, shuhratparast, minbarparast, unvonparast, obro‘parast kimsalar bilan Behbudiyning g‘oyasi, fikri, qarashi aslo birlashmaydi. Ko‘ngli ochiq odamning yo‘li ochiq bo‘ladi. Shon-shuhrat, mol-dunyo, mansab-martaba, mukofot kerakmi, marhamat, ular xolis niyatli odamga kutilmagan tomonidan keladi. Ular so‘rab, talashib, tilanib olinmaydi. Qozoniladi. Buning uchun mehnat, zahmat, xizmat lozim. Xolisona, Alloh yo‘lida ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lmoq, iysor lozim.

Hayhot, Behbudiyni anglamaganlar va anglashni xohlamaganlar, o‘qimaganlar va o‘qishni istamaganlar hali bugun ham mug‘ombirona miyig‘ida kulib qo‘yishadi; ezgu g‘oyalarni “avvaldan qolgan asotirlar” deb atashadi. Holbuki, bugun iymon va vijdonga ko‘zgu tutadigan zamondir. Holbuki, bugun Behbudiyni anglaydigan va uning borlig‘ini har kimga anglatadigan zamondir. Bugun ilm zamoni, Behbudiy xohlagan hurriyat zamoni. Bu kunlarning qadriga yetmoq kerak. Dunyo ahli bilan, mutaraqqiy millatlar bilan do‘st, inoq, hamkor, hamfikr bo‘lmoq kerak. Biz ham aql zaxiralarini ishlatadigan zamon muhitida istiqomat qilmoqdamiz. Biz bugun ham qaddimizni tik tutmay, egilib-bukilib kun ko‘rar ekanmiz, olam va bashariyat oldida kulgiga qolamiz. Biz bugun o‘z hurligimizni, o‘z erkimizni, o‘z huquqimizni, o‘zligimiz va kimligimizni teran anglamas ekanmiz, dunyo ahli oldida masxara bo‘lamiz. Zotan, ikki dunyo saodatini qo‘lga kiritmoq uchun inson o‘laroq, komil inson o‘laroq yashamoq kerak. Behbudiy hazratlari shunday saboq beradi.

Bahodir KARIM,
professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 17-yanvardagi 3-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img97

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img610

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img607