19.01.2026 | 17:39
1317
BEHBUDIY YILI
O‘zJOKU professori, filologiya fanlari doktori Halim SAIDOV bilan suhbat

– Domla, Mahmudxo‘ja Behbudiyning 150 yilligi va bu sana bilan bog‘liq voqealar Sizda qanday taassurot qoldirdi?
– Albatta, har bir o‘zbekistonlik uchun xayrlashgan yilimiz o‘z sohasida betakror o‘tgan bo‘lishi mumkinligini va ularning fikrlarini hurmat qilgan holda ta’kidlab aytamanki, 2025-yil kamina uchun betakror vatandoshimiz, xalqimiz donishmandlaridan biri sifatida tarixga kirgan Mahmudxo‘ja Behbudiy bobomizning yili bo‘ldi.
Juda ko‘p savobli ishlar amalga oshirildi. Ularni “Jadid” gazetasi muntazam yoritib borganini mushtariylar yaxshi biladi.
– Mahmudxo‘ja Behbudiyga bag‘ishlangan “Turkiston dahosi” kitobingiz chop etilgani bilan tabriklaymiz. Asar alloma tavalludining 150 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi. Jadidlarga qiziqishingiz qachondan boshlangan?
– Rahmat tabrik uchun. Jadidlarga qiziqishim bobom tufayli o‘quvchilik davrimdan boshlangan. Ilk bor “Oyina” jurnalini, adashmasam, yettinchi yo sakkizinchi sinfligimda ko‘rganman. O‘sha fursatda bobom ustozligida “Haftiyak”dan “Chorkitob”ga o‘tgan edim. “Chorkitob”ning harfiga ko‘nikishim qiyin bo‘lgani bois, zer-u zabarsiz har xil eski kitoblarni topib o‘qishga harakat qilardim. Bu harf tanish ko‘nikmamni charxlardi. Bir kuni yerto‘lada yashirib qo‘yilgan arab alifbosidagi kitoblarni ko‘rib qolganman. Ular orasida “Oyina” jurnali sahifalariga ko‘zim tushdi. “Bobo, nega bu kitoblar yerto‘lada saqlanadi?” deb so‘raganman. U kishi biroz sukut saqlab: “Ruxsat berilgan kitobni o‘qiyver, bolam”, deganlar…
1987-yilda jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdim. Mustaqillik arafasida bir domlamiz bilan jadidlar borasida tortishib qolganman. Fikringni ilmiy jihatdan isbotlab bergin, deya bahsga g‘olibona nuqta qo‘ygandi domla. Shu voqea bo‘lib, yana “Oyina”ga, Behbudiy ijodiga jiddiyroq murojaat qila boshlaganman. Ilk maqolam kursimizning devoriy gazetasida, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon qilingan. Ustozim Mahmud Sa’diy daldasi va ilmiy rahbarligida diplom ishim mavzusi ham Behbudiyning publitsistik va muharrirlik faoliyatiga bag‘ishlandi. Keyinchalik ilmiy jamoatchilik orasida shov-shuv bo‘lgan yana qator materiallarim shu nashrda chop etildi. Bu paytda men aspiranturada Behbudiy mavzusini chuqurlashtirib tadqiqot olib borayotgan edim.
Umuman, jadidlarga mehrim bo‘lakcha. Bularning o‘rtasidagi bahs-munozaralar, ayniqsa, mehr-oqibat meni hayratga solgan. Masalan, Behbudiy “Samarqand” gazetasi iqtisodiy qiyinchilik sabab yopilishini nashr orqali e’lon qiladi. Gazeta ertalab Toshkentga yetib kelgach, Munavvar qori voqeadan xabar topadi, shaxsan o‘zi uyma-uy yurib shahar ziyolilari, boylaridan mablag‘ to‘playdi. Pulni tugunchaga o‘rab, o‘sha kuniyoq kech payti poyezdda Samarqandga yo‘lga chiqadi. Ertalab “Samarqand” gazetasi tahririyatiga kirib boradi va gazetani chop etishda davom etish kerakligini muharrirga aytadi. Bu gaplarni o‘z davrining zabardast ziyolisi Munavvar qori Abdurashidxonov emas, uning ortidan tushgan “Shaxrisyabskiy” laqabli xufya “oxranka” idorasiga yozib bergan. Oqibati nima bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zaro munosabat, harakatni qarang! Tasavvur qilyapsizmi? Buning uchun qanaqa inson bo‘lish kerak? Darvoqe, Behbudiy safdoshi Munavvar qoriga Munavvarxon deya murojaat qilgan ekan.
Eng ko‘p azob tortgan, tazyiq-u tahdidlarga uchragan, o‘z maqsadidan qaytmagan, alaloqibat qurbon bo‘lgan dastlabki jadidlar Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvar qori Abdurashidxonov hisoblanadi. Chor “oxranka”sining ham, bolsheviklarning ham qora ro‘yxatida, siyosiy, tarixiy adabiyotlarida Behbudiy va Munavvar qorining nomi ketma-ket keladi. Ularga taqalmagan ayb, jinoyat, qabihlik qolmagan hisob. Ayniqsa, ularning har qadami tugul, olgan har nafasini NKVD (keyinchalik KGB) josuslari kuzatgan. Mustamlakachilar ulardan shu darajada xavfsiragan, qo‘rqqan.
Hatto, istiqlolning dastlabki davrida ham buning ta’siri kuzatildi. Misol uchun Fitrat, Qodiriy singari jadidlarimizga e’tibor bo‘ldi, lekin Behbudiy bilan Munavvar qori soyada qolib ketaverdi. Aytish kerakki, bu tarixiy kamchilik O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bartaraf etildi. “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” Prezident qarori imzolandi. Mana shu katta to‘yga men ham kichik hissamni qo‘shishni niyat qilgandim. Kitob chop etilishida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbariyati yaqindan yordam berdi, homiylik qildi. Chop etilgach, ilk munosabat “Jadid” gazetasida bosildi. Muallif professor Bahodir Karimovning fikrlarini o‘qib, juda xursand bo‘ldim.
Behbudiy va safdoshlarining zahmatlari oldida bizning mehnat hech gap emas. Bu ulug‘ zotlar xotirasini hurmat qilishimiz, ular haqida yanada ko‘proq tadqiqotlar olib borishimiz, yozishimiz, eng muhimi, ularga munosib bo‘lishimiz kerak.
– Kitoblaringizdan biri “Ma’rifat libosidagi ozodlik” deb nomlanadi. Modomiki, ozodlikka ma’rifat orqali erishish mumkin ekan, uni saqlab qolishda ham ilm-fanning o‘rni beqiyos bo‘ladi. Shunday emasmi?
– Behbudiy o‘z maqolalarida bir-ikki odam yoki ellik kishi bilan taraqqiy bo‘lmaydi, deydi. Mana, birinchi gazetamizning nomi ham “Taraqqiy”. Taraqqiy – rivojlanish degani. Rivojlanishning mohiyatida Ozodlik yotibdi, ya’ni ellik-oltmish chog‘li kishi bilan ozodlikka erishib bo‘lmaydi. Millatni safarbar qilish uchun esa ilm-ma’rifat kerak, deydi.
“Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, ilm va fandan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lur”.
Mahmudxo‘ja BEHBUDIY
Behbudiy maqola, hikoya, drama yozgan, gazeta-jurnal ochgan, tarjimalar bilan shug‘ullangan. Barcha vositalardan foydalanishga harakat qilgan, shu jarayonda beixtiyor jadidga – yangilik yaratuvchiga aylangan. Chunki unda tayyor qolip yo‘q edi. O‘zi yo‘l ochib yurishga majbur edi. Nima qilsa ham, shu millatning ongini yuksaltirish orzusida bo‘lgan. Boshqa jadidlar ham shu, hammasining maqsadi yagona. Shuning uchun bugun ham oldimizga savol qo‘yishimiz kerak: “Biz millatning ongini yuksaltirish uchun nima qilyapmiz?” Hammasi ular aytmoqchi, ta’lim-tarbiya orqali amalga oshadi.
Chor mustamlakachilari bosib olingan o‘lkalarda zamonaviy fanlarni o‘rganishga ataylab yo‘l bermagan. Bor tarixni ham soxtalashtirib, xalqni ajdodlarining boy merosidan mahrum qilgan. Jadidlarning birinchi qiladigan ishi tarixni xolis ko‘rsatish edi. “Samarqand” gazetasining birinchi sonida Registon ansamblining viqorli surati bosilgan. U paytlarda surat juda qimmatga tushsa-da, Behbudiy mablag‘ni ayamagan. Nega? Amir Temurning so‘zlarini eslang: “Agar bizning kuch-qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurdirgan imoratlarga boqing”. Surat bobolardan faxrlanish, poymol bo‘lgan g‘ururni ko‘tarish uchun berilgan. Shu bilan birga, tarixda qanday xato qadamlar tashlanganki, buyuk davlatimiz parchalandi, millatimiz boshqalarga poymol bo‘ldi, degan savolga javob beruvchi maqolalar yozishgan, darsliklar yaratishgan. Jadidlarning darsliklari faqat o‘quv adabiyoti emas, xoh tarix, xoh geografiya bo‘lsin, mavzular qatlariga milliy hurlik g‘oyasi singdirilgan.
– Domla, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida ta’lim beryapsiz. Bugun yoshlar o‘rtasida bir bahs ketmoqda: zamonaviy jurnalistikada amaliyot va nazariya o‘rtasidagi muvozanatni qanday ushlash kerak? Jurnalistga diplom kerakmi?
– Bu eski bahs. Bir fikrim bor: o‘qimasa ham jurnalist bo‘lish mumkin. Lekin oliy ta’lim nima uchun kerak? Bunda men asosiy nazariy bilimlarni bilish kerak, deb o‘ylayman. Biz sovet davrida shuni bilmaganmiz. Chunki bizga kommunistik matbuot nazariyasi bo‘yicha dars berishgan. Mustaqillik bo‘lgach, domlalar uni bir yumalatib, demokratik matbuot nazariyasi deb qo‘yishdi. Lekin bu bilan ish bitmaydi. Bugun dunyoda qanday nazariyalar o‘rganilyapti? Shu savolga javob topib, ularni ta’limga olib kirish, o‘z nazariyalarimizni yaratishimiz kerak. Masalan, G‘arb demokratiyasining bosib o‘tgan uchta mashhur nazariyasi bor: avtoritar, libertarian va ijtimoiy mas’uliyat nazariyasi.
Avtoritar nazariyaga ko‘ra, hukumatni, o‘sha paytda – podsho va uning hokimiyatini tanqid qilib bo‘lmaydi. Shundan keyin libertarian nazariyaga o‘tilgan. Bu agrar jamiyatdan sanoatlashish davriga o‘tishga xizmat qilgan. Libertarian nazariyada fikrni aytish huquqi berilgan va turli xil qarashlar jamiyatga kirib kela boshlagan. Mana shu omil asosan iqtisodni rivojlantirishda turtki bo‘lgan. Libertarian nazariyaning o‘ziga xosligi shuki, uning asosiy maqsadi hokimiyatga yordam beraman, demakdir. Garchi avtoritardan a’lo bo‘lsa ham, bunda baribir, hokimiyat matbuotni o‘zining xohishlaridan tashqariga chiqqani qo‘ymagan. Keyin Amerika, Yevropaning katta qismi ijtimoiy mas’uliyat nazariyasi bilan yashadi. Mana endi, ular axboriy jamiyat nazariyasiga o‘tyapti. Biz ham shu nazariyani axloqiy o‘ziga xosligimizni asragan holda qo‘llashimiz kerak. Davlat rahbari olib borayotgan siyosat va islohotlar axboriy jamiyat nazariyasiga o‘tishni taqozo qiladi.
Masalan, jadidlar avtoritar nazariyadan libertarian nazariyaga o‘tishga harakat qilgan. Qatag‘onlardan keyin biz avtoritardan kommunistik matbuot nazariyasiga o‘tdik. Bu rivojlanish emas, pastga tushdik, degani. Qanday qilib? Agar Nikolay zamonida erkin so‘z aytganlar mulki musodara qilinib, qamalgan bo‘lsa, bolsheviklar ularni qatl etish yo‘lidan bordi. Endi biz, olimlar sovetlardan qolgan qoliplardan voz kechib, dunyoning ilg‘or nazariyalarini milliy qadriyatlarimizga moslab rivojlantirishimiz kerak.
Ochiq fikrni eshita oladigan auditoriyani yaratishimiz kerak. Buning uchun fuqaro fozil bo‘lishi lozim. Uni kim tarbiyalaydi? Jurnalist, albatta. Shu nuqtayi nazardan, jurnalist o‘qishi kerak, nazariyalarni bilishi shart. Bu nazariyani amalga oshirishda xalqni o‘ziga yordamchi qilish uchun xalq bilan ham ishlaydigan darajada fikrlaydigan jurnalist bo‘lishi kerak. Faqat shov-shuvni ko‘tarib, “oh-voh” qiladigan emas.
– Ko‘rinib turibdiki, siz nihoyatda talabchan odamsiz. Odatda, bunday shaxslar avvalo o‘ziga talabchanlik qiladi. O‘z faoliyatingizdan, o‘tgan yillaringizdan qoniqasizmi?
– Yo‘q. Qoniqdim, deya olmayman. Qoniqdim, degan odam ishlamagan bo‘ladi. O‘z davrida ko‘tara olmagan masalalar meni qiynaydi. Masalan, til, alifbo masalasi, xususan, lotin yozuviga o‘tish muammolari, kollejlar masalasini oxirigacha ko‘tara olmaganmiz. Aslida, ular yaxshi niyatda tashkil qilindi, ammo ishlar oxiriga yetmay qolib ketdi. Buning oqibati haligacha sezilib turibdi.
Mana, bugungi oddiy misol. Germaniya hamshiralik ish o‘rniga o‘zbekistonliklarni taklif qildi. Lekin talabga yarasha hamshira chiqmadi. Chunki nemis tilini bilish kerak. Til bilganlarda esa ma’lumot yo‘q. Agar qizlar tibbiyot kollejlarida o‘qiganida edi, hozir bemalol katta oylik olib ishlayotgan bo‘lardi… Shuning uchun ham ta’lim muammolarini yoritishda yetarli ish qila olmaganman, deb o‘ylayman.
– Ustoz, suhbat davomida o‘rtaga tashlanmagan, lekin aytishni dilingizga tugib qo‘ygan fikrlaringiz bilan bo‘lishsangiz.
– Ilmni rivojlantirib, ilm olib, yonimizdagilarga ta’sir qilib, millatni o‘stirish uchun nima kerak bo‘lsa, hammasini qilishimiz kerak. “Eng zo‘r to‘y qilib, tarixda qolaman”, degan gap maqtanadigan narsa emas. Bugun bilim olgan, kashfiyot qilgan, yangi soha ochgan odamning maqtanadigan davri.
Yaqin-yaqingacha yer osti va yer usti boyliklarimizni xomashyo qilib sotib keldik. Tayyor mahsulotga aylantirib sotish haqida endi islohotlar boshladik. Nega bizning brendlarimiz arzon narxda-yu, boshqa davlatlarning brendi qimmat? Biz ularni sotib olamiz. Buning hammasi ilm, o‘qish, hunar bilan bog‘liq. Bitta hunar bilan qolib ketish emas, uni zamonaviy texnologiyalar bilan boyitish kerak. Chetdan tayyor qimmatbaho avtomobillar o‘rniga yangi avlod uskunalarini olib kirib yoki yaratib, xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirib, dunyoga taqdim etsak, ana o‘shanda rivojlanish bo‘ladi.
Umid shulki, bu yo‘lda astoydil mehnat qilayotgan fidoyilar bor. Ulardan ibrat olayotgan, ergashayotgan yoshlar safi ham kengayib bormoqda. Shuning uchun ham yoshlarimizga kuch-g‘ayrat, sabr-matonat va omad tilayman.
– Salomat bo‘ling, katta rahmat! Mushtariylar nomidan Sizga ilhom va sabot tilaymiz!
Suhbatdosh: Zarnigor IBROHIMOVA
“Jadid” gazetasining 2026-yil 16-yanvardagi 3-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



