Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.01.2025 | 09:43

img462

MA’RIFATPARVAR GENERAL QISMATI

Ismoil Gʻasprali, uning fojiali o‘limi munosabati bilan “Tarjimon” gazetasida chop qilingan yirik ta’ziyanomada “General Jo‘rabek tug‘ma askar o‘ldig‘i holda ilm va maorifni ham juda sevgan bir kishi edi. Alloh undan o‘z rahmatini darig‘ tutmasin”, deya hamdardlik bildirgan.

“…1877-yilda Toshkentda “shahar nizomi” degan hujjat qabul qilinadi. Shu nizomga asosan shahar dumasi a’zolari va shahar boshlig‘i saylangan. Duma a’zolarining faqat uchdan bir qismi mahalliy aholi yashaydigan hududdan saylangan, garchi son nisbat bo‘yicha ruslar ozchilik bo‘lsa-da, ular shahar dumasining uchdan ikki qismini tashkil qilishgan.

Toshkent shahri dahalariga qozilar ham ushbu nizom bo‘yicha tanlangan.

1899-yil yozida Muhiddinxo‘ja shaharning Sebzor dahasi qoziligiga ko‘pchilik ovoz bilan saylanadi. Vakillardan 62 nafari uning nomzodini qo‘llaydi, faqat 12 kishi qarshi ovoz beradi. Belgilangan tartibga ko‘ra saylangan qozi nomzodi viloyat gubernatori tomonidan tasdiqlanishi kerak edi. Ammo viloyat gubernatori Muhiddinxo‘janing nomzodini bekor qiladi. Nega?

Muhiddinxo‘ja erkin fikrlovchi, millatparvar inson o‘laroq anchadan buyon “ishonchsiz shaxs” sifatida chor ma’murlari “qora ro‘yxati”ga tushgan edi.

Jadidlar otasi Ismoil Gʻasprali Toshkentga kelganida (1893-yil) uni birinchilardan bo‘lib mehmon qiladi, izzat-hurmat ko‘rsatib, aziz mehmonning yelkasiga zar chopon yopadi. Qrimlik mehmon uchun bezatilgan davrada Jo‘rabek va uning o‘g‘li Olloqulibek ham ishtirok etgan. Aynan Ismoil Gʻasprali bilan Jo‘rabekni Muhiddinxo‘ja ilk bora tanishtirgan.

Ular ertasi kuni Jo‘rabekning Qorasuvdagi hovlisida mehmon bo‘lishadi, ta’rifi yurt oshgan bog‘ini ko‘radilar…”

Deyarli bir yarim asr ilgari bo‘lib o‘tgan ushbu voqealar tafsilotlari yaqinda “ADABIYOT” nashriyotida chop etilgan “General Jo‘rabek: davr va qismat” tarixiy-hujjatli badiasining beshinchi bo‘limidagi “Qozi bilan qalin bo‘lsang…” sarlavhali maqolada to‘liq keltiriladi. Kitobning aynan ushbu bo‘limida birinchi o‘zbek generali Jo‘rabek Qalandar qori o‘g‘lining jadidlik harakatiga qo‘shilishi, Turkistonda ilm-ma’rifat, kitobxonlik, vaqtli nashrlar, san’at va boshqa ijtimoiy sohalarda yuzaga kelgan o‘zgarishlar jarayonini nafaqat qo‘llagani, balki birgalikda ushbu “qozonda qaynagani” to‘g‘risida aniq tarixiy dalillar, yozma manbalar va zamondoshlari xotiralari orqali o‘qirmanlarga yetkaziladi.

Mustamlakachilik davri tarixida “murakkab shaxs” nisbatini olgan va aynan ushbu maqomi bois mustaqillik yillarida ham “ismini eslash nojoiz shaxslar” qatorida qolayotgan Jo‘rabek Qalandar qori o‘g‘li aslida kim edi?

Jo‘rabek 1840-yilda Kitob bekligiga qarashli Gulgunpo‘sh qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘n ikki yoshida Buxoro amirining navbatdagi bosqinidan so‘ng asir qilib olib ketilgan, jasurligi bois o‘n sakkiz yoshida amir qo‘shinida to‘qsabo (ming kishilik qo‘shin boshlig‘i) unvoniga sazovor bo‘lgan. 20 yoshida xalq istagi bilan Kitob begi lavozimiga o‘tirib, so‘ng o‘n yil butun hududni mustaqil idora etgan, chor Rusiyasi bilan yarim mustamlaka bo‘lib qolishga rozilik berib sulh imzolagan otasi amir Muzaffarga qarshi to‘ng‘ich o‘g‘li Katta to‘ra – Abdulmalik tomonidan e’lon qilingan qo‘zg‘olonga qo‘shilgan, Samarqand-u Kattaqo‘rg‘onni egallagan rus qo‘shinlariga u bilan birgalikda qaqshatqich zarbalar bergan Jo‘rabek va Bobobekning keyingi taqdirini davr shamollari o‘zgartirib yuboradi. 1870-yil avgustida chor qo‘shinlari Kitobu Shahrisabz bekligini bosib oladi. Jo‘rabek va Bobobek Qashqarga qo‘shin to‘plab kelish uchun ketayotganida Qo‘qon xoni Xudoyor tomonidan ushlanib, chor ma’murlariga topshiriladi.

Turkiston general-gubernatori fon Kaufman Jo‘rabekni maslahatchi-tarjimon sifatida mahkamasiga ishga oladi…

Mualliflar ushbu tarixiy-hujjatli badiada general Jo‘rabekning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq juda keng ko‘lamli ma’lumotlarni tadrijiy tartibda keltirgan. Fakt va dalillarni sanash bilan cheklanmasdan, ularni davr nuqtayi nazaridan tahlil qilishga uringan. Shu paytgacha vaqtli matbuotda general Jo‘rabek haqida chop qilingan uzuq-yuluq xabarlar, ma’lumotlarni o‘rinli tarzda “elakdan o‘tkazib”, saragini sarakka, puchagini puchakka chiqazishni uddalashgani mutolaa davomida oydinlashadi.

Ta’kidlash joizki, o‘lkamiz tarixida yorqin iz qoldirgan jadidlik harakati o‘z davrida nafaqat ziyolilar, balki hur fikrli barcha kishilarni o‘z safiga jamlagan. Ular orasida Xiva xonligi bosh vaziri Islomxo‘ja kabi taniqli amaldorlar va albatta, birinchi o‘zbek generali Jo‘rabek kabi ilg‘or fikrli kishilar ham bo‘lgan. Ismoil Gʻasprali uning fojiali o‘limi munosabati bilan “Tarjimon” gazetasida chop qilingan yirik ta’ziyanomada “General Jo‘rabek tug‘ma askar o‘ldig‘i holda ilm va maorifni ham juda sevgan bir kishi edi. Alloh undan o‘z rahmatini darig‘ tutmasin”, deya hamdardlik bildirgan.

Ismoil Gʻasprali Bog‘chasaroyda muntazam chop qilgan ushbu gazetaning Turkistondagi eng faol targ‘ibotchilaridan biri ham aynan Jo‘rabek bo‘lganini alohida e’tirof etadi. Bundan tashqari, o‘zbek generali gazetani moddiy tomondan ham qo‘llab-quvvatlab turgan.

Yana bir ahamiyatga molik holat: o‘sha davrda (1870–1906-yillar) Turkiston va Rossiya hududlarida chop qilingan vaqtli nashrlarda general Jo‘rabekning nomi eng ko‘p tilga olingan. Keyinchalik matbuot nashrlarida uning yolg‘iz o‘g‘li bo‘lmish Olloqulibek (afsuski, u ham otasining fojiali o‘limidan yigirma yil o‘tgach, 1936-yilda sirli ravishda o‘ldiriladi) shaxsiga alohida e’tibor qaratiladi. “Turkiston viloyati gazeti” sahifalarida Olloqulibekning Peterburg va boshqa shaharlarga sayohatlari borasidagi taassurotlari to‘liq holda chop qilinadi.

O‘sha davrda Turkistonga safar qilgan aksariyat chet ellik sayyohlar, tadqiqotchilar Jo‘rabek bilan uchrashib, uning shaxsiyati haqida iliq xotiralar yozib qoldirishgan. Mashhur sharqshunos olim, akademik Vasiliy Bartold Jo‘rabekning o‘z mablag‘lari hisobidan Kitob va Toshkent shaharlarida ajoyib kutubxonalar barpo etganini hayrat bilan qayd etgan. Bartold o‘zining “Turkistonning madaniy hayoti” nomli asarida general Jo‘rabek bilan suhbatlari, uning nodir asarlarga to‘la qiroatxonasi haqida batafsil to‘xtalgani bejiz emas.

Amerikalik sayyoh va tarjimon Yujen Skaylerning quyidagi e’tirofiga diqqat qiling:

“…U men bilan uchrashgan bir necha mahalliy aholi vakillari ichida har qanday masalada uning so‘ziga ishonish mumkin bo‘lgan yagona kishilardan biri edi. Jo‘rabek baland bo‘yli, ingichka qora soqolli, kulrang yoqimli ko‘zli va jiddiy qiyofali kelishgan o‘zbek edi. U doimo oddiy, ammo nozik did bilan ozoda kiyinar va yuzida qayg‘u ifodasi, istarasi, ko‘rkam harakatlari kishini o‘ziga jalb qilib, qiziqtirmasdan qo‘ymasdi.
U haqiqatan ham mutlaqo olijanob odam edi. U haqiqiy musulmon…”

Keyingi vaqtlarda muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan jadid bobolarimiz orzu qilgan ilm-ma’rifatli jamiyat yaratish g‘oyasi asosida Uchinchi Renessans poydevori barpo etilayotgani mualliflarni “General Jo‘rabek: davr va qismat” tarixiy-hujjatli badiasini yaratishga ilhomlantirgani, shubhasiz. 

Mazkur asarning dunyoga kelishida O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam, filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Do‘stmuhammad, siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Yakubov ularga yaqindan ko‘mak berganini ham alohida ta’kidlash o‘rinlidir. “General Jo‘rabek: davr va qismat” kitobi yaqin tariximizning sirli sahifalaridan biriga tutilgan yorqin ko‘zgu sifatida ham ahamiyatlidir.

Jamoliddin BADAL

“Jadid” gazetasining 2025-yil 17-yanvardagi 3-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604