27.01.2025 | 10:02
703
MAESTROGA MAKTUB
Qadrli maestro!
Ma’lumingiz bo‘lsinkim, bu maktubni sizga qariyb uch asr beridan yozmoqdaman. Bilaman, endilikda vaqtingiz ko‘p.
Tug‘ilgan kuningiz bilan eng avvalo, o‘zimni tabriklayman, keyin Yupiterni. Bo‘lmasa, o‘ziga atalgan bunday muhtasham simfoniyadan bebahra o‘tardi. Shuning totidanmi sarmast bo‘lib, haligacha boshi aylangani aylangan, yettinchi osmonda uchib yuradi.

Hali o‘smir edim, ilk marta sizni menga “Lya major” sonatasi tanishtirgandi. Keyinchalik, simfoniyalaringiz, ayniqsa “Figaro” deganlari sizni dahodan olib, dahoga solgancha maqtay ketdi. Lekin hafa bo‘lmang-u, “Turkcha raqs”da deyarli turk ohangi yo‘q. Boshqacha nomlash kerakmidi… Ehtimol sharqqa yo‘lingiz tushsa, bari boshqacha bo‘lardi… Ishqilib, “Serenada”, “Menuyet”, operalar… hammasi mening ertagim ekan, o‘ylab qarasam. Do‘stlarim kam edi, sozlardan soz davra qurdim. Klavesin, pianino, skripka, valtorna, violonchel… hamma-hammasi bu – siz menga oshno qilgan dildosh dugonalarim. Ovozi, ruhi, dardi bor… Qo‘li dunyoning har burchagiga yetadi. Xuddi sizniki kabi. Ular bilan tillashishni, ya’ni bu olamda moʻjizalar tili mavjud ekanini menga kuylaringiz o‘rgatdi. Bilasizmi, qushlar dirijorlardek ko‘rinadi menga. Qanotlari bilan tabiat musiqasini dam boshqarib, dam o‘zi kuylab o‘tadi. Harakatlari aro shamollar gajak-gajak aylanib, shovullaydi. Balki, u Sizdirsiz. Ruh shunchalar ham yengil bo‘larmi, a?
Hayron qolaman, ijodkor shaxsiy hayotidagi muhitga bu qadar konstrast asarlar yozishi uchun qanchalar mohir yoki qudratli bo‘lishi kerak! Shu qadar ko‘tarinki, shu qadar yorug‘, shu qadar o‘ynoqi to‘lqinlarni topgansizki… Eshitaversam, chalaversam hayotni tobora sevib boraman, to‘lqinlana-to‘lqinlana ummonga do‘naman. Maestro, hayotingizni asrlar derazasi ortidan hayratlanib kuzatarkan, qo‘llarimni cho‘zgancha o‘sha ummonga cho‘kib ketaman.
Eh, Motsart, Motsart… Daho bo‘lishning badali buncha og‘ir? Buyuklik bu – yuk. Shuni ko‘tara olishi uchun tanlanganlarning ruhi-yu taniga bir kemtik berilganki, o‘rnini iste’dod bilan to‘ldirib tugallikka erishadi.
Noraso, noqis falsafalarim bilan Sizniyam boshingizni qotirdimmi? Nima qilay, qancha chuqur ketganim sari dunyodagi barcha ohang-u tovushlarning ostida qachondir dahshatli mangu sukunat sodir bo‘lishini sezib qolyapman. Shuning qo‘rquvidanmi o‘zimni ovutaman, o‘sha bo‘shliqqa ham qachondir ovoz yoyiladi, to‘lar-ku deb. Ehtimol unday emasdir. Ammo aniq bilamanki, har qanday tovush, ovoz bu hayot belgisi. Xuddi, Siz haliyam yangrayotganingiz, yashayotganingiz kabi.
Xayol beminnat ulov. Shundoq uyingiz oldiga borib alanglaydi. “Ha, xuddi o‘zi!” deyman-u, tushib ichkarilayman. Yo‘lakchadan kirarkanman, Avstriyaning yuragiday g‘ijimlangan partituralar uyilib yotadi. Tilla topganday sevinib, avaylab ochaman-da, o‘qiyman: “Sonata”… keyingisi: “Messa”, bunisi-chi, xo‘-o‘sh… “Rekviyem”!
“Rekviyem”? Butun vujudim bilan “farshlag”ga aylanaman. Shu payt klavesin ustidagi sham yorug‘ida bir niqobli sharpa lip etib o‘tadi.
Tavba-tavba, boqiy yashaydimi bular?
Yo‘q, aslida Siz ketgach, niqobli sharpalarga to‘lgan bu dunyo. Asl yuzlar qolmagan hisob. Ana shu ko‘rgilik bashariyat insoniyligini ommaviy qabrlarga ko‘mishda davom etyapti. Kecha tushimda “Eshoni shahid” mozorida shahid bobomning sag‘anasini izlab yurganmishman.
“– Otamning qabrini qay yerga yoshurding?!
Bot so‘yla!..”
Birdan Fitrat hazratlari, keyin Cho‘lpon, so‘ng Qodiriy nafaslari yelganday bo‘ldi. Ko‘p yig‘ilarni eshitgan marvartak tut chayir shoxlari oralab esgan epkin bir ezgin musiqa ko‘tardi. Nechukdir, bu sag‘ir ohang yana Sizning olis kuylaringizni yodimga quydi. Ajab! Hamma zamonning daholari dardi va nolasi bir xil bo‘lurmi? Bugun-da minglab salyeri va trig‘ulovlarni dog‘da qoldiradigan nayranglardan qalbimizni qanday asrab qolamiz degan xavotirim bor. Shukrki, javobim ham bor – san’at bilan, ma’rifat bilan! Shu tong bir hikmatni anglab yetdim: umumbashariy daholarning vafot etgan kuni yo‘q, faqat tavallud ayyomlari bo‘ladi, xolos!
Tug‘ilgan kuningiz bilan, Maestro!
Nozima HABIBULLAYEVA
“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-yanvardagi 4-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



