27.01.2025 | 17:57
794
O‘ZBEK KINO SAN’ATINING DARG‘ASI
O‘zbekiston xalq artisti, professor Shuhrat Abbosov o‘zbek kino san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli san’atkor, o‘zbek madaniyatining darg‘alaridan biridir. Milliy kino san’atimizning, milliy teatr san’atimizning, milliy san’at pedagogikasining juda ko‘p sahifalari Shuhrat Abbosov nomi bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida qirq yildan ortiq pedagogik faoliyatida professor Shuhrat Abbosov yuzlab shogirdlar yetishtirdi. Ular o‘zbek madaniyatining turli yo‘nalishlarida, xususan, kino san’atida ham hozirgacha qizg‘in faoliyat yuritib, soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelyapti. Shuhrat Abbosovning pedagogik faoliyatiga uning bevosita kino san’ati, teatr san’atida orttirgan ulkan tajribalari asos bo‘ldi, desak, yanglishmaymiz.

Shuhrat Abbosov kino san’atida ham, teatr san’atida ham ulkan va betakror iz qoldirdi. U dastlab faoliyatini teatr rejissyori sifatida boshlab, asosan viloyat teatrlarida diqqatga molik spektakllar sahnalashtirdi. Keyinchalik, ya’ni o‘tgan asrning elliginchi yillaridan milliy kinomizga kirib kelib, uning rivoji uchun katta xizmatlar qildi. Shuhrat akaning nomi tilga olinganda, albatta, birinchi navbatda uning o‘zbek kinosining mumtoz namunalariga aylangan filmlari yodga keladi. “Mahallada duv-duv gap”, “Sen yetim emassan”, “Toshkent – non shahri”, “Muhabbat mojarosi”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Olovli yo‘llar”, “Katta urushdagi kichkina odam”, “Otamdan qolgan dalalar” va “Dilor, Dilor… dil va or” filmlari shular jumlasidan.
Bu filmlar tom ma’noda o‘zbek kino san’atining o‘lmas namunalari bo‘lib qoldi. Ularda xalqimizning uzoq o‘tmishi – ming yillar ortidagi fan cho‘qqilarini egallash yo‘lidagi tafakkur yolqinlarini namoyon etish davrlaridan boshlab, XX asrda yurtdoshlarimizning dunyo xalqlariga ko‘rsatgan insoniy munosabatlari aks ettiriladi. “Toshkent – non shahri”, “Sen yetim emassan” filmlarida o‘tgan asrning taloto‘pli, nihoyatda murakkab, og‘ir davrlarida O‘zbekistonga kelgan ming-minglab yosh bolalarni, dastlab 30-yillarning ocharchilik davrlarida, keyinroq urush yillarida, beayov janglar ketayotgan pallada sobiq sovet hududidagi respublikalardan – Rossiya, Ukraina, Belorussiyadan evakuatsiya qilingan minglab oilalarni o‘z bag‘riga olib, issiq o‘rnini bo‘shatib, joy bergan mehridaryo o‘zbek millati vakillari haqida hikoya qilinadi.
Shuhrat Abbosov o‘z filmlarida xalqimizni butun dunyoga bag‘rikeng, saxovatli xalq sifatida, o‘zbeklarni munis, mushfiq millat sifatida tarannum etdi. Shu tufayli bu filmlarni ko‘rgan, undan bahramand bo‘lgan dunyoning qaysiki chekkasidagi tomoshabin bo‘lmasin, o‘zbek xalqi haqida yorqin, nihoyatda iliq taassurotlar oladi. Shuhrat aka aynan mana shu xizmatlari bilan ham millatimizga sharaf, e’tibor, izzat olib keldi.
Shuhrat Abbosovning keyingi filmlari, xususan, atoqli adib Said Ahmadning “Ufq” romani asosida ishlagan “Muhabbat mojarosi” kartinasi yoki “Katta urushdagi kichkina odam” deb nomlangan avtobiografik mazmundagi kartinasi yoxud yana bir taniqli yozuvchi Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani asosida yaratilgan filmi milliy kino san’atimizning rivoji darajasini pog‘onama-pog‘ona yuksaltirgan asarlar sirasiga kiradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuhrat aka o‘z asarlarida inson dramasini ham, uning qalb kechinmalarini ham nihoyatda nuktabinlik bilan aks ettirishga muvaffaq bo‘lgan ijodkor sifatida kinomiz tarixidan munosib o‘rin egallagan. Uning filmlari orqali tomoshabinlarning necha avlodi tarbiya topgan, necha avlod o‘zbek tomoshabini o‘sha asarlar tufayli xalqimizga, milliy san’atimizga, mamlakatimizning ertangi kuniga dildan xizmat qilish tuyg‘ularini qalbiga singdirgan.
Shuhrat aka fikr doirasi nihoyatda keng, o‘zbek va jahon adabiyotini puxta biladigan chinakam ziyoli inson edi. Uning suhbatidan bahramand bo‘lgan odam sira zerikmasdi. Shuhrat akaning noyob fazilatlaridan yana biri – u yunon mumtoz adabiyoti namunalarini yoddan bilar, ana shu asarlar haqida soatlab hikoya qilib berishi mumkin edi. Uning bilim darajasi, quvvai-hofizasining kuchliligi pedagoglik faoliyatida, ayniqsa, yorqin sezildi. Shuning uchun Shuhrat akaning atrofida hamisha shogirdlari g‘ujg‘on edi. Umuman, uning faoliyati, insoniy sifatlari haqida yana ko‘p fikrlarni aytish mumkin. Lekin Shuhrat Abbosov degan yirik shaxs – milliy san’atimizdagi o‘ziga xos bir ma’naviy hodisaga to‘la-to‘kis ta’rif berish oson emas.
Shuhrat akaning yorqin xotirasi, uning kinoda yaratgan nihoyatda hayotiy an’analari hozir ham yashayapti va xalqimiz bor ekan, millatimiz bor ekan, albatta, yashab qoladi.
Shuhrat RIZAYEV,
Kinematografiya agentligi direktori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-yanvardagi 4-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



